Gunohlaringiz kechirilishini, solih amallaringiz ko‘payishini va yuksak darajalarga erishishni xohlaysizmi? Sog‘-salomat, xotirjam bo‘lish, qalb halovatiga yetishishni istaysizmi? Solih farzandlar, halol mol-davlat va keng rizqni-chi? Kim ham istamaydi?.. Unda ko‘p istig‘for aytishni odat qiling. Zero, bu Alloh taoloning buyrug‘i: “Rabbingizdan mag‘firat (kechirim) so‘rang, so‘ngra Unga tavba qiling, shunda (U) sizlarni ma’lum muddat (ajallaringiz oxiri)gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur...” (Hud, 3). Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tavsiya etadilar: “Kim istig‘forni chinakamiga, doimiy aytsa, Alloh unga har bir torlikdan chiqishni, har bir g‘amdan qutulishni nasib qiladi. Uni o‘ylamagan joyidan rizqlantiradi” (Abu Dovud rivoyati).
Istig‘for aytish hamma vaqt joiz, gunoh ishlar qilinganida, vojib bo‘ladi. Solih amallardan so‘ng mustahab sanaladi. Masalan, namozdan keyin uch marotaba aytiladigan istig‘for kabi.
Istig‘for aytishning bir necha turlari bo‘lib, eng ulug‘i “Sayyidul istig‘for” duosidir. Shaddod ibn Avsdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Istig‘forning sayyidi “Allohumma, anta Robbiy. La ilaha illa anta. Xolaqtaniy va ana ’abduk. Va ana ’ala ahdika va va’dika, mastato’t. A’uzu bika min sharri ma sona’t. Abuu laka bini’matika ’alayya va abuu bi zanbiy. Fag‘firliy, fainnahu la yag‘firuz zunuba illa ant”, demog‘ingdir. Kim uni ishonch bilan nahorda aytsa-yu, o‘sha kuni kech kirishidan oldin o‘lsa, jannat ahlidan bo‘ladi. Kim uni ishonch bilan tunda aytsa-yu, o‘sha kechasi tong otishidan oldin o‘lsa, jannat ahlidan bo‘ladi”, dedilar».
Ushbu duoning ma’nosi bunday: “Yo Alloh, Sen Rabbimsan! Sendan o‘zga iloh yo‘q. Meni yaratding va men Sening bandangman. Qodir bo‘lganimcha Senga bergan ahdimda va va’damda turibman. Sendan qilmishlarimning yomonligidan panoh tilayman. Menga bergan ne’matingni e’tirof qilaman. Gunohlarimni ham tan olaman. Meni mag‘firat qil. Albatta, Sendan o‘zga gunohlarni mag‘firat qilguchi yo‘q”.
Istig‘for aytish uchun kishi gunoh qilgan bo‘lishi shart emas. Istig‘for marg‘ub amal bo‘lib, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ma’sum bo‘lsalar ham, doim aytganlar. Ibn Umardan rivoyat qilingan hadisda: «Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) bir majlisda yuz marta “Robbig‘firliy va tub ’alayya innaka antat Tavvabur Rohiym”,deb aytganlarini sanadik», deyiladi.
Istig‘for barcha mo‘minlar, xossatan, ayollar ko‘p aytishi lozim bo‘lgan ishlardandir. Chunki bir rivoyatda: «Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) ayollarga: “Ey ayollar jamoasi, sadaqa bering va istig‘for aytishni ko‘paytiring. Chunki do‘zax ahlining ko‘pchiligi ayollar ekanini ko‘rdim”, deganlari aytilgan. Shunda bir oqila ayol: “Nima uchun do‘zax ahlining ko‘pi biz ayollardan bo‘ladi?” deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “La’natni ko‘p aytasizlar va erlaringizga ko‘p noshukrlik qilasizlar. Men sizlardan ko‘ra aql va dinda noqis bo‘laturib, aqllilar ustidan g‘olib keluvchilarni ko‘rmadim”, deb javob berganlar. Haligi ayol: “Aqli va dini noqis deganingiz nima?” deb so‘raganida, u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Ikki ayolning guvohligi bir erkak guvohligiga teng bo‘lishi aqli noqisligidir. Hayz va nifos qoni ko‘rganida namoz o‘qimasligi dini noqisligidir”, deb aytdilar».
Istig‘forning foydalari: shaytonni quvadi, Alloh roziligiga yetkazadi, g‘am-tashvish, mehrsizlik, shafqatsizlikni ketkazadi, xursandchilik keltiradi, yuzni nurli etadi, rizqni kengaytiradi, bandani Allohning muhabbatiga yetishtiradi, U zotga yaqin qiladi, qalbni poklaydi. Istig‘for yomonliklardan to‘sadi, qalbga xotirjamlik, qanoat baxsh qiladi, vaqtga baraka kirishiga sabab bo‘ladi.
O‘MI matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Bismillahir Rohmanir Rohim
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Alloh taologa behisob shukrki, Sizning bevosita tashabbuslaringiz va sa’y-harakatlaringiz bilan haj amallarini yuqori saviyada tashkil etishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz.
Bunday e’tibor va ehtiromni biz hojilar chin yurakdan his etib, yaratilgan barcha qulayliklar uchun Sizga chuqur minnatdorlik izhor etamiz.
Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.
Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.
Alloh taoloning bayti joylashgan muqaddas zaminda – Mino, Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdamiz.
Sizni vaqt ajratib, muborak haj ziyorati uchun yaratilgan sharoitlar va salomatligimiz haqida so‘raganingiz hamda har kuni holimizdan xabardor bo‘lib turganingiz ibodat bilan yurgan biz hojilarni cheksiz darajada mamnun etdi.
Bunday e’tibor va ehtiromni Saudiya Arabistonining mutasaddilari ham yuqori baholab, Siz Janobi Oliylariga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar.
Muborak maskanlarda har bir ziyoratchi Sizning g‘amxo‘rligingizni yurakdan his qilib, ko‘zlarida yosh bilan duolar qilayotganini alohida aytib o‘tmoqchiman.
Sizga aytadigan yana bir xabarimiz, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yurtimizning diniy soha vakillari hamda ziyoratchilari tomonidan mavsum davomida Qur’oni karim 10 ming marotaba xatm qilinib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilindi.
Hurmatli Prezident, Siz yaratib bergan imkoniyatlardan ruhlanib, o‘zbekistonlik hojilar yurtga qaytganimizdan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Sizga ko‘makchi bo‘lmoqchimiz.
Siz boshchiligingizda yurtimizda tinchlikni mustahkamlash, xalqimizning ma’naviyatni yuksaltirish, ayniqsa yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, kerak bo‘lsa dunyoni egallashi kabi masalalar eng ustuvor vazifaga aylandi.
Shunday ekan, biz hojilar yurtimizga qaytgach, quyidagi ishlarni amalga oshirmoqchimiz:
– ona-Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, aholi orasida tinchlik-osoyishtalikni qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarga targ‘ib etish;
– kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilmni qadrlash va ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish;
– to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yoriylikka amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish;
– kiyinishda va muomalada oddiylik va kamtarinlikka amal qilish, dabdababozlik, isrofgarchilik, maishatbozlik kabi illatlardan yiroq bo‘lishni targ‘ib qilish;
– yoshlarni muvaffaqiyatlarga faqat o‘qib-o‘rganib, ilm bilan erishish mumkinligini o‘rgatish;
– ustozlar, o‘qituvchi va murabbiylarga doimo ehtirom ko‘rsatish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga ko‘mak berish;
– mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;
– hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish;
– xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish.
Barcha hojilarimiz yurtimizga qaytgandan so‘ng ushbu tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga va’da beramiz.
Zero, jonajon Vatanimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz shonu shuhrati Siz aytganingizdek yoshlarimiz qo‘lidadir. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, yuksak taraqqiy etgan davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan barcha ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz.
Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:
“Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,
Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!
Biz, 15 ming hoji duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Sizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, olib borayotgan barcha ishlaringizda madadkor bo‘lishini so‘rab iltijolar qilyapmiz.
Alloh taolo butun dunyo mo‘min-musulmonlariga Qurbon hayitini muborak aylasin, tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!
Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!
Hurmat va kamoli ehtirom ila,
O‘zbekiston hojilari,
Makka shahri Arafot vodiysi,
2025 yil 5 iyun