Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446

Zikrlarning darajasi ulug‘i

06.07.2020   2781   3 min.
Zikrlarning darajasi ulug‘i

Gunohlaringiz kechirilishini, solih amallaringiz ko‘payishini va yuksak darajalarga erishishni xohlaysizmi? Sog‘-salomat, xotirjam bo‘lish, qalb halovatiga yetishishni istaysizmi? Solih farzandlar, halol mol-davlat va keng rizqni-chi? Kim ham istamaydi?.. Unda ko‘p istig‘for aytishni odat qiling. Zero, bu Alloh taoloning buyrug‘i: “Rabbingizdan mag‘firat (kechirim) so‘rang, so‘ngra Unga tavba qiling, shunda (U) sizlarni ma’lum muddat (ajallaringiz oxiri)­gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur...” (Hud, 3). Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tavsiya etadilar: “Kim istig‘forni chinakamiga, doimiy aytsa, Alloh unga har bir torlikdan chiqishni, har bir g‘amdan qutulishni nasib qiladi. Uni o‘ylamagan joyidan rizqlantiradi” (Abu Dovud rivoyati).

Istig‘for aytish hamma vaqt joiz, gunoh ishlar qilinganida, vojib bo‘ladi. Solih amallardan so‘ng mustahab sanaladi. Masalan, namozdan keyin uch marotaba aytiladigan istig‘for kabi.

Istig‘for aytishning bir necha turlari bo‘lib, eng ulug‘i “Sayyidul istig‘for” duosidir. Shaddod ibn Avsdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Istig‘forning sayyidi “Allohumma, anta Robbiy. La ilaha illa anta. Xolaqtaniy va ana ’abduk. Va ana ’ala ahdika va va’dika, mastato’t. A’uzu bika min sharri ma sona’t. Abuu laka bini’matika ’alayya va abuu bi zanbiy. Fag‘firliy, fainnahu la yag‘firuz zunuba illa ant”, demog‘ingdir. Kim uni ishonch bilan nahorda aytsa-yu, o‘sha kuni kech kirishidan oldin o‘lsa, jannat ahlidan bo‘ladi. Kim uni ishonch bilan tunda aytsa-yu, o‘sha kechasi tong oti­shidan oldin o‘lsa, jannat ahlidan bo‘ladi”, dedilar».

Ushbu duoning ma’nosi bunday: “Yo Alloh, Sen Rabbimsan! Sendan o‘zga iloh yo‘q. Meni yaratding va men Sening bandangman. Qodir bo‘lganimcha Senga bergan ahdimda va va’damda turibman. Sendan qilmishlarimning yomonligidan panoh tilayman. Menga bergan ne’matingni e’tirof qilaman. Gunohlarimni ham tan olaman. Meni mag‘firat qil. Albatta, Sendan o‘zga gunohlarni mag‘firat qilguchi yo‘q”.

Istig‘for aytish uchun kishi gunoh qilgan bo‘lishi shart emas. Istig‘for marg‘ub amal bo‘lib, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ma’sum bo‘lsalar ham, doim aytganlar. Ibn Umardan rivoyat qilingan hadisda: «Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) bir majlisda yuz marta “Robbig‘firliy va tub ’alayya innaka antat Tavvabur Rohiym”,deb aytganlarini sanadik», deyiladi.

Istig‘for barcha mo‘minlar, xossatan, ayollar ko‘p aytishi lozim bo‘lgan ishlardandir. Chunki bir rivoyatda: «Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) ayollarga: “Ey ayollar jamoasi, sadaqa bering va istig‘for aytishni ko‘paytiring. Chunki do‘zax ahlining ko‘pchiligi ayollar ekanini ko‘rdim”, deganlari aytilgan. Shunda bir oqila ayol: “Nima uchun do‘zax ahlining ko‘pi biz ayollardan bo‘ladi?” deb so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “La’natni ko‘p aytasizlar va erlaringizga ko‘p noshukrlik qilasizlar. Men sizlardan ko‘ra aql va dinda noqis bo‘laturib, aqllilar ustidan g‘olib keluvchilarni ko‘rmadim”, deb javob berganlar. Haligi ayol: “Aqli va dini noqis deganingiz nima?” deb so‘raganida, u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Ikki ayolning guvohligi bir erkak guvohligiga teng bo‘lishi aqli noqisligidir. Hayz va nifos qoni ko‘rganida namoz o‘qimasligi dini noqisligidir”, deb aytdilar».

Istig‘forning foydalari: shaytonni quvadi, Alloh roziligiga yetkazadi, g‘am-tashvish, mehrsizlik, shafqatsizlikni ketkazadi, xursandchilik keltiradi, yuzni nurli etadi, rizqni kengaytiradi, bandani Allohning muhabbatiga yetishtiradi, U zotga yaqin qiladi, qalbni poklaydi. Istig‘for yomonliklardan to‘sadi, qalbga xotirjamlik, qanoat baxsh qiladi, vaqtga baraka kirishiga sabab bo‘ladi.

O‘MI matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muazzam kunlar og‘ushidamiz

05.06.2025   10777   4 min.
Muazzam kunlar og‘ushidamiz

Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.


Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.


Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.


Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan  ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.


Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.


Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.


Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni,  yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.


Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.


Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.


Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.

Xolmurod MAMAJONOV,

Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari