وَإِذۡ قُلۡنَا ٱدۡخُلُواْ هَٰذِهِ ٱلۡقَرۡيَةَ فَكُلُواْ مِنۡهَا حَيۡثُ شِئۡتُمۡ رَغَدٗا وَٱدۡخُلُواْ ٱلۡبَابَ سُجَّدٗا وَقُولُواْ حِطَّةٞ نَّغۡفِرۡ لَكُمۡ خَطَٰيَٰكُمۡۚ وَسَنَزِيدُ ٱلۡمُحۡسِنِينَ٥٨
Alloh taolo Bani Isroilga Quddusi sharifning hamma yerida bemalol yeb-ichishni buyurar ekan, darvozadan sajda qilgan holda istig‘for aytib kirishni amr etmoqda. Ammo noshukr qavm Parvardigorning bu buyrug‘iga itoat qilmay, buyurilgan so‘zlarni masxaraomuz buzib aytgan. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: "Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham Makka fathida boshlarini egib, tavoze’ bilan Allohga shukr aytib kirganlar va Makkaga kirganlaridan keyin g‘usl qilganlar, sakkiz rakat nafl namoz o‘qib, mehribon va rahmli Allohga hamdu sanolar aytganlar”.
فَبَدَّلَ ٱلَّذِينَ ظَلَمُواْ قَوۡلًا غَيۡرَ ٱلَّذِي قِيلَ لَهُمۡ فَأَنزَلۡنَا عَلَى ٱلَّذِينَ ظَلَمُواْ رِجۡزٗا مِّنَ ٱلسَّمَآءِ بِمَا كَانُواْ يَفۡسُقُونَ٥٩
Ibn Is'hoq aytilgan o‘sha so‘zni Bani Isroil almashtirishgani haqida bunday deydi: "Menga Solih ibn Kayson Tavmaha binti Umayya ibn Xalafning xojasi Solihdan, u Abu Hurayradan va yana bir ishonchli kishi Ibn Abbosdan, u esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan shunday rivoyat qilishadi: "U zot: "Ular sajda qilgan hollarida "hittatun" (avf qil!) deb kirish o‘rniga sudralgan holda "hintatun" (bug‘doy) deb kiradilar", dedilar". Zolim kimsalar istig‘for aytish o‘rniga masxara qilib "bug‘doy" so‘zini ishlatishgan. Sajda qilish o‘rniga Quddus shahriga ketlari bilan surilib kirishgan. Shundan so‘ng ularga vabo balosi kelib, tush paytining o‘zida yetmish ming odam halok bo‘lgan. Bu yerda Bani Isroil qavmining sarkashligi va o‘z payg‘ambarlariga nisbatan hurmatsizlarcha qilgan muomalasi hamda Allohga bo‘lgan isyonining yana bir ko‘rinishi namoyon bo‘lmoqda. Zero, Parvardigor ularni Quddus shahriga sajda qilgan holda kirib, mag‘firat so‘rashga buyurgan va buning evaziga ularni kechirishini va’da qilgan edi.
#kun_hikmati
Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar:
“Hilm – ilmning vaziri. Muloyimlik – ilmning otasi. Tavoze’ esa ilmning libosidir”.
– Hilm – qiyinchiliklarga sabrli va matonatli bo‘lib, g‘azabni ichga yutish, odamlar bilan muomalada yumshoq bo‘lishdir. Buning aksi – g‘azab, jizzakilik va serjahllikdir.
– Muloyimlik – yumshoqlik, og‘ir-bosiqlik bilan muomala qilish. Uning aksi – dag‘allik, qo‘pollik, bag‘ritoshlik, qo‘rslikdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radir”, deganlar.
– Tavoze’ – o‘zini katta tutmaslik. Buning aksi – takabburlik, o‘zini katta sanash, g‘ururlanish.
#hilm #ilm #muloyimlik
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati