Qurbonlik Islom dinining vojib bo‘lgan ulug‘ amallaridan biridir. Payg‘ambar alayhissalom qurbon hayiti kuni erta bilan o‘zlari qurbonlik qilar va boshqalarni ham kurbonlik qilishga targ‘ib qilar edilar. Qurbonlikning tarixiga nazar solsak, aslida bu amal payg‘ambarlarning otasi Ibrohim alayhissalomdan qolgan amal bo‘lsa ham, bizning ummatga uning vojibligi Qur’on, Sunnat va ijmo’ bilan sobit bo‘lgan amaldir. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
“Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling” (Kavsar surasi, 2-oyat).
Hadisi sharifda shunday deyilgan: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imkoniyati bo‘la turib, qurbonlik qilmagan kimsa namozgohimizga yaqinlashmasin”, dedilar” (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyat qilishgan).
Qurbonlik qilish vojib bo‘lgan kishi uning quyidagi odoblarini bilishi va ularga rioya qilishi lozim bo‘ladi.
Birinchi odob – qurbonlikni Alloh taolo uchun xolis qilish.
Qurbonlik qiluvchi qurbonlik qilishi bilan Islom shiorini izhor qilishni, Alloh taoloning ne’matlariga shukr qilishni va Payg‘ambar alayhissalomga iqtido qilishni niyat qiladi. Boshqalar “ko‘rsin” yoki “eshitsin”, degan niyatdan yiroq bo‘ladi.
Ikkinchi odob – qurbonlik qiluvchi soch, soqoliga va badaniga hech narsa tekkizmasligi.
Qurbonlik qilishni iroda qilgan kishi zulhijja oyining birinchi kunidan boshlab, to hayit kuni qurbonlikni bajargunga qadar soch-saqolini olmaydi va badanining boshqa joylariga ham tig‘ tekkizmasligi mustahabdir.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon sizlardan birortangiz qurbonlik qilishni iroda qilsa, sochiga va terisiga hech narsa tekkizmasin”, dedilar” (Muslim rivoyat qilgan).
Qurbonlik vojib bo‘lgan kishi zulhijja oyi kirishidan oldin bu odobning rioyasini qilib tayyorgarlik ko‘rishi, o‘ziga e’tibor berishi odobdandir. Agar tayyorgarlik ko‘ra olmay qolsa, misol uchun, tirnog‘i o‘sib qolsa yoki tirnog‘i sinib qolsa, o‘sgan va singan tirnoqni olish gunoh bo‘lmaydi.
Uchinchi odob – qurbonlik qilishda ayb va nuqsoni bor hayvonni qurbonlik qilishdan saqlanish.
Qurbonlik o‘ziga xos ibodat, u ma’lum hayvonni so‘yish bilan ado topadi. U hayvonlar qo‘y (qo‘y deyilganda echki ham tushuniladi), qoramol va tuyadir. Mazkur hayvonlardan boshqa hayvonlar qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi.
Qo‘yda yolg‘iz bir kishi, qoramol va tuyada esa bir kishidan yetti kishigacha sherik bo‘lib ado qilishlari mumkin.
Qo‘y olti oylik va undan katta bo‘lishi shart. Qoramol ikki yosh va undan katta bo‘lishi shart, tuya besh yosh va undan katta bo‘lishi shart.
Shu bilan birga, qurbonlikka so‘yiladigan hayvon semiz, yo‘g‘on va yoshi katta bo‘lishi afzal sanaladi.
Qurbonlikka yaramaydigan aybi yoki nuqsoni bor hayvonlarni so‘yishdan ehtiyot bo‘lish lozim.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning ichimizda turib: “To‘rt nafar hayvon qurbonlikka yaramaydi: ko‘zi ko‘rligi bilinib turgan (aybli) hayvon, kasali zohir kasal hayvon, cho‘loqligi zohir cho‘loq va o‘rnidan tura olmaydigan o‘ta ozg‘in hayvon”, dedilar” (Termiziy rivoyat qilgan).
Kurbonlik qilinadigan hayvon aybdan xoli bo‘lishi lozim. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qulog‘i, yoki dumi, yoki ko‘zining bir qismidan ko‘prog‘i yo‘q bo‘lsa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.
Kasal, cho‘loq va ozg‘in hayvonlar so‘yadigan joyga o‘z oyog‘i bilan yurib bora olmasa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.
To‘rtinchi odob – qurbonlikni o‘z qo‘li bilan qilish.
Qurbonlik qiluvchi o‘z qo‘li bilan so‘yishi mustahabdir. Ammo o‘zi so‘yishni bilmasa yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘zi so‘ymasdan, boshqaga so‘ydirishning zarari yo‘q.
Qutayba ibn Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oq-qora rangli, shoxli ikki qo‘y qurbonlik qildilar. So‘yishda basmala va takbir aytib va oyoqlarini qo‘yning ustiga qo‘yib, o‘z qo‘llari bilan so‘ydilar” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan).
Beshinchi odob – qurbonlikning vaqtini rioya qilish.
Qurbonlik qilishning avvalgi vaqti hayit namozi o‘qilganidan keyindir. Hayit namozi o‘qilishidan oldin so‘yilgan jonliq qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi. Bu holda unga boshqa qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim namozdan oldin qurbonlik qilsa, u o‘zi uchun qo‘y so‘yibdi. Kim namozdan keyin so‘ysa, qurbonligini mukammal qilibdi va musulmonlarning sunnatini topibdi”, dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan).
Ammo hayit namozi o‘qish vojib bo‘lmagan dala-dashtda yashaydigan kishilar hayit kuni tong otgan vaqtdan boshlab qurbonlik qilishlari durust bo‘ladi.
Qurbonlik so‘yishning oxirgi vaqti uchinchi hayit kuni, quyosh botgunichadir.
Oltinchi odob — so‘yish odoblariga rioya qilish.
Hayvonlarni so‘yishning o‘ziga xos odoblari, mustahablari bordir. Tuyani tik turgan holida oldingi chap oyog‘ini bog‘lab, bo‘ynining pastidan, ko‘kragi tamondan so‘yish, qoramol va qo‘ylarni esa chap tomoni bilan yotqizib, tomog‘ining tagidan so‘yish, pichoqning o‘tkir bo‘lishi, uni so‘yiladigan hayvonning oldida o‘tkirlamaslik, boshqa hayvonning ko‘z oldida so‘ymaslik shular jumlasidandir.
ISLOM ODOBLARI ENSIKLOPЕDIYASI
00:00 Anons
00:48 Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
01:11 Qur’on va tajvid markaziga tashrif
01:44 Qo‘shko‘pirdagi "Islom bobo" masjidi foydalanishga topshirildi
02:28 Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi
02:42 Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shaharlarida
02:58 Imkoniyati cheklanganlar uchun navbatdagi ma’rifiy suhbat
03:24 To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi
04:01 Otinoyilar ishtirokida tanlov o‘tkazildi
04:22 Qishki ta’til davrida o‘tkazilgan malaka oshirish o‘quv seminari nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati