frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Internetda tarqalgan xabarlarga MUNOSABAT

16.07.2020   13628   6 min.
Internetda tarqalgan xabarlarga  MUNOSABAT

 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.

Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu salomlar yo‘llaymiz.

 

O‘tgan kuni “azon.uz” saytida “Shamsiddinxon Boboxonov” bosmaxonasi va “Movarounnahr” nashriyoti faoliyati to‘g‘risida e’lon qilingan maqolaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z munosabatini bildiradi.

Xabaringiz bor, joriy yilning boshida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “Shamsiddinxon Boboxonov” nomli bosmaxona ta’sis etilgan edi. Uni tashkil qilingani to‘g‘risida qariyb ikki yildan buyon matbuotda xabar berib kelinadi. Jumladan, 2019 yil 19 sentyabrda “Muftiy hazrat yangi qurilish ishiga duo berdi”, 28 oktyabrda “Muftiy hazrat bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi” nomli maqolalar e’lon qilingan. Joriy yili esa bosmaxona tomonidan chop etilayotgan “Vabo insonlar uchun bir sinov” kabi kitoblar taqdimoti orqali mazkur bosmaxona haqida televideniya va bosma nashrlarda bir necha bor xabar berib kelinmoqda.

Mazkur bosmaxonani qurishdan maqsad, birinchidan, O‘zbekiston musulmonlari idorasining davriy nashrlari, shuningdek tizimda faoliyat yuritayotgan diniy soha xodimlarining ijodiga mansub asarlar, kitoblar, qo‘llanmalarni chop etishni osonlashtirish, ikkinchi tomondan esa, Diniy idoraning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash edi. Soha vakillari nashr ishlaridan tushadigan foydaning salmoqli qismi bosmaxonalar hissasiga to‘g‘ri kelishini yaxshi tushunishadi.

Ushbu bosmaxonani qurish, zarur texnika va uskunalar sotib olish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan investitsiya mablag‘lari yo‘naltirildi. Natijada, mazkur korxona joriy yil boshidan shu kungacha sarflangan xarajatlarning qariyb uchdan bir qismini qopladi. Shuningdek, mablag‘lar maqsadli sarflanishi orqali moliyaviy tejamkorlikka ham erishildi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning bahor faslida O‘zbekiston musulmonlari idorasining davriy nashrlarini chop etish o‘z vaqtidan biroz kechikdi. Bu holat respublikada pandemiya sabab e’lon qilingan fors-major holati bilan bog‘liq bo‘lib, bosmaxona xodimlari ham boshqa fuqarolar singari karantinga rioya etgan holda uyda qoldilar. Hozirgi kunda karantin talablari asosida ish-faoliyat joriy etilgan. Gazeta va jurnallarni mushtariylarga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Movarounnahr” nashriyoti va “Shamsiddinxon Boboxonov” bosmaxonasining ta’sischisi sifatida mazkur korxonalarning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun istiqbolli rejalarni amalga oshirish, shu jumladan, xo‘jalik yuritish shaklini o‘zgartirish va yo‘naltirish kabi huquqlarga ega.

Nashriyotni bosmaxona tarkibiga qo‘shib yuborish orqali “Shamsiddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyini qayta tashkil etishdan asosiy maqsadlar quyidagilar hisoblanadi:

- bosma mahsulotlar tayyorlashning to‘liq majmui va yagona boshqaruvini joriy etish. Bu mahsulot sifatini tushirmagan holda umumiy ish jarayonini tezlashtirish va ishlab chiqarish unumdorligini oshiradi;

- chop etilayotgan mahsulotlarga nashriyot va bosmaxona tomonidan ikki marta ustama narx qo‘yilishini bartaraf etish;

- doimiy va yirik miqdordagi buyurtmachilar bilan ishlashda muntazam hamkorlikni o‘rnatish va kelishuv asosida narxlarni belgilash;

- nashriyot va bosmaxonaning qo‘shimcha xarajatlarini kamaytirish, ortiqcha mehnat sarfini qisqartirish. Jumladan, buxgalteriya, iqtisod, marketing va ombor kabi shtatlarni maqbullashtirish;

- bosma mahsulotlar tayyorlash ishini tezlashtirish, jumladan, tahrirlash, sahifalash, sayqallash, bezaklash va chop etish kabilarni  tizimlashtirish;

- marketing va reklama ishlarini jadal olib borish;

- hujjatlar aylanmasini soddalashtirish;

- bank xizmat haqi va soliq yukini qisqartirish (masalan, ikki tashkilotdan emas, balki bir tashkilotdan soliq to‘lash);

- nashriyot va bosmaxona o‘rtasidagi o‘zaro manfaatlar to‘qnashuvi borasida yuzaga keladigan salbiy omillarni bartaraf etish;

- moliya-xo‘jalik sarflarini tejash;

- O‘MI tizimida faoliyat yuritayotgan soha vakillarining ijodiga mansub mahsulotlarni chop etish ishini osonlashtirishdir.

Ayni kunlarda “Movarounnahr” nashriyoti “Shamsiddinxon Boboxonov” bosmaxonasi tarkibiga qo‘shib yuborish orqali qayta tashkil etilayotgan “Shamsiddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish bosqichlari davom etmoqda. Shuningdek, Fuqarolik kodeksining tegishli moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonuni talablari asosida to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish va mazkur jarayonni amalga oshirish uchun tanlangan “Qo‘shib yuborish”ga tayyorgarlik tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, “Movarounnahr” nashriyoti zimmasidagi barcha shartnomaviy burch va majburiyatlar, xususan, obunachilarga nashrlarni o‘z vaqtida yetkazish vazifasi yangi tashkil etilayotgan korxona zimmasida bo‘lishi alohida belgilab qo‘yilgan. Mazkur tartibotlar mukammal tarzda yakuniga yetgandan so‘ng yangi korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlar Davlat xizmatlari agentligiga taqdim etiladi. Matbaa-ijodiy uyi ishlab chiqaradigan mahsulotlarga “Movarounnahr” MCHJning vorisi sifatida “Movarounnahr” savdo belgisi qo‘yilishi loyiha hujjatlarida mavjud. Ya’ni, “Movarounnahr” savdo belgisi (brendi) saqlab qolinadi va amaliyotda qo‘llanishi davom etadi.

Mazkur o‘zgarishlar har jihatni hisobga olib, iqtisodiy bilim va tadbirkorlikka oid qonun hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda.

E’lon qilingan maqolalarda izoh beriladigan yana ikki masalaga e’tibor qaratamiz. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi ikki tashkilotni birlashtirishda “qo‘shib yuborish” amaliyotini qo‘llashning boisi mazkur shakl muddat va iqtisodiy jihatdan (yangi tashkilot ochish hisob raqamlarni tugatish, yangilarini ochish, barcha shartnomalarni yopish va boshqalar bilan bog‘liq) maqsadga muvofiq ekani hisoblanadi. Ayni vaqtda nashriyotda ham, bosmaxonada ham inventarizatsiya o‘tkazilgan.

Shuningdek, “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari, “Islom nuri” gazetasi O‘zbekiston musulmonlari idorasining davriy nashrlari sifatida chop etib kelinmoqda. Matbaa-ijodiy uyini tashkil etish ushbu tahririyatlarning hozirgi faoliyatiga va ijodiy erkinliklariga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, aksincha ijobiy nuqtayi nazardan muvofiqlashtirib boriladi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida yaxshi niyatlar va yirik loyihalar ila xo‘jalik yurituvchi korxona sifatida ish boshlayotgan “Shamsiddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyi xalqimiz va dinimiz manfaatlari yo‘lida xizmat qilishi uchun ayni pallada, muhtaram jurnalist, bloger, ijod ahli va soha mutaxassislarining xolis fikrlari, albatta o‘z o‘rnidagi tanqid va takliflarini samimiy qabul qilamiz.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatini rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlarini yoritishga doir maqolalarni tayyorlashda Diniy idora Matbuot xizmati yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilamiz.

Haq taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam aylasin.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident tabrigi Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda o‘qib eshittirildi

30.07.2026   9465   1 min.
Prezident tabrigi Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda o‘qib eshittirildi

Bugun, 30 iyul kuni Toshkent shahrida Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Davlat rahbarining qutlovini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov yetkazdi.


Prezident o‘z tabrigida ushbu ayyom yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik kabi ezgu qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi. Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil yashab, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani eng katta boyligimiz ekani qayd etildi.


Tabrikda “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan g‘oya asosida millatlararo munosabatlar sohasi yangi bosqichga ko‘tarilgani aytib o‘tildi. Bugungi kunda yurtimizda 153 ta milliy madaniy markaz va 36 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda, ta’lim 7 tilda olib borilib, OAVda 12 va 14 tillarda ko‘rsatuv va nashrlar yo‘lga qo‘shilgan.


Shuningdek, davlat rahbari madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida professional «Do‘stlik» ansamblini tashkil etish hamda «Alisher Navoiy» telekanalini yangi formatda yo‘lga qo‘yish rejalarini ma’lum qildi.


Tabrik yakunida Prezident yurtimizdagi tinchlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini asrab-avaylash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini uqtirib, sihat-salomatlik va ezgu ishlarda ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Prezident tabrigi Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda o‘qib eshittirildi Prezident tabrigi Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda o‘qib eshittirildi
O'zbekiston yangiliklari