O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi diniy sohada ko‘p yillar samarali xizmat qilgan Buxoro viloyatining sobiq bosh imom-xatibi Mansur domla Nurullayevning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Rahmatli Mansur domla Nurullayev Mir Arab madrasasi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan, mehnat faoliyati davomida Buxoro viloyati Kogon tumani bosh imom-xatibi, “Bahouddin Naqshband” jome masjidi imom-xatibi va Buxoro viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida fidokorona xizmat qilgan.
So‘nggi yillarda o‘zining ilmiy salohiyatini oshirish yo‘lida Tatariston Respublikasidagi Bulg‘or Islom akademiyasini tamomlagan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ushbu musibatga chin qalbdan sherik ekanini izhor etadi. Barchamizni Alloh taolo yaratgan. Taqdirlarimizni ihota qiluvchi yagona Zot ham faqatgina Robbimizning O‘zidir. Qur’oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” (Baqara, 156) deyilgan.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan bu din xizmatchisini mag‘firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.
Hadisi qudsiylardan birida aytiladi: “Ey Odam farzandi! …Albatta, Men sizlarning suratingizga ham, chiroyingizga ham qaramayman. Balki qalbingizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”. Rahmatli Mansur domla Nurullayev ham ana shunday yaxshi xislatlar egasi edi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Mamlakatimizda mustaqillik bayramining 35 yilligi munosabati bilan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” hamda “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari doirasida hududlarda keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot, obodonlashtirish, xayriya va mehr-oqibat ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur jarayon bilan yaqindan tanishish maqsadida 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi mutasaddilar Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “No‘g‘ayqo‘rg‘on”, “Qumariq” va “Ittifoq” mahallalarida bo‘lishdi.
Tashrif davomida soha rahbarlari mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, xayriya va saxovat ishlarini kengaytirish, obodonlashtirish hamda bunyodkorlik ishlarining borishi bilan tanishdi. Shuningdek, mahalliy hokimiyat vakillari, “mahalla yettiligi”, nuroniylar hamda diniy soha xodimlari ishtirokida ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Mahallalarda o‘tkazilgan sayyor yig‘inlarda “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish”, oilalarda totuvlikni mustahkamlash, yoshlarni ilm-ma’rifatga yo‘naltirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi hamda aholi muammolarini hal etishda hamjihatlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, xonadonlar atrofi, ko‘chalar, ariqlar va qabristonlarni obod qilish, ularning ozodaligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, eng avvalo, mahallalar hayotida yaqqol namoyon bo‘lishi va aholi kayfiyatida o‘z aksini topishi lozim. Shu ma’noda, joriy yil yakunida mamlakatimiz bo‘ylab “Eng orasta xonadon”, “Eng fayzli hovli”, “Eng obod ko‘cha” va “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarning aniqlanishi mazkur ezgu tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati