Bugun, 27 sentyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladilar.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar'iy masalalar, masjidlar qurish, oilaviy munosabatlar, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o'rganilib, mas'ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
Bugungi qabul davomida Farg'ona, Andijon, Sirdaryo, Buxoro, Horazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridan kelgan har bir fuqaroning muammo va takliflari eshitilib, ularning echimi bo'yicha amaliy choralar ko'rildi.
E'tiborlisi, bir necha o'n yillardan buyon izlanishlari natijasida Asqar Abidov tomonidan ishlab chiqilgan “Moziydan sado” nomli shajara loyihasi va tariqat silsilasining oltin zanjiri asoschilari va davomchilari nomli ko'rgazma asarlari namoyish etildi. Shuningdek, muallif mazkur sohani rivojlantirish bo'yicha o'z fikr va mulohazalarini bildirish barobarida faoliyatlari taraqqiy etishini so'rab duo oldi.
Ana shunday qabul jarayonlari O'zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi