Cavol: “Allohumma antas-salaam...” zikrini asr namozi kabi ortida sunnat namozlari bo'lmagan farzlardan keyin ham aytiladimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Ha, aytiladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu zikrni qilganlari haqidagi hadislarda birorta namoz istisno qilinmagan. Balki mazkur zikr barcha namozdan keyin aytilganiga ishora qiladi. Bu haqda Hanafiy olimlardan Alouddin Kosoniy rahimahulloh “Badoi'us sanoi'” nomli kitobida quyidagilarni zikr qilganlar:
“Imom salom berib namozni tugatgach, agar shu o'qigan namozi bomdod va asr kabi ortida sunnat namozi yo'q bo'lsa, xohlasa turib ketadi. Hohlasa, joyida o'tirib, duolar bilan mashg'ul bo'ladi. Chunki bu ikki namozdan keyin o'qiladigan sunnat namoz yo'q. Shunday ekan, duo qilib o'tirishining zarari yo'q. Oisha roziyallohu anhodan qilingan rivoyatda “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozdan forig' bo'lgach, “Allohumma antas salaam va minkas salaam tabarokta yaa Zal Jalali val Ikrom”, der edilar”.
“Maroqul faloh” kitobida ushbu ma'lumotlarni ko'rishimiz mumkin:
“Imom namozini tugatgach, xohlasa, vird(zikr)larini o'tirib, xohlasa turib aytadi. Uch marta istig'for aytadi. Keyin ushbu hadisda kelgan zikrni aytadi:
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni tugatgach, uch marta istig'for aytib, keyin “Allohumma antas salaam va minkas salaam tabarokta yaa Zal Jalali val Ikrom”, der edilar”(Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboralardan ma'lum bo'ladiki, mazkur zikr barcha farz namozdan keyin aytiladi. Agar farz namozning ortidan sunnati ham bo'lsa, ushbu zikrni qilish bilan kifoyalanadi va sunnat namozni ado etishga turadi. Agar ortidan sunnati bo'lmagan namoz bo'lsa, ushbu va boshqa zikrlarni qilib o'tirishi joiz. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi.
Shu yil 12-13 avgust kunlari Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida "Sun’iy intellekt asrida diniy ulamolarning o‘rni" mavzusida konferensiya o‘tkazilmoqda.
Anjuman Misrning Darul-Ifto tashkiloti, Butun dunyo fatvo idoralari va institutlari Bosh kotibiyati tomonidan Prezident Abdul Fattoh as-Sisiy homiyligida tashkil etilgan.
Xalqaro anjumanda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan muftiylar, vazirlar, ulamolar va axborot texnologiya mutaxassislari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdullatif domla Tursunov ishtirok etmoqda.
Joriy yilgi 10-xalqaro fatvo konferensiyasini ochib bergan Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod hazratlari yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirish barobarida mavzu bo‘yicha nutq so‘zladi.
Anjuman davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham mavzu yuzasidan chiqish qilish asnosida mamlakatimiz aholisining diniy ehtiyojlarini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, Fatvo markazi faoliyati haqida ma’lumot berdilar.
Shuningdek, mamlakat vaqflar vaziri doktor Usama Al-Azhariy, Jazoir Din ishlari va vaqflar vaziri doktor Yusuf Belmahdiy, Abu-Dabidagi Islom ishlari va vaqflar umumiy boshqarmasi raisi, doktor Umar Al-Deray, Islom hamkorlik tashkilotining Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Sano, Falastin Bosh sudyasi va Falastin Prezidentining Din ishlari bo‘yicha maslahatchisi doktor Mahmud Sidqiy Al-Habbash va boshqalar so‘zga chiqdi.
Anjumanda notiqlar raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt davrida fatvo berishdagi muammolar, shariat va zamon talablari o‘rtasidagi muvozanatga erishish yo‘llari to‘g‘risida ma’ruza qilish barobarida mavzu yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati