Qashshoqlikda kun kechirgan, kiyishga poyabzali ham bo‘lmagan odam faqirlikdan najot so‘rab tunu kun duo qilar, davlatmand bo‘lishni xohlardi. “Boyib ketsam, hammaga yordam beraman, hech kim oyoq kiyimisiz qolmaydi”, deb o‘ziga so‘z berardi. Vaqtlar o‘tib u juda boyib ketdi-yu, o‘ziga bergan va’dalarini unutdi. Kundan-kun nafsi boylikka hakalak otib bordi. Sarf-xarajatdan qochib uylanmadi ham.
U qirq yoshga to‘lganda xizmatkorlari hamrohligida shahar aylanishga chiqdi. Yo‘lda keksa, oyoqyalang bir kishini uchratdi. Otidan tushib uning oldiga keldi va so‘radi:
– Nega bunday yuribsiz, otaxon?
– Poyabzal olishga pulim yo‘q, o‘g‘lim, – deb javob berdi qariya. – Ahvolimga rahmi kelganlar burda non, luqma taom berishadi. Menga kunda bir mahal ovqat yetadi. Bittagina oyoq kiyim ham bo‘lsaydi, kunimni shukr bilan o‘tkazardim.
– Siz shukr qiladigan ahvoldamisiz? – hayratlandi boy.
– O‘g‘lim, sen boy odamga o‘xshaysan? – o‘z navbatida so‘radi qariya ham.
– Ha, halol ishlab boyidim. Nima, davlatmand bo‘lish aybmi?
– Nega ayb bo‘lsin? – dedi otaxon va undan o‘ziga bir poyabzal olib berishini iltimos qildi.
– Allohdan so‘rang, – to‘ng‘illadi boy otiga minarkan. – Men tilanchilarni yoqtirmayman. Hammaga yordam beraverganimda, bunchalik boyimasdim.
Uning ortidan qarab qolgan qariya xitob qildi: “Boylar ham yalangoyoq yurishi mumkin, buni unutma!”
Oradan oylar o‘tdi, qahramonimiz mamlakatdagi eng boy odamga aylandi. Ammo o‘sha otaxonning gapini hech unutolmadi. Oyoqyalang yurmaslik uchun ko‘shkining har tarafini oyoq kiyimlariga to‘ldirib tashladi. Har yer-har yerga poyabzal to‘ldirilgan sandiqlar qo‘ydirdi. Bu ishdan ko‘ngli joyiga tushdi, chunki hamma narsasini yo‘qotgan taqdirda ham, umrining oxirigacha kiyishga yetadigan poyabzallari borligidan xursand edi.
Kutilmaganda u g‘alati kasallikka chalinib, oyoq tirnoqlari kundan-kunga o‘sa boshladi, lekin ularni hech narsa bilan olib bo‘lmasdi. Har safar oldingisidan kattaroq poyabzal yasattirardi. Tinmay o‘sayotgan tirnoqlari bilan ularni kiyishga qiynala boshladi va yalangoyoq yurishga majbur bo‘ldi. Shunday qilsa, tirnoqlari qisqarayotganini sezdi. Shahar ko‘chalarini kezar ekan, yana o‘sha otaxonga duch keldi. Boydan: “Menga oyoq kiyim olib berasanmi?” deb so‘radi qariya.
– Albatta, istasangiz, yuz juft olib beraman.
– O‘g‘lim, menga bir jufti yetadi. Oyoqyalang yurish osonmas, buni poyabzali borlar tushunmaydi.
– Shaharda mashhur kosib bor, – dedi boy, – qanday oyoq kiyim kerakligini unga ayting, haqini men to‘layman.
– Meni xursand qilding, seni Alloh xursand qilsin! – chin dildan duo qildi otaxon.
O‘sha kundan so‘ng boy hayotini faqat yaxshilik va ehson bilan o‘tkaza boshladi. Bir muddatdan keyin kasali ham tuzaldi va u yana poyabzal kiyib yuradigan bo‘ldi.
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Jannatga kirdim va uning eshigida sadaqa o‘n (barobar savob), qarz esa o‘n sakkiz (barobar savob) bilan (mukofotlanadi) degan yozuvni ko‘rdim. Shunda "Ey Jabroil, qanday qilib sadaqa o‘n, qarz o‘n sakkiz barobar bo‘ladi?" dedim. Jabroil alayhissalom: "Chunki sadaqa boyning ham, faqirning ham qo‘liga tushaveradi. Qarz esa, faqat muhtojning qo‘liga tushadi", dedi.