كَيۡفَ تَكۡفُرُونَ بِٱللَّهِ وَكُنتُمۡ أَمۡوَٰتٗا فَأَحۡيَٰكُمۡۖ ثُمَّ يُمِيتُكُمۡ ثُمَّ يُحۡيِيكُمۡ ثُمَّ إِلَيۡهِ تُرۡجَعُونَ٢٨
Ey kofir kimsalar, nega Allohga, Uning yuborgan payg‘ambarlariga, tushirgan kitoblariga ishonmaysizlar, ularni inkor etasizlar? Vaholanki, U sizlarni yaratdi, ona qornida jonsiz bir urug‘ edinglar, sizlarga jon ato qilib, yorug‘ dunyoga keltirdi. Yer yuzida ajratilgan umrni yashab bo‘lganingizdan keyin Parvardigor yana sizlarning joningizni oladi. So‘ngra qiyomat kuni barcha insonlarni xuddi yerdan urug‘ undirganday qaytadan tiriltiradi. Hammaning Alloh azza va jalla huzuriga qaytishi, dunyo hayotidagi amallari va qilmishlaridan hisob berishi albatta haqdir. Insonlarning eng mudhish xatolari ularning oxiratga ishonmasliklaridir. Ular oxirat dunyosiga, o‘lgandan keyin qayta tirilishga imon keltirmaganlari sababli o‘zlarini kufr va shirk changaliga otishadi, gunohlar dengiziga sho‘ng‘ishadi, hech qanday yovuzlik va buzuqlikdan tap tortmaydigan holga tushishadi. Oxiratga ishonmaslik zolim Fir’avnning Muso alayhissalom qavmiga qattiq zulm o‘tkazib, bolalarini o‘ldirtirishga, ayollarini qul qilishga, zolimlikda haddan oshib, oxiri o‘zini hammaning ustidan hukm yurituvchi iloh deb e’lon qilishga olib bordi. Oxiratga ishonmaslik Yusuf alayhissalomning akalarini chalg‘itib, ukalariga hasad qilishga, uni yo‘q qilish maqsadida qul sifatida sotib yuborishga, otalariga yolg‘on gapirishga va oxiri sharmandai sharmisor bo‘lishlariga sabab bo‘ldi. Oxiratga ishonmaslik Qorun uchun Alloh bergan mol-dunyoga quturib, tug‘yonga ketish, oxiri butun boyligiga qo‘shib yer yutib yuborish bilan yakun topdi. Oxiratga ishonmaslik Abu Jahlni o‘zi Payg‘ambar alayhissalomga qarindosh bo‘laturib u zotga imon keltirmay qattiq dushmanlik qilish va oqibatda abadiy do‘zax azobiga giriftor bo‘lish sari undadi.
Agar o‘lgandan keyin qayta tirilish bo‘lmaganida, o‘lim inson uchun eng katta fojia, kulfat, adolatsizlikka aylangan, uni o‘rganib qolgan hayotidan, yaqinlaridan, mol-mulkidan, mavqe-martabasidan bir lahzada uzib qo‘yadigan zolimlikka aylangan bo‘lur edi. Inson bir kuni o‘limdan qo‘rqa-qo‘rqa jon bergan va hayvonlar kabi o‘lib ketib, tuproqda benomu-nishon chirigan bo‘lur edi. Agar o‘lgandan keyin qayta tirilish bo‘lmaganida dunyoni haqsizlik, fitna-fasod, zulm-istibdod, zo‘ravonlik va muttahamlik bosib ketgan bo‘lur edi. Islomdan chekingan yoki uzoqda bo‘lgan jamiyatlarning hozir ham ana shu kulfatlar iskanjasidan chiqa olmayotgani bunga yorqin dalildir. Oxirat bo‘lishiga ishonmaydigan kimsalar ko‘ngillariga kelgan yovuzlikni va gunohni bemalol qilishadi, dindoshlariga dushmanlik qilishadi, sofdil bir musulmonga tuhmat va bo‘hton yog‘dirishadi, zolimlarga zulm pichog‘ini qayrab berishadi, Allohning dinidan, ibodatidan to‘sishadi, shariatini oyoq osti qilishadi. Bundaylar ertaga hisob-kitob borligini tan olmaganlari uchun boshqalarning haqiga tajovuz qilishadi, qarz olib, berishmaydi, sheriklarining mulkini o‘zlashtirishadi, o‘zgalar omonatiga xiyonat qilishadi, buzuqlik ko‘chalarida sarson kezishadi. O‘lgandan keyin tirilishlariga imonlari yo‘qligi sababli shu dunyoning o‘zida mazza qilib yashab qolish payida bo‘lishadi, har qanday razillikdan qaytishmaydi, hayotning mazmunini faqat dunyo lazzatlariga g‘arq bo‘lib ketishda deb tushunishadi.
Ulug‘lar shunday deyishgan: “Dunyo uchun g‘am yema. Uning boshi yig‘i, o‘rtasi mashaqqat, oxiri yo‘qlikdir! Sen oxirating uchun amal qilib qol! Uning boshi uchrashuv, o‘rtasi hadya, oxiri esa abadiyatdir”. Ammo odamlar g‘ofilliklari sababli oxirat uchun emas, ko‘proq dunyo uchun g‘am chekadilar. Holbuki, dunyo hayotining g‘am-tashvishlari juda ko‘p, ularni hal etish, yechishga inson butun umrini sarf qilib yuboradi. Agar u dunyo g‘amlarini oxirat g‘ami ustiga yuklab qo‘yganida bugungi kundagiday muammolar girdobidan qolib, dod-faryod qilmasdi. Umar ibn Abdulaziz: «Oxiratingizni isloh qiling, shunda dunyoingiz ham isloh bo‘ladi», deganlar. Dunyodagi hovlimiz vaqtinchalikdir, abadiy yashaydigan hovlimiz haqida qayg‘urish foydalidir. So‘zimizni Aliy karramallohu vajhahuning ushbu so‘zlari bilan tugallasak: “Dunyo ortini o‘girib ketmoqda. Oxirat bag‘rini ochib peshvoz chiqmoqda. Ikkovining ham farzandlari bor. Oxirat farzandlari bo‘ling, dunyo farzandlari emas! Bugun amal bor, hisob yo‘q! Ertaga amal yo‘q, hisob bordir!”
Sizlar ana shu buyuk haqiqatni, hayot va o‘lim haqiqatini tan olmay, insonlar o‘lganidan keyin Allohning ularni qayta tiriltirishiga kufr keltirganingiz uchun oxiratda sizlarga qattiq azob-qiynoqlar, dahshatli do‘zax qiynoqlari tayyorlab qo‘yilgan. Ogoh bo‘linglar, chunki Alloh taoloning va’dasi haqdir: "Biz zolimlarga alangasi ularni o‘rab oladigan o‘t-olovni tayyorlab qo‘yganmiz" (Kahf, 29).
هُوَ ٱلَّذِي خَلَقَ لَكُم مَّا فِي ٱلۡأَرۡضِ جَمِيعٗا ثُمَّ ٱسۡتَوَىٰٓ إِلَى ٱلسَّمَآءِ فَسَوَّىٰهُنَّ سَبۡعَ سَمَٰوَٰتٖۚ وَهُوَ بِكُلِّ شَيۡءٍ عَلِيمٞ٢٩
Ey insonlar, Alloh taoloning sizlarga bergan fazli-rahmati, ato etgan ne’matlari evaziga Unga bandalik qilinglar! U sizlar uchun yashashga qulay Yer yuzini, yulduzlar ila bezangan yetti qavat osmonni, Yerni muvozanatda tutib turuvchi purviqor tog‘larni, turfa ekin va chorva hayvonlarini, ularni sug‘orish uchun zilol suvlarni, turli-tuman meva-sabzavotlarni, qo‘ying-chi, insonning Yer yuzida farovon va baxtli hayot kechirishi uchun hamma narsani yaratib qo‘ygan. Aqlini salgina ishlatgan, Alloh bergan ne’matlar haqida ozgina fikr yuritgan har bir inson bular bejizga berilmaganini anglab yetadi. Buning uchun Allohga imon keltirish va Uning payg‘ambarlariga ergashish, dunyo hayotida Parvardigorni rozi qiladigan chiroyli amallar, toat-ibodat qilib o‘tish talab etiladi. Ana shu ilohiy amrga bo‘ysunganlar oxiratda ko‘rkam jannat bog‘larida rohat-farog‘at ichra bo‘lishsa, buni inkor qilib, unga kufr keltirganlarni alamli azoblar, dahshatli qiynoqlar kutib turibdi.
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi