"Hudhudning ajoyib xususiyatlari"
Hudhud o‘z juftiga vafodor qush. Hayotida faqat bir marta oila quradi. Jufti vafot etgan taqdirda ham undan keyin boshqa oila qilmaydi. U o‘z juftini tumshug‘ida unga daraxtning yaprog‘i yoki birorta hashorat yohud qurt taqdim etish orqali tanlaydi. Boshidagi chiroyli tojisini yoygan holatda juftining roziligini olish uchun mahr sifatida unga taom tortiq qiladi. Agar jufti tumshug‘i bilan taomni yesa, demak bu rozilik alomati. So‘ngra juftini uning uchun qurgan iniga olib boradi. Ko‘pincha in daraxtning kovagida bo‘ladi. Agar in juftiga yoqsa juftlik hayoti boshlanadi. Jufti beshtadan yettitagacha tuxum qo‘yadi. Polaponlar tuxumdan chiqqach, ikkisi navbat bilan bolalarini taomlantiradi.
Hudhud o‘z juftiga vafoli qush sanaladi. Agar ozuqa yoki suv bor joyni topsa, qichqirib juftini chaqiradi. Taomni faqat jufti kelgandagina u bilan baham ko‘radi. Agar juftini yo‘qotib qo‘ysa, qichqirib uni topgunicha axtaradi. Agar jufti vafot etsa, vaqti-vaqti bilan uni qumsab, birga parvoz qilib yurgan joylariga borib qichqiradi.
Hudhudning tanasining oltidan biriga teng keladigan tumshug‘i bo‘lib, u yerdagi hasharot va qurtlarni osonlik bilan topadi. Hudhudning boshqa qushlarda mavjud bo‘lmagan sezish qobiliyati mavjud bo‘lib, u yer osti suvlarini sezadi. Sulaymon payg‘ambar yer osti suvlarini izlab topishda hudhudning ushbu sezish qobiliyatidan foydalanar edi. Suv bor yerga ishora qilsa Sulaymon a.s. jinlarga o‘sha yerni qazishga farmon berar va suvni topishar edi. Shuning uchun uning zamonaviy ismi - suv injeneridir.
Hudhud minglab kilometrga yetadigan masofani charchoqsiz, chanqamay va ochiqmay uchib o‘ta oladi. Bir davlatdan ikkinchi davlatga to‘xtovsiz uchib o‘tishga qodir. Qur’oni karimda uning Falastindan Yamandagi Sabo o‘lkasiga safar qilgani zikr etilgan. Men senga Sabo o‘lkasidan aniq xabar keltirdim, deb Sulaymon payg‘ambar bilan bo‘lgan qissada ko‘plab voqealar keltiriladi.
Hudhud azon aytilayotgan, namoz o‘qilayotgan va Qur’oni karim tilovat qilinayotgan vaqtda qichqirmay tinch turadi. Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. Allohdan boshqaga ma’lum bo‘lmagan yana ko‘plab sir asrorlari borligi uchun hudhudni o‘ldirishni harom qilganlar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD