Har bir soha rivojida o‘zaro tajriba almashinuv, do‘stona hamkorlik, yangi ilmiy, innovatsion yangilik va kashfiyotlardan bahramand bo‘lish muhim omillardan hisoblanadi. Shu ma’noda tez suratlar bilan rivojlanib borayotgan O‘zbekiston ham barcha sohalarda dunyo va yaqin qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, manfaatli yangi loyihalarni amalga oshirishga alohida ahamiyat qaratib kelmoqda. Albatta, o‘zaro do‘stona munosabatlar mustahkamlanishida ta’lim tizimi, kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik uzoq yillik hamkorlik aloqalariga bog‘lanishiga xizmat qilishi bilan e’tiborlidir.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Ozarbayjon ilohiyot instituti hamkorligida o‘tkazilgan “Diniy bag‘rikenglik davlat va jamiyat rivojlanishining muhim omili” mavzusidagi onlayn video-konferensiya shu ma’noda o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘ldi. Unda har ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida yaqin va uzviy hamkorlikka doir Anglashuv memorandumi imzolanishi rejalashtirilgani muloqotlarning yanada samarali kechishiga xizmat qildi.
Qator nufuzli tashkilotlar vakillari ishtirokida tashkil etilgan onlayn video-konferensiya yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Toshkent islom instituti hamda taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Shuningdek, anjumanda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Allohshukur Pashazoda, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari, muftiy Salmon Musayev, Ozarbayjon Respublikasidan — Diniy muassasalar bilan ishlash bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Mubariz Gurbanli, Ozarbayjon ilohiyat instituti rektori Agil Shirinov, institut Fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Mirniyaz Mursalov, Ozarbayjon – O‘zbekiston do‘stligi parlament guruhi rahbari Eldor Ibrohimov, ushbu guruh a’zolari - Javanshir Pashazade, Anvar Iskandarov, Jeyhun Mammedovlar qatnashdi.
Anjumanda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. Jumladan, ilm-fan, allomalar ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda muntazam ravishda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish borasida o‘zaro fikr almashildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan “Diniy bag‘rikenglik davlat va jamiyat rivojlanishining muhim omili” mavzusida to‘plangan boy tajribalar, mulohazalar hamda takliflar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, hozirgi pandemiya sharoitida kishilarning bir-birlariga mehr-oqibatli bo‘lishlari, insoniyat boshiga kelgan sinovlarni sabr-bardosh, aql-idrok bilan yengib o‘tishi maqsadga muvofiq. Diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik har bir jamiyat rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etishi yana bir bor ta’kidlandi.
Anjuman davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Ozarbayjon Respublikasi diniy tashkilotlar bilan ishlash davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Ozarbayjon ilohiyot instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Ilm-fan taraqqiyoti, sohaga oid olib borilayotgan tadqiqotlar, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, islomshunoslik rivoji yo‘lida har ikkala ta’lim muassasasi salohiyati va imkoniyatidan unumli foydalanish imzolangan Anglashuv memorandum bosh maqsadlaridan ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, anjumanning ikkinchi qismi — uch yo‘nalishda ya’ni, “Jamiyatda diniy bag‘rikenglik va hamjihatlikni ta’minlash: O‘zbekiston va Ozarbayjon tajribasi”, “Diniy qadriyatlarni saqlab qolish va rivojlantirish”, “Islomiy ta’lim va zamonaviylik” mavzularida olib borildi. Olimlar, soha vakillari to‘plagan o‘z tajriba va ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashishdi.
Mazmunli o‘tgan muloqot so‘ngida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, qadim ildizlari tutash xalqlarimizning dunyo ilm-fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalarimiz ilmiy-ma’naviy merosini chuqur tadqiq etishda amaliy ishlarga o‘tish vaqti-soati kelgani bildirildi. Bunda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash davlat va jamiyat rivojining ajralmas bo‘lagi bo‘lib xizmat qilishi yana bir bor isbotlandi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kecha imom Zahabiyning «Siyaru a’lomin nubalo» asarini o‘qiyotgan edim. U kitobdagi Abdulloh ibn Muborak rohimahullohning imom Molik rohimahulloh haqida aytgan gapi hali ham quloqlarim ostida jaranglamoqda:
«Molik ibn Anas kabi ko‘tarilgan kishini ko‘rmadim. U ko‘p ro‘za tutmas, ko‘p namoz o‘qimas edi. Ammo unda qalb bor edi!».
Do‘stim! Imom Molik rohimahulloh «Muvatto» asarini yozganida kishilar unga: «Hadis kitoblari ko‘p-ku! Kishilarning bunga nima ehtiyoji bor?!», deyishgan edi. Imom Molik rohimahulloh: «Alloh uchun bo‘lgani qoladi!», degan edi.
Imom Molikning butun borlig‘i Alloh uchun edi. Darhaqiqat, «Muvatto» qoldi.
Do‘stim! Alloh taolo bandasining xolis O‘zi uchun qilinadigan bittagina bo‘lsada yashirin ibodatini sevadi. U amalni hech kim ko‘rmasa, maqtamasa, hech kim eshitmasa, olqishlamasa, uni bajarganda maqsad faqat Allohning rizosi bo‘lsa, Uning huzurida hech narsa zoye bo‘lmasligiga ishonsa banda…
Kameralar tushura olmaydigan doimiy sadaqang bo‘lsa, kechalari namoz o‘qisang-u, uni oilang bilmasa, do‘konlarga borib birovlarning qarzlarini to‘lab kelsang-u, ular seni tanishmasa, sen ularni tanimasang, yetimlarni qaramog‘ingga olsang-u bu ishing faqat qiyomatda oshkor bo‘lsa….
Do‘stim! Imom Molikning «Alloh uchun bo‘lgani qoladi» degan gapini yodingga ol. Allohga muhabbat qilib, dinni himoya qilib ixlos bilan yozgan ikki qator jumlangni Alloh minglab insonlarga tarqatadi. So‘zlaring butun yer yuzi bo‘ylab aylanadi. Sen esa uyingda o‘tirgan bo‘lasan…
Allohning roziligini talab qilib yozgan kitobingni Alloh bir gunohkorning tavbasiga sabab qilsa, bir mahzun kishiga hamdard qilsa, bir adashganni to‘g‘ri yo‘lga solsa bundan ortiq baxt bormi?! Vafot qilganingda kitoblaring ortingda qolib kishilarni irshod qilib tursa…
Savob umidida bitta daraxt eksang, Alloh uni tog‘lar kabi sobit qilsa, kishilar undan soyalansa, mevalaridan yeyishsa bu ne baxt! Bir paytlar u kichkina niholcha edi. Bugun esa u Alloh uchun ekkaning sabab qiyomating uchun zaxira bo‘lmoqda…
Insonlar uchun Alloh rizosini istab suv chiqarib bersang ehtimol uning mukofoti Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘llaridan suv ichish bo‘lar?! Allohdan ko‘ra vafodorroq zot yo‘q aslida…
Alloh uchun ilm olsang, birovga ilm bersang, Qur’on yodlasang va uni boshqalarga yodlatsang bularning ajrini farishtalar albatta sahifangga yozadi inshaalloh!
Alloh uchun bo‘lgani qoladi. Imom Navaviy rohimahullohning «Riyozus solihiyn» kitobini London va Parijda sotiladi deb o‘sha davrda kim o‘ylagan?! Ammo Alloh taolo Vallohu a’lam imom Navaviyning qalbiga boqib rozi bo‘lgan, shu sabab uning kitobini yashatgan…
Kishilar ibn Qoyyim rohimahullohning «Madorijus solikin» asariga bejizga yopishib olishmagan. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.
Kishilar bejizga ibnul Javziy rohimahullohning «Soydul xotir» asarini o‘qishmaydi. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.
Imom Ahmad rohimahulloh doimo: «Yo Robbim! Meni o‘ldirganingda maxluqotlaringdan biror kishi meni tanimasin», degan edi. Alloh u zotning qalbida shuhratga havas yo‘qligini bildi. U zotni jumla jahonga mashhur qildi. Alloh uchun bo‘lgani qoladi.
Do‘stim! Alloh uchun bo‘lgani qoladi!
Abdulqodir Polvonov