O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Qoraqalpog'iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi “Bobo Rustam” jome masjidi imom-xatibi Hayitboy domla Aytekovning onalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O'z mag'firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o'zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Oxirat safariga kuzatilgan onaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo'lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o'stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to'ldirsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Hayitboy domlaga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun 2 fevral' kuni soat 16:00 da marhumani uyida o'qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
«Musibat etganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.
Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati