وَمِنَ ٱلنَّاسِ مَن يَقُولُ ءَامَنَّا بِٱللَّهِ وَبِٱلۡيَوۡمِ ٱلۡأٓخِرِ وَمَا هُم بِمُؤۡمِنِينَ٨
Lekin shunday odamlar ham borki, ular Allohga va qiyomat kuniga ishonganlarini aytishadi, biroq aslida bunga ishonishmaydi. Bular aslo mo‘min (ishonuvchi) sanalmaydi. Bu oyati karima Avs va Xazraj qabilasi munofiqlari haqida tushgan. Hozirda ham bunday odamlarni ko‘p uchratish mumkin. Ayrimlarimiz "Birorta ishim Allohga ma’qul kelib qolar" deymizu, Allohni rozi qilish uchun U buyurgan amallarni, amrlarni bajarishga shoshilmaymiz. Gunoh nima, savob nima – yaxshi ajratamizu ammo tarozuning osiylik, gumrohlik pallasiga yuk bosaveramiz. "Sen avval qalbimga boq, balki o‘sha namozxonlaringdan mening qalbim o‘n chandon tozaroqdir" deb safsata sotamizu ammo Islom faqat yaxshi xulq, toza vijdondangina iborat bo‘lmasligini tushungimiz kelmaydi. Musulmon bo‘lish uchun "men ham musulmonman" deyishning o‘zi kifoya emasligini tan olmaymiz. Bir kuni Yaratganning o‘zi insof berib qolar, degan o‘y bilan ruhning oromi emas, nafsning xohishi yo‘lida, osiylik changalzorlarida kezamiz. Hazrati Usmon ibn Afon roziyallohu anhuning "Jahannam azobini bilgan holda gunoh qilavergan kishidan hayratdaman" degan gaplarini esdan chiqarganmiz.
Musulmonlik, mo‘minlik da’vosini qilamiz, ammo qalblarimiz ibodatdan ko‘ra dunyo vasvasalariga, hayot lazzatlariga moyilroq. Qanchalab musulmonning peshonasi sajda ko‘rmagan, Allohni tanimagan. Ramazon oyida mo‘min bandalar yeyish-ichish va dunyo lazzatlarini tark etib, ibodat va zikrullohni ko‘paytirayotganlarini, masjidlarda bo‘layotgan Qur’on tilovatiyu amru ma’ruf, nahyi munkar, ilm majlislarini ko‘rib ham tosh qalblari erimaydi, jaholatdan qutula olmaydi.
Ko‘plarimizning musulmonlik da’vomiz bor. Ammo halqumlarimiz halol-haromni, birovning haqqini ajratmaydigan, iflosliklardan parhez qilmaydigan bo‘lib qolgan. Bozorlarimizda tarozi va boshqa o‘lchovlarda urib qolish, molining aybini berkitib, yomonini yaxshi deb sotish, yolg‘on qasam ichish, xiyonat va aldamchilik urfga kirib bo‘lgan. Kishilar o‘rtasidagi munosabatlarda tovlamachilik, qarz olib qaytarmaslik, riboxo‘rlik, poraxo‘rlik, firibgarlik tobora urchib borayotgani ham bor gap. Dunyoga mukkamizdan ketib, nafsimiz jilovini butunlay qo‘yib yuborganmiz... Mo‘minlik da’vosini qilsak-da, ammo axloq-odobimiz izdan chiqqan: aroqxo‘rlik, bangilik, fahsh-buzuqliklar, zino, dayuslik, munofiqlik kabi illatlar hayotimizga tobora kirib kelyapti. Farzandlariga tarbiya berishi, ularni imon-e’tiqod va ezgulikka chorlashi kerak bo‘lgan kattalarning o‘zlari islomiy tarbiyaga ko‘proq muhtojlar. Xorijdan beijozat yopirilib kelayotgan jirkanch "madaniyat" yo‘liga to‘siq qo‘yish o‘rniga o‘zimizni uning iflos quchog‘iga otyapmiz... Musulmonlik da’vosidamiz, biroq o‘tmishdan meros qolgan xudobexabarlik, dahriylik qoldiqlari qalbimiz, dunyoqarashimizdan batamom chiqib ketgani yo‘q. Qur’oni karim ogohlantirayotganiday, bundaylar o‘zini tuzatmasa, chin mo‘min bo‘la olmaydi.
يُخَٰدِعُونَ ٱللَّهَ وَٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَمَا يَخۡدَعُونَ إِلَّآ أَنفُسَهُمۡ وَمَا يَشۡعُرُونَ٩
Munofiqlar bu ikkiyuzlamachiliklari bilan Allohni va mo‘minlarni boplab aldadik, deb xomtama bo‘lishmasin. Ular faqat o‘zlarini aldashyapti, lekin buni sezishmaydi. Qur’oni karim bunday ogohlantiradi: "Haqiqatan munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘lishadi, holbuki Alloh ularning o‘zlarini «aldab» qo‘yuvchidir". (Niso, 142). Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Do‘zax ahli besh toifadir", dedilar va ulardan biriga: "tong otsa ham, kech kirsa ham seni ahli oilang va molu dunyoing borasida aldamoqchi bo‘ladigan kimsa", deb ta’rif berdilar. (Muslim rivoyati). Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan qilingan yana bir rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Aldoqchi, minnatchi va baxil jannatga kirmaydi", deganlar (Termiziy rivoyati). Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Mo‘min sodda, ulug‘ bo‘ladi, fojir esa makkor, xor bo‘ladi", deganlar" (Termiziy, Abu Dovud rivoyati).
فِي قُلُوبِهِم مَّرَضٞ فَزَادَهُمُ ٱللَّهُ مَرَضٗاۖ وَلَهُمۡ عَذَابٌ أَلِيمُۢ بِمَا كَانُواْ يَكۡذِبُونَ١٠
Abul Oliya bunday deganlar: "Oyatdagi "marazun", ya’ni kasallik "shak, shubha" demakdir, undan keyingi "fazadahumullohu marazan" – Alloh taolo ularning shak-shubhalarini yanada ziyoda qildi, degan jumla qolganlarga bir ibratdir". Kasallik ikki xil: qalb kasalligi va badan kasalligi bo‘ladi. Qalb kasalligiga shubha va gumon kasalliklari, shahvat va zalolat xastaliklari kiradi. Ushbu oyati karimada ana shu qalb kasalliklaridan shubha-gumon va kibr haqida so‘z bormoqda. Kofir va mushrik kimsalar qalblaridagi shunday xastaliklari tufayli Allohga ham, Uning Payg‘ambariga ham, u keltirgan haq dinga ham hamisha shubha-gumon bilan qarashar edi. Ularda oldin ham Islomga, uning Payg‘ambariga va mo‘minlarga nisbatan shirk, hasad, shubha va kibr kasalliklari bor edi. Islom dini yoyilib, ravnaq topganidan keyin bu xastaliklari kuchayganidan-kuchaydi, xolos. Alloh taolo ularning ana shu kasallik sababli yolg‘onchilik qilishgani, haqiqatni yolg‘onga chiqarishgani uchun qiyomatda qattiq azoblashi inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatdir.
وَإِذَا قِيلَ لَهُمۡ لَا تُفۡسِدُواْ فِي ٱلۡأَرۡضِ قَالُوٓاْ إِنَّمَا نَحۡنُ مُصۡلِحُونَ١١
Agar ularga Yer yuzida fasod tarqatib, odamlar orasiga dushmanlik solmanglar, buzg‘unchilik qilmanglar, deyilsa, ular: "Yo‘q, bizlar buzg‘unchilik qilmaymiz, aslida islohchilar, ya’ni tuzatuvchilarmiz, faqat ikki firqa - mo‘minlar va ahli kitoblar orasini isloh qiluvchilarmiz", deyishadi. Ibn Kasir tafsirida zikr etilishicha, Salmon Forsiy roziyallohu anhuning rivoyatlariga ko‘ra, “bu oyatda zikr etilganlar o‘sha paytda hali kelmagan ekan”. Bunday toifalarning ko‘plari Asri saodatdan keyin paydo bo‘lib, Yer yuzida buzg‘unchilik va fitnalarni ko‘paytirib yuborishdi, turli buzg‘unchilik va makr-hiylalar bilan ko‘plab begunoh musulmonlarning halokatiga sabab bo‘lishdi hamda bu qilmishlari bilan Islomga tuzalmas jarohatlar va zararlar yetkazishdi.
أَلَآ إِنَّهُمۡ هُمُ ٱلۡمُفۡسِدُونَ وَلَٰكِن لَّا يَشۡعُرُونَ١٢
Alloh taolo mo‘minlarni ogohlantiryaptiki, faqat ana shu munofiqlar buzg‘unchilar ekanini yaxshi bilib olinglar, lekin ular o‘zlarining buzg‘unchiliklarini sezishmaydi. Yer yuzida buzg‘unchilik qilib yurish, kishilar o‘rtasida fitna-fasod urug‘larini sochish, din niqobi ostida begunoh odamlarga zulm qilish, ular joni va moliga tajovuz etish insoniyatga qarshi qaratilgan eng mudhish jinoyatlardir. Terror, buzg‘unchilik, zulm, urushlar, odamlarning jabr-sitam ko‘rishlari va xo‘rlanishlariga sabab bo‘luvchi boshqa barcha tajovuzkorliklarni dinimiz qoralagan. Alloh taolo mo‘minlarga tinchlik va adolat o‘rnatishni, odamlar orasini isloh etishni, barchaga birday yaxshilik va ezgulik qilishni buyurgan, har qanday zo‘ravonlik va buzg‘unchilikni taqiqlagan. Said ibn Masruq Munzirdan rivoyat qiladi: “Dahaqlik kishilar Ibn Mas’udnikiga kelishdi. Boshqalar ularning zaif, rangi siniqqan bir ahvolda ekanini ko‘rib ajablanishdi. Shunda Ibn Mas’ud shunday dedi: “Darhaqiqat, sizlar kofirni jismi sog‘lom, qalbi xasta holida ko‘rasiz. Mo‘minlarga yo‘liqar ekansiz, ularning qalbini sog‘lom, jismini esa zaif holda ko‘rasiz. Allohga qasam, jismingiz qanchalar sog‘lom bo‘lmasin, qalbingiz xasta ekan, Alloh nazdida siz mitti qo‘ng‘izdan ham haqirroqsiz”.
وَإِذَا قِيلَ لَهُمۡ ءَامِنُواْ كَمَآ ءَامَنَ ٱلنَّاسُ قَالُوٓاْ أَنُؤۡمِنُ كَمَآ ءَامَنَ ٱلسُّفَهَآءُۗ أَلَآ إِنَّهُمۡ هُمُ ٱلسُّفَهَآءُ وَلَٰكِن لَّا يَعۡلَمُونَ١٣
Bular munofiqlar jamoasi edi, ular kibrlari va kaltabinliklari tufayli Islomni qabul qilishni or bilishardi. Haqiqatda abadiy saodatni rad qilib, foniy dunyo rohatini ko‘zlash eng mudhish aqlsizlikdir, nodonlikdir. Barcha zamon va makonlarda bo‘lgani kabi, hozirgi paytda ham kibrga borib, dunyo lazzatlaridan mahrum bo‘lmaslik uchun Allohga va Uning haq Payg‘ambariga imon keltirishni or sanab yurgan, hidoyat yo‘llarida yurishni istamayotgan gumrohlar yo‘q deysizmi? Bunday munofiq kimsalar ustlarida o‘zlarini musulmon qilib ko‘rsatishsa ham, aslida ularning dilida marazi va g‘arazi bo‘lgani uchun Islomga va musulmonlarga hamisha dushmanlik qilishadi. Nafslari va shayton vasvasasiga uchib, Alloh taoloning haq yo‘lidan chekinib ketishadi. Shaytonga murid bo‘lganlarning quloqlariga payg‘ambarning da’vat va iltijolari aslo aslo kirmaydi. Ko‘zlari Alloh taolo har qadamda ko‘rsatib qo‘ygan ibrat, mo‘jizalarni ko‘rmaydi. Noqis aqllari Alloh dinining, Alloh shariatining isbot talab etmaydigan oliy haqiqatlarini ilg‘ab olishga yaramaydi. Ular bu dunyoning jurmu isyonlariga g‘arq bo‘lib, oxiratni esdan chiqarishadi. Arzimas martaba yoki matoh deya rahbarlariga sajda qilishadiyu, ammo butun olamlarning Egasi, zaminu koinotning haqiqiy Xojasi, barcha mavjudotlarning Yaratuvchisi bo‘lmish buyuk Zotga ibodat qilishga, Uning amr-farmonlarini bajarishga erinishadi, or qilishadi, beparvo bo‘lishadi. Munofiqlikdan ortiq nodonlik, bundan ziyod gumrohlik, bundan-da osiylik bormi?!
وَإِذَا لَقُواْ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ قَالُوٓاْ ءَامَنَّا وَإِذَا خَلَوۡاْ إِلَىٰ شَيَٰطِينِهِمۡ قَالُوٓاْ إِنَّا مَعَكُمۡ إِنَّمَا نَحۡنُ مُسۡتَهۡزِءُونَ١٤
Munofiqlar shunchalik ikkiyuzlamachilik qilishadiki, mo‘minlarga duch kelib qolishsa: "Bizlar ham sizdanmiz, imon keltirganmiz" deb tilyog‘lamalik qilishadi. O‘zlarining shaytonlari (boshliqlari) bilan xoli qolganda esa: "Biz ularni mo‘min bo‘ldik, deya laqillatib, ustlaridan kulyapmiz, xolos", deya maqtanishadi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo bunday rivoyat qiladi: "Bu oyat Abdulloh ibn Ubay va uning hamrohlari xususida bo‘lib, bir kuni ular ketishayotganida oldilaridan Rasuli akramning sahobalaridan bir guruhi chiqib qoldi. Shunda Abdulloh ibn Ubay hamrohlariga: "Hozir manavi ahmoqlarga qanday muomala qilishimni ko‘rasizlar", dedi va borib Abu Bakr Siddiqning qo‘lidan tutdi-da: "Ey Siddiq, Bani Tamim (qabilasi) ulug‘i, Islom shayxi, g‘orda Rasululloh bilan birga bo‘lgan kishi, xush kelibsiz!" dedi. Keyin Umar ibn Xattobning qo‘lidan ushlab: "Ey Bani Adiy (qabilasi) ulug‘i, ey Foruq, Alloh dinida jasoratli kishi, Rasulullohga moliyu jonini bag‘ishlagan kishi, xush kelibsiz!" dedi. Keyin hazrati Alining qo‘lidan tutib: "Ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amakilarining o‘g‘li, kuyovlari, Bani Hoshimning Payg‘ambardan keyingi ulug‘i, xush kelibsiz!" dedi. Sahobalar ketishganidan so‘ng Abdulloh hamrohlariga: "Nima qilganimni ko‘rdingizmi? Agar siz ham ularga duch kelib qolsangiz, xuddi shunday qilinglar", dedi. Hamrohlari uni maqtashdi. Musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, bu xabarni yetkazishdi. Shunda Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi".
ٱللَّهُ يَسۡتَهۡزِئُ بِهِمۡ وَيَمُدُّهُمۡ فِي طُغۡيَٰنِهِمۡ يَعۡمَهُونَ١٥
Nodon va gumroh imonsizlar qilmishlari bilan dinni va mo‘minlarni masxara qilishga behuda urinmasinlar, Alloh ularning o‘zlarini masxara qilib qo‘yadi. Ularning zalolat va kufr yo‘llarida adashib-uloqib yurishlariga muhlat berib qo‘yganining o‘zi eng katta masxaradir. Qiyomat kuni kelganida ular naqadar og‘ir yo‘qotish qilganlarini anglab, dod-voy solishadi, ammo unda bari kech bo‘ladi, tavbalar, nadomatlar eshigi taqa-taq yopilgan bo‘ladi. Bu dunyoda musulmonlar ustidan kulib yoki Islom dini muqaddasotlarini masxara qilib yurganlarni Alloh taolo shu dunyoning o‘zidayoq qattiq jazolab qo‘yganiga hamma guvoh bo‘lyapti, ularni oxiratda kutib turgan og‘ir jazolar haqida gapirmay qo‘yaqolaylik, ularga beriladigan azoblarga biror maxluq dosh bera olmaydi.
أُوْلَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ ٱشۡتَرَوُاْ ٱلضَّلَٰلَةَ بِٱلۡهُدَىٰ فَمَا رَبِحَت تِّجَٰرَتُهُمۡ وَمَا كَانُواْ مُهۡتَدِينَ١٦
Munofiqlar ikkiyuzlamachi kimsalar bo‘lib, musulmonlar orasida yurganda musulmon bo‘lib olishadi, kofirlarga qo‘shilishsa, kofirga aylanishadi. Ular shu tariqa musulmonlarni ermak qilmoqchi bo‘lishadi, aslida Alloh taolo ularning o‘zlarini ermak qilib qo‘yganidan bexabarlar. Haqiqiy gumrohlar, ziyonga uchraganlar ularning o‘zlaridir. Munofiqlar xususida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning bir necha hadisi shariflari bor. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Munofiqning belgisi uchtadir: gapirsa yolg‘on so‘zlaydi, va’da bersa bajarmaydi, omonatga xiyonat qiladi", deganlar (Buxoriy rivoyati); Ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Sarvari olam alayhissalom: "Kimda ushbu to‘rt narsa bo‘lsa, u to‘la munofiqdir, bordiyu bittasi bo‘lsa, uni tashlamagunicha nifoq ko‘rinishlari unda bo‘lib turadi: omonatga xiyonat qilish; yolg‘on gapirish; va’daga subutsizlik va tortishuvda fojirlik qilish", deganlar (Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.
Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.
Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.
Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.
Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.
Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.
Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.
Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:
وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا
“Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.
Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:
تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه
“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati), deganlar.
Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ
“Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).
Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.
Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.
Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.
Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi. Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.
Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.