Bugun, 8 iyul erta tongda Toshkent shahridagi Olmazor tumanida joylashgan “Mevazor” jome masjidi yangi binosi bunyod etilishi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov boshchiligidagi ulamolar va mutassaddi vakillar tashrif buyurdilar.
– Bugungi zamon talablariga to‘la javob beradigan masjid barpo etildi, – deydi masjid imom-xatibi Rahimjon domla Marhumov. – Buning uchun Prezidentimiz boshchiligidagi barcha rahbarlarga, uning qurilishiga hissa qo‘shgan barcha kishilarga tashakkur bildiramiz.
Avval “Mevazor” mahalliy jome masjidi 120 kishiga mo‘ljallangan kichkina bir xonaqoh va uch kishiga mo‘ljallangan tahoratxonadan iborat edi. So‘nggi yillarda diniy sohada erkinliklar bo‘lgani tufayli namozxonlari ko‘payib, masjidimiz torlik qilib qolgan edi. Shu bois mahalla faollari bilan birga masjidni yangitdan qayta qurishga ruxsat olindi va hashar yo‘li bilan qurilish boshlab yuborildi. Yaqinda ushbu masjid qurilish ishlari yakunlandi.
Alhamdulillah, hozirda masjidimizda 1 500 nafar namozxonlar ibodatlarni bekamu ko‘st ado etish imkoniga ega bo‘ldilar. Masjidning bitta minorasi bo‘lib, uning uzunligi 30 metrni tashkil etadi. Shuningdek, 30 kishiga mo‘ljallangan tahoratxona ishga tushdi. Imom-xatib, noiblarga, mutavaliy, qarovulga muljallangan 5-6 ta ma’muriy binolari bor. Bundan tashqari, masjidning alohida kutubxonasi bor. Ayollar uchun namozxona va tahoratxona alohida qurilgan. Yer to‘lada ham namoz o‘qiladi. Unga kirib chiqadigan uchta katta eshik bor. Masjid binosida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha barcha jihatlar inobatga olingan.
Muftiy hazratlari ushbu mo‘jaz masjidga tashriflari davomida uning faoliyati yuzasidan muhim tavsiyalar berdilar va ushbu masjidning qiyomatga qadar mo‘min-musulmonlarga xizmat qilishini so‘rab xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati