Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

2. BAQARA (sigir) SURASI. 26-27 OYATLAR

16.07.2020   3592   5 min.
2. BAQARA (sigir) SURASI. 26-27 OYATLAR

۞إِنَّ ٱللَّهَ لَا يَسۡتَحۡيِۦٓ أَن يَضۡرِبَ مَثَلٗا مَّا بَعُوضَةٗ فَمَا فَوۡقَهَاۚ فَأَمَّا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ فَيَعۡلَمُونَ أَنَّهُ ٱلۡحَقُّ مِن رَّبِّهِمۡۖ وَأَمَّا ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ فَيَقُولُونَ مَاذَآ أَرَادَ ٱللَّهُ بِهَٰذَا مَثَلٗاۘ يُضِلُّ بِهِۦ كَثِيرٗا وَيَهۡدِي بِهِۦ كَثِيرٗاۚ وَمَا يُضِلُّ بِهِۦٓ إِلَّا ٱلۡفَٰسِقِينَ٢٦

  1. Alloh chivin yo undan kattaroq narsani misol qilishdan uyalmaydi. Mo‘minlar bu misolning haqiqatan Parvardigorlari huzuridan ekanini bilishadi. Kofirlar esa: "Bu misoldan Allohning nima maqsadi bor?" deyishadi. Alloh bu bilan ko‘plarni adashtiradi va ko‘plarni hidoyatga yo‘llaydi. U bu bilan fosiqlarnigina zalolatga ketkazadi.

Qur’oni karimning ba’zi o‘rinlarida pashsha, o‘rgimchak, asalari kabi mayda hasharotlar misol qilib keltirilgan. Bunga kofir kimsalar e’tiroz bildirib: "Alloh nega bunday timsollarni keltiradi, agar bu Kitob Allohning vahiyi bo‘lsa, bunday arzimas narsalarni misol keltirmas edi", deyishadi. Yuqoridagi ikki oyat bilan ularning bu e’tiroziga javob berilgan. G‘ofil va johil kimsalar Qur’oni karimda chivin, o‘rgimchak, pashsha kabi mayda hasharotlar zikr etilganini ro‘kach qilib, uning ilohiy kalom ekanini shubha ostiga qo‘ymoqchi bo‘lishadi. Ushbu oyati karima ana shunday shubha-gumonda bo‘luvchilarga qarshi eng yaxshi isbot-dalildir. Abu Solih rivoyatida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Alloh taolo munofiqlar haqida ushbu ikki misolni keltirganida munofiqlar: "Alloh misollar keltirishdan ulug‘ va oliydir", deyishdi. Shunda Alloh ushbu oyatni nozil qildi". Hasan va Qatodalar bunday deyishgan: "Alloh Kitobida chivin, o‘rgimchaklarni zikr qilganida va mushriklar haqida misollar keltirganida, yahudiylar kulishib: "Bular Allohning kalomiga o‘xshamaydi", deyishdi. Shunda Alloh ushbu oyatni nozil qildi". Ibn Abbosning aytishicha: "Alloh mushriklarning ilohlarini zikr qilib: "Agar pashsha ulardan biror narsani tortib olsa (qaytarib ololmaslar)...", dedi va mushriklarning hiylalarini o‘rgimchak iniga o‘xshatdi. Shunda mushriklar: "Alloh Muhammadga (alayhissalom) nozil qilgan Qur’onda pashsha, o‘rgimchaklarni zikr qilganiga qaranglar, bu bilan Alloh nima demoqchi?" deyishdi. Shunda Alloh bu oyatni nozil qildi" (Aliy ibn Ahmad Naysoburiy. "Asbabun-nuzul", 14-15-betlar).

Mashhur olimlardan biri oddiygina chivinning mo‘jizaviy tuzilishi haqida bunday yozadi: "Odamlar chivinni zararli, faqat qon so‘rib yashaydigan hasharot deb o‘ylashadi. Bu noto‘g‘ri. Chivinlarning hammasi emas, faqat urg‘ochisi qon so‘radi. U ham bo‘lsa bu ishni qorin to‘ydirish uchun emas, qo‘ygan tuxumlarining qon oqsiliga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ya’ni naslini davom ettirish uchun qiladi. Chivinning rivojlanish jarayoni nihoyatda hayratlanarli. U zarradek qurtchadan to barkamol hasharotga aylangunicha quyidagi bosqichlardan o‘tadi: qon bilan oziqlantirib yetiltirgan tuxumlarini yozda va kuzda nam barglarga yoki sayoz ko‘lmaklar yuzasiga qo‘yadi. Ayrim chivinlar o‘rtacha uch yuztagacha tuxum qo‘yadi. Qator-qator oppoq tuxumlar ko‘p o‘tmay qoraya boshlaydi va naq ikki soat ichida ko‘mirga o‘xshab qorayadi. Uning qorayishi himoya vositasi bo‘lib, tuxumlarni qushlar va boshqa hasharotlar yeb ketishidan saqlaydi. Nihoyatda murakkab kimyoviy jarayonlardan so‘ng turli omillar ta’sirida oq tuxumlar qoraga o‘zgaradi. Bu jarayonni chivinlarning o‘zi yo‘lga qo‘yganiga yoki o‘z-o‘zidan paydo bo‘lganiga mutlaqo ishonib bo‘lmaydi. Chivinlarga bunday himoya vositasini Parvardigorning O‘zi ular yaratilgan paytdayoq ato etib qo‘ygan".

ٱلَّذِينَ يَنقُضُونَ عَهۡدَ ٱللَّهِ مِنۢ بَعۡدِ مِيثَٰقِهِۦ وَيَقۡطَعُونَ مَآ أَمَرَ ٱللَّهُ بِهِۦٓ أَن يُوصَلَ وَيُفۡسِدُونَ فِي ٱلۡأَرۡضِۚ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡخَٰسِرُونَ٢٧

  1. Bundaylar Alloh ahdini mahkam qilganidan keyin buzishadi, Alloh ulanishga buyurgan qarindoshlik rishtalarini kesishadi va yer yuzida buzg‘unchilik qilishadi, ana shular ziyonkorlardir.

Har bir bandaning Parvardigori bilan bog‘lagan ahdi bor, kofir va munofiqlar uni buzishadi. Inson qadri, e’zozini asrovchi omillardan biri ahdga, va’daga vafo qilishdir. Dinimizda va’daga vafo qilish vojib sanaladi. Va’dasini buzuvchilar ushbu oyati karimaga ko‘ra buzg‘unchi ziyonkorlar qatoridadir. Alloh taolo aytadi: "Yo‘q! Ahdiga vafo qiluvchigina Allohdan qo‘rqadi, Alloh albatta taqvodorlarni yaxshi ko‘radi". (Oli Imron, 76). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Va’daga vafosizlik munofiqlik alomatlaridan biridir", deganlar (Buxoriy rivoyati). Hazrati Aliy karramallohu vajhahuning Ashtar Naxa’iy Molik ibn Horisga maktublaridagi ushbu nasihatlari ham ahdga vafo qilishning ulkan ahamiyati borligiga dalildir: "Hatto dushmaningiz bilan bitim tuzgan yoki unga va’da bergan bo‘lsangiz, vafo qiling, so‘zingiz ustidan chiqing. Va’dangiz uchun jon fido qiling. Zero, insonlar aqidada bir-birlaridan farq qilishsa-da, va’daga vafo qilishning Alloh taolo farzlaridan so‘ng buyukligi haqida yakdil fikrdalar. Tuzgan ahdnoma va bergan va’dangizga aslo xiyonat qilmang!".

Yana Alloh taolo qarindoshlik aloqalarini ulashga buyurgan. Gumroh kimsalar xesh-aqrabolariga silai rahm qilmay, bu rishtalarni ham uzishadi. Yaqinlar holidan xabar olish, muhtojlarga yordam berish, qarindoshlar bilan ko‘rishib-suhbatlashib turish, ularga yordam ko‘rsatish va sovg‘a-salom ulashish «silai rahm» deyiladi. Yaqindagi qarindoshni borib ziyorat qilish, uzoqdagisi maktub yozish yoki telefon qilib so‘zlashish silai rahmdir. «Silai rahm umrni uzaytiradi», degan hadisi sharif bor. Silai rahmning aksi rahm-marhamat rishtalarini uzishdir. Bu holat islomiy burch-vazifalarga zid keladi.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Fotiha surasi duosi

9.01.2025   2803   1 min.
Fotiha surasi duosi

Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV