يَٰبَنِيٓ إِسۡرَٰٓءِيلَ ٱذۡكُرُواْ نِعۡمَتِيَ ٱلَّتِيٓ أَنۡعَمۡتُ عَلَيۡكُمۡ وَأَوۡفُواْ بِعَهۡدِيٓ أُوفِ بِعَهۡدِكُمۡ وَإِيَّٰيَ فَٱرۡهَبُونِ٤٠
"Isroil" so‘zi "Allohning tanlab olgan quli yoki Allohning bandasi" degan ma’nolarni bildiradi, "Bani Isroil" esa: "Isroil avlodlari", "Isroil qavmi" deganidir. Alloh taolo Bani Isroilga xitoban aytyaptiki, sizlarga qilgan yaxshiliklarimni eslanglar va Menga bergan va’dalaringga vafo qilinglar. Va’dalarning eng ulug‘i banda bilan Alloh taolo o‘rtasidagi ahddir. Zero, Alloh taolo odamni yaratdi, unga turli ne’matlar va yaxshiliklarni ato etdi hamda bu haqiqatni bandasi bilib-e’tirof etishini, Parvardigor mehribonligidan g‘aflatda bo‘lmasligini, inkor etmasligini istadi. Alloh azza va jalla bunday xitob qilyapti: ey Isroil avlodi, sizlarni Fir’avn hamda uning qavmi zulmi va qatliomidan, sarson-sargardonlikda yurganingizda turmush mashaqqatlaridan qutqarib, hayotingizni farovon etish yo‘lidagi ehson-yaxshiliklarimni esga olinglar. Payg‘ambarimning kelishi haqida sizlardan olgan ahdimga vafo qilinglar. Men esa payg‘ambarimni tasdiqlab, unga ergashishingiz evaziga sizlarning bo‘yinlaringga yuklangan gunohdan iborat kishanlaru musibatlarni ketkazish haqidagi va’damni to‘liq qilib beray. Mendangina qo‘rqinglar, sizlardan oldin o‘tgan ota-bobolaringizga tushirgan azob-ofatlarim sizlarning ham boshingizga kelishidan qo‘rqinglar.
Ahdga vafosizlik (xiyonat) gunohi kabiradir. Chunki insonning banda sifatida Alloh taologa ahdlariga vafo qilishini Yaratganning O‘zi buyurgan. Bu imon ahdi bo‘lib, uni Alloh taolo birinchi inson — Odam alayhissalom va uning zurriyotidan olgandir. Bu ahd o‘z ichiga Alloh taoloning yagona ilohligiga, Parvardigorligiga va Hokimligiga iqror bo‘lishni, Unga banda bo‘lish, itoat qilish va taslim bo‘lishni qamrab oladi. Bunday umumiy ahdlarga inson o‘zi o‘ziga qilgan shaxsiy ahdlari ham kiradi. Nazr ataganmi, biror ishni Alloh yo‘lida qilishga ahd etganmi yoki boshqa (savdo-sotiq, qarz, vakillik, kafillik kabilarga o‘xshash) ahdlarning hammasi kiradi. Ahdga vafo Islomdagi eng ulkan xislatlardandir. Alloh taolo «Ahdga vafo qilinglar! Chunki ahd-paymon (qiyomat kuni) so‘raladigan ishdir», (Isro, 34) degan. Zahhok aytadi: «Alloh taolo bu ummatdan halol-harom qilingan, namoz kabi farz etilgan narsalarga va boshqa ahdlarga vafo qilishga ahd-paymon olgan. Ahdlar ham xuddi shu kabi bo‘lib, Alloh farz qilgan muhkam narsalardandir. Biron bir holatda ham uni buzishga yo‘l yo‘q». Insonning buyuk Parvardigoriga bergan ahdiga vafo qilishi dunyoda ulug‘lik topishiga, oxiratda Uning mag‘firati va marhamatiga erishishiga asos bo‘ladi.
وَءَامِنُواْ بِمَآ أَنزَلۡتُ مُصَدِّقٗا لِّمَا مَعَكُمۡ وَلَا تَكُونُوٓاْ أَوَّلَ كَافِرِۢ بِهِۦۖ وَلَا تَشۡتَرُواْ بَِٔايَٰتِي ثَمَنٗا قَلِيلٗا وَإِيَّٰيَ فَٱتَّقُونِ٤١
Ya’ni, Ahli kitoblar, oldin sizlarga tushirilgan va hozir o‘zlaringizda turgan Tavrot va Injilni tasdiqlovchi narsaga, ya’ni Qur’oni karimga imon keltiringlar. Bu haqda boshqalarda bilim,tushuncha bo‘lmasa ham, sizlarda dalil-isbotlar turibdi, asl haqiqatni boshqalar bilmasa ham, sizlar yaxshi bilasizlar-ku! Alloh taoloning O‘z rasullari va nabiylariga nozil qilgan kitoblariga ishonish kishi imonining shartlaridan biridir. Alloh taoloning hamma kitoblari Uning kalomi (so‘zi) va vahiydir, maxluq emasdir. Ularning hammasi bir kalomdir, nazm, o‘qish va eshitish jihatidan bir nechtadir. Bu e’tibordan nozil bo‘lgan kitoblarning eng afzali Tavrot, Injil, Zabur va Qur’oni karimdir. Bu to‘rt kitobning eng afzali Qur’oni karimdir. Qur’oni karim nozil bo‘lgach qolgan barcha kitoblarni o‘qish va yozish amaldan qolgan. Chunki ulardagi hukmlar muayyan xalqqa yo‘llangan edi, Qur’oni karim hukmlari esa butun insoniyatga qaratilgan. Tavrot Muso alayhissalomga, Zabur Dovud alayhissalomga, Injil Iso alayhissalomga, Qur’oni karim esa Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga yuborilgan. Qur’oni karim hukmlari qiyomatgacha o‘zgarmaydi, biror harfi ziyoda yoki kam bo‘lmaydi, tillarda va dillarda saqlanib boradi. Qur’oni karim o‘qish ibodat hisoblanadi. Alloh taolo insonlarni Qur’oni karimga imon keltirishga, unga kufr keltirmaslikka, oyatlarni arzonga sotmaslikka chaqirmoqda. Ammo Alloh taoloning g‘azabiga uchragan qavmlar dunyoparast va moddaparast bo‘lishgani uchun oxiratdagi abadiy rohat-farog‘atni dunyoning arzimas matohiga sotishga (almashtirishga) tayyordirlar.
وَلَا تَلۡبِسُواْ ٱلۡحَقَّ بِٱلۡبَٰطِلِ وَتَكۡتُمُواْ ٱلۡحَقَّ وَأَنتُمۡ تَعۡلَمُونَ٤٢
Ya’ni, Payg‘ambarim haqidagi xabarni va u keltirgan Qur’oni karimni bilaturib boshqalardan berkitmanglar, chunki bu haqda sizlarning qo‘lingizda turgan Tavrot va Injilda aniq xabar berilgan. Alloh taolo aytadi: “Iso ibn Maryamning «Ey Bani Isroil! Men o‘zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlash, o‘zimdan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini berish uchun Alloh sizlarga yuborgan payg‘ambardirman» deganini eslang. Ularga hujjatlarni keltirganda esa: «Bu aniq sehrdir», deyishdi” (Saf, 6).
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning butun insoniyatga yuborilgan oxirgi haq payg‘ambar ekanlari haqidagi xabarlarni Ahli kitoblar hozirgacha o‘z ergashuvchilaridan pinhon tutib kelishadi. Masalan, Injildagi Ahmad (maqtalgan) ma’nosini anglatuvchi "paraklitos" so‘zini nasroniy olimlari asl haqiqatni yashirish uchun "yupatuvchi, himoyachi, nasihatchi" deb tarjima qilishgan (Yuhanno Injili, 14:15-16, 15:26).
وَأَقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتُواْ ٱلزَّكَوٰةَ وَٱرۡكَعُواْ مَعَ ٱلرَّٰكِعِينَ٤٣
Ya’ni, ey Isroil avlodi, siz ham musulmonlar o‘qiydigan namozni o‘qing, zakotni bering va ular kabi jamoat namozlarida birga ruku’ qiling. Isroil –payg‘ambar Ya’qub alayhissalomning ismlari, "Bani Isroil" deganda shu zotning avlodlari nazarda tutiladi. Muso alayhissalom ham shulardan, Tavrot ham ularga tushirilgan. Alloh taolo Tavrotda ular bilan: "Sizlarga bir payg‘ambar yuborilsa va u kitoblaringizni tasdiqlasa, sizlar unga bo‘ysunib yordam ko‘rsatinglar. Agar shu amrimga vafo qilsangizlar, Men ham sizlardan Shom mulkini olib qo‘ymayman", deb ahdlashgan. Lekin ular Tavrotga amal qilishmadi, niyatlari buzildi, pora ola boshlashdi. Alloh taoloning kalomini arzon narsaga sotishdi, yaxshi yo‘lni tark etib, gumrohlardan bo‘lishdi. Alloh taolo ularni bu qilmishlari uchun rasvo qildi. Endi yana ularga bergan ehson-ne’matlarini eslatib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ularni namoz o‘qish, zakot berish va jamoat namoziga da’vat qilishga buyurmoqda. Namoz o‘qish, zakot berish va jamoat namoziga borish Islomdan boshqa dinlarda ham mavjud bo‘lgan. Islom dini nozil qilingach, Alloh taolo O‘z Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga endi barcha insonlarni Islomning ana shu farzlarini bajarishga chorlashni amr qilmoqda.
۞أَتَأۡمُرُونَ ٱلنَّاسَ بِٱلۡبِرِّ وَتَنسَوۡنَ أَنفُسَكُمۡ وَأَنتُمۡ تَتۡلُونَ ٱلۡكِتَٰبَۚ أَفَلَا تَعۡقِلُونَ٤٤
Ahli kitoblar Tavrot va Injilni o‘qib, boshqalarni yaxshilik qilishga buyurishadiyu, ammo o‘zlari fasod va fitna ishlarini tark etishmaydi. Boshqalarni yaxshi ishga buyurib, o‘zi qilmaslik eng nomunosib fe’llardandir. Ushbu oyatning nozil bo‘lish sabablari haqida Kalbiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan ushbu rivoyatni keltiradi: "Oyat madinaliklar haqida nozil bo‘lgan. Ayrim kishilar qudalariga, qarindoshlariga, emikdoshlariga (ya’ni, musulmonlarga): "Diningda mahkam tur va Muhammad alayhissalom buyurgan ishni qil, uning yo‘li haqdir" deyishar, odamlarni yaxshilikka chaqirar, ammo buni o‘zlari qilishmas edi" (Aliy ibn Ahmad Naysoburiy. "Asbaban-nuzul", 15-bet). Ushbu oyati karima din da’vatchilariga ham qaratilgan. Da’vatni zimmasiga olgan kishi qilayotgan ishidan faqat Alloh roziligiyu boshqalarga manfaat yetkazishnigina asosiy maqsad qilib olishi lozim. Shunda Alloh unga najot va tavfiq beradi, uning so‘zi ta’sirchan chiqadi, unga ergashuvchilar ko‘payadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatlarining har biri ana shunday da’vatchilik mas’uliyati yuklangan kishilardir.
وَٱسۡتَعِينُواْ بِٱلصَّبۡرِ وَٱلصَّلَوٰةِۚ وَإِنَّهَا لَكَبِيرَةٌ إِلَّا عَلَى ٱلۡخَٰشِعِينَ٤٥
"Sabr" so‘zi lug‘atda o‘zni tiyish, tutib turish ma’nolarini bildiradi. Alloh taolo bandalariga gunohlardan tiyilishni va sabr qilishni buyurgan. Chunki gunohlardan tiyilgan, sabr qilgan kishi toat-ibodatga ham bardoshli bo‘ladi. Imom Qurtubiy: "Bu xususda eng to‘g‘ri so‘z shudir", degan. Alloh taoloning: "Sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob beriladi" (Zumar, 10) degan va’dasi bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam, Alloh taolo mo‘min banda uchun nimani yetkazsa, o‘sha uning uchun yaxshi bo‘ladi. Agar unga xursandchilik yetsa, shukr qiladi – unga yaxshi bo‘ladi. Agar unga xafachilik yetsa, sabr qiladi – unga yaxshi bo‘ladi. Bu faqat mo‘minlardagina bo‘ladi», deganlar. Mujohid: "Oyatdagi sabrdan murod ro‘zadir", degan, chunki Ramazon oyi sabr oyi, deyiladi. Sabr qilish va namoz o‘qish banda boshiga tushadigan har qanday mushkulotni oson qiladi. Payg‘ambar alayhissalom ham qachon boshlariga biror tashvish tushsa, hatto shamol kuchayib, havo aynisa ham darrov namoz o‘qishga kirishganlar. Namoz o‘zgalarga mashaqqat tuyulsa-da, Alloh taologa itoatda bo‘lgan, hoksor bandalar uchun juda osondir. Ko‘pchilik mufassir olimlar fikricha, ushbu oyat orqali Ahli kitoblarga xitob qilingan, shu bilan birga u barcha bandalarga odobdir. Ba’zilar esa: "Bu oyatda musulmonlarga xitob qilinmoqda", deyishadi, biroq oldingi so‘z haqiqatga yaqinroqdir.
ٱلَّذِينَ يَظُنُّونَ أَنَّهُم مُّلَٰقُواْ رَبِّهِمۡ وَأَنَّهُمۡ إِلَيۡهِ رَٰجِعُونَ٤٦
Qiyomat kuni kelganida butun insonlar va jinlar Parvardigor huzurida to‘planib, hisob-kitobga tortilishadi. Solih insonlar buni yaxshi his etgan holda dunyo hayotida yaxshi amallarni qilishadi, toat-ibodatda bo‘lib, Allohga bandalik qilishni bir zum ham unutishmaydi. Hidoyatdan bebahra, zalolatga yuz tutgan kimsalar Allohga va Uning Payg‘ambariga ishonishmagani uchun bu haqda o‘ylab ham ko‘rishmaydi, umrlarini shahvat va gunoh ishlarga g‘arq qilib, oxiratda tuganmas azoblarga giriftor bo‘lishadi. Vaholanki, Alloh taolo bunday kimsalarni Qur’on oyatlari orqali ogohlantirgan edi: "Agar gunohkorlarning Parvardigorlari huzurida boshlarini eggan holda: «Parvardigorimiz, ko‘rdik, eshitdik. Endi bizlarni qaytar, yaxshi amal qilaylik, bizlar aniq ishonuvchilarmiz» deyishlarini ko‘rsangiz edi" (Sajda, 12). Ammo xatokor inson shuncha ogohlantirish, qo‘rqitishlarga qaramay, dunyo hayotida Allohga imon keltirishni, Unga toat-itoatda bo‘lishni, qiyomat kuni nochor va abgor holda Parvardigor huzurida hisobga tortilishini o‘ylamaydi. Qimmatli vaqtini ibodat, Allohga qullik qilish, Uning roziligini topishga sarflamay, aysh-ishrat, ko‘ngilxushliklar, gunoh ishlar yo‘lida sovuradi.
يَٰبَنِيٓ إِسۡرَٰٓءِيلَ ٱذۡكُرُواْ نِعۡمَتِيَ ٱلَّتِيٓ أَنۡعَمۡتُ عَلَيۡكُمۡ وَأَنِّي فَضَّلۡتُكُمۡ عَلَى ٱلۡعَٰلَمِينَ٤٧
Fir’avn zulmidan ozor va qiynoqlar ko‘rgan Bani Isroil (Isroil avlodlari) Alloh taoloning madadi, nusrati va marhamatini har qadamda ko‘rib, his etib turgan. Alloh taolo aytadi: "Biz esa u yerda xo‘rlanganlarga marhamat qilishni, ularni peshvolarga aylantirishni va vorislar qilishni va o‘sha yerda ularga imkon berishni, Fir’avn, Homon hamda ikkovining lashkarlariga o‘zlari qo‘rqqan narsalarini ko‘rsatishni istaymiz" (Qasas, 5-6). Ya’ni, Biz O‘z xohishimiz va qudratimiz bilan Bani Isroilni zulmdan ozod etib, ularni izzat-ikromga sazovor qilishni, agar imon keltirib o‘zlarini tuzatadigan bo‘lishsa, Biz ularni Muqaddas yerga merosxo‘r bo‘lishlarini istaymiz. Biz Fir’avn va uning vaziri Homonga Misr yerida mazlum bo‘lgan Bani Isroil qavmi tomonidan o‘zlari hadiksirab turgan narsa – mansab, shuhrat va behisob boyliklarning qo‘ldan ketishi va bularning Bani Isroil tasarrufiga o‘tishini ko‘rsatishni xohlaymiz. Imom Roziy aytadi: "Alloh taolo "Biz u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni istaymiz" deya Bani Isroilga berilgan behisob ne’matlarini zikr etishni iroda qilgan edi" (Tafsiru Faxrir-Roziy", 6-jild, 426-bet).
وَٱتَّقُواْ يَوۡمٗا لَّا تَجۡزِي نَفۡسٌ عَن نَّفۡسٖ شَيۡٔٗا وَلَا يُقۡبَلُ مِنۡهَا شَفَٰعَةٞ وَلَا يُؤۡخَذُ مِنۡهَا عَدۡلٞ وَلَا هُمۡ يُنصَرُونَ٤٨
Qiyomat kuni biror kishi boshqasining og‘irini yengil qila olmaydi va beizn shafoat eta olmaydi. Hech kimdan gunohlari evaziga badal olinmaydi va hech kimga ishini yengillatishda yordam kelmaydi. Shuning uchun Isroil avlodining ota-bobolariga ishonib gunoh qilishlari durust emas. Alloh taolo aytadi: "Qiyomat kunini senga nima bildirdi? Yana Qiyomat kunini senga nima bildirdi? U kunda hech bir jon boshqa jonga hech narsa qilolmaydi, u kunda hammasi Allohning hukmida bo‘lur!" (Infitor, 17-19-oyatlar). Ey insonlar, birov o‘zga birovga hech qanday yordam berolmaydigan, hojatiga yaramaydigan, biror badal evaziga hech kimning jazosi ortga surilmaydigan, og‘ir qiynoqlardan hech kim qutqarib qololmaydigan qiyomat kunidan qo‘rqinglar. Undan qo‘rqish esa, o‘sha kunga tayyorgarlik ko‘rish, yomon, gunoh ishlarni qilmaslik bilan amalga oshadi.
Jannat ahliga va’da qilingan abadiy ne’matlar haqida ham uzoq fikr et, qalbing umidga to‘lsin. Nafsingni xavf qamchisi bilan haydab, umid bilan jilovla va sirotul mustaqimga yo‘lla. Ana shunda buyuk mulkka yetasan, alamli azobdan xalos bo‘lasan.
Ahli jannat xususida, ularning yuzlarida aks etgan ne’matlar jilvasi, mushk bilan muhrlangan may ila qondirilishlari haqida o‘ylaganmisan?! Jannat ahli oq durdan tikilgan chodirlar ichida, qizil yoqutdan bo‘lgan minbarlarda, yashil bolishlar va gilamlar ustida, may va asal oqayotgan daryolar bo‘yida qurilgan so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Ularning atrofida xizmatga hozir g‘ulomlar va hech qachon qarimaydigan bolalar bo‘lur. Jannat ohu ko‘zli, xushxulq va go‘zal yuzli ayollar bilan ziynatlangan. Yoqut va marjondek nafis bu bokiralarga ilgari na bir ins va na bir jin tegingan...
Ularning egnidagi oppoq ipak ko‘zlarni qamashtiradi. Boshlaridagi inju va marjonlar qadalgan tojlari undan-da nurafshon. Ishvalari sokinlik va osudalik bilan bezangan yuzlar qarib qolish kabi noqisliklardan xoli. Ular jannat bog‘chalarining o‘rtasida yoqutdan bunyod etilgan chodirda yolg‘iz bo‘lurlar.
Ularning huzurida borlig‘i hayo bilan to‘silgan musaffo ohu ko‘z hurlar bor. Ustlarida esa mangu yosh bolalar oqar chashmadan qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar. Yana ular uchun xuddi sadaf ichida yashirib qo‘yilgan gavhar misoli ohu ko‘z hurlar bordir. Bu hurlar jannat ahlining dunyo hayotida qilib o‘tgan solih amallarining mukofotidir. Ular jannatning chashmalar, daryolar oqib turgan emin maqomida, Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda Malikul Karim Parvardigorining jamoliga boqadilar. Ularning yuzlarida ne’matlar jilvasi porlaydi. Ularga na bir zaiflik, na bir xorlik yetadi. Balki ular Parvardigori tomonidan yog‘dirilayotgan turli ne’matlardan baxtiyor, o‘zlari istagan maskanda abadiy qolguvchidirlar. Ularga u yerda na bir xavf, na bir hazinlik yetmas, balki baloyu falokatlardan omondadirlar.
Ular jannat taomlaridan yeydilar. Sut, may, asal to‘la daryolardan ichadilar. U daryolarning yerlari kumushdan, toshlari marjon, tuprog‘i mushk, o‘tlari za’farondir. Quyuq kofur aralashgan oq atirgul suvlariga to‘la bulutlardan yomg‘irlar yog‘adi. Jannat ahliga asli kumushdan bo‘lgan, dur, yoqut, marjonlar bilan ziynatlangan qadahlar, shuningdek, ichida muhrlangan may, aralashmasi chuchuk salsabil bo‘lgan maykosalar keltiriladi. U maykosalardan nur porlaydi. Ularning sofligi shu darajadaki, mayning mayinligi va qirmizi ranggi kosaning tashqari tomonidan bilinib turadi. Chunki, bu odamzodning san’ati emas, u bunday go‘zallikdan ojiz. Maykosalar chehrasidan nur yog‘ilayotgan xodimlar kaftida (jannat ahliga uzatilgan holda) turadi.
Ha, xodimlarning nur porlayotgan yuzlari quyoshga o‘xshaydi, faqat, u yuzlardagi halovat, u ko‘zlardagi husnu malohat quyoshda ne qilsin!
Ajabo! Oxirat diyorining bu sifatlariga, bu diyor ahlining o‘lmasligiga va jannat ahlining kutilmagan o‘zgarish, ofat-balolardan omonda ekanligiga aniq ishongan kishi, qanday qilib, oxiri xarobalikka yuz tutuvchi bu o‘tkinchi dunyoni o‘ziga do‘st bilishi mumkin?! Qanday qilib, u diyor lazzatini, bu dunyo lazzatiga almashtirish mumkin?!
Allohga qasamki, agar jannatda sihat-salomatlik bilan birga o‘lim, ochlik, tashnalik kabi ofatlardan omonlik bo‘lsa-yu, boshqa hech narsa bo‘lmasa, faqat shu sababning o‘zi ham bu dunyodan yuz o‘girishga arziydi. Nega endi oxirat diyori bu dunyodan ustun qo‘yilmasin? Axir, jannat ahli har qanday xavfdan omon podshohlardir. Ular turli-tuman ne’matlar ichida shod-xurram, xohlagan ne’matlari oldida muhayyo! Ular har kuni Arsh yonida hozir bo‘lib, Allohning diydoriga nazar soladilar...
Abu Hurayra Rasuli akram alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Munodiy nido qiladi: "Ey jannat ahli! Endi siz hamisha sog‘lomsiz, hech qachon dardga chalinmaysiz, hamisha tiriksiz, hech qachon o‘lmaysiz. Doimo yoshsiz, hech qachon qarimaysiz. Albatta, siz saodatli bo‘lasiz, hech qachon baxtsizlikka yo‘liqmaysiz"» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo deydi: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir» (A’rof, 43-oyat).
Jannat sifatlari bilan tanishmoqchi bo‘lsang, Qur’on o‘qi. Jannat haqida Alloh taoloning bayonidan ulug‘roq bayon bormi?!
«Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni, Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» (Rahmon, 46) oyatidan to sura oxirigacha, shuningdek, Voqea va boshqa suralarni ham o‘qi, jannat haqidagi xabarlarning tafsilotiga boq! Avvalo, jannatning soni bilan bog‘liq jihatlarga e’tiboringni qarat. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Rahmon surasidagi «Parvardigori (huzurida) turishidan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» oyati xususida deydilar: «Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari kumushdan. Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari oltindan. «Adn» deyilmish mangu jannatda ahli jannat va Parvardigorining orasida kibriyo ridosigina bo‘lur» (Muttafaqun alayh).
Keyin jannat eshiklarini tasavvur qil. Ularning soni toatingga yarasha. Ya’ni, qaysi mo‘minning Alloh taologa itoati ko‘p bo‘lsa, unga ochiladigan jannat eshiklari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Jahannam eshiklarining soni ham kishining ma’siyatiga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, inson Alloh taologa qancha ko‘p itoatsizlik qilsa, unga shuncha ko‘p do‘zax eshiklari ochiladi.
Abu Hurayra Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Kimki Alloh yo‘lida o‘z molidan bir juft narsani infoq qilsa, u jannatning barcha eshiklaridan chorlanadi. Jannatning sakkizta eshigi bor. Kimki ahli namoz bo‘lsa, «Bobus solat» (Namoz eshigi)dan, ro‘za ahli «Bobus siyam» (Ro‘za eshigi)dan, ahli sadaqa bo‘lsa, «Bobus sadaqa» (Sadaqa eshigi)dan, ahli jihod bo‘lsa, «Bobul jihod» (Jihod eshigi)dan ichkariga chorlanadi». Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Allohga qasamki, bu eshiklarning bittasidan chaqirilgan kishi najot topadi. Jannat eshiklarining barchasidan chorlanadigan kishi ham bormi?
– Ha, sen o‘shalardan biri bo‘lishingni umid qilaman, dedilar Nabiy alayhissalom» (Muttafaqun alayh).
Osim ibn Zamra Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladi: «Hazrati Ali do‘zaxni eslatdi. Shunday bir qo‘rqinch bilan eslatdiki, uning dahshatidan hozir qo‘rqinchdan boshqasi xotirimdan ko‘tarildi. Keyin shu oyatni o‘qidi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga kiritiladilar. Qachonki ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar, 73-oyat).
So‘ngra keyingi chashmaga borib, u bilan poklanadilar. Ularga ne’matlar jilvasi yog‘iladi. Badandagi tuklardan mudom xush bo‘ylar taraladi. Sochlar go‘yo atirli moy surilgandek bir tekis, tartibli. Keyin ular jannatga yetib keladilar. Jannat qo‘riqchilari ularga: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» – deyishadi.
So‘ng vildon – mangu yosh bolalar ularni qarshi olishib, atrofida aylanishadi, bamisoli, dunyo bolalari uzoq vaqt ko‘rmagan yaqinlarini sog‘inch bilan kutib olib, atrofida aylanishganlari kabi. Ular ahli jannatga: «Quvoning, shodlaning! Qarang, Alloh taolo sizga shunchalik ne’matni ato qilibdi!» – deya suyunchilashadi».
Roviy deydi: «Mangu yosh bolalardan biri jannat ahli zavjalaridan bo‘lgan ohu ko‘z hurlardan biriga: «Falonchi keldi!» deb u jannatiyning dunyoda chaqirilgan ismini aytadi. Shunda ohu ko‘z hur:
– Sen uni aniq ko‘rdingmi? – deb so‘raydi.
– Ha, aniq ko‘rdim, mana u izimdan kelyapti, – deydi u. O‘shanda u hur sevinchdan shu darajada yengillashib ketadiki, bir zumda jannat eshigi bo‘sag‘asida hozir bo‘ladi. Jannatiy banda o‘z maskaniga yetib, marjonlardan iborat sohil ustiga qurilgan qizil, sariq, yashil kabi turfa rangda tovlanayotgan ko‘shkka nazari tushadi. Boshini ko‘tarib, chaqmoqdan chaqnayotgan ko‘shkning shiftiga asta qaraydi. Agar Alloh taoloning taqdiri bo‘lmaganida bu yorqinlik uning ko‘zini ko‘r qilgan bo‘lar edi. Ko‘zini shiftdan olar ekan, qoshida zavjalarini, buloq bo‘yiga qo‘yilgan qadahlarni, tizib qo‘yilgan yostiqlarni va to‘shalgan gilamlarni ko‘radi. So‘ngra ularga suyanib: «...Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan Zot-Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida hargiz yo‘l topa olmas edik...» – deydi (A’rof, 43-oyat).
Keyin munodiy nido qiladi: «Mangu hayotsiz, hargiz o‘lmaysiz. Doimo bunda muqimsiz, hech qachon ketmaysiz. Hamisha salomatsiz, hech qachon xastalanmaysiz».
Rasuli akram alayhissalom dedilar: «Qiyomat kuni jannat eshigi oldida hozir bo‘laman, uning ochilishini so‘rayman. Shunda jannat qo‘riqchilari:
– Kim u? – deydi.
– Muhammad! – deyman.
– Sizdan oldin birorta kishiga eshikni ochmaslikka buyurilgan edim, – deydi u» (Muslim rivoyati).
Jannatdagi ko‘shklar, u yerda darajalarning farqlanishi to‘g‘risida ham fikr et. Chunki, oxirat daraja jihatidan eng yuksak, afzalligi jihatidan eng ulug‘ mezondir. Odamlar toatlarning zohiriy ko‘rinishida va botiniy xulqda bir-biridan farqlangani kabi amallariga ko‘ra taqdirlanishda ham farqlanadilar. Agar yuksak darajalarni ko‘zlayotgan bo‘lsang, jiddu jahd qil, toki Olloh taologa itoat qilishda hech kim sendan o‘zib ketolmasin. Axir, Olloh taolo ayni shu maydonda senga musobaqa va raqobatni buyurgan-ku!
«(Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Olloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yer kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz...» (Hadid, 21-oyat).
«U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi – musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar – musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun, 26-oyat).
Ajabo! Yaqinlaring yo qo‘shnilaringdan birortasi boyib ketsa yoki imoratini baland qilib ko‘tarsa, siqilasan, qiynalasan. Hasad tufayli hayoting achchiq zardobga aylanadi. Lekin eng oliy qarorgohda, jannatda shunday yaqinlaring yoki qo‘shnilar borki, ular o‘z fazilatlari bilan allaqachon sendan o‘zib ketdi. Bu fazilatlarga dunyo va undagi jamiki narsalar ham bas kelolmaydi.
Abu Said Xudriy Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ustma-ust, darajama-daraja joylashgan ko‘shk ahli jannatiylarga, bamisoli uzoq ufqlarda mag‘ribu mashriqqa sochilib, bir-biri bilan musobaqalashayotgan yulduzlardek bo‘lib ko‘rinadi.
– Ey Ollohning rasuli, ular payg‘ambarlardan o‘zgasi yetolmaydigan manzilmi? – deya so‘rashdi.
– Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u Ollohga iymon keltirgan va mursallarni tasdiqlagan kishilarning manzillaridir» (Muttafaqun alayh).
Rasuli akram bu haqda yana shunday deganlar: «Jannatdagi baland daraja egalarini ulardan quyidagilar xuddi osmon ufqlarida porlagan yulduzlarni ko‘rganday ko‘radilar. Abu Bakr va Umar shulardandir...» (Termiziy rivoyati).
Jobir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom bizga:
– Sizlarga jannat ko‘shklarining xabarini beraymi? – dedilar.
– Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, xabarini bering, – dedik.
– Jannatda hamma tomoni gavhardan bunyod qilingan ko‘shklar bor. Bu ko‘shklar shu darajada shaffofki, tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinib turadi. Ko‘shk ichkarisida na ko‘z ko‘rgan, na quloq eshitgan, na inson xotiriga kelgan bir ne’mat, tuganmas lazzat, adoqsiz surur bor, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bu ko‘shklar kim uchun hozirlangan? – so‘radim.
– Shunday bir kishi uchunki, u salomni yoyadi, taom yediradi, davomli ro‘za tutadi, tunda odamlar uyquga g‘arq paytda namoz o‘qiydi, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bularni kim bajara oladi? – dedik.
– Ummatim bu ishlarni bajarishga qodir. Ular haqida sizlarga xabar berayinmi? Kim birodariga yo‘liqqan paytda salom bersa yo alik olsa, demak u salomni yoygan bo‘ladi. Kimki ahli oilasini to‘yguncha oziqlantirsa, taom yediruvchilar jumlasidan bo‘ladi. Kimki ramazon oyida va har oyning uch kunida ro‘zador bo‘lsa, davomli ro‘za tutgan hisoblanadi. Kimki xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, tunda odamlar ya’ni, yahudiylar, nasoralar va majusiylar uyquda paytda namoz o‘qigan bo‘ladi, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Abu Naim rivoyati).
Alloh taoloning: «...abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur» (Saf, 12) oyati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi. Rasuli akram dedilar: «Pokiza maskanlar – marjonlardan bunyod qilingan qasrlardir. Har bir qasrda qirmizi yoqutdan bo‘lgan yetmishta hovli, har hovlida yashil zumraddan bo‘lgan yetmishta uy, har uyda bir taxt, har taxtda barcha ranglardan uyg‘un yetmishta to‘shak, har to‘shakda ohu ko‘zli hurlardan bir jufti halol bor. Har uyda yetmishta dasturxon, har dasturxonda yetmish xil taom bor. Har uyda yetmishta xodima bor. Mo‘min kishiga har kuni ertalab shunday bir quvvat beriladiki, kun davomida xodimlarning barchasi bilan qo‘shilishga qodir bo‘ladi» (Abu Shayx rivoyati).
Abu Homid G‘azzoliy "Ihyo ulumud din (So‘nggi manzil zikri)" kitobidan