Bulg‘or islom akademiyasi (Rossiya) O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda Komiljon Rahimovning «Xo‘jagon Naqshbandiya tariqati va yetti pir» nomli monografiyasi rus tilida nashr qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi manbasiga asoslanib.
Komiljon Rahimov – tasavvuf ilmi bo‘yicha yetuk mutaxassis, olim hisoblanadi. Olim mazkur tadqiqotda tariqat asoschisi Xo‘jagon-Naqshbandiyning hayoti va faoliyati, Abduxoliq G‘ijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha bo‘lgan dastlabki yetti pir hayoti va faoliyati haqida batafsil to‘xtalgan. Shuningdek, tariqatning paydo bo‘lishi va tarqalish tarixi, uning g‘oyaviy va ilmiy asoslari haqida aniq, ilmiy asoslangan tadqiqot natijalarini taqdim etgan.
Tadqiqotchi, tariqatlar paydo bo‘lishidan oldin, VIII – XI asrlardagi Markaziy Osiyo tasavvuf tarixi to‘g‘risida ma’lumot bergan. Bu bilan, Markaziy Osiyoda Xo‘jagon-Naqshabandiya tariqatining paydo bo‘lishi tasodifiy emasligini va uning tarixiy asoslari mavjudligini isbotlab beradi.
Falsafa doktori Komiljon Rahimovning ushbu monografiyasi ma’naviy-ma’rifiy meros borasida izlanishning tarixiy tajribasini ro‘yobga chiqarishda, MDH mamlakatlari xalqlari islomiy merosining ko‘p asrlik an’analarini tiklash va rivojlantirishga ijobiy hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.
Monografiya Markaziy Osiyo tasavvufi Xo‘jagon-Naqshbandiyaga qadar bo‘lgan davrda, Xo‘jagon-Naqshbandiya tariqati (oltin silsila, Xo‘jagon-Naqshbandiya tariqatining paydo bo‘lishi va tarqalishi), yetti pir (Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband) boblaridan iborat.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 15 iyul kuni imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil qilish bo‘yicha Sirdaryo viloyati Xovos tumanida navbatdagi amaliy tadbir o‘tkazildi. Namunaviy-amaliy tadbir yig‘ilishi mazkur tumandagi "Xovos" jome masjidida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov yig‘ilishga boshchilik qildi. Shuningdek, vakillik xodimlari, tuman, shahar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilar, mahallalardagi “Haj – 2025” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan hududdagi 20 ta mahalladagi 120 ta xonadon holidan xabar olindi. Jumladan, nogironligi bor xonadonlar, notinch oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qamrab olindi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati