۞وَإِذِ ٱسۡتَسۡقَىٰ مُوسَىٰ لِقَوۡمِهِۦ فَقُلۡنَا ٱضۡرِب بِّعَصَاكَ ٱلۡحَجَرَۖ فَٱنفَجَرَتۡ مِنۡهُ ٱثۡنَتَا عَشۡرَةَ عَيۡنٗاۖ قَدۡ عَلِمَ كُلُّ أُنَاسٖ مَّشۡرَبَهُمۡۖ كُلُواْ وَٱشۡرَبُواْ مِن رِّزۡقِ ٱللَّهِ وَلَا تَعۡثَوۡاْ فِي ٱلۡأَرۡضِ مُفۡسِدِينَ٦٠
Bani Isroil qaqroq sahroda uzoq qolib, tashnalikdan qiynalayotgan paytda Muso alayhissalom o‘z qavmi uchun Allohdan suv so‘raydi. Shunda unga "Hassangni toshga ur", deyiladi. Toshdan o‘n ikki qavmga yetarli suv beruvchi o‘n ikki buloq otilib chiqadi. Endi Bani Isroil osmondan tushgan manna va salvoni yeb, ustidan toshdan sizib chiquvchi suvdan ichishdi. Muso alayhissalom yursalar ham, tursalar ham o‘sha toshni birga olib yurar edilar. Ammo tabiati buzuq qavm bo‘lgan Isroil avlodlari shunda ham Parvardigorlariga shukr aytishni ep ko‘rmadi. Osmondan tushayotgan tayyor taomlar, oqizib qo‘yilgan zilol suvlarga ham qanoat qilmay payg‘ambarlari orqali Allohdan yana boshqa narsalarni so‘ray boshladi.
وَإِذۡ قُلۡتُمۡ يَٰمُوسَىٰ لَن نَّصۡبِرَ عَلَىٰ طَعَامٖ وَٰحِدٖ فَٱدۡعُ لَنَا رَبَّكَ يُخۡرِجۡ لَنَا مِمَّا تُنۢبِتُ ٱلۡأَرۡضُ مِنۢ بَقۡلِهَا وَقِثَّآئِهَا وَفُومِهَا وَعَدَسِهَا وَبَصَلِهَاۖ قَالَ أَتَسۡتَبۡدِلُونَ ٱلَّذِي هُوَ أَدۡنَىٰ بِٱلَّذِي هُوَ خَيۡرٌۚ ٱهۡبِطُواْ مِصۡرٗا فَإِنَّ لَكُم مَّا سَأَلۡتُمۡۗ وَضُرِبَتۡ عَلَيۡهِمُ ٱلذِّلَّةُ وَٱلۡمَسۡكَنَةُ وَبَآءُو بِغَضَبٖ مِّنَ ٱللَّهِۗ ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمۡ كَانُواْ يَكۡفُرُونَ بَِٔايَٰتِ ٱللَّهِ وَيَقۡتُلُونَ ٱلنَّبِيِّۧنَ بِغَيۡرِ ٱلۡحَقِّۗ ذَٰلِكَ بِمَا عَصَواْ وَّكَانُواْ يَعۡتَدُونَ٦١
Isroil avlodlari Allohga osiylik va shakkoklik qilishda shu darajaga yetishdiki, Alloh osmondan ularga beminnat tushirib turgan shirinlik va parranda go‘shtiga ham rozi bo‘lishmadi. Ne’matlarga shukr aytish, Alloh berayotgan rizqdan minnatdor bo‘lish o‘rniga yana payg‘ambarlarini qiyin-qistovga ola boshlashdi. Ular Muso alayhissalomga: “Parvardigoringga ayt, shirinlik va go‘sht yeyish jonga tegdi, endi bizga yerdan sabza-ko‘katlar, bodring, sarimsoq, mosh, piyoz kabi narsalarni undirib bersin", deb turib olishdi. Shunda Muso alayhissalom ularni insofga chaqirmoqchi bo‘ldilar, "axir bu narsalarni istagan shahringizning bozoridan topasizlar, Allohning berayotganiga bunday noshukr bo‘lmanglar”, deya nasihat qildilar. Ammo fe’li buzuq qavm bu nasihatlarga quloq solmadi. Ular ana shunday itoatsizliklari, noshukrliklari va Alloh bergan rizqqa rozi bo‘lmaganlari uchun Parvardigorning g‘azabiga uchrashdi. Alloh taolo ularni O‘z vahiylariga kufr keltirishgani, O‘zi yuborgan payg‘ambarlarni haqoratlashgani va nohaq halok qilishgani uchun jazoladi. Ular Alloh taoloning g‘azabiga uchragani uchun qiyomatgacha xorlik, musibat va sargardonlikka giriftor etilishdi. Kim Allohga itoatsizlik qilsa, Uning amr-farmonlarini inkor etsa, haddidan oshib osiylik qilsa, bundaylarning jazosi ham xuddi Bani Isroilniki kabi bo‘ladi.
إِنَّ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَٱلَّذِينَ هَادُواْ وَٱلنَّصَٰرَىٰ وَٱلصَّٰبِِٔينَ مَنۡ ءَامَنَ بِٱللَّهِ وَٱلۡيَوۡمِ ٱلۡأٓخِرِ وَعَمِلَ صَٰلِحٗا فَلَهُمۡ أَجۡرُهُمۡ عِندَ رَبِّهِمۡ وَلَا خَوۡفٌ عَلَيۡهِمۡ وَلَا هُمۡ يَحۡزَنُونَ٦٢
Bani Isroil qavmi "Biz payg‘ambarlar avlodimiz, Alloh nazdida boshqa jamoalardan afzalmiz" deb g‘ururlanardi. Alloh taolo ularning bu g‘ururiga javoban oyat nozil qilib marhamat etadiki, afzallik bir guruhga xos narsa emas, balki qaysi toifada imon va yaxshi amal bo‘lsa, o‘shalarga saodat yor bo‘ladi. Sobiiylar har dindan oz-ozdan hukm olgan, Ibrohim alayhissalom dinida yuramiz deb, aslida farishtalarga ibodat qiluvchi bir qavmdir. Ular Zabur tilovat qilishgan va Ka’baga qarab namoz o‘qishgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Nafsim yadida (qo‘lida) bo‘lgan Zotga qasamki, ushbu ummatdan biror kishi – yahudiymi, nasroniymi, men haqimda eshitsa-yu, menga yuborilgan narsaga imon keltirmasa, do‘zax ahlidan bo‘ladi», deganlar (Muslim rivoyati).
Mujohid aytadi: "Salmon Forsiy Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga tarkidunyo qiluvchi rohiblar haqida aytib berganida, u zot: "Ular do‘zaxdadir", dedilar. Salmon: "Bu gapdan menga Yer yuzi qorong‘i bo‘lib ketdi. Shundan so‘ng ushbu oyat tushdi va yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi", degan edi". Suddiy aytadi: "Bu oyat Salmon Forsiyning hamrohlari haqida tushgan. Salmon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, hamrohlarining ibodatlari va ijtihodlari haqida xabar beradi: "Ey Allohning elchisi, ular namoz o‘qishadi, ro‘za tutishadi va sizning payg‘ambar etib yuborilganingizga guvohlik berishadi", dedi. Salmon ularning maqtovini tugatgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Ey Salmon, ular do‘zax ahlidandir" deganlarida Alloh taolo mazkur oyatni tushirdi". Ibn Abbos, Murra, Ibn Mas’ud va boshqa ko‘pgina sahobalardan rivoyat qilinadi: "Bu oyat Salmon Forsiy haqidadir, u kishi Jundiy sabur ahlining ulug‘laridan edi".
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD