Alloh taolo Qur’oni karimda barcha mo‘minlarga o‘z toqatilariga yarasha kasb qilishni farz qildi:
فَإِذَا قُضِيَتِ الصَّلَاةُ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ وَاذْكُرُوا اللَّهَ كَثِيرًا لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
«Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringlar! Allohni ko‘p yod etingizlar, shoyad (shunda) najot topursizlar» (Jum’a surasi 10-oyat).
Rasululloh solallohu alayhi va sallam o‘zi sog‘lom bo‘la turib, ishlamaydigan kishi Alloh taolo yomon ko‘rishini quyidagicha bayon qildilar:
إنّ الله يُبغِضُ الصحيح الفارغ «Albatta Alloh taolo sog‘lom bo‘la turib, ishlamaydigan kishini yomon ko‘radi».
Halol kasb qilishga nafaqat oddiy insonlar hatto payg‘ambarlar ham buyurilgan. Bu haqda Alloh taolo Quo’oni karimda barcha payg‘ambar va mursalinlarga shunday xitob qiladi:
هُوَ الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ الْأَرْضَ ذَلُولًا فَامْشُوا فِي مَنَاكِبِهَا وَكُلُوا مِنْ رِزْقِهِ وَإِلَيْهِ النُّشُور
«U (Alloh) sizlarga yerni xoksor (bo‘ysunuvchi) qilib qo‘ygan zotdir. Bas, u (yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringlar va Allohning bergan rizqidan yenglar. Tirilib chiqish Uning huzurigadir» (Mulk surasi 15-oyat).
Alloh taolo mo‘minlarga halol kasbdan o‘zlariga nafaqa qilishga buyurib, quyidagicha marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَنْفِقُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا كَسَبْتُمْ وَمِمَّا أَخْرَجْنَا لَكُمْ مِنَ الْأَرْض
«Ey iymon keltirganlar, o‘zingiz kasb etgan va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz...» (Baqara surasi 268-oyat).
Hadisi quddusiyda يا عبدي يدَكَ أنزل عليك الرزق«(Alloh taolo) Ey bandam, qo‘lingni qimirlatgil, senga rizq nozil qilurman», deb marhamat qilingan.
Yuqoridagi oyat va hadislarning dalolatiga ko‘ra barcha payg‘ambar va mursalinlar ham ma’lum kasb bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Jumladan, Odam alayhissalom yerga bug‘doy ekib, sug‘orib va o‘rib olib, un qilib, non qilganlar. Nuh alayhissalom savdogarlik qilganlar. Iborhim alayhissalom bazzoz (gazmol sotuvchi) bo‘lganlar. Dovud alayhissalom sovut yasar edilar. Sulaymon alayhissalom zanbil to‘qir edilar. Idris alayhissalom kiyim tikar edilar. Zakariyo alayhissalom duradgor edilar. Bundan tashqari barcha payg‘ambarlar qo‘y boqqanlar.
Sahobai kiromlar ham ma’lum bir kasblarga mashg‘ul bo‘lganlar. Jumladan, Abu Bakr Siddiq roziyallohu taolo anhu bazzoz (gazmol sotuvchi) edilar. Umar rozyallohu taolo anhu terini oshlar edilar. Usmon roziyallohu anhu savdogar edilar. Ali roziyallohu anhu kotiblik va mardikorlik qilar edilar.
O‘z davrida Shom diyorining faqihi bo‘lgan Avzoiy rahmatullohi alayh Ibrohim ibn Adham rahmatullohi alayhni ko‘rdilarki, orqalarida bir ko‘tarim o‘tinni ko‘tarib kelib, uni sotib tirichilik qilur edilar. Avzoiy rahmatullohi alayh dedilar: «Qachongacha bunday kasbni qilursiz?» Ibrohim ibn Adham dedilar: «Jim turgil, batahqiq, hadisda kelibdir, kimiki halol taom talab qilish uchun har xil zalil (xor) bo‘ladigan joyda tursa, ul kishiga jannat vojib bo‘lgay».
Ammo ilmga mashg‘ul bo‘lgani jihatidan kasb qilmoqqa qodir bo‘lsa ham, kasb qilmay, ilm tahsil qilsa, ul tolibi ilmga sadaqa berish joizdir. Agar nafl namoz o‘qimoqqa va ortiqcha maxsus ibodatlardan o‘ziga lozim bo‘lmagan narsalarni qilishga mashg‘ul bo‘lgani jihatidan kasb qilmasa, ul kishiga nafl sadaqa berish makruhdir.
الكسب فرضٌ بقدرِ الكفاية لنفسِه وعَياَلِه وقضاءِ ديونِه
«Mo‘min kishi o‘zi, ahli ayoli uchun va qarzlarini ado qilmoq uchun kifoya qiladigan miqdorcha kasb qilmoq farzdir». «Al-Ixtiyor» kitobida naql qilinishicha, agar kasb qilmoqqa qudrati yetsa, kasb qilishi farzdir. Agar kasb qilmoqqa qudrati yetmasa, gadoylik qilgay. Zeroki, gadoylik kasblarning oxirgisidir. Hatto kasbga qodir bo‘lmagan biror kishidan taom so‘ramasdan, ochdan o‘lsa, gunohkor bo‘lgay.
Kasb qilmoqning savobi benihoyatdir. Zeroki, «al-Mug‘niyya» kitobida aytibdir:
من طلب الدنيا حلالا واستعفافا عن المسألة وسيعا على عياله وتعطُّفا على جاره جاء يوم القيامة ووجهه كالقمر ليلة البدر
“Kimiki gadoylik qilmoqdin va kishidan bir narsa so‘rashdan o‘zini tortib va ahli ayoliga nafaqa berish uchun harakat qilib va qo‘shnisiga mehribonlik qilmoqni niyat qilib, halol dunyoni talab qilsa, qiyomat kunida mahshargohga yuzi o‘n to‘rt kunlik oydek bo‘lgan holda kelgay”.
الكسب سنّة الأولياء وفيه ستر الحال
Kasb qilish valiylarning sunnatlaridir. Kasbda inson o‘z ahvolini yopmoq va sirini bildirmaslik bordir. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Rostgo‘y savdogar qiyomat kunida siddiqlar va shahidlar bilan bo‘lgay”.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Savdogarlik qilinglarki, xalqning rizqlari o‘n qismdir. To‘qqiz qismi savdogarlikdadir, ya’ni sotmoqda va olmoqdadir”.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimki kasb qilmay, savol (tilanchilik) eshigini o‘ziga ochsa, Alloh taolo unga muhtojlik va bechoralikning yetmish eshigini ochgay”.
Iso alayhissalom bir odamni ko‘rdilar, unga: «Nima ish qilursan?» dedilar. Ul kishi: «Ibodat qilurman», dedi. «Qaydan taom yersan?» dedilar. «Mening birodarim bordirki, taomimni ul tayyorlab turadi», dedi. Iso alayhissalom dedilar: «Senga taom berib turadigan birodaring sendin obidroqdir».
Hazrati Umar roziyallohu anhu dedilar: “Alloh taolo rizq beradi, deb, kasbdan qo‘llaringizni tortmanglar, Alloh taolo tilla va tangani osmondan yog‘dirmaydi”.
Luqmoni Hakim farzandiga quyidagicha vasiyat qildilar: «Kasbdan qo‘lingni tortmagil, kimiki xalqning muhtoji va bechorasi bo‘lsa, uning dini tang va aqli zaif bo‘lgay va uning muruvvati botil bo‘lgay hamda xaloyiq unga haqorat ko‘zi bilan qaragay».
ويُشغِلُ قلبَه بذكرِ الله تعالى خاصّة
Valiylar zotlar kasb qilib turgan vaqtida xossatan dilini Alloh taoloning yodiga mashg‘ul qilgay.
وإن اشتغل بطلب الزيادة لا يكون حراما ما لم يُردْ بِهِ الفخر والرياء
Agar inson dunyoni o‘z nafaqasidan va nafaqasi lozim bo‘lganlar nafaqasidan ziyoda talab qilmoqqa mashg‘ul bo‘lsa, harom bo‘lmaydi, modomiki u bilan faxr qilmoq va riyo kilmoqni xohlamasa.
وإنْ سَعَى تَكَاثُرًا أَوْ تفاخرًا فَهُوَ سبيلُِ الشّيطان
Agar dunyoni ko‘p qilib, manmanlik qilmoqqa va faxr qilmoqqa harakat qilsa, ul shaytonnig yo‘lidir.
عن ابن عبّاسٍ رضي الله عنهما أنَّه قال: الكسبُ الحلالُ أشدُّ منْ نقلِ الجبل إلى الجبل
Ibn Abbos roziyallohu anhumo dedilar: “Halol kasb qilish tog‘ni toqqa ko‘chirib olib bormoqdan ashad (qiyin)roqdir”.
“Tafsiru Charxiy” kitobida insonlar kasb qilishda uch qismga bo‘linshi quyidagicha zikr qilingan:
النَّاسُ ثلاثة: رجلٌ شغل معاشه عنْ معاده فهو منَ الهالكين، ورجلٌ شغل معاده عنْ معاشه فهو من الصابرين، ورجلٌ شغل معاشه لمعاده فهو من المقتصدين ولا يحصل الاقتصاد إلاَّ في طلبها بآداب الشريعة
“Odamlar uch qismdir, bir qismini tirikchilik ishi oxiratidan chalg‘itgay, bas u kishi halok va nobud bo‘lguvchilardandir. Yana bir qishiki oxirat ishi tirikchiligidan beparvo qilgay, bas, u kishi oxirat ishiga mashg‘ul bo‘lgan kishi najot topadiganlardandir. Va bir kishiki tirikchiligi oxirati ishi uchun bo‘libdir, bas, ul kishi muqtasidlardan, ya’ni to‘g‘ri yo‘ldan o‘rtacha yuradiganlardandir. Va dunyoni talab qilmoqda shariatning odoblari bilan yursa, to‘g‘ri yo‘lda o‘rtacha yurmoq hosil bo‘lgay”.
النَّاس في الكسب على خمسة مراتب: منهمْ منْ يرى الرزق من الكسبِ فهو كافرٌ ، منهمْ منْ يرَى الرزق من اللهِ ومن الكسب فهو مشركٌ، ومنهمْ منْ يرَى الرزق من الله تعالى ولا يدري أيعطيه أمْ لا فهو منافقٌ شاكٌّ، ومنهمْ منْ يرى الرزق من الله تعالى ويعطي اللهُ لأجل كسبه ولا يؤدّي حقّه كما أمر الله تعالى فهو مسيءٌ ، ومنهمْ منْ يرى الرزق من الله تعالى فيرى الكسب سببًا وأخرج حقّه ولا يعصي لأجل الكسبِ فهو من المخلصين
“Odamlar kasb qilishda besh martabada bo‘ladilar. Ularning ba’zilari rizqni kasbdan deb biladi. Rizqni kasbdan deb biluvchi, kofirdir. Ba’zi kishilar rizqni Alloh taolodan va kasbdan ko‘rgay. Bunday kishi mushrikdir. Ba’zilar rizqni Alloh taolodan deb biladi, lekin rizqni beradimi yo bermaydimi, deb gumon qilgay. Bunday shak qiluvchi kishi munofiqdir. Ba’zilar rizqni Alloh taolodan deb biladi va rizqni Alloh taolo kasb jihatidan ato qilur, deb e’tiqod qilgay, (ammo) Alloh taoloning amr qilganicha mol haqini ado qilmagay. Bas, ul kishi gunohkordir. Ba’zilari rizqni Alloh taolodan deb bilgay va rizqni kasbga sabab deb biladi va Alloh taoloning buyrug‘iga muvofiq mol haqini chaqirib bergay va kasbi jihatdan ibodatni tark qilib gunohkor bo‘lmagay. Bas, ul kishi mo‘min muxlislardandir”.
“Kofiy” nomlik asarda aytibdirki: “Ahli sunna val-jamoa ulamolarining nazdlarida, buyurilgan tavakkul shuldurki, kasbi asbob qilgay, undan keyin Xoliqi asbobga tavakkul qilgay, asbobga tavakkul qilmagay”.
فعلى العبدِ العبادةُ وعلى اللهِ الرزقُ
“Bas, bandaga ibodat qilmoq lozimdir va Alloh taborak va taolodan rizq bermoqdir”.
قال عليه الصلاة والسلام: من الذنوب لا يكفّر بها إلاّ الهمُّ في طلب المعيشة
“Payg‘ambar alayhissalotu vas-salom dedilar: “Ba’zi gunohlar borki, ularga tirichilik talabidagi g‘am-tashvishdan boshqa narsa kafforat bo‘lmaydi”.
Mo‘min kishi salafi solihlarning, ya’ni o‘tgan peshvolarning kasblarini ixtiyor qilgay, dehqonchilik, hammollik, nonvoylik, kiyim yuvmoq, kafsh tikmoq, cho‘ponlik qilmoq va kotiblik qilmoqqa o‘xshash.
Kotiblik ulamolarning va mashoyixi asfiyolarning kasblaridir, xususan Kalomi qadimni, ya’ni Qur’oni sharifni va Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning hadislarini yozish.
Mashhur tobein Sa’id ibn Musayyab dedilar: “Haloldan molni jam qilmagan odamda yaxshilik yo‘qdir, bas, ul moldan Alloh taoloning haqini ado qilgay va ul mol bilan obro‘yini saqlagay va ehtiyot qilgay”.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu dedilar: “Ey bechoralar jamosi, boshlaringni ko‘taringlar va savdogardik qilinglar, albatta, yo‘lga ko‘z tikkan va odamlarga muhtoj bo‘ladigan faqir bo‘lmanglar”.
Hazrati Umar roziyallohu anhu dedilar: “Kimiki dinda faqih bo‘lmasa, ya’ni savdo qilishning ilmini bilmasa, bozorda savdogarlik qilmasin”.
Hazrat Ali roziyallohu anhu dedilar: “Kimiki dinda faqih bo‘lmasdan ilgari savdogarchilik qilsa, batahqiq, sudxo‘rlikka giriftor bo‘libdir.
Ma’lumki, ibodat asosi luqmaning halolligigadir. “Hulyatul-avliyo” asarida keltiribdirki, ba’zi mashoyixlar aytibdilar: “Alloh taoloning yo‘li o‘n qismdir. Mazkur o‘n qismdan to‘qqis qismi halol rizqni talab qilish va bir qismi qolgan ishlardir. Mo‘min bandaga loyiq va munosib shulki, halol molni talab qilgay va harom va shubhadan tiyilgayki, ibodatning qabul bo‘lmog‘i taqvo bilandir, Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi:
“...Alloh faqat taqvoli kishilardan qabul qilur oyat” (Tavba surasi 27 oyat).
Kasb qiluvchi har kasb va hunarni o‘rgansa, Alloh taoloning farmonini ado qiladi va shariat amrlariga ehtiyot bo‘ladi, toki ul kasbdan hosil qilgan luqmasidan nur va safo paydo bo‘ladi va qilgan ibodatlarining lazzatini topadi va ul qilgan kasbidan barokat ko‘radi va ul kasbda dast bakor, dil bayor bilan mashg‘ul bo‘ladi. Kasb sababidan rizq berguvchi va tavfiq beradigan Alloh taolodir.
Ba’zi hukamolar dedilar: “Har vaqtiki, savdo qilguvchida uch xislat bo‘lmasa, ikki dunyoda muhtoj bo‘lgay. Avvali – tili uch narsadan pok bo‘lgay: yolg‘ondan, lag‘vdan, ya’ni, behudago‘ylikdan va qasamdan. Ikkinchi – dili uch narsadan sof bo‘lgay: yomon niyat, xiyonat va hasaddan. Uchinchi – uch narsaga doimiy e’tibor qaratmoq lozim: juma namoziga va jamoat bilan namoz o‘qimoqqa va ba’zi vaqtlarda ilm talab qilmoqqa va boshqa odamdan Alloh taoloning rizoligi va xursandligini ixtiyor qilmoqqa”.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimiki gunoh qiladigan joydan mol kasb qilib, sadaqa qilsa, yo ul topgan moli bilan xeshi aqrabosiga in’om va ehson qilsa, yo ul harom molni Alloh taoloning yo‘liga sarf qilsa, ul gunoh qiladigan joydan topgan molining hammasi jam qilinib, otash do‘zaxga tashlangay”.
Rivoyat qilinishicha Imron ibn Hasin rozyallohu anhu dedilar: “Ribodan yo rishvadan, ya’ni so‘dxo‘rlikdan yo poradan, yo g‘animat molni olmoqda xiyonat qilmoqdan, yo o‘g‘irlikdan mol topgan odamning hajini yo umrasini va jihodini, sadaqasini, qul ozod qilganini va nafaqasini Alloh taolo qabul qilmaydi”.
Faqih Abul Lays rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi, Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, bir non sadaqa qilganim yaxshiroqmi yo yuz rakat nafl namoz o‘qiganim yaxshiroqmi?” Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Ikki yuz rakat nafl namoz o‘qigandan sadaqa qilingan non yaxshiroq”.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, musulmon odamning hojatini ravo qilmoq yaxshiroqmi yo yuz rakat nafl namoz o‘qimoq yaxshiroqmi?” Payg‘ambar alayhissolatu vassalom dedilar: “Ming rakat nafl namoz o‘qigandan musulmonning hojatini ravo qilmoq yaxshiroq”.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, bir luqma harom taomni tark qilmoq yaxshiroqmi yo ming rakat nafl namoz o‘qimoq yaxshiroqmi?” Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Bir luqma harom taomni tark qilmoq ikki ming rakat nafl namoz o‘qigandan yaxshiroqdir”.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, g‘iybatni tark qilmoq yaxshiroqmi yoki ikki ming rakat namoz o‘qimoq durustroqmi?” Payg‘ambar alayhissalom dedilar: “O‘n ming rakat namoz o‘qigandan g‘iybatni tark qilmoq durustroq va yaxshiroqdir”.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasulalloh, sizga beva xotinning hojatini ravo qilgan yaxshiroqmi yo o‘n ming rakat namoz o‘qimoq?” Payg‘ambar alayhissolatu vassalom dedilar: “Beva xotinning hojatini ravo qilmoq o‘ttiz ming rakat nafl namozdan yaxshiroqdir”.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, siz uchun ahli ayolga nafaqa qilmoq yaxshiroqmi yo Alloh taoloning yo‘lida xarj qilmoq yaxshiroqmi?” Payg‘ambar alayhissolatu vassalom dedilar: “Alloh yo‘lida ming tilla sarf va xarajat qilgandan ahli ayolga bir tanga nafaqa qilmoq yaxshiroqdir”.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, sizga ota va onalarga yaxshilik qilmoq yaxshiroqmi yo ming yil ibodat qilmoq yaxshiroqmi?” Payg‘ambar alayhissolatu vas-salom dedilar: “Yo Anas, Haq keldi, ya’ni dini Islom va Qur’on keldi va shirk va shayton nobud bo‘ldi, albatta, botil va nohaq narsa yo‘q bo‘lguvchidir”. “Bas, ota-onaga yaxshilik qilmoq ikki ming yil ibodat qilgandan yaxshiroqdir”.
S. Primov
Albatta, Navoiy merosining qirralari va ufqlari g‘oyatda keng. Ammo asosiy jihati bu zot musulmon mutafakkiri bo‘lib, o‘z borlig‘ini va haqiqatini mana shunda ko‘rganligidir. Islom haqiqatlari uning butun merosiga mazmuniga singdirib yuborilganidan tashqari, bevosita din ilmlariga bag‘ishlangan asarlari ham yetarlicha. Jumladan, qirq hadis sharhiga bag‘ishlangan “Arba’in” risolasi ham shular jumlasidandir. O‘tmishda ko‘plab olimlar qirq hadis bitish va uni sharhlashga katta e’tibor qaratishgan va bu ish an’anaga aylangan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ayrim hadislarning birida shunday deyiladi:
“Kim ummatim uchun ularning dini borasidagi qirq hadisni saqlab yetkazsa, Alloh uni qiyomat kunida faqih va olim qilib tiriltiradi” (Imom Doraqutniy va boshqalar Mu’oz va Ibn Abbos roziyallohu anhumlardan rivoyat qilgan) (Suyutiy. Jam’ al-javome’. 21368-raqam).
Ta’kidlanidek, Abdurahmon Jomiyning “Chihil hadis” (Qirq hadis)ini Alisher Navoiy turkiyga tarjima qilgan. Shoirning niyati, asar muqaddimasida ta’kidlanganidek, “forsiydonlar idrok aylagan” qirq hadis mohiyatidan turkiyzabonlarni ham bahramand qilish edi. Bu hadislarni she’rga solishda esa barcha shoirlar ularning oson tushunilishini, yodda saqlanilishini ham nazarda tutganlar:
Forsiydonlar aylabon idrok,
Oriy (xoli) erdi bu naf’din atrok (turklar).
Istadimki, bu xalq ham bori
Bo‘lmag‘aylar bu naf’din oriy.
Navoiy o‘z asarini hadisi sharifning barcha uchun bo‘lgan ulkan ahamiyati haqidagi quyidagi go‘zal bayt va ma’nolar bilan boshlaydi:
Hamd angakim, kalomi xayrmaol
Qildi elga rasulidin irsol.
Ul rasuleki, ham kalomi fasih
Elga tegurdi, ham hadisi sahih,
To ulus jahldin xalos bo‘lub,
Ilm xilvatgahiga xos bo‘lub,
Chun tamug‘din (do‘zaxdan) najot topqaylar,
Uchmaq (jannat) ichra hayot topqaylar.
Jalla zikruh zihe ilohi rafi’,
Azza kadruh zihe rasuli shafi’.
Ana shu hadislar orasida Imom Termiziyning “Sunan” asarida keltirilgan bir qator hadislar ham o‘rin olganligi diqqatga sazovor. Jumladan, uning ilk hadisi shunday boshlanadi:
“Lo yu’minu ahadukum hatta yuhibbu li-axihi mo yuhibbu li-nafsihi”.
“Sizlardan hech biringiz toki o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsasini birodari uchun ham yaxshi ko‘rmagunicha mo‘min bo‘lmas”.
Ushbu hadisni Imom Buxoriy, Muslim, Nasaiy, Ibn Moja, Dorimiy va boshqalar bilan bir qatorda Imom Termiziy ham rivoyat qilgan bo‘lib, sahoba Anas roziyallohu anhudan naql etgan ushbu hadis haqida o‘zining “Sunan”ida (2515-raqam) deydi: “Bu sahih hadisdir”.
Alisher Navoiy ushbu ulug‘ hadisni shunday sharhlaydi:
Mo‘min ermastur, ulki iymondin
Ro‘zgorida yuz safo ko‘rgay,
Toki qardoshiga ravo ko‘rmas –
Har nekim o‘ziga ravo ko‘rgay.
Ikkinchi hadis ham boshqa ishonchli manbalar qatori Imom Termiziy “Sunan”idan joy olgan va uni sahoba Mu’oz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan (2521-raqam):
Man a’to lillahi va man’a lillahi va ahabba lillahi va abg‘aza lillahi faqadistakmala iymanahu.
“Kim Alloh uchun bersa, Alloh uchun man’ qilsa, Alloh uchun yaxshi ko‘rib, Alloh uchun yomon ko‘rsa, darhaqiqat, iymonini kamolga yetkazibdi”.
Imom Termiziy rivoyatida: “Alloh uchun nikohlansa...” degan ziyoda ham bor. Navoiy keltirgan ayni lafz esa Imom Abu Dovud “Sunan”ida uchraydi va Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilingan (Suyutiy. Jam’ al-javome’, 20166-raqam).
Demak, kishi oldi-berdi, yaxshi va yomon ko‘rish masalalarida o‘z havoyi nafsiga ma’qul bo‘lgan yo‘ldan borib, uni o‘lchov qilib olishi kishini adashtiradi, aksincha bu borada Haqning haqiqat mezonini o‘lchov qilganda yutuqqa erishadi, iymoni o‘shanda kamolotga yetgan hisoblanadi. Shulardan kelib chiqib, Navoiy deydi:
Kimgakim hubbu bug‘zu man’u ato
Haq uchun bo‘ldi jazm bil oni,
Kim erur tengri lutfidin komil
Ahli imon qoshida iymoni.
Uchinchi hadis ham Imom Termiziy “Sunan”ida mavjud bo‘lib, sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan (2627-raqam):
al-Muslimu man salimal-muslimuna min yadihi va lisonihi.
“Musulmon – qo‘li va tilidan musulmonlar salomat bo‘lgan kishidir”. Hadisning davomida deyiladi: “val-Mo‘min man aminahun-nas min ’ala dimaihim va amvalihim” – “Mo‘min esa odamlar undan qonlari va molu dunyolari borasida emin bo‘lgan kishidir”.
Ushbu hadisdan kelib chiqadiki, mo‘min-musulmonlik faqat da’vo qilish bilan bo‘lmaydi, balki uning samarasi ham lozim bo‘lib, bu uning nechog‘lik kamolot yetganiga bog‘liq. Ushbu dastlabki uch hadisda aynan shunga urg‘u berilgani iymon va Islom kishida faqat rasm-rusum sifatida qolib ketmasdan, balki uning haqiqati kishida namoyon bo‘lishi, shunda avvalo o‘zi, qolaversa boshqalar ham bu iymonidan bahra topishiga e’tibor qaratilmoqda. Zero, kishi birgina kalima bilan mo‘min-musulmon bo‘lishi mumkin, ammo uning haqqini butun umri davomida ado etishga doim urinishi lozim. Jumladan, birinchi uch hadisi sharifda kelgan ma’nolarga ko‘ra, o‘ziga ravo ko‘rganni birovga ravo ko‘rishi, oldi-berdi, yaxshi va yomon ko‘rish masalasida nafs xohishiga emas, haqiqatga ergashishi, odamlardan qo‘li va tili bilan yetadigan ozorlarini tiyishi shular jumlasidandir. Hatto Navoiy uchinchi hadis sharhida deydi:
Kim musulmonlig‘ aylasa da’vo,
Chin emas gar fido qilur jonlar.
Ul musulmondururki, solimdur.
Tiliyu ilgidin musulmonlar.
Demak, kishi hatto jonini fido qilguday bo‘lsa ham odamlarga ozor beruvchi va tajovuz qiluvchi bo‘lsa, iymon kamolotidan mahrum bo‘lishi mumkin. Chunki boshqa hadislarda kelganidek, odamlar orasidagi haqlar qiyomatda kechilmaydi va zulm ko‘rgan kishiga zulm qilganning savob amallaridan olib beriladi yoki zulm ko‘rganning gunohlaridan olinib, zulm qilganning bo‘yniga qo‘yiladi. Natijada hasrati ulkan bo‘ladi.
E’tiborli jihati, Navoiy ushbu hadislarning ishonchliligiga ham urg‘u berib, deydi:
O‘qug‘onda Buxoriyu Muslim
Qirq so‘z borcha shubhadin solim.
Ya’ni bu qirq hadis Imom Buxoriy va Muslim hamda shu kabi ulug‘ Imomlarning mo‘tabar hadis manbalaridan terib olinganki, ular shubhalardan salomatdir. Shuning uchun:
Bu kun o‘lsa hadislarga muti’,
Tongla bo‘lg‘ay muhaddis anga shafi’.
Ya’ni inson bunday ulug‘ so‘zlardagi yetuk va asl ma’nolarga bu dunyodagi tirikligida astoydil itoat etmog‘i kerakki, shoyadki buning sababidan ertaga qiyomat kunida ularni aytuvchi kishi – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shafoatlariga muyassar bo‘lsa va ikki dunyo g‘amidan najot topsa.
Bu rivoyatlarda kelgan ma’nolar inson hayoti uchun asosiy qadriyat va o‘lchovlar sifatida shakllanishi qanchalik muhimligi ko‘rinib turibdi. Navoiy bobomizning bularni nazmga solishlari esa uni bizga yanada yaqinroq qilishga xizmat qiladi va ma’nolarni teranroq anglashimizga sabab bo‘ladi.
Foydalanilgan manbalar:
Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. al-Jome’ al-kabir. VI. – Bayrut: Dor al-g‘arb al-islomiy, 1998. Birinchi nashr.
Jaloliddin Abulfazl Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy Qohiriy. Jam’ al-javomi’ al-ma’ruf bi-jami’ al-kabir. XXIV. – Azhar: Dor as-sa’oda lit-tiba’a, 2005. Yangi nashr.
Alisher Navoiy. Arba’in. Matnni nashrga tayyorlovchi Suyima G‘aniyeva. – Toshkent: Fan, 2000. – 32 b.
Jo‘rabek Cho‘tmatov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
katta ilmiy xodimi (PhD)