وَإِذۡ نَجَّيۡنَٰكُم مِّنۡ ءَالِ فِرۡعَوۡنَ يَسُومُونَكُمۡ سُوٓءَ ٱلۡعَذَابِ يُذَبِّحُونَ أَبۡنَآءَكُمۡ وَيَسۡتَحۡيُونَ نِسَآءَكُمۡۚ وَفِي ذَٰلِكُم بَلَآءٞ مِّن رَّبِّكُمۡ عَظِيمٞ٤٩
Misr hukmdori Fir’avn o‘z qo‘l ostidagi Bani Isroil qavmining boshiga ko‘p kulfatlar solgan, ularni xorlik, jabr-zulm, qahr-g‘azab bilan qiynagan. Zolim Fir’avn Bani Isroildan bir o‘g‘il chaqaloq dunyoga kelishi bilan shu zahoti so‘yib o‘ldirishga buyurar, qizlarni esa tirik qoldirar edi. Chunki kohinlar (folbinlar) Bani Isroil qavmidan bir o‘g‘il bola tug‘ilib, podshohni o‘z qo‘li bilan o‘ldiradi, deb xabar berishgandi. Imom Faxruddin Roziy aytadi: "O‘g‘il bolalarni so‘ydirib, qizlarni tirik qoldirishda Bani Isroilga bir necha tomondan zarar yetkazish ko‘zda tutilgan edi: o‘g‘il bolalarni o‘ldirish nasl uzilishiga sabab bo‘ladi (ya’ni millat tag-tugi bilan yo‘q bo‘lib ketadi); erkaklarning halok bo‘lishi hayotiy sharoitning butunlay izdan chiqishiga yoki og‘irlashuviga sabab bo‘ladi; erkaklarni qattiq qiynab o‘ldirish eng og‘ir zulmlardan biridir; ayollarning o‘z juftlarisiz, himoyachisiz qolishlari ularning dushman qo‘lida ermak bo‘lishlariga olib keladi, millat uchun bundan ortiq xorlik bo‘lishi mumkinmi?" ("Tafsiru Faxrir-Roziy", 1-jild, 358-bet). Alloh taolo Bani Isroil qavmini ana shu xorlik va zulmdan qutqardi. U bu bilan qavmni imtihon qilishni iroda etgan edi.
وَإِذۡ فَرَقۡنَا بِكُمُ ٱلۡبَحۡرَ فَأَنجَيۡنَٰكُمۡ وَأَغۡرَقۡنَآ ءَالَ فِرۡعَوۡنَ وَأَنتُمۡ تَنظُرُونَ٥٠
Muso alayhissalom Fir’avn va uning zolim qavmiga bas kelolmagach, ularning imonga kelishidan umidini uzadi. Alloh taoloning amri bilan Bani Isroil va qibtiylardan imon keltirganlarini olib, Misrni tashlab qochib ketishga qaror qiladi. Ammo bundan xabar topgan Fir’avn va uning lashkarlari Muso alayhissalom va unga ergashganlarni quva boshladi. Vaziyat tahlikali edi, qavm orasida qo‘rquv, tahlika, sarosima boshlandi. Shunda Muso alayhissalom qavmini zolimlardan xalos qilishni so‘rab, Parvardigoriga iltijo qildi. Alloh taoloning nusrati, yordami uzoq kuttirmadi. Qur’oni karimda bu haqda bunday oyatlar bor: "O‘shanda Musoga: «Asoing bilan dengizni urgin!» deb vahiy qildik. Shunda (dengiz) bo‘linib, har bo‘lagi ulkan tog‘dek bo‘ldi. Boshqalarni ham o‘sha yerga yaqinlashtirdik. Muso va u bilan birga bo‘lganlarning hammasini qutqardik. So‘ngra boshqalarni g‘arq qilib yubordik" (Shuaro, 63-66). Muso alayhissalom va uning odamlarini tutib olib, jazolamoqchi, Haq yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lgan zolimlar ana shunday dahshatli o‘lim topishdi. Bularning hammasi Bani Isroil foydasiga hal bo‘ldi. Alloh taolo yuqoridagi oyati karimada ularga ana shu va bunga o‘xshash juda ko‘p ne’matlarni, yaxshiliklarni ato etganini eslatmoqda.
وَإِذۡ وَٰعَدۡنَا مُوسَىٰٓ أَرۡبَعِينَ لَيۡلَةٗ ثُمَّ ٱتَّخَذۡتُمُ ٱلۡعِجۡلَ مِنۢ بَعۡدِهِۦ وَأَنتُمۡ ظَٰلِمُونَ٥١
Muso alayhissalom Alloh taoloning amri bilan muqaddas Tuvo vodiyiga ketganida uning qavmi oltindan bir buzoq yasab olib, unga sig‘ina boshlaydi. Qur’oni karimning Toho surasida Muso alayhissalom bilan Somiriy ismli kohin o‘rasida bo‘lib o‘tgan bu hodisa keng bayon etiladi. Muso alayhissalom Sino tog‘iga Alloh bilan muloqat uchun ketayotganida o‘ttiz kunda qaytishni va’da qilgan edi, ammo u yerga borishning o‘ziga shuncha vaqt ketib qoladi va Alloh muloqot muddatini qirq kunga uzaytirdi. Muso alayhissalomning o‘z vaqtida qaytmaganidan foydalangan Somiriy Bani Isroildan barcha tilla taqinchoq-bezaklarni so‘rab olib, ularni olovda eritadi va buzoq shaklidagi bir but-haykal yasaydi. Bu haykal-but ustiga Jabroil alayhissalomning oti tuyog‘i ostidan olib qolgan bir siqim tuproqni sochib yuborgan edi, buzoq xuddi tirikday "mo‘"lay boshladi. Somiriy boshchiligidagi yo‘ldan ozgan kimsalar buzoq atrofida tavof etib, raqs tushib, xursandchilik qila boshlashdi. Qavmning zalolatidan qattiq tashvishga tushgan Horun alayhissalom (Muso alayhissalomning inisi) ularni Somiriyga itoat etishdan, Allohni qo‘yib, buzoqqa sig‘inishdan qaytarishga urindi. Qur’oni karimda bunday deyiladi: "Darhaqiqat, ilgari Horun ularga: «Ey qavmim, bu bilan fitnaga duchor qilindingiz, xolos. Shubhasiz, Parvardigoringiz Rahmondir. Endi menga ergashinglar, amrimga itoat qilinglar», degan edi." (Toho, 90). Shu tariqa shirkka moyil Bani Isroil Muso alayhissalom qaytib kelgunicha qirq kun mobaynida buzoqqa sig‘inib yurgan.
ثُمَّ عَفَوۡنَا عَنكُم مِّنۢ بَعۡدِ ذَٰلِكَ لَعَلَّكُمۡ تَشۡكُرُونَ٥٢
Somiriyning ergashuvchilari Alloh taoloning azobidan qo‘rqa boshlashdi, qilgan ishlaridan afsus-nadomat chekishdi, Allohdan kechirishini so‘rab iltijolar qila boshlashdi. Ammo Alloh azza va jalla ularning tavbasini faqat qatl bilan qabul etishini bayon qildi. Muso alayhissalom Allohga yolborib, qavmlari gunohidan o‘tishni so‘radilar. Alloh taolo Muso alayhissalom va qavmlaridan bir necha izdoshlarini yana O‘z muloqotiga chaqirdi. Hammalari Muso alayhissalom bilan birga qavmning buzoqqa sig‘inib qilgan xatosi uchun Alloh huzuriga tavba qilish va uzr aytish uchun borishdi. Alloh ularning tavbalarini qabul qilib, avf etdi va halok bo‘lganlarni qayta tiriltirdi.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.