Eng ko‘p qanday duo qilasiz?
Marvaziy: “Eng ko‘p qaysi duoni qilasiz?”.
Imom Ahmad: “Alloh taolo bizni odamlar o‘ylaganlaridek solihlardan qilsin va biz haqimizda bilmaganlarini mag‘firat etsin”[1].
Qanday tong ottirdingiz?
Imom Ahmad Allohdan qattiq qo‘rqardi, Uning azobi va iqobidan doimo xavfdan bo‘lardi.
Kunlarning birida talabalaridan biri Najiyb Marvaziy ustozining holidan xabar olish uchun uning oldiga kirib: “Qanday tong ottirdingiz?” deb so‘radi.
Imom Ahmad lablari titrab: “Robbisi farz ibodatlarni, Nabiyi sunnat amallarni, farishtalar solih amallarni, iblis fahsh ishlarni, o‘lim farishtasi jon olishni, ahli-ayoli nafaqasini talab qilgan holda tong ottirdim”.
Ular uchun ruxsat etilgan narsa senga ruxsat etilmaydi-mi?
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Xalif Vosiqning huzuriga kirdi.
Imom Ahmad: “Assalomu alaykum, ey mo‘minlar amiri”.
Vosiq: “Senga Allohning salomi bo‘lmasin”.
Imom Ahmad: “Ey mo‘minlar amiri, juda beodob ekansiz. Axir Alloh taolo Qur’oni karimda bunday buyurgan-ku: “Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o‘sha (ibora)ni qaytaringiz” (Niso surasi, 86-oyat).
Allohga qasamki men uchun bundan go‘zalroq va yaxshiroq narsa yo‘q.
Imom Ahmad: “Qur’on haqida nima deysiz?”.
Vosiq: “Maxluq”.
Imom Ahmad: “Qur’on maxluq emasligini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Hazrat Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali roziyallohu anhum bilishgan-ku?! Yoki ular bilmagan deb o‘ylaysiz-mi?”.
Vosiq: “Ular bilishmagan”.
Imom Ahmad: “Subhanalloh! Nabiy alayhissalom, xulafoi roshidiyn roziyallohu anhum bilmagan narsani siz bilasiz-mi?”.
Xalifa biroz xijolat bo‘lib: “Bilishgan, ammo odamlarni unga da’vat etishmagan”, dedi.
Imom Ahmad: “Ular uchun ruxsat etilgan narsa senga ruxsat etilmaydi-mi?”.
Shundan so‘ng, Vosiq o‘zi yolg‘iz o‘tiradigan xonasiga kirib ketdi. Imom Ahmad aytgan gaplarni hayolidan takror-takror o‘tkazdi. Nihoyat, unga aytilgan gaplarning rostligi ayon bo‘ldi. Xalifa darhol o‘rnidan turib, imomdan kishanlarni yechishni, to‘rt yuz dinor tanga berishni hamda ozod qilishni buyurdi.
G‘iybatchini afv etdi
Mo‘minlar amiri Mutavakkil Imom Ahmadni ko‘p g‘iybat qiluvchi bir kishini tutib oldi. Va imomga: “Agar istasang o‘zim uning adabini beraman, xohlasang uni senga beraman”, dedi.
Imom Ahmad: “Uni kechirdim”, dedi.
Mutavakkil: “Nahotki, seni shuncha g‘iybat qilib, chaqimchilik qilgan odamni kechirsang?!” dedi.
Imom Ahmad: “Ehtimol, uning yosh farzandlari bo‘lsa, ularga bundan maxzunlik yetadi”[2].
Mukofoti Allohning zimmasida
Kech tushdi. Atrofni zimiston egalladi. Imom Ahmad uyg‘onib, kun yorishguncha xo‘ngrab yig‘ladi. Shogirdlaridan biri: “Ustoz nima sababdan kechasi ko‘p yig‘ladingiz?” deb so‘radi.
Imom Ahmad: Mu’tasimning bergan azoblari Alloh taoloning quyidagi oyatlarini tilovat qilganimda yodimga tushdi: “(Har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshash yomonlikdir. Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas” (Shuro surasi, 40-oyat).
Shunda Allohga sajda qilib uni kechirishini duo qilib so‘radim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak sochlari
Fazl ibn Robi’ning farzandlari zindonda yotgan Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhni ko‘rgani kelishdi. Imom Ahmadga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak sochlaridan uchta tola berishdi. Buni ko‘rgan imomning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Chuqur-hurmat va ehtirom bilan sochlarni ko‘zlariga surtdi. Agar imom bemor bo‘lsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak sochlarini suvga solib ichar va tezda tuzalib ketardi.
Imom Ahmad vafotidan oldin: “Vafot etsam, ikki ko‘zimga va tilimga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning soch tolalarini qo‘ying!” deb vasiyat qildi. Imom olamdan ko‘z yumganda uning vasiyati bajarildi.
Noshukrlik bo‘ladi
Fahiqlar imomi, muhaddislar shayxi Imom Ahmadga bemorlik yetdi. To‘shakka mixlanib qoldi. Og‘riqning azobidan imom “oh, oh” deb ingrardi.
Shunda unga: “Tovus ibn Kayson rahmatullohi alayhini bemorni ingrashi noshukrlik bo‘ladi deb aytgani eslatildi”.
Shundan so‘ng, Imom Ahmadning to vafot etguniga qadar birorta ovozi chiqmadi[3].
Faqat sajda qilardi
Kech tushdi. Imom Ahmadning shogirdi Sulaymon ibn Abu Mator uyquga ketdi. Ustozi unga kechasi turib tahorat olishi uchun suv tayyorlab qo‘ydi.
Tongda otdi. Imom Ahmad suv ishlatilmaganini bildi. Shunda u: “Subhanalloh, axir talabani kechasi bajaradigan vazifasi (virdi) yo‘q-mi?” dedi nasihat ovozda.
Shogirdi Sulaymon: “Musofirman-ku”, dedi.
Imom Ahmad: “Musofir bo‘lsang ham! Masruq haj ibodatini ado etganda, har kechani ibodat bilan o‘tkazgan edi”, dedi[4].
Qaytarishni niyat qilganman
Imom Ahmad rahmatullohi alayh do‘stidan ikki yuz dirham qarz oldi. Biroz muddat o‘tgandan so‘ng Imom Ahmad qarzini qaytardi. Shunda do‘sti: “Sendan bu pullarni qaytarib olish niyatim yo‘q edi”, dedi.
Imom Ahmad qat’iyatlik bilan: “Lekin men qaytarib berishni niyat qilganman”, deb qarzini uzib, jo‘nab ketdi.
Ikki yarim million jamoat qatnashgan janoza
Imom Ahmad bemor bo‘lganlarida butun Islom olami tashvishga tushdi. U kishi yashayotgan shahar odamga to‘lib, yurib bo‘lmay qoldi. Mirshablar faqat Imomning o‘zlari istagan odamnigina ko‘rishga qo‘yishar edilar.
Imom Ahmad hijriy 241 sana 12 robi’ul avval juma kuni vafot etdilar. Janozalariga kelgan jamoat masjidlarni, ko‘chalarni to‘ldirib yubordi.
Tarixchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, u zotning janozalariga ikki yarim million odam qatnashgan.
Alloh taolo ulug‘ imomni rahmat etsin, Islom va musulmonlar uchun qilgan xizmatlarini munosib mukofotlasin[5].
Davron NURMUHAMMAD
[1] Manoqibul Imom Ahmad. 251.
[2] Manoqibul Imom Ahmad. 318.
[3] Manoqibul Imom Ahmad. 353.
[4] Manoqibul Imom Ahmad. 191.
[5] Manoqibul Imom Ahmad. 361.