Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Tasavvuf haqida tasavvur: TARIQAT SILSILASI

19.07.2020   3309   22 min.
Tasavvuf haqida tasavvur: TARIQAT SILSILASI
  1. XOJA ALOUDDIN ATTOR QUDDISA SIRRUHU

Bu zotning tug‘ilgan sanalari va joylari haqida ma’lumot topish hozircha bizga nasib etmadi.

U kishi hijriy 802 sana, milodiy 1399 sanada Chag‘oniyon nomli joyda vafot etganlar.

Xoja Alouddin Attor quddisa sirruhu o‘rta bo‘yli, kulcha yuzli, qoramtir tanli va katta soqolli odam edilar. U kishi Shoh Naqshband hazratlarining sodiq muridlari, kuyovlari va bosh xalifalari edilar.

Xoja Alouddin Attor quddisa sirruhu Buxoroi sharifdagi boy oilalardan birining farzandlari bo‘lishlariga qaramay, faqirlikni afzal ko‘rgan va ilmu irfonga ruju qo‘ygan edilar. U kishi Buxoro madrasalaridan birida zohiriy ilmlarni maroq bilan tahsil qildilar. U kishining hujralarida bir eski bo‘yra, boshga qo‘yiladigan yostiq va kitob qo‘yadigan taxtadan boshqa narsa yo‘q edi.

Xoja Alouddin Attor quddisa sirruhu yoshlik chog‘laridan tariqat yo‘lini tutdilar. U kishining o‘z oilasida ko‘rgan boylik ta’sirini ketkazish uchun Shoh Naqshband hazratlari olma sotishga amr qildilar. Xoja Alouddin Attor quddisa sirruhu dastlab o‘zlarini tanimaydigan mahallalarda olma sotib yurdilar. So‘ngra Shoh Naqshband hazratlari u kishiga o‘z aka-ukalarining do‘konlari oldida olma sotishni amr etdilar. Xoja Alouddin Attor quddisa sirruhu aka-ukalari bu ishni og‘ir olishlarini o‘ylab, biroz xijolat tortdilar. Ammo hazrat mahkam turib oldilar.

Alouddin bir idishga olma solib, akalari savdo qiladigan chorsuga bordilar. Akalari bu holni ko‘rib, qattiq va og‘ir gaplarni aytishdi va uning idishini olib, uloqtirishdi. Shunda u kishi:

«Mening ustozim menga: «Olma sot», dedilar. Men olma sotaman! Qayerda desalar, o‘sha yerda sotaman! Do‘konlaringiz oldida baqirib-baqirib sotaman! Nima qilsangiz, qilavering!» dedilar va hazratning dargohlariga ravona bo‘ldilar.

Shoh Naqshband hazratlari uning nafsi siniq bo‘lganini ko‘rib:

«O‘g‘lim Alouddin! Endi olma sotish ishi tamom bo‘ldi. Akalaringning nafsi qavarib, sening nafsing ezilganini ko‘rdim. Bundan buyon suhbatlarda davomli ravishda ishtirok qil. Ilmni va fazlni tamomla. Alloh taoloning O‘zi senga yordamchi bo‘lsin», dedilar.

Xoja Alouddin Attor quddisa sirruhu ham madrasada ta’lim olar, ham suhbatlarda ishtirok etardi. Kundan-kunga uning holi yaxshilanib borar, Shoh Naqshband hazratlari doimiy ravishda uning holidan xabar olib turar edilar. Bir kuni u zot madrasaga tashrif buyurib, eski bo‘yra ustida dars tayyorlab o‘tirgan shogirdlarini izlab topdilar va:

«O‘g‘lim Alouddin! Mening bo‘yiga yetgan bir qizim bor. Agar qabul etsang, o‘sha qizimni senga nikohlab qo‘ysak», dedilar.

«Xojam, bu qulingiz uchun buyuk lutf va saodatdir. Ammo uy va tirikchilik uchun biror narsam yo‘q», dedi.

«Tashvish qilma, Allohning xazinasi mo‘l va rizq azaldan taqsim qilinmish. Qizim senga munosibdir. Kel, uyga boraylik, sizlarning aqdi nikohingizni qilaylik», dedilar.

Ushbu nikohdan xoja Hasan Attor, xoja Shihobuddin, xoja Muborak va xoja Alouddinlar dunyoga kelishdi. Ularning har birlari ulug‘ xojalar bo‘lib yetishdilar.

Xoja Alouddin Attor quddisa sirruhu Shoh Naqshband rahmatullohi alayhiga kuyov bo‘lganlaridan keyin u kishiga yanada yaqin bo‘ldilar va yana ham ko‘proq saboq olishni yo‘lga qo‘yib, katta saodatga erishdilar.

U kishi o‘z ustozlari va qaynotalari Shoh Naqshband rahmatullohi alayhining barcha ishlarini tartibga solib, xalifalari bo‘lib, shuhrat qozondilar. U kishi hijriy 802 sanada, Rajab oyida vafot etdilar.

Xoja Alouddin Attor quddisa sirruhu silsila omonatini xoja Muhammad Bahouddin Naqshband hazratlaridan olganlar.

 

  1. XOJA Ya’QUB CHARXIY QUDDISA SIRRUHU

Bu zoti sharifning G‘azna viloyatining Charx qishlog‘ida tug‘ilganlari ma’lum. Tug‘ilgan sanalari esa ma’lum emas. Mavlono Ya’qub Charxiy hazratlari hijriy 851 sana, milodiy 1447 sanada hozirgi Dushanbe shahrida vafot etganlar.

Mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhi o‘rta bo‘yli, oq rangli va go‘zal yuzli edilar. Soqollarining atrofi siyrak va oq edi. U kishi zohir va botin ilmlarga hamda ma’naviy va moddiy ishoralarga sohib edilar.

Mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhi G‘azna viloyatining Charx qishlog‘ida tug‘ilgan bo‘lsalar ham, ilk ilmiy tahsilni Hirotda olganlar. Keyinchalik Misrga borib, oliy ta’lim oldilar. Tariqat bo‘yicha ma’naviy tahsilni esa Buxoroi sharifda mukammal egalladilar.

U kishi Misrning ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan zohiriy ilmlarni o‘rganib bo‘lganlaridan keyin, ilohiy bir ishorani sezib, tezda Buxoroga qarab yo‘l oldilar. U kishi «Qaydasan, Buxoro?» deb yurib borar ekanlar, yo‘lda bir darveshni uchratdilar. Darvesh u kishiga: «Ey Ya’qub! Qadamlaringni ildam ot! Qabul etiladiganlar zumrasiga kiradigan vaqting keldi!» dedi va to‘g‘ri Shoh Naqshband hazratlarining huzurlariga borishni tayinladi.

Mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhi bu tavsiyaga amal qilib, hazrati Bahouddin Naqshband rahmatullohi alayhini topib bordilar va ikki zot oralarida quyidagi suhbat bo‘lib o‘tdi:

Ya’qub Charxiy:

– Hazratim, meni o‘z xizmatingizga qabul etib, dars bersangiz?

Shoh Naqshband:

– Bolam, ketiladigan zamonda ham kelinadimi?

Ya’qub Charxiy:

 – Siz bir ulug‘ kishisiz. Har bir odam tomonidan maqbulsiz.

Shoh Naqshband:

 – Har bir odam tomonidan maqbul bo‘lmoq shaytoniy bir hol bo‘lsa-chi?

Ya’qub Charxiy:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh bir kishiga yaxshilikni istasa, uni barchaga sevdirib qo‘yadi. Uni har bir odam tomonidan ma’qul bo‘ladigan qiladi», deganlar.

Shoh Naqshband:

– Juda yaxshi. Unday bo‘lsa, bir istixora qilaylik.

Keyin nima bo‘lgani haqida Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhining o‘zlari quyidagicha hikoya qiladilar:

«O‘sha kechasi ko‘zimga uyqu kelmadi. Agar qabul qilinmasam, holim nima bo‘ladi, deya tongga qadar mijja qoqmadim. Tong otishi bilan hazratning huzurlariga bordim. Ul zot menga tabassum ila boqib:

«Qabul bo‘lding! Buyoqqa kel!» dedilar va menga dars berib, xoja Alouddin Attor hazratlariga topshirdilar. Shu paytgacha o‘rgangan ilmlarimning tatbig‘ini, hosil qilingan go‘zal axloqlarning nafsimda yashashini hamda ma’naviy hollarning sayr va takammulini u kishidan o‘rgandim. U kishining zavqiga sherik bo‘ldim va Allohga hamdlar bo‘lsinkim, haqiqiy yo‘l shu ekanini anglab yetdim».

Mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhi tariqat ilmida yuksak martabalarga yetdilar. U kishi o‘z zamonalarida bu sohada yagona kishiga aylandilar. O‘sha paytning ko‘zga ko‘ringan allomalari ham kelib, u kishiga qo‘l berar edilar.

Mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhining zamondoshlaridan birlari, islomiy ma’rifatlar bobida yangi bir davr ochgan, tafsir, fiqh, aqoid va boshqa ko‘pgina ilmlarda ko‘plab tasnifotlar bitgan alloma Taftazoniy rahmatullohi alayhi ilm doiralarida Allomai Taftazoniy nomi ila mashhur bo‘lib, u kishi rahmatullohi alayhidan oldin o‘tgan olimlar «mutaqaddimlar», u kishidan keyin o‘tganlar «mutaaxxirinlar» deb ataladi. Shuning o‘zi ham Allomai Taftazoniy rahmatullohi alayhining qanchalar vaznga ega ekanliklarini ko‘rsatadi.

Allomai Taftazoniy rahmatullohi alayhining Sayyid Sharif Jurjoniy ismli shogirdlari bor edi. U kishi ham Islom olamida juda mashhur olimlardan hisoblanadi. U kishi ellikdan ortiq muhim kitoblarning muallifidir.

Allomai Taftazoniy rahmatullohi alayhining huzurlarida ta’lim olib turgan sayyid Sharif Jurjoniy rahmatullohi alayhi mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhiga qo‘l berib, u kishiga murid bo‘ladilar. Mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhiga murid bo‘lgan sayyid Sharif Jurjoniy Alloh taoloning yordami ila tezda katta fayzu futuhlarga sohib bo‘ldilar. Ilm bobida ba’zi vaqtlarda o‘z ustozlari Allomai Taftazoniydan o‘tib keta boshladilar.

O‘z shogirdlaridagi o‘zgarishni sezgan ustoz buning sababini axtardilar. Sababni bilganlaridan keyin esa o‘zlari ham mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhining huzurlariga borib, u kishiga qo‘l berdilar.

Mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhi o‘z shaxslarida ko‘plab ilm va fazllarni jamlagan edilar. U kishi hijriy 851 sanada hozirgi Dushanbe shahrida vafot etdilar va o‘sha yerga dafn etildilar. U kishining qabrlari yonida ismlari bilan ataladigan jome’ masjid ham bor bo‘lib, u yer musulmonlar tomonidan doimiy ravishda ziyorat qilib turiladi.

Mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhi silsila omonatini xoja Alouddin Attor hazratlaridan olganlar.

 

  1. XOJA UBAYDULLOH AHROR QUDDISA SIRRUHU

Bu zot hijriy 806 sana, milodiy 1404 sanada Toshkent shahrining Bog‘iston nomli dahasida dunyoga kelganlar. Hijriy 893 sana, milodiy 1490 sanada vafot topganlar.

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi bo‘ylari uzun, ranglari qoramtir va soqollari keng hamda oppoq zot edilar. U kishining soqollari orasida ba’zi qora tolalari ham bor edi. U kishining suhbatlariga to‘yilmasdi. Shogirdlari darslarini baxt va saodatga g‘arq bo‘lgan holda o‘tkazar edilar. U kishi zohir va botin ilmlarni puxta egallagan edilar.

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhining nurli yuzlarini ko‘rgan kishilar u kishining haqlariga duo qilar va maqtovlar aytar edilar. U kishining so‘zlari va she’rlari tariqatga hujjat edi.

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi hazrati Umar roziyallohu anhuning nasabidan edilar.

U kishi rahmatullohi alayhining muborak hayotlarini o‘rgangan tarixchilarning ta’kidlashlaricha, u kishi tug‘ilganlaridan keyin, to onalari nifosdan pok bo‘lib, g‘usl qilmagunlaricha emmaganlar.

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi yoshlik chog‘laridan boshlab shariat va tariqat ilmlarini puxta egallay boshladilar. Bu borada ko‘pchilik u kishiga havas qilar edi. U kishining bobolari o‘z zamonasining qutblaridan bo‘lgan bir kishi edilar. Mazkur bobo o‘z o‘limlari yaqinlashganini sezganlarida, bolalari va nabiralarini atroflariga jamladilar. Ularga nasihat va duolar qildilar. So‘ngra yotgan joylaridan turib o‘tirdilar va kichik Ubaydulloh Ahrorni quchoqlariga olib turib:

«Alloh taolodan menga bashorati berilgan bola shudir. Yaqinda bu o‘g‘lim shariat ahli, tariqat piri, ma’rifat ma’dani va haqiqat erkagi bo‘lajak. Bu o‘z zamonasining chirog‘i bo‘lajak, Allohning ulug‘ bandasi bo‘lajak», dedilar.

Keyin u kishi o‘tirganlarga Xojagon tariqati zo‘raki bir narsa bo‘lmay, Haq tomonga chin dildan yo‘nalmoq ekanini uqtirdilar va:

«Bu asosni bilib, anglamoq xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlarining silsilasiga xosdir. Ul zotning yo‘llarini tutganlar o‘n bir asos-la nafslarini muhofaza etib, o‘ta darajada ehtiyotli bo‘ladilar», dedilar.

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi yigirma ikki yoshlarida tahsili ilmni tamomlash maqsadida Samarqandga bordilar. U kishi mazkur shaharda ikki yil davomida zo‘r ishtiyoq bilan tahsili ilm qildilar.

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi yigirma to‘rt yoshlarida o‘sha vaqtning ulug‘ mashoyixlaridan sayyid Qosim Anvar, mavlono Sharafuddin Xomush, xoja Sirojuddin Piri Chishtiy, mavlono Shoshiy, xoja Alouddin G‘ijduvoniy va mavlono Hisomuddin Porso kabilarning majlislari va suhbatlarida bo‘lib, ulardan fayz oldilar.

Keyinroq xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi xoja Alouddin Attor hazratlarining marqadlarini ziyorat qilish uchun G‘ijduvonga bordilar. So‘ngra xoja Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhining huzurlariga borib, u kishiga qo‘l berdilar va uch oy xizmatlarida bardavom bo‘ldilar. O‘sha yerda sayri suluk ilmini to‘liq egalladilar.

Keyin Mavlono Charxiy rahmatullohi alayhining iznlari ila Shoh Naqshband hazratlarining Buxoro va boshqa yurtlardagi barcha xalifalarini ziyorat qildilar. Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi ul azizlarning suhbatlarida bo‘lib, fayzlariga sherik bo‘ldilar.

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi yigirma to‘qqiz yoshlarida Toshkentga qaytib, olgan ilm va tajribalarini boshqalarga ulasha boshladilar. U kishi halol rizq topish maqsadida ziroatchilik bilan mashg‘ul bo‘ldilar.

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhining ishlariga Alloh taolo barakalar yog‘dirdi. U kishining molu dunyosi behisob ko‘p bo‘lib, tarqatadigan zakot va ushrlarining ham hisobini birov bilmas edi.

Shu bilan birga, xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi o‘zlari tariqat ishini hech ham susaytirmay olib borar, irshod ishlaridan bir lahza ham to‘xtamas edilar. U kishining ilmlari, fayzlari va so‘zlari kishilarni mahliyo qilardi. U kishi o‘z fikrlarini bayon qilishda she’riy uslubdan ham foydalanar edilar.

Imomi Robboniy o‘zlariga xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhini o‘rnak qilib olgan bo‘lib, u kishi haqida jumladan, quyidagi iboralarni aytib yurar ekanlar:

«Ulug‘ shayx xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi sultonlarning oldilariga kirar, ularning majlislarida hozir bo‘lar va o‘zlarining botiniy quvvatlari, ruhiy malakalari ila ularga ta’sir o‘tkazar edilar. Ular u zotga bo‘ysunib, itoat qilar edilar. So‘ngra u zot ulardan pok shariatni yoyishda foydalanar edilar».

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi shariatga katta e’tibor berar edilar. Bu haqda o‘zlari quyidagilarni aytardilar:

«Agar shayxlik, odamlardan bay’at olish va irshodga bog‘lanib qolganimda, tariqat shayxlaridan biror shayx o‘ziga bay’at qiladigan va muridlariga qo‘shiladigan odamni topa olmay qolardi. Lekin Alloh taolo menga boshqa narsani iroda qildi. U ham bo‘lsa, pok shariatni yoyish va Islom millatini qo‘llab-quvvatlash edi».

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi hijriy 893 sananing rabi’ul avval oyida Samarqand shahrida vafot etdilar. Hozir u zotning qabrlari yaqinida ismlari bilan ataluvchi jome’ masjid ham ishlab turibdi.

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi silsila omonatini mavlono Ya’qub Charxiy hazratlaridan olganlar. Shuningdek, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Shoh Naqshband va Alouddin Attor rahmatullohi alayhimdan ma’naviy ozuqa olganlar.

 

  1. XOJA MUHAMMAD ZOHID QUDDISA SIRRUHU

Bu zoti oliyning tug‘ilgan yurtlari va yillari haqida ma’lumotimiz yo‘q. Vafotlari esa hijriy 936 sana, milodiy 1529 sanada Badaxshda bo‘lgan.

Xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhi zaif vujudli, oppoq rangli va siyrak soqolli zot edilar. U kishi o‘z zamonalarida taqvo va ilmda tengi yo‘q shaxs edilar.

Xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhi mavlono Ya’qub Charxiy rahmatullohi alayhining nabiralari, ya’ni qizlarining o‘g‘li bo‘ladilar.

Xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhi yoshliklarida o‘z-o‘zlaridan ibodat, taqvo va zohidlikka berilgan edilar. Keyinchalik o‘zlariga bir murshidi komil zarur ekanini anglab yetdilar. O‘sha murshid xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi bo‘ldilar.

Xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhi xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhining turgan joylarini izlab, safarga chiqdilar. Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi bundan xabardor bo‘lib, u kishini kutib olgani bir jonivorga minib, shahar tashqarisiga chiqib turdilar. Ular bir daraxtzorda uchrashdilar va ulovlaridan tushib, so‘rashib, o‘sha yerning o‘zida ma’naviy darsni boshladilar.

Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhining shaxsida o‘ta qobiliyatli shogirdni ko‘rdilar. U kishiga katta ahamiyat bilan darslar berdilar. Tez orada sayri suluk darslari ham oxiriga yetdi. Xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhi Xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhiga irshod uchun ijozat va ruxsat berdilar.

Shu tariqa xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhi xoja Ubaydulloh Ahror rahmatullohi alayhining birinchi xalifalari bo‘ldilar. So‘ngra duolar qilib, bir-birlaridan ayrilishdi. Bu ularning birinchi va oxirgi o‘zaro muloqotlari edi.

Xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhi o‘z zamonlarining buyuk olimi, adibi, shoiri, orifi, oshig‘i bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ldilar.

Xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhi hijriy 936 sanada Badaxshda vafot topdilar.

Xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhi silsila omonatini xoja Ubaydulloh Ahrordan olganlar.

 

  1. DARVЕSh MUHAMMAD QUDDISA SIRRUHU

Bu zoti oliyning tug‘ilgan yurtlari va yillari haqida ma’lumotimiz yo‘q. Vafotlari esa hijriy 970 sana, milodiy 1562 sanada Dasfirorda bo‘lgan.

Darvesh Muhammad rahmatullohi alayhi o‘rta bo‘yli, go‘zal yuzli, bug‘doy rangli va oq soqolli bir zot edilar. U kishining a’zolari kelishgan va g‘oyatda mutanosib edi.

Darvesh Muhammad rahmatullohi alayhi har bir kishi oson tushunadigan tilda sodda va ravon so‘zlaydigan olim edilar. U kishida xoja Muhammad Zohid hazratlariga shogird tushish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Shu ishtiyoq ila borib, o‘z ustozlaridan ko‘p narsalarni ixlos bilan o‘rgandilar. Barcha ilmlarni puxta o‘rganganlaridan keyin u kishining xalifalaridan biriga aylandilar.

Darvesh Muhammad rahmatullohi alayhi muridni tarbiya etishda favqulodda bir mahorat sohibi edilar.

Darvesh Muhammad rahmatullohi alayhi silsila omonatini xoja Muhammad Zohid rahmatullohi alayhidan olganlar.

 

  1. XOJA MUHAMMAD IMKANAGIY QUDDISA SIRRUHU

Hazrati Xojagiy Muhammad Imkanagiy rahmatullohi alayhi hijriy 918 sana, milodiy 1512 sanada Samarqandning Imkana degan joyida tavallud topganlar. U kishining vafotlari hijriy 1008 sana, milodiy 1599 sanada o‘zlari tug‘ilib o‘sgan yurtda bo‘lgan.

Hazrati Xojagiy Muhammad Imkanagiy rahmatullohi alayhi qoramtir rangli, nurli yuzli va oz soqolli zot edilar. «U kishi dengiz kabi fayzga molik edilar», deyishadi tarixchilar.

Hazrati Xojagiy Muhammad Imkanagiy rahmatullohi alayhi o‘z otalari Darvesh Muhammad rahmatullohi alayhining xalifalari edilar.

Hazrati Xojagiy Muhammad Imkanagiy rahmatullohi alayhi zohir va botin ilmlarni hamda tarbiya usullarini o‘z otalaridan oldilar. U kishi o‘z hollarini odamlardan berkitar edilar.

Hazrati Xojagiy Muhammad Imkanagiy rahmatullohi alayhi tug‘ma darvesh edilar. U kishining ishlari va hayotlari muntazam ravishda tashkil qilingan edi. Ul zotga yaqin bo‘lgan har bir kishi fayzlaridan bahra olar edi.

Hazrati Xojagiy Muhammad Imkanagiy rahmatullohi alayhi hijriy 1008 sanada Imkanada vafot etdilar. U kishi o‘z vafotlaridan oldin xalifalariga vasiyat qilib, har bir narsani aniqlab berganlar.

Hazrati Xojagiy Muhammad Imkanagiy rahmatullohi alayhi silsila omonatini o‘z otalari Darvesh Muhammad rahmatullohi alayhidan olganlar.

 

  1. XOJA MUHAMMAD BOQIY QUDDISA SIRRUHU

Hazrati xoja Muhammad Boqiy rahmatullohi alayhi hijriy 973 sana, milodiy 1565 sanada Afg‘onistonning Kobul shahrida tug‘ilganlar va hijriy 1014 sana, milodiy 1606 sanada Dehlida vafot etganlar.

Hazrati xoja Muhammad Boqiy rahmatullohi alayhi o‘rta bo‘yli, soqoli oz va soqollariga bir oz oq oralagan zot edilar. U kishi har zamonda uzlat va riyozatni yoqtirib qolar edilar. Hazrati xoja Muhammad Boqiy rahmatullohi alayhi oz yeb, oz uxlar, oz gapirar va kechayu. kunduz Qur’oni Karim ila mashg‘ul bo‘lar edilar.

Hazrati xoja Muhammad Boqiy rahmatullohi alayhi yoshlik chog‘laridayoq o‘zlarining kindik qonlari to‘kilgan Kobuldan o‘sha vaqtda yer yuzining sayqali bo‘lgan Samarqandga o‘z ustozlari mavlono Muhammad Sodiq Halvoiy rahmatullohi alayhi bilan birga hijrat qilib kelganlar. U kishi bu yerda zohir va botin ilmlarini puxta egalladilar hamda tatbiq etdilar. U kishi juda ham go‘zal axloq sohibi edilar.

Hazrati xoja Muhammad Boqiy rahmatullohi alayhi Xojagiy Muhammad Imkanagiy hazratlaridan ma’naviy darslar olganlar. U kishi kechasi ko‘p Qur’on o‘qir va ibodat qilar edilar. Bomdod namozini o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng quyosh chiqqunga qadar Yaasiyn surasini tilovat qilar edilar. Quyosh chiqqanda esa: «Yo Alloh! Kechalar qanchalar tez o‘tadi-ya!» derdilar.

Hazrati xoja Muhammad Boqiy rahmatullohi alayhi juda ham halol zot edilar. U kishi xoja Muhammad Bahouddin Naqshband va xoja Ubaydulloh Ahror hazratlarining ruhoniyatlaridan ko‘p foyda olgan va fayzlarini orttirgan edilar. Shuning uchun u kishi Uvaysiy deb ham ataladi.

Hazrati xoja Muhammad Boqiy rahmatullohi alayhi hazrati Imomi A’zam rahmatullohi alayhining mazhablarida edilar. U kishi ikkinchi ming yillikning mujaddidi bo‘lgan Imomi Robboniydek zotni tarbiyalab yetishtirdilar.

Hazrati xoja Muhammad Boqiy rahmatullohi alayhi qirq bir yoshlarida vafot topdilar.

Hazrati xoja Muhammad Boqiy rahmatullohi alayhi silsila omonatini Xojagiy Muhammad Imkanagiy rahmatullohi alayhidan olganlar.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

  1. Imomi Robboniy Ahmad Foruq Sarhandiy quddisa sirruhu;
  2. Al-urvatul vusqo shayx Muhammad Ma’sum qudisa sirruhu;
  3. Shayx Sayfuddin quddisa sirruhu;
  4. Sayyid Nurmuhammad Badavuniy quddisa sirruhu;
  5. Habibulloh Mazhar Joni Jonon Shamsuddin quddisa sirruhu;
  6. Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy quddisa sirruhu;
  7. Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy quddisa sirruhu.

SILSILAGA XULOSA

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

«Buyuk» geografik kashfiyotlar

23.12.2024   1247   6 min.
«Buyuk» geografik kashfiyotlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bu kashfiyotlarga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar uchta asosiy banddan iborat:

1. Yevropa mamlakatlari Sharq bilan savdo-sotiq qilishda duch kelgan qiyinchiliklar.

2. Pul metali sifatida oltin tanqisligi.

Yevropaning iqtisodiy taraqqiyoti tobora ko‘proq pul talab qilar edi. Bu taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi tovar xo‘jaligining, savdo-sotiqning o‘sishi edi. Buyuk geografik kashfiyotlarga sabab bo‘lgan yana bir muhim omil ham shunga bog‘liq: Yevropada shakllanib borayotgan kuchli absolyutist (mutlaq) monarxiyalarga dabdabali saroylar, yollangan armiyani ta’minlash uchun ulkan mablag‘lar kerak bo‘layotgan edi. Ana shu davlatlar yirik dengiz ekspeditsiyalarini tashkil etishi mumkin edi. Bundan tashqari, yakka shaxslarning bu qadar xarajatlarga imkoni yo‘q edi. Shuning uchun bu kashfiyotlarda feodal tarqoq mamlakatlar emas, aynan markazlashgan davlatlar (Ispaniya, Portugaliya, Angliya) asosiy o‘rin tutgani tasodif emas. Biroq, bunday ekspeditsiyalar uchun savdogarlar ham mablag‘ ajratar edi. Shuningdek, katolik cherkovi ham qo‘shimcha yerlar, katta daromadlar va yangi qavmlarga ega bo‘lish istagida bunday istilolarga «oq fotiha» berar edi.

Bunday davr uchun muqarrar bo‘lgan feodal mulklarning parchalanish jarayoni Yevropa mamlakatlarida har qanday yo‘l bilan uzoq qit’alarda boylik va yerlarni qo‘lga kiritishga intiluvchi ko‘plab avantyuristlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bular qaramlik va qashshoqlikdan qutulishni orzu qilib yurgan zodagonlar va dehqonlar edi.

3. Fan-texnikaning, ayniqsa kemasozlik va dengiz navigatsiyasining rivojlanishi. XV asrda yangicha tuzilishga ega bo‘lgan kemalar – karavellalar paydo bo‘ldi. Uning to‘shi (kil, pushtak) bor bo‘lib, yelkanlar bilan shunday jihozlangan ediki, yonboshdan esgan shamolda ham yura olara edi. Shuningdek, o‘sha davrga kelib kompasdan tashqari astrolyabiyalar, ya’ni kenglikni aniqlovchi asboblar hamda anchagina ishonchli xaritalar – portolanlar ham paydo bo‘lgan.

Buyuk geografik kashfiyotlar oxir-oqibatda mustamlaka tizimining vujudga kelishiga olib keldi. Agar XVI asrda Yevropada kapitalizm rivojlana boshlagan bo‘lsa, agar Yerovpa iqtisodiy jihatdan boshqa qit’alarning xalqlaridan o‘zib ketgan bo‘lsa, bunga mustamlakalarning talon-taroj qilinishi va ayovsiz ekspluatatsiya qilinishi ham sabab bo‘lgan.

Mustamlakalar darhol kapitalistik usullar bilan ekspluatatsiya qilina boshlamagan, ular darhol xom ashyo manbaiga va yangi bozorlarga aylanmagan. Avval ular obdon talon-taroj qilingan, birlamchi kapital (sarmoya) to‘plash manbai bo‘lib xizmat qilgan. Ispaniya va Portugaliya mustamlakalarni feodal usullar bilan ekspluatatsiya qilgan birinchi mustamlakachi davlatlar bo‘lishgan.

Bu yerlarda zodagonlarga odatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari emas, balki oltin, kumush yoki hech bo‘lmaganda Yevropada qimmat baholarga sotish mumkin bo‘lgan anvoyi mevalar kerak edi. Ular hindularni oltin va kumush konlarda ishlashga majburlashar, bo‘ysunmaganlarni butun-butun qishloqlari bilan yo‘q qilib yuborishar edi. Guvohlarning aytishicha, konlar atrofida chirib yotgan yuzlab murdalarning badbo‘y hidi anqib yotar edi. Shakarqamish va qahva plantatsiyalarida ham yerlik aholi ana shunday usullarda ekspluatatsiya qilinar edi.

Yerlik aholi bunday og‘ir mehnatga bardosh bera olmay, yoppasiga qirilib bitar edi. Ispanlar Espanola (Gaiti) orolida ilk bor paydo bo‘lgan paytda u yerda millionga yaqin aholi yashar edi, biroq XVI asrning o‘rtalariga kelib ular bitta qo‘ymay qirib tashlandi. Ispanlarning o‘zi ham XVI asrning birinchi yarmida amerikalik hindularni qirib tashladik, deb hisoblashar edi.

Biroq, ispanlar ishchi kuchini yo‘q qilib, o‘z mustamlakasining xo‘jalik asosiga putur yetkazishdi. Yetishmayotgan ishchi kuchini to‘ldirish maqsadida Amerikaga afrikalik qoratanlilarni olib kelishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, mustamlakalar paydo bo‘lishi bilan quldorlik qayta tiklandi.

Ispanlar tomonidan Amerika yerlarining mustamlaka qilinishi konlarga, shakarqamish va tamaki plantatsiyalariga haydab kelingan son-sanoqsiz yerlik aholini majburlab ishlatish yo‘li bilan, bo‘ysunmaganlarni ommaviy qirg‘in qilish yo‘li bilan amalga oshirildi (Yamayka orolida XVI asrning birinchi yarmida 50 mingdan ortiq yerlik aholi halok bo‘lgan, Peru va Chilida esa XVI asrning ikkinchi yarmida hindularning soni besh baravar kamayib ketgan), oqibatda bir necha o‘n yildan so‘ng ishchi kuchi keskin kamayib ketdi. Mustamlakachilar Afrikadan qullar olib kela boshlashdi. Jismonan chidamliroq bo‘lgan qoratanlik afrikaliklar ispan mustamlakalaridagi asosiy ishchi kuchiga aylandi.

Qul savdosi serdaromad ish chiqib qoldi: Afrikada qabila boshliqlarini ichirib, suv tekin taqinchoqlar bilan aldab, qullarni juda arzonga sotib olish va Amerikada ularni 20-30 baravar qimmatga sotish mumkin edi. Ba’zan qullar umuman sotib olinmas, balki ularni kuch ishlatib, tutib olib, kemaga yuklashar va Amerikaga olib ketishar edi. Ispan mustamlakalariga har yili 6-8 ming qoratanli qullar olib kelinar edi. (Manba: allbest.ru).

(Bu ishlarning barchasi Yevropa uyg‘onishining gumanizm – insonparvarlik shiori ostida amalga oshirilganmi?)

Yevropada dinga bo‘lgan munosabatda ham keyinroq o‘zgarish yuz berdi. Bir guruh dinsiz bo‘lib ketdi. Bir guruh dinni cherkovga qamab olib, bu har kimsaning o‘z ishi deyish bilan kifoyalandi. Ammo Darvinning asl shogirdlari dinni Karl Marks boshchiligida xalq uchun afyun deb e’lon qildilar va uni batamom yo‘q qilib yuborishga bel bog‘ladilar.  Karl Marksning xayolini Lenin va uning safdoshlari Rossiyada va unga qaram bo‘lgan diyorlarda hayotga tatbiq qildilar. Lenin tuzgan davlat dunyo tarixida kufrni o‘ziga shior qilib olgan birinchi davlat bo‘ldi. Ular dunyoning o‘zlariga qaram bo‘lgan barcha yurtlarida «ilmiy ateizm» asosida dinga va dindorlarga qarshi qatag‘on o‘tkazdilar. Son-sanoqsiz ibodatxonalar yer bilan yakson qilindi. Diniy xodimlar va ulamolar qatl qilindi, qamaldi va surgun qilindi. Diniy kitoblar va dinga bog‘liq madaniyat durdonalarni olovga yoqildi. Ilmiy ateizm ta’limotlari dunyodagi yagona to‘g‘ri e’tiqod sifatida barchaga majburiy ravishda talqin qilindi. 

«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar