O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent islom instituti qayta tiklash va zarur hollarda uzoq yillar oldin diniy ta’lim muassasasini tamomlab, diplom olmagan shaxslarga diplom berish masalalari bo‘yicha ishchi guruh 2020 yil 15 iyuldan 5 avgustga arizalar qabul qilishini e’lon qiladi.
Talabalar o‘qishini qayta tiklash va diplom berish O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2019 yil 2 oktyabrdagi 01A/152-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari talabalarini o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va talabalar safidan chetlatish to‘g‘risida” Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, o‘qishni qayta tiklash va diplom berish jarayonini tashkil etishda Toshkent islom instituti tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh Nizomga muvofiq 2020 yil 15 iyuldan 5 avgustga qadar bo‘lgan muddatda hujjatlarni onlayn rejimda @aloqa_mahadbot telegram boti orqali qabul qiladi.
O‘qishni qayta tiklash va diplom olish istagini bildirgan (uzok yillar oldin institutni tamomlab, diplom olmagan) fuqarolardan quyidagi hujjatlar talab etiladi:
– institut rektori nomiga ariza;
– o‘qigan davridagi reyting daftarchasi nusxasi;
– pasport nusxasi.
Zarur hollarda qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:
– Toshkent islom instituti tomonidan berilgan ma’lumotnoma (faqat o‘qishni tugatib, diplom olmaganlarga berilgan);
– Fuqarolarning o‘zini qo‘lida mavjud bo‘lgan (o‘qiganini tasdiqlovchi) asosli boshqa hujjatlar.
ESLATMA
Ishchi guruh ko‘rib chiqilgan va yetarli asosga ega bo‘lgan hujjatlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Maxsus komissiyasiga taqdim etadi. O‘z navbatida Maxsus komissiyasi arizalarni 10 avgustdan 25 avgustga qadar ko‘rib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
O‘qishdan chetlatilganligiga 5 yildan ortiq muddat bo‘lgan shaxsning o‘qigan davridagi fanlar bilan amaldagi o‘quv rejadagi fanlar bo‘yicha farqlar 4 tadan oshgan taqdirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Maxsus komissiyasi bir semestr yoki bir kurs pastga qayta tiklash bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin.
Fuqarolarning o‘qigan davri uchun o‘quv shaklidan qat’i nazar, talabalar safiga qayta tiklash kunduzgi ta’lim shakliga to‘lov-kontrakt asosida ruxsat etiladi.
Talabalar o‘qishini qayta tiklash va diplom berish jarayonida arxiv hujjatlar to‘liq bo‘lmagan yoki ularga o‘zgartirishlar kiritilgan, shuningdek, ma’lumotlar o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanmagan holatlarda ishchi guruh fuqarolar murojaatini rad etadi.
Ishchi guruh 2020 yil 15 iyuldan 5 avgustga qadar soat 10:00 dan 17:00 gacha faoliyat yuritadi.
Murojaat uchun telefon: (71) 227-42-37.
Mas’ul: U.Bahodirxonov (99) 410-00-10.
Shu yil 12-13 avgust kunlari Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida "Sun’iy intellekt asrida diniy ulamolarning o‘rni" mavzusida konferensiya o‘tkazilmoqda.
Anjuman Misrning Darul-Ifto tashkiloti, Butun dunyo fatvo idoralari va institutlari Bosh kotibiyati tomonidan Prezident Abdul Fattoh as-Sisiy homiyligida tashkil etilgan.
Xalqaro anjumanda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan muftiylar, vazirlar, ulamolar va axborot texnologiya mutaxassislari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdullatif domla Tursunov ishtirok etmoqda.
Joriy yilgi 10-xalqaro fatvo konferensiyasini ochib bergan Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod hazratlari yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirish barobarida mavzu bo‘yicha nutq so‘zladi.
Anjuman davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham mavzu yuzasidan chiqish qilish asnosida mamlakatimiz aholisining diniy ehtiyojlarini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, Fatvo markazi faoliyati haqida ma’lumot berdilar.
Shuningdek, mamlakat vaqflar vaziri doktor Usama Al-Azhariy, Jazoir Din ishlari va vaqflar vaziri doktor Yusuf Belmahdiy, Abu-Dabidagi Islom ishlari va vaqflar umumiy boshqarmasi raisi, doktor Umar Al-Deray, Islom hamkorlik tashkilotining Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Sano, Falastin Bosh sudyasi va Falastin Prezidentining Din ishlari bo‘yicha maslahatchisi doktor Mahmud Sidqiy Al-Habbash va boshqalar so‘zga chiqdi.
Anjumanda notiqlar raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt davrida fatvo berishdagi muammolar, shariat va zamon talablari o‘rtasidagi muvozanatga erishish yo‘llari to‘g‘risida ma’ruza qilish barobarida mavzu yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati