وَبَشِّرِ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَعَمِلُواْ ٱلصَّٰلِحَٰتِ أَنَّ لَهُمۡ جَنَّٰتٖ تَجۡرِي مِن تَحۡتِهَا ٱلۡأَنۡهَٰرُۖ كُلَّمَا رُزِقُواْ مِنۡهَا مِن ثَمَرَةٖ رِّزۡقٗا قَالُواْ هَٰذَا ٱلَّذِي رُزِقۡنَا مِن قَبۡلُۖ وَأُتُواْ بِهِۦ مُتَشَٰبِهٗاۖ وَلَهُمۡ فِيهَآ أَزۡوَٰجٞ مُّطَهَّرَةٞۖ وَهُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ٢٥
Ushbu oyat mo‘minlar haqida nozil bo‘lgan. Shungacha kofirlarga beriladigan jazolar haqida zikr qilinganidan keyin Alloh taolo endi mo‘minlarga tayyorlab qo‘ygan mukofotlarini bayon etadi. Imon keltirgan va solih amallar qilgan mo‘minlarni oxirat dunyosida ostidan anhorlar oquvchi jannat bog‘lari, xushta’m mevalar va pokiza xotinlar kutyapti. Jannat mevalari ko‘rinishda dunyodagi mevalarga o‘xshasa ham, har qaysi mevaning alohida mazasi bo‘ladi. Jannat xotinlari hayz va nifos kabi zohiriy odatlardan, badxulqlik va itoatsizlik kabi botiniy ayblardan pok bo‘lishadi. Jannatda o‘lim yo‘q, unda hayot abadiydir.
Jannatda ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan, insonning xayoliga ham kelmagan ne’matlar mo‘minlarning bu dunyoda qilib o‘tgan amallariga mukofot sifatida yashirib qo‘yilgan. Odamlarda tasavvur hosil qilish uchun ularning bir ko‘rinishi bu dunyodagi ne’matlarga o‘xshatib Qur’oni karimda sifatlangan: jannat ahllari baland-baland so‘rilarda, hamma yoqqa to‘shab qo‘yilgan gilamlarda, saf-saf qilib tizilgan yostiqlarga yonboshlab olib, tayyorlab qo‘yilgan qadahlardagi sharbatlarni huzur qilib sipqorishadi. Tikonsiz butazorlarda, tizilgan bananzorlarda, yoyiq soya ostida, oqar suv bo‘yida, tugamaydigan, yetishish oson bo‘lgan mevalarni istagancha uzib olishadi. Jannat mevalarini uzish oson bo‘lishi uchun daraxtlarning shoxlari egib qo‘yilgan, jannatiylar tik turgan holda ham, o‘tirib yoxud yotib yesa ham qiynalishmaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning havzlari (ulkan hovuzlari), sutdan oq, qordan sovuq, asaldan shirin, mushk-anbardan ham xushbo‘y bo‘lgan Kavsar hovuzidan jannat suvini oladi. Bunga erishganlarning chehralari ne’mat xursandligi bilan to‘la, ular dunyo hayotida qilgan ishlari (imonlari, ixloslari, taqvolari, ibodatlari, solih amallari)dan rozidirlar. Chunki ular nozu ne’matlari oliy darajali jannatdadirlar. Bu dunyoda Alloh yo‘lida turli mashaqqat va yo‘qchiliklarga sabr qilib o‘tganlari uchun endi jannatda ularga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik hayoti nasib bo‘lib turibdi. Jannatda eng oliy ne’mat Alloh taoloning jamolini ko‘rish hisoblanadi. Faqih Abu Lays Samarqandiyning aytishlaricha, kim bu ne’matlarga yetishishni xohlasa, besh narsada bardavom bo‘lishi kerak: 1. Nafsini gunohlardan qaytarishi kerak. 2. Dunyoda berilgan ozgina ne’mat bo‘lsa ham, unga rozi bo‘lishi kerak. Xabarda rivoyat qilinishicha, jannatning qiymati dunyoni tashlashdir. 3. Toat-ibodatlarga qattiq yopishishiga intilishi kerak. O‘sha toatlar mag‘firat va jannatning vojibligi uchun bir sabab bo‘lib qoladi. 4. Yaxshilik ahllarini va solihlarni do‘st tutishi, sevishi, ular bilan qo‘shilib ketishi, ular bilan o‘tirishi kerak bo‘ladi. Albatta, ulardan bittasining gunohlari kechirilsa, do‘stlariga va og‘aynilariga shafoatda bo‘ladi. Hadisi sharifga ko‘ra, «Do‘stlarni ko‘paytiringlar. Albatta, qiyomat kunida har bir birodar uchun shafoat qilish bordir». 5. Duoni ko‘paytirishi lozim. Alloh taolodan jannat bilan rizqlantirishni va uning oxirini yaxshilikka olib borishni so‘rash kerak”. Yahyo ibn Mu’oz Roziy aytadi: «Dunyoni tark etish qiyin, jannatni tashlash undan ham qiyinroq. Albatta, jannatning mahri dunyoni tashlashdir». Abu Hozimdan qilingan rivoyatda shunday deyilgan: «Agar dunyodagi yaxshi narsalarni tark etib, shu bilan jannatga kirish mumkin bo‘lsa, bu narsalar jannatga yetishish yo‘lida yengillik bo‘ladi. Agar do‘zaxdan qutulish uchun dunyoning barcha musibatlarini ko‘tarishga to‘g‘ri kelsa, bu tomondan yengillik bo‘ladi. Endi mingta yaxshi ko‘rgan narsangdan bittasini tashlab jannatga kirsang-u, senga makruh bo‘lgan narsadan bir bo‘lagini olib do‘zaxga kirsang, qanday bo‘ladi?!»
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan anjuman doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Misr Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy, islom olamidagi nufuzli tashkilot Musulmon donishmandlar kengashi Bosh kotibi Muhammad Abdussalom hamda Ozarbayjon diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Ramin Alamshah o‘g‘li Mamedov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik hamda allomalar merosini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda alohida qonun, qaror va maxsus farmonlar qabul qilingani, jamiyatimizda turli diniy konfessiyalar vakillari orasida ahil-inoqlik yanada mustahkamlangani va mo‘min-musulmonlar toat-ibodat qilishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi.
Martabali mehmonlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yil sayin rivoj topib borayotganini ta’kidlashdi. Bugungi murakkab davrda mana shunday xalqaro hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish va anjumanlar tashkil etishning ahamiyati katta ekaniga urg‘u qaratildi.
Uchrashuvda tomonlar ilmiy tadqiqot, diniy ta’lim, zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va diniy soha xodimlari malakasini oshirish kabilarda hamkorlik qilishni kengaytirishga kelishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati