Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

2. BAQARA (sigir) surasi, 30 – 33 oyatlar

18.07.2020   4276   9 min.
2. BAQARA (sigir) surasi, 30 – 33 oyatlar

وَإِذۡ قَالَ رَبُّكَ لِلۡمَلَٰٓئِكَةِ إِنِّي جَاعِلٞ فِي ٱلۡأَرۡضِ خَلِيفَةٗۖ قَالُوٓاْ أَتَجۡعَلُ فِيهَا مَن يُفۡسِدُ فِيهَا وَيَسۡفِكُ ٱلدِّمَآءَ وَنَحۡنُ نُسَبِّحُ بِحَمۡدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَۖ قَالَ إِنِّيٓ أَعۡلَمُ مَا لَا تَعۡلَمُونَ٣٠
30. Parvardigoringiz farishtalarga: "Men yer yuzida bir xalifa paydo qilmoqchiman", deganini eslang. Shunda farishtalar: "Yerda buzg‘unchilik qiladigan, qon to‘kadiganni xalifa qilasanmi, holbuki biz Senga hamdu sano aytish bilan ulug‘laymiz va Seni pok tutamiz-ku!", deyishdi. Parvardigoringiz: "Men sizlar bilmagan narsani bilaman", dedi.

Taniqli olimlardan Muhammad Sayyid Tantoviy bunday yozadi: "Alloh taoloning bu xitobi farishtalar bilan maslahatlashish yoki kengashish emas, balki O‘zining hikmatli ishini farishtalarga oshkor qilish edi. Yoxud bu Alloh taolo O‘z bandalarini biror ish qilishdan oldin oqil va dono kishilar bilan kengashib olishga chaqirig‘idir. Oyatdagi "Seni ulug‘laymiz" deb tarjima qilingan "nahnu nusabbihu" kalimasi aslida "tasbeh aytamiz" ma’nosida bo‘lib, bu jumla shar’iy istilohda "Alloh taoloni barcha aybu nuqsonlardan poklab ulug‘lash"ni bildiradi. "Pok tutamiz" deb o‘girilgan "nuqaddisu laka"dagi "taqdis" so‘zi "Alloh taoloni ulug‘lash va yuksak sifatlar bilan vasf etish" ma’nosini anglatadi" (Muhammad Sayyid Tantoviy, "Qur’oni karim qissalari", 1-jild, Toshkent, 2005, 23-bet).

Ba’zi Islom olimlari Qur’ondagi Odam butun inson naslini tamsil etadi, deyishadi. Odamning Yer yuziga xalifa qilib yuborilishida ajoyib bir ilohiy hikmat bor: bundan murod, uning butun tabiat quvvatlariga hokim qilish ishorasi mavjud. Alloh taoloning buyuk yaratuvchilik hikmatidan bexabar farishtalar Yerda buzug‘unchilik qiladigan, qon to‘kadiganni xalifa qilasanmi, vaholanki, biz doimo Senga itoat va ibodatda bo‘lib, hamisha zikringni qilib turamiz-ku, deya taajjubga tushishdi. Shunda Alloh taolo hatto farishtalar bilmagan narsalarni ham bilishini anglatdi. Ya’ni, Men bu toifa maxluqotlarni yaratish va ularni Yerda xalifa qilishda qanday manfaatlar borligini bilaman, sizlar esa bilmaysizlar. Men hali ular orasidan payg‘ambarlar tanlab, elchilarimni yuboraman, ular ichidan siddiqlar, shahidlar, solih kishilarni chiqaraman. Oyatdagi farishtalarning: "Yerda buzg‘unchilik qiladigan, qon to‘kadiganni xalifa qilasanmi?" degan so‘zlari kitobxonda "Odam alayhissalomdan oldin ham Yerda insonlar yashagan edimi?" degan savol tug‘ilishiga olib kelishi mumkin. "Ba’zi mufassirlarning aytishlariga qaraganda, Yerda Odamdan oldin ham olti marta inson avlodi yaratilgan va yashagan bo‘lib, yettinchisi Odam alayhissalom avlodlari edi. Ko‘pgina mufassirlar esa, Yerda Odamdan (alayhissalom) ilgari inson qiyofasidagi jinlar yashagan, deyishadi".

وَعَلَّمَ ءَادَمَ ٱلۡأَسۡمَآءَ كُلَّهَا ثُمَّ عَرَضَهُمۡ عَلَى ٱلۡمَلَٰٓئِكَةِ فَقَالَ أَنۢبِ‍ُٔونِي بِأَسۡمَآءِ هَٰٓؤُلَآءِ إِن كُنتُمۡ صَٰدِقِينَ٣١
31. Va Alloh Odamga hamma narsaning nomini o‘rgatdi, so‘ngra ularni farishtalarga ro‘para qildi va: "Agar rost gapirgan bo‘lsanglar, Menga bularning nomini aytib beringlar", dedi.
Alloh taolo Odam alayhissalomga jannatda O‘zi yaratgan narsalarning nomini bildirishni ilhom qildi va bu nomlarni farishtalarga ham ko‘ndalang qildi: "Agar so‘zlaringiz rost bo‘lsa, mana bu narsalarning nomini Menga aytib beringlar-chi!" Ushbu oyati karimada insonga berilgan ilmning cheksiz-chegarasiz ekaniga ishora bor. Ushbu oyati karimada insonning bilim darajasi hatto farishtalarnikidan ham ustun ekani, Odam alayhissalomning fazlini zohir qilish va inson ne sababdan yaratilganini bayon etish bor. Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Rasululloh alayhissalom shunday dedilar: "Mo‘minlar qiyomat kuni to‘planib: "Agar Parvardigorimizdan shafoat tilasak, (U bizni turgan yerimizdan boshqa yaxshiroq joyga ko‘chirmasmikan?)" deya Odam alayhissalom qoshlariga borishadi-da, u kishiga: "Siz barcha odamlarning otasisiz, Alloh taolo sizni O‘z yadi (qo‘li) bilan yaratgan, sizga farishtalarini sajda qildirgan, sizga har bir narsaning nomini o‘rgatgan. Parvardigoringizdan bizga shafoat so‘rang, to U bizni turgan yerimizdan boshqa yaxshiroq joyga ko‘chirsin", deyishadi. Odam alayhissalom "Sizlarga foydam tegmaydi" deb, qilgan gunohlarini eslaydilar va uyalib ketadilar. So‘ng ularga: "Nuh alayhissalom oldilariga boringlar, u kishi Alloh taolo Yer ahliga yuborgan payg‘ambarlarning eng birinchisidir", deydilar. Ular Nuh alayhissalom qoshlariga borishgach, u kishi ham: "Sizlarga foydam tegmaydi" deya aqllari yetmagan narsa xususida Parvardigorlariga savol berganlarini eslab uyalib ketadilar va "Rahmon do‘stining qoshiga boringlar!" deydilar. Ular Ibrohim alayhissalomning oldilariga borishadi. U kishi ham: "Sizlarga foydam tegmaydi, Alloh taolo so‘zlashgan, Tavrot ato etgan banda Muso qoshiga boringlar!" deydilar. Ular Muso alayhissalom oldilariga borishadi. U kishi ham: "Mening sizlarga foydam tegmaydi" deya qilgan gunohlarini eslaydilar va Parvardigorlaridan uyalib ketadilar. So‘ng ularga: "Alloh taoloning bandasi va payg‘ambari, Alloh taoloning kalimasi va ruhi bo‘lmish Isoning qoshiga boringlar", deydilar. Iso alayhissalom ham: "Sizlarga foydam tegmaydi, yaxshisi Alloh taolo avvalgiyu oxirgi gunohlarini mag‘firat qilgan banda Muhammadning (alayhissalom) qoshlariga boringlar", deydilar. Ular mening huzurimga kelishadi, so‘ng Robbimning huzuriga borib izn so‘rayman, menga ijozat beriladi. Parvardigorimni ko‘rishim bilan sajdaga boraman, U meni o‘zi istaganicha muhlatga sajdada qoldiradi. So‘ng menga: "Boshingni ko‘tar va so‘ra – U so‘raganingni ato etadi, so‘zla – so‘zlaringni eshitadi, shafoat tila – shafoat etadi", deyiladi. Men boshimni sajdadan ko‘tarib, O‘zi bizga o‘rgatgan hamdu sanolar bilan Uni madh qilaman, keyin Undan shafoat tilayman. U menga muayyan kishilarni jannatga olib kirishimga ijozat beradi, ularni jannatga olib kiraman. So‘ng Uning huzuriga qaytib borib, Uni ko‘rishim bilan oldingiday sajdaga boraman. Keyin Undan shafoat tilayman, U menga bu gal ham muayyan odamlarni jannatga olib kirishimga izn beradi, ularni jannatga olib kiraman. Keyin Uning huzuriga uchinchi va to‘rtinchi marta qaytib borib: "Do‘zaxda Qur’on bandi qilib, unda abadiy qolishi lozim bo‘lganlargina qoldi", deyman" (Buxoriy rivoyati).

قَالُواْ سُبۡحَٰنَكَ لَا عِلۡمَ لَنَآ إِلَّا مَا عَلَّمۡتَنَآۖ إِنَّكَ أَنتَ ٱلۡعَلِيمُ ٱلۡحَكِيمُ٣٢
32. Farishtalar: "Ey pok Parvardigor, bizda bildirganingdan boshqa ilm yo‘q. Sen albatta buyuk ilm va hikmat egasisan", deyishdi.
Farishtalar Parvardigorlarining yuqoridagi xitobiga javoban o‘zlarining ojizliklarini bildirishdi va: "Ey sha’ni ulug‘, barcha aybu nuqsonlardan pok Parvardigor, biz O‘zing o‘rgatgan narsalar nomidan boshqasini bilmaymiz. O‘zing barcha narsalarni mutlaq biluvchi, mutlaq Alim, mutlaq Hakim zotsan, bandalaringdan xohlaganingga ilm berasan, xohlagan bandangdan ilmni to‘sib qo‘yasan", deyishdi.
Alloh taolo Aliym va Hakim Zot bo‘lgani uchun borliqdagi har bir narsani, uning sifatiyu mohiyatini yaxshi biladi. Ularni O‘z hikmati bilan yaratadi, har bir narsani o‘z joyiga qo‘yadi va o‘rniga tushiradi. Alloh taoloning hikmatiga ta’na yetkazib, biror og‘iz so‘z aytilishi ham mumkin emas. Chunki u eshituvchi, ko‘ruvchi, biluvchi, xabardor, so‘zlovchi va tadbir qiluvchi hamda bundan boshqa ism-sifatlarga egadir.

قَالَ يَٰٓـَٔادَمُ أَنۢبِئۡهُم بِأَسۡمَآئِهِمۡۖ فَلَمَّآ أَنۢبَأَهُم بِأَسۡمَآئِهِمۡ قَالَ أَلَمۡ أَقُل لَّكُمۡ إِنِّيٓ أَعۡلَمُ غَيۡبَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِ وَأَعۡلَمُ مَا تُبۡدُونَ وَمَا كُنتُمۡ تَكۡتُمُونَ٣٣
33. U dedi: "Ey Odam, bularga u narsalarning nomini aytib ber". Odam ularga o‘sha narsalarning nomini bayon qildi. (Alloh taolo) aytdi: "Men sizlarga osmonlaru Yerdagi maxfiy narsalarni, sizlarning yashirin va oshkora qilgan amallaringizni bilaman, demadimmi?".
Farishtalar bu borada o‘z bilimsizliklarini izhor etishganidan so‘ng Alloh taolo Odam alayhissalomga farishtalar javob berishdan ojiz qolgan nomlarni birma-bir aytib berishni buyurdi. Odam (alayhissalom) Parvardigor amriga ko‘ra bu nomlarning hammasini aytib berdi. Shunda Alloh taolo O‘zining osmonlardagi va Yerdagi, ular orasidagi hamma maxfiy va oshkora narsalarni ham, bandalarining pinhona va oshkora qilgan barcha ishlarini, zamin va koinotdagi barcha jonli va jonsiz mavjudotning har bir harakatini yaxshi bilishini yana bir bor ta’kidladi. Oyatning yana bir muhim jihati shuki, Odam alayhissalomning ilmi bevosita Alloh taoloning ilmiga suyanadi, bu ilm nazar va fikr yo‘li bilan hosib bo‘lgan, unda biror xatolik yoki yanglishish yo‘q, chunki bu ilmni odamizod bevosita Allohning O‘zidan olgan. Binobarin, Odam alayhissalom Yer yuzida xalifa (o‘rinbosar) bo‘lishi uchun tayyorlandi. Buni shundan ham bilish mumkinki, ilohiy hukmlar Yer yuzida keyin paydo bo‘lgan har qanday qonunlardan ko‘ra, to‘g‘ri, mukammal va adolatlidir.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   1506   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.