ISM EGASIGA DALOLAT QILISHI BAYONI
8 - وَلَيْسَ الإِسْمُ غَيْرًا لِلْمُسَمَّى لَدَى أَهْلِ الْبَصِيرَةِ خَيْرِ آلِ
Ma’nolar tarjimasi:
Eng yaxshi kishilar bo‘lgan tafakkur qilib haqiqatni idrok etuvchilar huzurida ism nomlangandan o‘zga emasdir.
Nazmiy bayoni:
Ism nomlangandan emasdir o‘zga,
Idrok ahli – yaxshi oila nazdida.
Lug‘atlar izohi:
لَيْسَ – jomid, noqis, moziy fe’li كَانَ ning sheriklaridan biri.
لَيْسَ – الإِسْمُ ning ismi.
لَيْسَ – غَيْرًا ning xabari.
لِ – bu harf عَنْ ma’nosida kelgan.
مُسَمَّى – “atalgan”, “nom berilgan” ma’nolarini ifodalovchi ismi maf’ul.
لَدَى – kalimasiعِنْدَ ma’nosidagi jomid ism. O‘rniga ko‘ra zarfi zamon yoki zarfi makonni ifodalaydi.
أَهْلِ – ahl kalimasi qaysi ismga izofa qilinishi e’tiboridan turli ma’nolarni ifodalaydi. Kishiga nisbatan ishlatilsa, “kishining oilasi va yaqinlari” ma’nosi tushuniladi. Masalan, الرَّجُل اَهْلُ (kishining oilasi). Ishga nisbatan ishlatilsa, “ish egalari” ma’nosi tushuniladi. Masalan, الْأَمْرِ اَهْلُ (ish egasi). Biror makonga nisbatan ishlatilsa, “o‘sha makonda yashovchilar” ma’nosi tushuniladi. Masalan, الْبَيْتِ اَهْلُ “uyda yashovchilar”.
الْبَصِيرَةِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “aql”, “idrok” va “fahm-farosat” ma’nolarini anglatadi. Ushbu kalima qalb bilan his etishga nisbatan ishlatiladi. Ko‘z bilan his etishga البَصَر kalimasi ishlatiladi.
خَيْرِ – bu kalima, aslida, اَخْيَرُ ning hamzasi hazf qilingan shaklidir. أَهْلِ ning sifati.
آلِ – bu kalima “ahli” ma’nosini bildiradi. Ammo lug‘atda اَهْلُ kalimasi آلِ kalimasidan umumiy hisoblanadi. Ya’ni اَهْلُ kalimasi hurmat e’tiborli kishilarga ham, qadr-qimmati yo‘q kimsalarga nisabatan ham ishlatiladi. آل kalimasi faqat hurmat-e’tiborlilarga nisabatan ishlatiladi.
Matn sharhi:
O‘shiy rahmatullohi alayhning “Ism nomlangandan emasdir o‘zga” degan so‘zlari Alloh taoloning go‘zal ismlaridan Uning ayni O‘zi tushuniladi ma’nosini ifodalaydi. “Yaxshi oila” degan so‘zlaridan esa Ahli sunna val- jamoa tushuniladi. “Basiyrat” so‘zi lug‘atda “aql”, “idrok” “fahm” va “farosat” kabi ma’nolarni anglatadi. Shunga ko‘ra, “basiyrat ahli” so‘zi “idrok ahli”, deya tarjima qilindi. Mulla Ali Qori “basiyrat”ni “U bilan narsalar idrok etiladigan qalbdagi nurdir” , deya ta’riflagan. Ism nom egasidan boshqa emasligi to‘g‘risidagi masala ham adashgan toifalarga raddiya o‘laroq yozilgani uchun alohida keltirilgan. Aslida, bu masala Alloh taoloning barcha ismlari qadimmi yoki hodismi, degan masalaning bir bo‘lagidir.
Jahmiyalar, mo‘taziliylar va karromiylar “ism musammodan (ism egasidan) boshqadir”, shu ma’noda Alloh taoloning ismlari ham Undan boshqadir. Allohdan boshqa barcha narsalar yo‘qdan bor bo‘lgani uchun Uning ismlari ham yo‘qdan bor bo‘lgandir”, degan da’voni qilishgan hamda bu da’volariga bir qancha dalillar ham keltirishgan:
﴿وَلِلَّهِ ٱلۡأَسۡمَآءُ ٱلۡحُسۡنَىٰ فَٱدۡعُوهُ بِهَاۖ ﴾
“Allohning chiroyli ismlari bordir. Uni o‘sha (ism)lar bilan atangiz!” .
Ushbu oyati karimada Alloh taolo ismlarni O‘ziga izofa qilgan. Ismlar esa o‘zidan boshqaga izofa qilinishi, o‘ziga izofa qilinmasligi hech kimga sir emas. Agar ism bilan musammo bir bo‘lganida ismlarni O‘ziga izofa qilishi to‘g‘ri bo‘lmay qolardi, deganlar.
Ahli sunna val-jamoa ulamolari ushbu va boshqa shu kabi da’volarga atroflicha javob berganlar. Bu masala to‘g‘risida Nuriddin Sobuniy “Bidayatu fi usulid-din” asarida quyidagilarni yozgan: “Bu masaladagi to‘g‘ri gap bizning aytgan gapimizdir. Agar birov “Alloh” desa, bu kishi “Allohni zikr qildi” desa ham “Allohning ismini zikr qildi” desa ham bo‘ladi-ku, agar ism bilan musammo bir bo‘lmaganida, bunday deyish to‘g‘ri bo‘lmasdi. Bunga Alloh taoloning so‘zi ham dalil bo‘ladi:
﴿فَسَبِّحۡ بِٱسۡمِ رَبِّكَ ٱلۡعَظِيمِ٩٦﴾
“Bas, ulug‘ Robbing ismini nuqsonlardan xoli deb yod et!” .
(Alloh taolo ismini poklab yod etishga amr qilgan bo‘lsa-da), bizlar ruku’da: “Subhana Robbiyal Aziym” “Ulug‘ Robbimni (barcha aybu nuqsonlardan) xoli deb yod etaman”, deymiz.
Tilshunos olimlar ham ism va uning egasini bir deb bilishgan. Mashhur shoir Labidning shunday she’ri bor:
اِلَى الْحَوْلِ ثُمَّ اسْمُ السَّلاَمِ عَلَيْكُمَا وَمَنْ يَبْكِ حَوْلاً كَامِلاً فَقَدْ اعْتَذَرْ
Bir yilgacha, so‘ngra sizlarga salomning ismi bo‘lsin,
Kimki to‘liq bir yil yig‘lasa, o‘zini oqlabdi.
Ushbu baytda ham shoir “salomning ismi bo‘lsin” deb salomning o‘zini iroda qilgan.
Shuningdek, Zaynab ismli xotini bo‘lgan kishi “Zaynabni taloq qildim” desa, taloq xotinining ismiga emas, xotinining o‘ziga tushadi. To‘g‘ri, ba’zi holatlarda ism aytilib, tasmiya, ya’ni nomning o‘zi iroda qilinadi. Tasmiya ma’nosida qo‘llanganda esa ismning musammodan boshqa bo‘lishi shak-shubhasizdir. Masalan, اسْمُكَ مَا “isming nima? ” deyilsa, “Muhammad” deb javob berasiz, chunki bu savoldan nom iroda qilinyapti. Buning dalili shuki, grammatik qoida bo‘yicha ما kalimasi g‘oyri oqil (aqli bo‘lmagan) narsalarga qo‘llanadi. Ismning o‘zi g‘oyri oqil bo‘lgani uchun unga mazkur kalima qo‘llangan. Shuningdek, oqillarga nisbatan qo‘llanadigan مَنْ kalimasi bilan: مُحَمَّدٌ مَنْ “Muhammad kim? ” desa, siz: اَنَا “men” deb ismni zotga izofa qilasiz. O‘sha paytda: “Muhammad mening ismim, men boshqa, Muhammad boshqa”, demaysiz-ku. Bu esa aytgan so‘zimizning sahihligiga dalolat qiladi” .
Xulosa qilib aytganda, ushbu baytda Alloh taoloning ismlari to‘g‘risida moturidiya mazhabi qanday e’tiqodda ekanligi lo‘nda tarzda bayon qilingan.
U ZOT O‘ZI VA RASULI BAYON QILGANIDЕKDIR
9 - وَمَا إِنْ جَوْهَرٌ رَبِّي وَجِسْمٌ وَلاَ كُلٌّ وَبَعْضٌ ذُو اشْتِمَالِ
Ma’nolar tarjimasi:
Robbim aslo javhar emas, jism ham emas, “kull” ham emas, qamrab olinuvchi “ba’z” ham emas.
Nazmiy bayoni:
Robbim javhar emas, jism ham emas,
Murakkab ham emas, qism ham emas.
Lug‘atlar izohi:
مَا – nafiy (inkor) harfi.
إِنْ – nafiyni ta’kidlash uchun kelgan qo‘shimcha nafiy harfi.
جَوْهَرٌ – javhar deganda, aslida, undan biror bir manfaatli narsa chiqariladigan toshlar tushuniladi. Ammo bu o‘rinda makon oladigan, ammo bo‘linmaydigan bir juz ko‘zda tutilgan.
رَبِّي – Rob kalimasi lug‘atda “ega” ma’nosini anglatadi. Mutakallim ي ga izofa qilingan.
جِسْمٌ – jism deganda uzunligi, eni va bo‘yi bor bo‘lgan ikki va undan ortiq javharlar yig‘indisi tushuniladi.
مَا – لاَ va إِنْ lardan keyin kelgan zoida harf.
كُلٌّ – bir va undan ortiq juzdan tarkib topgan zehniy tushuncha.
بَعْضٌ – ba’z deganda undan va boshqasidan كُلٌّtarkib topadigan zehniy narsa tushuniladi.
بَعْضٌ – اشْتِمَالِ ذُو ning sifati. Lug‘atda “qamrab olinuvchi” ma’nosini anglatadi.
Matn sharhi:
Ushbu baytda Alloh taoloning bandalarga xos bo‘lgan barcha sifatlardan xoli ekani bayon qilingan. O‘tgan baytda Alloh taoloni boshqa “shay”lar kabi bo‘lmagan “shay”dir, deyish mumkinligi aytib o‘tilgan edi. Bu yerda esa U zotni javhar ham, jism ham deb nomlab bo‘lmasligi aytilmoqda. Chunki jism va javhar nomlari faqat olti tarafning birida bo‘ladigan yoki chegarasi bor narsalargagina qo‘llanadi. Shuning uchun Alloh taoloni boshqa jismlar kabi bo‘lmagan jismdir yo boshqa javharlar kabi bo‘lmagan javhardir, deb bo‘lmaydi.
Javhar deganda juda kichkinaligi sababli boshqa bo‘lakka bo‘linmaydigan, lekin qaysidir darajada joy egallab turadigan narsa tushuniladi. Jism deganda esa ikki va undan ko‘p bo‘laklardan tashkil topgan va joy egallab turadigan narsa tushuniladi. Ikki va undan ko‘p bo‘laklardan tashkil topgani uchun, albatta, u shuncha bo‘lakka bo‘linadigan bo‘ladi. Kull esa o‘zbek tilidagi “hamma”, “barcha” ma’nolarini anglatib, undan ikki va undan ko‘p chegaralangan navlardan tashkil topgan narsa tushuniladi. “Ba’z” esa o‘zbek tilidagi “ba’zisi”, “ayrimi” ma’nosida bo‘lib, “kull”, ya’ni “hamma” undan va uning sheriklari bo‘lgan boshqa “ba’zi”lardan tashkil topadi. Ushbu ta’riflardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, mazkur baytning ma’nosi, Alloh taolo bo‘linmaydigan, lekin joy oladigan bir bo‘lak ham emas, joy oladigan bo‘laklardan ham tashkil topgan emas, ko‘p narsalardan tashkil topgan ham emas, ko‘p narsalarning ichiga kiradigan bir narsa ham emas, balki bunday sifatlarning barchasidan xoli bo‘lgan va ularning barchasini yo‘qdan bor qilgan Zotdir.
BO‘LINMAYDIGAN JUZNING AQLAN
MUMKINLIGI BAYONI
10 - وَفِي الأَذْهَانِ حَقٌّ كَوْنُ جُزْءٍ بِلاَ وَصْفِ التَّجَزِّي يَا ابْنَ خَالِ
Ma’nolar tarjimasi:
Aqllarda “juz”ning bo‘lmog‘i sobitdir, bo‘linish vasfisiz ey tog‘amning o‘g‘li.
Nazmiy bayoni:
“Bo‘linmas juz”ning mavjudligi bor,
O‘yla, tog‘am o‘g‘li, aql etmas inkor.
Lug‘atlar izohi:
فِي – “zarfiyat” ma’nosida kelgan jor harfi.
الأَذْهَانِ – kalimasi ذِهْنٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib “zehnlar”, “aqllar” va “idroklar” kabi ma’nolarini anglatadi. Bu yerda “aqllar” ma’nosi iroda qilingan. Jor majrur xabari muqaddam.
حَقٌّ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Haq lug‘atda inkor qilib bo‘lmaydigan narsaga nisbatan ishlatiladi. Haq va sidq kalimalarining ma’nolari bir-birlariga juda yaqin hisoblanadi. Faqatgina sidq kalimasi ko‘proq so‘zlarga nisbatan ishlatiladi. Haq va sidq o‘rtasidagi farq:
– Voqelikning berilgan hukmga muvofiq bo‘lishi haq (haqiqat) deyiladi;
– Berilgan hukmning voqelikka muvofiq bo‘lishi sidq (rost) deyiladi.
كَوْنُ – borlik ma’nosini anglatadi.
جُزْءٍ – bu kalimadan oldingi mutakallimlar “javharul fard” deb nomlashgan bo‘linmaydigan juz iroda qilingan.
بِلاَ – بِta’kidni ifodalab kelgan zoida jor harfi. لاَ nafiy (inkor) harfi.
وَصْفِ – vasf deganda ma’lum bir zotga ma’no e’tiboridan dalolat qilgan narsa tushuniladi.
التَّجَزِّي – bo‘lak-bo‘lak bo‘lish ma’nosini anglatadi. Muzofun ilayh.
يَا – yaqinga ham, uzoqqa ham ishlatiladigan nido harfi.
خَالِ ابْنَ – munodo. “Tog‘amning o‘g‘li” ma’nosidagi ushbu so‘zdan Nozimning manzumani o‘qiyotgan har bir tolibi ilmni o‘ziga yaqin olib mehribonlik bilan xitob qilgani tushuniladi.
Matn sharhi:
Aqlan olib qaralganda oddiy ko‘z bilan mutlaqo ko‘rib bo‘lmaydigan juda kichik bir bo‘lakning mavjudligi haqdir. Bu bo‘lak atom deb nomlanadimi yo boshqa biror nom bilan ataladimi, qanday nomlanishidan qat’i nazar o‘ta kichikligi sababli boshqa bo‘linmaydigan, lekin baribir qaysidir darajada joy egallab turadigan bir bo‘lakning mavjudligini aql inkor etmaydi. O‘shiy rahmatullohi alayh bu baytni faylasuflar va ba’zi mo‘taziliylarga raddiya sifatida yozgan. Ular amalga oshirish yuzasidan ham, aqlan olib ko‘rish jihatidan ham juz deb ataladigan kichik bir bo‘lakni nihoyasiz darajada taqsimlab borish mumkinligi tasavvurga sig‘adi, deyishgan. Ahli sunna val-jamoa ulamolari ularning da’volarini ham aqliy, ham naqliy jihatdan rad etganlar. “Tuhfatul aoliy” kitobida bu haqida quyidagilar keltirilgan: “Adashgan toifalarning ushbu masaladagi xatolari, asosan, uch o‘rinda oshkor bo‘lib qoladi:
1. Alloh taolo bo‘linmaydigan juzni yaratishga qodir deb sifatlanadimi yo yo‘qmi?
Adashgan toifalarga ko‘ra sifatlanmaydi, chunki U zotning huzurida ikki bir-biriga zid narsaning jamlanishi mumkin emas.
Ahli sunna val-jamoda esa sifatlanadi, chunki o‘sha juz mumkin bo‘lgan narsadir. Bo‘lishi mumkin narsaga esa qudrat sifatining bog‘lanishi bilittifoqdir.
2. Agar juzning bo‘linishi tugab boshqa bo‘linmaydigan darajada bo‘lib qolmasdan nihoyasiz darajada bo‘linib boraverishi mumkin bo‘lganida, hamma narsaning adadini hisob qilish mumkin bo‘lmasdi. Bu esa Qur’on oyatiga ziddir:
﴿ وَأَحۡصَىٰ كُلَّ شَيۡءٍ عَدَدَۢا٢٨﴾
“Va (borliqdagi) har bir narsaning sanog‘ini hisoblab qo‘ygandir” .
3. Ularning ushbu “kichik bir bo‘lakni nihoyasiz darajada taqsimlab borish mumkinligi” to‘g‘risidagi da’volariga ko‘ra, agar katta hovuzga kichkina najosat tushib ketsa, o‘sha najosatning nihoyasiz darajada bo‘linib borishi mumkinligidan hovuzdagi har bir qatra suvga najosat tegishi lozim bo‘lib qoladi” .
Shuning uchun ushbu bahs aqoid ilmidagi zarur masala emas, balki shu to‘g‘risida ham tortishuvlar bo‘lib o‘tganini bayon qiluvchi qo‘shimcha ma’lumot hisoblanadi.
Bayt oxiridagi “o‘yla, tog‘am o‘g‘li” degan so‘zdan mehribon qarindosh o‘zi yaxshi ko‘radigan yaqiniga qanday nasihat qilsa, O‘shiy rahmatullohi alayhning ham nazmini o‘qib foyda olayotganlarga mehribonlik bilan shunday nasihat qilayotgani tushuniladi.
Ba’zi ulamolar خَالِ ابْنَ يَا jumlasini “ey bu masala haqidagi bilimdan xoli bola” ma’nosida tushunsa ham bo‘ladi, – deganlar.
KЕYINGI MAVZULAR:
QUR’ONI KARIMGA IYMON KЕLTIRISH BAYONI:
Qur’oni karimning oldingi ilohiy kitoblardan farqlari;
Qur’oni karimga iymon keltirish ma’nosi;
Qur’oni karim suralari;
Havas qilinadigan amal;
Ilohiy kitoblarga iymon keltirish.
HIDOYAT
Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi
Har qanday ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yor hamisha ma’qullanib kelingan. Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar ham aqlan, ham shar’an qoralanib, ulardan hazar qilishga buyurilgan.
Taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay, birvarakayiga isrof qilinishini kuzatish mumkin.
Xo‘sh, isrof nima? Bugun har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tejamkorlikni nimadan boshlashi kerak? Bu borada dinimizda nima deyilgan?
Alloh taolo isrofning yomon illat ekanligi haqida Qur’oni karimda marhamat qilgan. Jumladan, “A’rof” surasi, 31-oyat mazmunida: “...Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deyiladi.
Isrof dinimizda qattiq qoralangan. “Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham maqtanishning yuqori ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan, bunday deyilgan: “Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad rivoyati).
OQAR DARYO BO‘LSA HAMKI, SUVNI TЕJANG
Har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni o‘z oilasidan boshlashi kerak. Bu borada o‘zlari namuna bo‘lib, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishi lozim. Dastlabki tejamkorlikni suvdan boshlash zarur. Alloh bandalariga bergan ne’matlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Biroq ko‘pchilik ertalab suv jo‘mragini to‘liq ochgan holda yuz-qo‘lni yuvishadi.
Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz qovun-tarvuz, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadi. Bu – isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish mumkin-ku, axir. Alloh taolo Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata shunday marhamat qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (“Voqea”, 68-70).
Suv nafaqat iste’mol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Muttafaqun alayh). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Sa’d tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?!”, dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda maxsus quvur va jo‘mraklari orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu ne’mat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.
Qolaversa, bugun aholini ichimlik suv bilan ta’minlash dunyoviy muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, oxiratda esa Allohning roziligiga sazovor bo‘lamiz.
Shunday ekan, har birimiz suvni isrof qilmasdan, tejamkorlik bilan ishlatishni o‘rganaylik!
QANCHA TAOM TANOVUL QILMOQ KЕRAK?
Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta, uvol-savobning farqiga bormagan odam. Shunday oilalar bor, vaqti kelsa qolipli nonga pul topolmaydi. Shunday oilalar bor, faqat biron yig‘in sabab yopgan non sotib oladi.
Taassufki, bugun ayrim chiqindixonalarda turli nonlar, shirinliklarni, hatto ovqat qoldiqlarining tashlab yuborilayotganini ko‘rib, aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq. “Tanasi boshqa dard bilmas”, deganlaridek, atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq. Agar qiziqtirganida, qo‘shnisining yashash sharoiti o‘ylantirganida edi, bugun bunday nonlar, turli taomlar chiqindixonalardan joy olmas edi.
Aytishingiz mumkin, ko‘p qavatli uylarda turadigan odamlarning moli bo‘lmagach nima qilsin, deb. Ammo me’yor degan narsa bor-ku! Nahotki bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa?!
Aynan mana shu me’yorni har bir oila ertalabki nonushta oldidan bir kunda qancha non, ovqat va boshqa taomlar zarurligini bilishi kerak. Kindiy roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqdordagi taom kifoya qiladi, yoki bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati). Alloh taolo aytadi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof, 31).
Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha ne’matlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi ne’matlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Ne’matlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimizdan o‘rganishimiz kerak.
MЕ’YORDAN OSHSA, ISROFGAR BO‘LADI
Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.
Saxovat – yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.
Shuni bilingki, kiyimda ham isrofgarchilik bo‘ladi. Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.
NЕ’MATLARNI QADRLASHIMIZ KЕRAK
Bizda bir tushuncha bor: qaysi ne’mat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin, narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ri. Sababi, Alloh bergan ne’matlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi.
Gaz va shu kabi ne’matlar, odatda, tejab ishlatiladi. Sababi, ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularning qadriga yetaylik.
Biz yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi – ma’naviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga, asosan, quyidagi ikki narsa kiradi:
birinchisi, umrni isrof qilish. Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli ne’matlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha ne’matlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘laylik;
ikkinchisi, ilm va iste’dodni isrof qilish. Ilm egallash – ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tatbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda, o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.
***
Biz Allohga suyukli xalqlardan, mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik! Alloh bergan har bir ne’matni katta-kichik demasdan, qadriga yetaylik. Shunda rizqimiz yanada ziyoda bo‘ladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.
QO‘LLANMA
HAR BIR OILA BILISHI SHART!
Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlaridan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.
ISROFGA YO‘L QO‘YISHGA SABAB BO‘LADIGAN OMILLAR:
– avvalo, tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha talablarni me’yoridan oshirib ta’minlab berish;
– maishatparast, dunyoparast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta’sirlanish;
– tezlikda, mashaqqat chekmay tanglikdan keyin kenglikka, faqirlikdan keyin boylikka erishish;
– nafsning xohish va istaklariga so‘zsiz itoat etish;
– bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rish davri ekanligi, oxiratda esa bu dunyoda qilingan amallar uchun hisob-kitob bor ekanini unutish yoki tushunmaslik;
– umuman, inson hayotida mo‘tadillik va me’yor degan tushunchalardan yiroq bo‘lishi.
ISROFGARLIKNING ZARARLI OQIBAT VA ASORATLARI:
– Allohning muhabbatidan mosuvo bo‘lib, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lish;
– shaytonni xursand qilib, uning sherigiga aylanish;
– hayotdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni ko‘tara olmaslik, ojizlik va notavonlikka mahkum bo‘lish;
– tanada turli kasalliklarning paydo bo‘lishi, qalb qotishi, fikrning o‘tmaslashuvi;
– jamiyatda yalqovlik, tekinxo‘rlikning avj olishi, qashshoqlik va tilanchilikning ko‘payishi.
ISROFGARLIKDAN QUTULISH YO‘LLARI:
– har ishda Alloh taolo buyurgan mo‘tadil yo‘lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o‘zni saqlash;
– Payg‘ambar alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug‘ zotlarning hayot tarzlarini o‘rganib, ularga ergashish;
– dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;
– isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xokisor kishilarga yaqin yurish;
– oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.