UCHINCHI QISM
QUR’ONI KARIMDA NASX
Nasxning lug‘atdagi ma’nosi
Arab tilida «nasx» so‘zining ikki xil ma’nosi bor.
«Kitobni nasx qildi», deganda, undan nusxa olish tushuniladi. Xuddi shu ma’no Josiya surasidagi quyidagi oyatda kelgan:
Alloh taolo marhamat qiladi:
هَٰذَا كِتَٰبُنَا يَنطِقُ عَلَيۡكُم بِٱلۡحَقِّۚ إِنَّا كُنَّا نَسۡتَنسِخُ مَا كُنتُمۡ تَعۡمَلُونَ٢٩
«Albatta, Biz qilgan amalingizni yozib xurgan edik» (29-oyat).
U dunyoda nima amal qilsangiz, hammasini o‘z vaqtida aniq yozib turgan edik. Ya’ni farishtalarga qilgan amallaringizni xuddi o‘zidek qilib yozib borishni buyurgan edik. Ular mazkur amallarni nomai a’mollarga yozib borar edilar.
Ushbu ma’nodagi ketkazish va o‘chirish ikki xil bo‘ladi:
Birinchisida nasx qilingan narsa bir yo‘la yo‘q qilib yuboriladi. Uning misoli quyidagi oyatda kelgan.
Alloh taolo Haj surasida marhamat qiladi:
فَيَنسَخُ ٱللَّهُ مَا يُلۡقِي ٱلشَّيۡطَٰنُ ثُمَّ يُحۡكِمُ ٱللَّهُ ءَايَٰتِهِۦۗ
«Bas, Alloh shayton tashlaydigan narsani ketkazur. So‘ngra Alloh O‘z oyatlarini mustahkam qilur» (52-oyat).
Ya’ni Alloh shayton tashlamoqchi bo‘lgan shubhani ketkazib, undan asar ham qoldirmas.
Ikkinchisi – nasx qilingan narsaning o‘rniga boshqasi keltiriladi. Bu haqda Alloh taolo quyidagi oyatda marhamat qiladi:
وَإِذَا بَدَّلۡنَآ ءَايَةٗ مَّكَانَ ءَايَةٖ وَٱللَّهُ أَعۡلَمُ بِمَا يُنَزِّلُ قَالُوٓاْ إِنَّمَآ أَنتَ مُفۡتَرِۢۚ
«Qachonki bir oyatni boshqa bir oyat o‘rniga almashtirsak, – holbuki, Alloh nimani nozil qilishni O‘zi yaxshi biluvchidir – ular: «Albatta, sen uydirmachisan, xolos!» derlar» (Nahl surasi, 101-oyat).
Ya’ni «Avval nozil qilingan oyatning hukmini bekor etib, o‘rniga boshqa hukm joriy bo‘lganini bayon qiluvchi oyat tushirsak...» deyilmoqda.
Nasxning istilohdagi ma’nosi
Qadimgi ulamolar «nasx» so‘zini juda ham keng ma’noda ishlatganlar. Ular bu so‘zni mutlaq holda – qaydlanmagan ma’noni qaydlash uchun ham, umumiy ma’noni xoslash uchun ham, mubham va mujmalni bayon qilish uchun ham ishlataverganlar. Shuningdek, ularning bu so‘zni ishlatishlari ma’lum bir shar’iy hukmni keyin kelgan shar’iy dalil bilan amaldan qoldirishni ham o‘z ichiga olgan. «Nasx» so‘zining xuddi mana shu oxirgi ma’nodagi ishlatilishi uning «ketkazish va o‘chirish» degan ma’nosini o‘z ichiga olgandir.
Ulamolar nasxning ta’rifida bir qancha turli-tuman ibora va jumlalarni ishlatganlar. Ularning barchasi, iboralari turlicha bo‘lishiga qaramasdan, shariat hukmlaridagi nasxni ifoda qiladi. Ushbu ta’riflarni qunt bilan o‘rganib chiqqan mutaxassis ulamolarimiz ularning ichidan eng mukammali va maqsadni to‘liq anglatuvchisi o‘laroq, quyidagi ta’rifni tanlaganlar:
«Nasx – shar’iy hukmni keyin kelgan shar’iy dalil bilan bekor qilishdir».
Ushbu ta’rifni ulamolarning ko‘pchiligi rozilik bilan ixtiyor etganlar va uni amal uchun qabul qilganlar.
Ta’rifning sharhi:
U shbu ta’rifdagi bekor qilishni amalga oshiruvchi Alloh taoloning O‘zidir. U Zot shar’iy hukmni nasx qiladi, ya’ni amaldan qoldiradi – bekor qiladi. Bu hakdagi buyrug‘ini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy orqali yetkazadi. Demak, shar’iy hukmni nasx qiluvchi Alloh taolodir. Mazkur ilohiy buyruqni tatbiq qiluvchi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdir. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin nasx bo‘lmaydi.
Shar’iy hukmning bekor bo‘lishi deganda unga bandalarni taklif qilishning tugatilishi tushuniladi. Bir narsa avval harom bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha hukm nasx bo‘lganidan keyin, mazkur narsa halol bo‘ladi. Yoki aksincha, halol bo‘lgan bo‘lsa, harom bo‘ladi.
Shar’iy hukm – mukallaflar, ya’ni shariat hukmlariga amal qilishi lozim bo‘lganlarning matlub yoki ixtiyoriy amallariga bog‘liq xitobdir.
Matlub amallar ikki xil bo‘ladi: amalga oshirilishi talab qilingan farz, vojib va mandub amallar hamda qilmaslik talab qilingan harom va makruh amallar.
Ixtiyoriy amallar – qilish yoki qilmaslik mukallafning ixtiyorida bo‘lgan, ya’ni muboh amallar.
Shar’iy dalil – Qur’oni Karim va nabaviy sunnatni o‘z ichiga oladi.
Qur’oni Karim Allohning mutavotir, ojiz qoldiruvchi, tilovat qilinadigan vahiysidir.
Nabaviy sunnat Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yuborgan tilovat qilinmaydigan vahiysidir.
- Nasxning ta’rifida «bekor qilinishi» iborasining ishlatilishidan bekor qilish bo‘lmagan narsalarning nasxga kirmasligini bilib olamiz. Misol uchun, mujmalni – qisqacha, umumiy tarzda aytilgan gapni bayon qilish, mutlaqni qaydlash, umumiyni xoslash kabilarda sobit bo‘lgan hukmni bekor qilish yo‘qdir. Balki bular ba’zi lafzlarni tafsir va bayon qilishdan iborat, xolos. Ammo ba’zi ulamolar bular bilan nasxni aralashtirib yuborib, xatoga yo‘l qo‘yganlar.
Nasxda bekor qilingan narsa shar’iy hukm bo‘lishi Alloh taolo yangidan farz yoki vojib qilgan ibodat, qurbat va takliflar hamda harom qilingan ishlar, zararli odatlar, barcha johiliyat buyruqlari nasx emasligini anglatadi. Bularning hammasi nasx emas, balki avval bo‘lmagan, shariatga yangidan kiritilgan narsalardir.
Aql taqozosi bilan yomon bo‘lsada, johiliyatda muboh sanalgan narsalarning harom qilinishi ham nasx emas. Imom Shotibiy bu haqda «Al-Muvafaqot»da quyidagilarni aytadi: «Nasxning oz va nodir ekaniga dalolat qiluvchi to‘rtinchi narsa – xamr va riboga o‘xshash aslida muboh deb yurilgan narsalarning harom qilinishi nasx emasligidir. Bu kabi narsalarning harom qilinishi asl mubohligining nasx qilinishi deyilmaydi».
Ta’rifda «shar’iy dalil» deyilgan. Demak, bu yerda nasx qiluvchi, ya’ni shar’iy hukmni bekor qiluvchi shar’iy dalil bo‘lishi shart. U ham nasx qilingan narsa kabi sobit bo‘lgan yoki undan ham kuchliroq bo‘lishi kerak.
Ta’rifdagi ushbu qayd bilan insondan uning o‘limi, jinni bo‘lib qolishi va g‘aflatda qolishi ila shar’iy taklifning soqit bo‘lishi kabi shar’iy hukmning bekor bo‘lishi nasxdan emasligi ayon bo‘ladi. Albatta, ushbu sabablardan birortasi voqe’ bo‘lsa, shar’iy taklif soqit bo‘lishiga aql dalolat qiladi. Chunki o‘lik, jinni va g‘ofil kishilar Allohning xitobini anglash qobiliyatiga ega emaslar.
- Ta’rifdagi «keyin kelgan shar’iy dalil» degan jumladagi «keyin kelgan» degan qayd juda ham zarur va nihoyatda muhim shartdir. Bundan nasx qiluvchi nasx bo‘luvchidan keyin kelishi angdanadi.
Shu bilan birga, nasx qiluvchi va nasx bo‘luvchi ikkisining orasida haqiqiy qarama-qarshilik bo‘lib, ularning orasini jamlashga mutlaqo imkon bo‘lmasligi shart. Ammo ikkisini jamlashga va ikkisiga amal qilishga imkon bor bo‘lsa, nasx haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas.
NASX QILINADIGAN HUKMLARNING TURLARI
Yaxshi anglab yetishimiz lozim bo‘lgan narsalardan biri nasxning shariatning buyruq va qaytarishni o‘z ichiga olgan juz’iy-far’iy hukmlaridagina bo‘lishidir. Allohga, U Zotning rasullariga, oxirat kuniga iymon keltirish kabi aqiydaga oid, namoz, ro‘zaning farzligiga o‘xshash dinning rukni hisoblangan narsalarda nasx bo‘lmaydi.
Shuningdek, va’da berish va qo‘rqitishga o‘xshash matnlarda ham nasx bo‘lmaydi. Chunki bu kabi narsalarning tabiatining o‘zi nasxni ko‘tarmaydi.
Yana o‘tgan ummatlarning xabarlariga o‘xshash narsalarda ham nasx bo‘lishi mumkin emas.
NASXNING HIKMATLARI
Alloh taolo buzilib, izdan chiqqan inson jamiyatining ijtimoiy kasalliklarini xuddi og‘ir kasalni ustalik bilan davolayotgan tabib kabi davolaydi. Tabib asosiy kasallikni davolashdan oldin atrofdagi mayda kasalliklarga qarshi vaqtinchalik dorilar berib turib, keyinchalik, fursati kelganda, asosiy muolajani ishga solganday, Alloh taolo johiliyat dardlarini davolashda oldin bir xukmni joriy qilib turib, vaqti yetganda uni amaldan qoldirib, o‘rniga asosiy hukmni joriy etar edi. Nasxda Alloh taoloning musulmon ummatiga lutfu karami hamda bu ummatga baxt-saodat va oyeonlikni iroda qilgani namoyon bo‘lgandir. U Zot ummat uchun amal qilishda og‘irlik va mashaqqat tug‘diradigan hukmlarni birdaniga emas, asta-sekin joriy qilish uchun nasxni ishga solgan. Shu bilan birga, oson narsani nasx qilib, o‘rniga qiyinrog‘ini joriy qilgan taqdirda ham faqat yaxshilik jalb qilingan. Bu haqiqatni Alloh taolo Qur’oni Karimning o‘zida bayon qilib qo‘ygan.
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
۞مَا نَنسَخۡ مِنۡ ءَايَةٍ أَوۡ نُنسِهَا نَأۡتِ بِخَيۡرٖ مِّنۡهَآ أَوۡ مِثۡلِهَآۗ أَلَمۡ تَعۡلَمۡ أَنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٌ١٠٦ أَلَمۡ تَعۡلَمۡ أَنَّ ٱللَّهَ لَهُۥ مُلۡكُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۗ وَمَا لَكُم مِّن دُونِ ٱللَّهِ مِن وَلِيّٖ وَلَا نَصِيرٍ١٠٧
«Oyatlardan birontasini nasx qilsak yoki unuttirsak, undan yaxshisini yoki unga o‘xshashini keltirurmiz. Albatta, Alloh har bir narsaga o‘ta qodir ekanini bilmadingmi? Albatta, osmonlaru yerning podshohligi Alloxniki ekanini va sizlarga Allohdan o‘zga hech qanday do‘st xam, yordamchi ham yo‘qligini bilmading-mi?» (106-107-oyatlar).
Ushbu oyati karimalarda Alloh taolo har bir narsaga qodir ekani ta’kidlangan. Ana shu qudrati ila xoxdagan oyatni nasx qiladi, xohlaganini unuttiradi, Bu xohishni bandalar chegaralay olmaydilar. Shuningdek, osmonlaru yerning mulki Allohniki, jumladan, qaysi oyatni nasx etish, qay birini unut qilish ham U Zotning O‘zining mulki, O‘zi biladi.
Tushunish uchun oddiy bir misol keltiradigan bo‘lsak, ko‘pchilik bo‘lar-bo‘lmasga Nabiy alayhissalomning huzurlariga kirib, bekorchi gaplar bilan u zotning vaqtlarini olaverganidan so‘ng, Alloh taolo oyat nozil qilib, kim Nabiy alayhissalom bilan huzurlarida yolg‘iz qolib gaplashmoqchi bo‘lsa, uni gaplashishdan oldin sadaqa qilishga buyurdi. Odamlar bu orqali Nabiy alayhissalomning qimmatli vaqtlarini bekor o‘tkazmaslik lozim ekanini anglab yetganlaridan so‘ng, boshqa oyat nozil qilib, avvalgi hukmning bekor qilinganini e’lon qildi.
NASX BILAN XOSLASH ORASIDAGI FARQ
Avval ham aytib o‘tilganidek, nasx bilan umumiy narsani xoslash orasida katta farq bor. Ularning har ikki-sining o‘ziga xos xususiyatlari va shartlari mavjud. Ular quyidagilardan iborat:
Alloh taolo Oli Imron surasida marhamat qiladi:
وَلِلَّهِ عَلَى ٱلنَّاسِ حِجُّ ٱلۡبَيۡتِ مَنِ ٱسۡتَطَاعَ إِلَيۡهِ سَبِيلٗاۚ
«Odamlardan yo‘lga qodir bo‘lganlariga Alloh uchun Baytni xaj qilmoq burchdir» (97-oyat).
Ushbu qavlning «Alloh uchun Baytni haj qilmoq burchdir» degan jumlasidan haj qilish hamma uchun umumiy tarzda farzligi anglanadi. Ammo «Odamlardan yo‘lga qodir bo‘lganlariga» jumlasi o‘sha umumiylikni qodir bo‘lgan odamlarga xoslaydi. Bas, shunga binoan, haj ibodati qodir bo‘lgan, uning shartlarini o‘zida mujassam qilgan kishilargagina farz bo‘ladi.
Nasx Qur’oni Karim va Sunnat bilangina bo‘ladi. Xoslash esa mazkur ikki narsa bilan ham va yana aql, urf va qariyna – vaziyatga qarab ham bo‘lishi mumkin.
Nasx qiluvchi narsa nasx qilingan narsadan keyin nozil bo‘lishi yoki aytilishi shart. Nasx qiluvchi nasx qilingan narsa bilan barobar yoki undan oldin nozil bo‘lishi yoki aytilishi mutlaqo mumkin emas. Xoslovchi esa xoslangandan oldin ham, barobar ham, keyin ham kelishi mumkin.
KЕYINGI MAVZU:
Nasxning o‘rinlari
Xalqimizda qiz farzand tarbiyasi bilan odatda ona va buvilar shug‘ullanadi. Biroq bu borada otaning ham o‘z o‘rni bor. Ayniqsa, qizlar orasida beodobliklar ko‘payayotgan bugungi kunda bu masala yanada dolzarblashdi. Chunki farzand tarbiyasiga oid muammolar tahlil qilinganda aksar axloqsiz o‘g‘il-qizlar otasiz ulg‘ayotgani yoki ijtimoiy tarmoqlarga haddan ortiq berilib ketayotgani ma’lum bo‘lgan.
Bugun o‘spirin qizlar orasida TikTok, Instagram, Likee kabi ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik avj olgan. Ular tarmoqlar orqali e’tiborni jalb qilish, “layk” va kuzatuvchilar bilan o‘z qadrini o‘lchashni odat qilyaptilar. Bu esa ularning tarbiyasida jiddiy muammolarni keltirib chiqaryapti.
Mohira Ochilova bunday deydi: «Oilada qizimning tarbiyasi bilan asosan o‘zim mashg‘ul bo‘lardim. Dadasi uning ra’yiga qarar, qattiq gapirmasdi. Oxirgi paytlarda u internet va telefonga mukkasidan ketib, oddiy tanbehni ko‘tara olmay qoldi. Undan telefonni olib qo‘yganimda, uydan qochib ketdi. Shahar tashqarisida yashaydigan “Tik Tok” orqali tanishib olgan qizning uyiga ketibdi. Profilaktika nozirlari yordamida zo‘rg‘a topdik. Keyingi hunari oshib tushdi. O‘z joniga qasd qilishga urindi. Zo‘rg‘a qutqarib qoldik. Ruhshunosga murojaat qildik. Shifokor “Muolajalarga dadasi bilan birga kelsin”, dedi. Uning aytishicha, qizlar otasining gapini ikki qilolmaydi, undan hadiksiraydi va aynan uning gapini qonun deb qabul qiladi. Bu gapi to‘g‘ri chiqdi, qizimning tarbiyasiga dadasi e’tiborli bo‘lgach, u o‘zgardi. Ingliz tili darslariga qatnay boshladi, maktabdagi baholari yaxshilandi, fe’li ham o‘zgardi. Chamamda onalar qalban mehribon va yumshoq bo‘ladi, bolalar buni suiiste’mol qilishadi. Shu bois ayni kunda qizlar tarbiyasida otalarning o‘rni har qachongidan ko‘ra zarur deb bilaman».
* * *
Nigora Qodirova, Sariosiyo tumanidagi 12-maktab o‘qituvchisi: «Maktabda 18 yildan beriishlayman. Turli o‘quvchilarni ko‘rdim. Taassufki, hozir nafaqat o‘g‘il bolalar, balki qizlarning tarbiyasiga jiddiy qarash zamon talabiga aylandi. Oldin qizlarni tikish, to‘qish, pazandachilik kabi to‘garaklarga jalb qilardik. Ular bunga qiziqishardi ham. Ammo hozir qizlar telefonga o‘ch, bizning maktab olis qishloqda bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik o‘quvchilarda smartfonlar bor va bu narsa ularning yurish-turishiga, o‘qishiga salbiy ta’sir qilyapti. Eng yomoni, bo‘sh qoldi deguncha be’mani videolar olishga sho‘ng‘ib ketadi. Bunday qizlarni nazorat qilish, tartibga chaqirish qiyin. Ular o‘qituvchiga qo‘pol muomala qilishi ham mumkin. Ammo erkak o‘qituvchilardan biroz hadiksirashadi, baribir erkak kishining qattiqqo‘lligi ta’lim jarayonida ham sezilar ekan. Biroq maktablarda erkak o‘qituvchilar juda kam.
Odatda axloqida muammoasi bor qizlarning onasini emas, aynan otasini chaqiramiz. Chunki oilada otalarning talabchanligi yoki tarbiyaga to‘g‘ri yondashuvi farzandlar kamolida muhim. Shu bois maktabdagi ota-onalar majlisiga faqat otalar kelishini talab qilamiz». Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz…” (Tahrim surasi, 6-oyat). Bu oyat oilada ota nafaqat moddiy ta’minlovchi, balki ma’naviy muhofiz sifatida ham mas’ul ekanini anglatadi. Afsuski, bugun oramizda shunday erkaklar borki, oilada ularning o‘rni yo‘q. Na ro‘zg‘orga qaraydi, na bolalar tarbiyasiga. Soatlab telefon tomosha qilish bilan ovora. Bundaylar ertaga qiyomatda oilasi haqida so‘roqqa tutilganda, nima deb javob berarkin?!
Qiz farzand tarbiyasini tamomila onaga tashlab qo‘yish ham to‘g‘ri emas. Ota ham u bilan hamfikr bo‘lishi zarur. Aslida qiz bola juda sezgir bo‘ladi. Padari bilan vaqtini o‘tkazishni, muvaffaqiyatini e’tirof etishini, xato qilganida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishini istaydi. U otasi timsolida qo‘lidan har ish keladigan haqiqiy himoyachini ko‘radi, shuning uchun uning so‘zini ikki qilolmaydi. Shu bilan birga, qiz farzandga otaning ortiqcha qattiqqo‘lligi ham uning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Ortiqcha erkalatish esa mas’uliyat hissini pasaytiradi. Shuning uchun ota – mehr bilan qat’iyatni uyg‘unlashtirishi, ham do‘st, ham rahbar bo‘lgani durust.
Oramizda begona yurtlarda mehnat qilib oila boqayotgan otalar ham talaygina. Ular telefon orqali farzandlarining yurish-turishi, o‘qishini doimiy nazorat qilishlari zarur. “Yuzimni yerga qaratma, to‘g‘ri bo‘l, mehnatdan qochma, doim o‘qish bilan band bo‘l, oyingga yordam ber. Sen oilamiz nomusisan” kabi so‘zlarni tas’irchan tarzda aytish farzand tarbiyasida manfaatli bo‘ladi, inshoalloh.
Onalar ham oilada otaning nufuzini, o‘rnini farzandlariga anglatishi kerak. O‘zi ham itoatda bo‘lib, farzandlariga namuna bo‘lishi lozim. Chunki bola onaga qarab ulg‘ayadi. Oilada ko‘rganini qiladi. Ona otani behurmat qilsa, farzandlar ham shunga o‘rganadi va butun jamiyat shunday degan fikrga boradi. So‘ngra uni nazorat qiluvchi kishi yo‘qligidan o‘zboshimchalikni o‘rganadi. Ustozu o‘qituvchilarning ko‘rsatmayu dakkilari ham kor qilmaydi. Shu bois otalar oilada ham boshqaruvchi, ham tarbiyachi ekanini unutmasdan, bolalarimizga ham shuni anglataylik!
Nafisa DO‘STMUHAMMAD tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 12-soni
http://hidoyatuz.taplink.ws