Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Fevral, 2025   |   15 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:19
Peshin
12:42
Asr
16:13
Shom
17:59
Xufton
19:12
Bismillah
14 Fevral, 2025, 15 Sha`bon, 1446

“ITOAT HAM – IBODATDIR”

24.07.2020   2921   9 min.
“ITOAT HAM – IBODATDIR”

Bir tafakkur qilaylik... “Birni qarab shukr qil, birni qarab fikr qil” deganlariday, millatiga, diniga, irqiga, jinsiga, ijtimoiy holatiga, turar joyiga, yoshiga qaramasdan, inson zotini ayamasdan, koronavirus bezovta qilayotgan holatlardan har qanday aqlli odam o‘ziga o‘zi to‘g‘ri, yetarli va aqlli xulosasini chiqarib oladi.

Endi ushbu koronavirus COVID-19 balosidan ham, boshqa illatlardan ham o‘zimizni, oilamizni, yurtimizni asrashimiz uchun “Asranganni asrayman” degan Buyuk Parvadigori olamning amriga, Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tavsiyalariga amal etib, avvalo rahbarlarimizga bo‘ysunishimiz lozim. Ishlab turgan sohamizdan, egallab turgan lavozimimizdan, erishgan mavqeimizdan qat’iy nazar.

Shu bilan birga COVID-19 koronavirusini oddiy ko‘z bilan ko‘rish ilojisi yo‘q bo‘lib, faqatgina mikroskop ko‘zi bilan ko‘rish mumkinligiday, illatlarni ham oddiy ko‘z bilan qarab emas, balki har bir ishimizga qalb ko‘zimiz bilan qarasakgina, muhtaram Yurtboshimizning iboralari bilan aytganda, halollik vaksinasi bilangina davolansak bo‘ladi.

Islomda musulmonlar o‘z rahbarlariga, ayni hozirgi holatda har bir kishi tabib-shifokorlar ko‘rsatmalariga ham qat’iy rioya etishlari zarur va shart! Ushbu kasallikning oldini olish bo‘yicha shifokorlar qanday yo‘l-yo‘riq va tavsiyalar berishsa, ularga hech qanday e’tirozsiz amal qilishimiz lozim. Zero, oyati karimada: Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz! – deb marhamat qilinadi (Niso surasi 59 oyat).

Imom Ibn Jarir Tabariy oyati karimadagi “o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga”ning tafsirida mashhur sahoba Abu Hurayra raziyallohu anhuning: “Ular sizlardan bo‘lgan amirlar”, – deb izoh berganini rivoyat qilgan (“Tafsiri Tabariy” 8-juz, 492-bet).

Ahli sunna va jamoa aqidasini bayon qiluvchi mo‘tabar manba’laridan biri hisoblanmish “Aqidatut-tahoviya”da ushbu mavzuga alohida to‘xtalib, shunday deyilgan: “Imomlarimiz, boshliqlarimiz agarchi zulm qilsalar-da, ularga qarshi chiqish mumkin, deb hisoblamaymiz. Ulardan birortasini qarg‘amaymiz. Ularga bo‘ysunishdan bosh tortmaymiz. Ular modomiki ma’siyatga amr qilishmas ekan, ularga itoat qilishni Allohga itoat qilish o‘laroq farz, deb bilamiz. Ularning haqqiga salohiyat, muvaffaqiyat va salomatlik so‘rab duo qilamiz”.

Peshqadam ulamolarimizdan birlari hisoblanuvchi – Imom Abu Ja’far Tahoviy ushbu jumlalari bilan bo‘yinsinuvchi inson va rahbar munosabatlariga doir, ahli sunnaning muhim masalalariga urg‘u bermoqdalar. Unga ko‘ra tinch aholi tomonidan qonuniy yo‘l bilan saylangan hukumat rahbariga, hattoki u jabr qilsa ham, itoat qilish, uning amridan bo‘yin tovlamaslik lozim bo‘ladi. Balki, rahbarga bo‘ysunish aqidamizning asliy muhim masalalaridan biri hisoblanadi.

Imom Tahoviy hazratlari aytgan ushbu matnga ko‘plab sahih hadislar asos bo‘ladi. Jumladan Janobi Rasululloh alayhissalom o‘zlarining hadisi shariflaridan birida shunday deganlar: “Kim menga itoat etsa, Allohga itoat etibdi. Kim menga osiy bo‘lsa, Allohga osiy bo‘libdi. Kim amirga itoat etsa, menga itoat etibdi. Kim amirga osiy bo‘lsa, menga osiy bo‘libdi” (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa hadisi sharifda Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Quloq solinglar va bo‘ysuninglar! Garchi sizlarga boshi mayizdek habashiy boshliq etib tayinlangan bo‘lsa ham”, – deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Dinimizda itoat bejiz ibodat darajasiga ko‘tarilmagan. Chunonchi, shoir aytganidek:

Ibodat ne? Yaratganga itoat ham – ibodatdir,

Haqiqiy bandalik birlan sadoqat ham – ibodatdir.

 

Shuning uchun ham yurtimizdagi har bir mo‘min-musulmon ortiqcha vahimaga berilib, sarosimaga tushmasdan, dinimizga ham, qonun-qoidalarimizga ham, milliy qadriyatlarimizga ham, sharqona odob-axloqimizga ham to‘g‘ri kelmaydigan harakatlar qilmasdan, balki uni o‘rniga dono xalqimizning “Sabrning tagi – rohat” degan naqllarini yodimizda tutib, o‘zimizga ham, oila a’zolarimizga ham tozalik-ozodalikni lozim tutib, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etsak, inshoalloh, bu balo tezda yurtimizdan daf bo‘ladi.

Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning muborak so‘zlarini esimizdan chiqarishga aslo xaqqimiz yo‘q:

“Kim musulmonlarning dardini o‘z dardi deya bilmasa, ulardan emas” (Imom Tabaroniy rivoyatlari);

“Eng fazilatli ibodat – boshiga tushgan bir qiyinchilikning ketkizilishini duo qilib kutishdir” (Imom Termiziy rivoyatlari);

“Alloh taolo Undan hech narsa duo qilib so‘ramaydigandan g‘azablanadi” (Imom Termiziy rivoyatlari);

“Sadaqa baloni qaytaradi”;

“Kimiki doimo Allohga istig‘for aytib yurar ekan, Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini unga ko‘rsatadi. Musibatlarini yengillashtiradi (ko‘taradi) va kutmagan tarafidan meros (ne’mat, rizq) jo‘natadi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

“Ikki duo borki, u duolar bilan Alloh orasida qabuli uchun hech bir parda yo‘q. Biri – mazlum(zulmga uchragan)ning duosi; ikkinchisi – mo‘minning boshqa mo‘min birodari haqiga qilgan maxfiy duosi”;

“Duo boshga kelgan va kelmagan har narsaga qarshi foydalidir. Qazo(taqdir)ni faqat duo oldini oladi. Inchunin, duoga mahkam yopishing!” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Muhtaram azizlar! Parvardigori olamning bunday sanoqli sinovli kunlarida yurtimizning, el-xalqimizning, mahallamizning, oilamizning, qarindoshlarimizning, qo‘shnilarimizning, do‘stlarimizning, yaqinlarimizning, Yer yuzidagi barcha insonlarning haqlariga Yaratgandan yaxshi tilaklar so‘raylik...

Shunday ekan, bunday kunlarda vaqtimizning qadriga yetib, Qur’on tilovati, ilm-ma’rifat bilan shug‘ullanish, zikru tasbihlar kabi ezgu va savob amallar bilan mashg‘ul bo‘lishimiz ayni muddaodir.

Azizlar! Xabaringiz bor, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining “Koronavirus (COVID-19) infeksiyasining tarqalishini  oldini olish bo‘yicha FATVOSI” e’lon qilingan. Ushbu Fatvoda quyidagi jumlalar keltirilgan: “Aslida, kasallik Alloh taolo tomonidan bandalariga yuborilgan bir sinovdir. Uning yuqishi ham Alloh taoloning izni-irodasi bilan bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, shariatimiz bizlarni kasallikdan himoyalanishimizga buyurgan. Bunday vaziyatda quyidagi oyat, hadis va shar’iy qoidalarda ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi: Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ وَأَحْسِنُوا إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ

ya’ni: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta Alloh ehson qiluvchilarni xush ko‘radir” (Baqara surasi, 195-oyat).

Bu oyatda halokatga sabab bo‘ladigan ishlardan to‘xtashga buyurilgan.

Abu Sa’id Xuduriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda  Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه: أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: "لا ضرر ولا ضرار"

(رواه الإمام ابن ماجة والإمام الدارقطني).

ya’ni: “ Zarar berish va zarar ko‘rish ham yo‘q” deganlar.

Demak, hadisi sharifda inson o‘ziga yoki o‘zgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq bo‘lishga buyurilgan.

Mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda:

درء المفاسد مقدم على جلب المصالح

ya’ni:  “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo‘yiladi”;

المشقة تجلب التيسير

ya’ni:  “Mashaqqat yengillatishni talab etadi” kabi fiqhiy qoidalar keltirilgan. Shulardan kelib chiqib, shari’at insonga zarar yetishi ehtimoli kuchaygan paytda o‘z ko‘rsatmalarini yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi.

Hadisi sharifda vabo chiqqan joyga kirmaslik, agar o‘sha yerda bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmaslik buyurilgan. Bu kasallikni oldini olishning eng yaxshi chorasidir. Buning ustiga jamoat joylari va boshqa katta tadbirlarda bu virusning tarqalish ehtimoli katta bo‘ladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi barcha musulmonlarni quyidagi ko‘rsatmalarga rioya qilishga chaqiradi:

  1. Yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga peshin namozini uyda o‘qisinlar. Shuningdek, besh vaqt namozlarni ham uyda ado etsinlar...”.

Mazkur Fatvodan kelib chiqib, jamoat namozlari, juma namozi, janozadan boshqa diniy marosimlar vaqtincha to‘xtatildi. Chunki, ko‘p odamlar yig‘iladigan tadbirlar karantin talablariga to‘g‘ri kelmaydi va kasallik tarqalishiga sabab bo‘ladi.

Ixlos bilan, bu sinovlardan tez kunlarda xalos bo‘lishni Alloh taolodan so‘rab, duo qilsinlar”.

Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz farovonligi, masjidu madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida davlatimiz va hukumatimiz tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida hamma mutasaddiylarning boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Allox taolo O‘zi madadkor bo‘lsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!

Parvardigori olam barcha bemorlarimizga O‘zi shifo bersin! Koronavirus infeksiyasini tez va qisqa fursatda daf etib, turli balo-qazo, ofatu kulfat, tuhmatlardan, yomon ko‘z, yomon so‘zlardan, fitnalardan, dardlardan, illatlardan, turli viruslardan O‘zi asrasin! Dehqonchiliklarimizga, kasbu korlarimizga Xudoim taoloning O‘zi baraka, fayz-futuh ato etsin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochinlik, ma’murchilik nasib qilsin!

Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ruxlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim domla Inomov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muloyimlik – ilmning otasi...

11.02.2025   4474   1 min.
Muloyimlik – ilmning otasi...

#kun_hikmati 

Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar:
“Hilm – ilmning vaziri. Muloyimlik – ilmning otasi. Tavoze’ esa ilmning libosidir”.

– Hilm – qiyinchiliklarga sabrli va matonatli bo‘lib, g‘azabni ichga yutish, odamlar bilan muomalada yumshoq bo‘lishdir. Buning aksi – g‘azab, jizzakilik va serjahllikdir.

– Muloyimlik – yumshoqlik, og‘ir-bosiqlik bilan muomala qilish. Uning aksi – dag‘allik, qo‘pollik, bag‘ritoshlik, qo‘rslikdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radir”, deganlar.

– Tavoze’ – o‘zini katta tutmaslik. Buning aksi – takabburlik, o‘zini katta sanash, g‘ururlanish.

#hilm #ilm #muloyimlik

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar