ثُمَّ قَسَتۡ قُلُوبُكُم مِّنۢ بَعۡدِ ذَٰلِكَ فَهِيَ كَٱلۡحِجَارَةِ أَوۡ أَشَدُّ قَسۡوَةٗۚ وَإِنَّ مِنَ ٱلۡحِجَارَةِ لَمَا يَتَفَجَّرُ مِنۡهُ ٱلۡأَنۡهَٰرُۚ وَإِنَّ مِنۡهَا لَمَا يَشَّقَّقُ فَيَخۡرُجُ مِنۡهُ ٱلۡمَآءُۚ وَإِنَّ مِنۡهَا لَمَا يَهۡبِطُ مِنۡ خَشۡيَةِ ٱللَّهِۗ وَمَا ٱللَّهُ بِغَٰفِلٍ عَمَّا تَعۡمَلُونَ٧٤
Ushbu oyati karimada Isroil avlodlarining qalbi toshga o‘xshatilmoqda. Bu shunchaki shoirona qiyos emas, balki Parvardigorning yaratgan bandalari dilidagiyu xayolidagi hamma narsani oldindan bilib turish qudratiga kuchli dalildir. Ushbu suraning 60-oyatida bayon etilganiday, yahudiylar suv so‘rashganida Alloh taoloning amri bilan Muso alayhissalom hassalarini toshga urganlarida ulardan suv oqib chiqqanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan edi. Shu o‘rinda Qur’oni karim oyatlarining go‘zal fasohati namoyon bo‘ladi: xuddi toshdan suv chiqqaniday Allohdan chinakamiga qo‘rqqan ko‘zlardan yosh otilib chiqadi, ammo ba’zilarning qalblari shunchalik tosh qotganki, ularni hayotning og‘riqli zarbalari va mashaqqatlarigina yig‘lata oladi, xolos. Xuddi shu kabi shundayin metin qoyalar borki, ularni faqat kuchli zilzilagina parchalay oladi, ayrim insonlarning qalbi ham shunga o‘xshaydi: ular Parvardigorlariga qandaydir oliy maqsadlar bilan emas, faqat qo‘rquvdan yuzlanadilar. Ashaddiy gunohkorlarning tosh qotgan dillarini hech bir narsa yumshata olmaydi.
۞أَفَتَطۡمَعُونَ أَن يُؤۡمِنُواْ لَكُمۡ وَقَدۡ كَانَ فَرِيقٞ مِّنۡهُمۡ يَسۡمَعُونَ كَلَٰمَ ٱللَّهِ ثُمَّ يُحَرِّفُونَهُۥ مِنۢ بَعۡدِ مَا عَقَلُوهُ وَهُمۡ يَعۡلَمُونَ٧٥
Ey mo‘min-musulmonlar, qalbi tosh qotgan kimsalarning sizlarga ishonishlaridan umid qilyapsizlarmi, vaholanki ular Alloh taoloning Tur tog‘ida Muso alayhissalomga aytgan so‘zlarini eshitib-tushunib turib ham bu so‘zlarni o‘zgartirib yuborishgan. Ibn Abbos va Muqotil aytadi: "Bu oyat Muso alayhissalom o‘zi bilan birga Alloh huzuriga borish uchun ajratib olgan yetmish kishi haqida nozil bo‘lgan. Ular Muso bilan borishgach, Alloh so‘zini eshitishdi: Alloh ba’zi narsalarga buyurdi va ba’zi ishlardan qaytardi. So‘ng ular qavmlari oldiga kelishdi. Oralaridagi rostgo‘ylari eshitgan narsalarini bajarishdi. Ba’zilari esa bunday deyishdi: "Biz Allohning kalomini eshitdik, U aytdiki, agar qodir bo‘lsanglar, bu narsalarni qilinglar, xohlamasanglar qilmanglar, buning farqi yo‘q", dedi". Ko‘pchilik mufassirlarning fikricha esa, bu oyat toshbo‘ron qilish amrini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sifatlarini o‘zgartirganlar haqida nozil bo‘lgan.
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV