Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446

Va’daga vafo qilish – mardlik

06.07.2020   3651   7 min.
Va’daga vafo qilish – mardlik

Ma’lumki, va’daga vafo qilish mo‘min-musulmonning yuksak sifatidir. Zero, buyuk xulq sohibi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshqa yuksak fazilatlar qatori ahdiga vafo qiladigan, so‘zi ustidan chiqadigan komil inson bo‘lganlar. Azal-azaldan va’daga vafo qilmaslik xalqimiz orasida qoralanib kelgan va kelmoqda. Hatto, va’daboz, subutsiz va yolg‘onchini yaxshi inson deb bilishmagan. Ayniqsa, Islom axloqi asosida tarbiya topgan ota-bobolarimiz bunday razil ishlardan nafratlanishgan. Quruq va’dabozlik bevosita yolg‘onchilikka yetaklaydi. Bu esa, Islomda ulkan gunohlar sirasiga kiradi. Chunki mo‘minda yolg‘on va xiyonat bo‘lmaydi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Munofiqning uchta alomati bor. So‘zlasa, yolg‘on gapiradi, va’da bersa, xilof qiladi va omonat qo‘yilsa, xiyonat qiladi”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Ahdga vafo qilish imonning asosiy belgilaridan bo‘lib, bu to‘g‘risida Qur’oni karimda qayta-qayta takrorlangan. Alloh taolo Mo‘minun surasida imonli kishilarni ta’riflab bunday marhamat qiladi:

وَالَّذِينَ هُمْ لِأَمَانَاتِهِمْ وَعَهْدِهِمْ رَاعُونَ

 “Ular (mo‘minlar) (odamlarning bergan) omonatlariga va (o‘zaro bog‘lagan) ahd-paymonlariga rioya etuvchidirlar” (8-oyat).

Baqara surasida esa:

وَأَوْفُوا بِعَهْدِي أُوفِ بِعَهْدِكُمْ

“Ahdimga vafo qilingiz, toki Men ham sizlarning ahdingizga vafo qilay”, deyilgan (40-oyat).

Islomiy odob-axloqqa ko‘ra, va’daga vafo qilish, xiyonat qilmaslik yakka shaxslar hamda jamoalar o‘rtasida o‘zaro ishonch rishtalarining mustahkamlanishi va hamkorlik barqaroligining asosidir. U oradan yo‘qolsa, kishilar bir-biriga ishonmay qo‘yishadi. Oqibatda ular o‘rtasidagi ishonch, mehr-oqibat va insoniylikka putur yetib, yolg‘onchilik hamda aldov kuchayib, mustahkam jamiyat inqirozga yuz tutadi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafodorlarning peshvosi edilar. Bu borada biz ummatlariga o‘rnak bo‘lganlar. U zot payg‘ambarliklaridan oldin ham va’dalariga doimo vafo qilganlar.

Mo‘min-musulmonman, degan kishi bergan ahdiga vafo qilib, uni mukammal ado etsa, o‘shanda ahdiga vafo qilgan bo‘ladi. Vafodorlik mo‘minga xos bo‘lib, unga amal qilish orqali bu insoniy fazilat saqlanadi. Insonlarning birdamligi, o‘zaro aloqalari mustahkamlanadi. Afsuski, keyingi paytlarda ana shunday va’dabozlik, so‘zda turmaslik va subutsizlik tobora kuchayib bormoqda. Qop-qop va’dalar berilib, ularga vafo qilish haqida e’tiborsizlik kuchayapti. Aqlli, tuppa-tuzuk kishi bilan “falon joyda, falon saotda uchrashamiz”, deb shartlashasiz-u, kerak bo‘lsa, belgilangan joyda kamida bir-ikki soat kutasiz, undan esa darak yo‘q. Yana bu yetmaganday kechikib kelib, uzr ham so‘ramay, xuddi, shunday bo‘lishi kerakday, maqsadga o‘tib ketaverishadi. Qani ahdga vafo? Bevafo bo‘lib qolmayapmizmi?

Qizining qo‘lini so‘rab kelgan kishiga va’da berib, fotiha bergandan keyin ham va’dasiga vafo qilmasdan, undan ko‘ra boyroqqa yoki boshqa maqsadni ko‘zlab, o‘zgaga berishlari-chi? Axir, bu zulm emasmi? Birov haqiga xiyonat qilib, uning obro‘sini to‘kish emasmi? Ikki oila o‘rtasida dushmanlik olovini yoqish emasmi?

Ishingni falon kuni bitkazib beraman, xavotir olma deb, o‘sha zahoti unutadi. Siz bo‘lsa, kutaverasiz, kutaverasiz va yana kutaverasiz... Buni vafosizlikdan boshqa nima deb atash mumkin?

Boshqasi farzandiga “falon ishni qilsang, u bu narsa olib beraman”, deb va’da beradi-yu, vafo qilmaydi. Bunday tarbiya oqibatida yana bir bevafo inson paydo bo‘lib qolmayyaptimi?

Bizlarga o‘zi nima bo‘lyapti? Nega vafodorlik, so‘zi ustidan chiqish kabi yuksak fazilatlar tobora kamayapti? Nega hech kim va’dasiga vafo qilmaganidan yoki kechikkanidan xijolatda emas? Axir, xalqimizda “Va’daga vafo qilish – mardning ishi”, degan gap bor-ku! Nega “Yigit so‘zidan qaytmaydi”, degan maqolni hech kim eslagisi kelmaydi. Ba’zilar o‘zlaricha, ushbu maqolni “Yigit aytadi ham, qaytadi ham”, deb buzib talqin qilishadi.

Inson ana shu savollarga javob topolmay qiynaladi. To‘g‘ri, bandachilik, ba’zi sabablarga ko‘ra gohida va’dang ustidan chiqolmay qolasan kishi. Lekin shunga qaramasdan, va’da berilgan kishini oldinroq xabardor qilib, uzr aytilsa, bo‘ladi-ku, axir! Hadisi sharifda, ahdiga vafo qilmaslik munofiqning alomati ekanligi aytilgan.

Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimda to‘rt xislat bo‘lsa, u haqiqiy munofiqdir. Demak, kimda mana shu to‘rtta xislatlardan birortasi topilsa, uni to tark qilmagunicha, unda nifoqlik bordir. Agar omonat berilsa, xiyonat qiladi. Gapirsa, yolg‘on so‘zlaydi. Ahdlashilsa, shartnoma tuzilsa, ustidan chiqmaydi. Xusumatlashilsa, buzuqlik qiladi”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Biz musulmonlar bunday vafosizlikdan ehtiyot bo‘lishimiz zarur. Chunki u razil sifatlardan bo‘lib, insonning munofiq bo‘lishi va insoniylik darajasidan tushib qolishiga olib keladi. Va’daga vafo qilmaslikning gunohi og‘irdir. Bunday kimsalarga Alloh taolo xitob qilib bunday degan:

الَّذِينَ عَاهَدْتَ مِنْهُمْ ثُمَّ يَنْقُضُونَ عَهْدَهُمْ فِي كُلِّ مَرَّةٍ وَهُمْ لَا يَتَّقُونَ

“Ularning ichida Siz bilan ahdlashgandan so‘ng, taqvosizlik qilib, har gal ahdlarini buzaveradiganlari bordir” (Anfol surasi, 56-oyat).

Abu Hurayra )roziyallohu anhu( rivoyat qiladilar: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Alloh azza va jalla: “Men qiyomat kuni ushbu uch toifa odamning dushmanidirman: Mening nomim birla ont ichib va’da bergach, va’dasiga vafo qilmaganning, ozod odamni (qul qilib) sotib, pulini yeganning va bir odamni yollab ishlatib, so‘ng haqini bermaganning”, – deydi”.

Darhaqiqat, mo‘min kishi yolg‘on va xiyonatdan boshqa barcha xulqqa tobe bo‘lishi mumkinligi hadislarga kelgan. Imom Molik Safvon ibn Salimdan quyidagi hadisni rivoyat qiladi:

“Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan so‘raldi:

Mo‘min kishi qo‘rqoq bo‘lishi mumkinmi?

Ha.

Mo‘min kishi baxil bo‘lishi mumkinmi?

Ha.

Mo‘min kishi yolg‘onchi bo‘lishi mumkinmi?

Yo‘q.

Yuqoridagi hadisi shariflardan qo‘rqoqlik, baxillik mo‘min bo‘lishga monelik qilmasligi, ammo yolg‘onchilik, vafosizlik to‘siq ekani ma’lum bo‘ladi.  Hadisi sharif va urfda uchraydigan “Va’da – qarzdir!” degan so‘zlardagi “va’da”dan murod, xayrli va yaxshi ishlarda va’daga vafo qilishdir.

Ta’kidlash zarurki, mo‘min kishi faqat yaxshiliklar uchun va’dalashadi. Ammo bilmasdan, buzuq va shariatda man qilingan biror ishni qilishga va’da berib, uning noto‘g‘riligini bilgach, shu va’dada turmaslik munofiqlik emas, balki chin musulmonlik alomatidir. Islom hukmiga ko‘ra, yomon niyatlarni amalga oshirmaslik va buzuq va’dalarga vafo qilmaslik zarurdir.

Haqiqatan, insonning sof tabiiy fitrati jihatidan olib qarasak, mo‘minda axloqning barcha turlari, jumladan, har xil yomon xulqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. Ammo uning tabiatida yolg‘on bilan xiyonat bo‘lishi mumkin emas. Bu ikki axloq har bir inson uchun katta nuqsondir. Bu mo‘min kishiga aslo yarashmaydi. Chunki imon kirgan qalbga yolg‘on va xiyonat sig‘maydi. Biri kelsa, boshqasi chiqib ketishi aniq. Shuning uchun, mo‘min to‘g‘rilik va vafodorlikni sevadi, boshqalarni ham shunga chaqiradi. Shak-shubhasiz, mo‘min kishi Janobi Haq huzurida ham to‘g‘riligi va aminligi bois yuksak darajalarga erishadi.

Hadisi sharifda, “Musulmon birodaring bilan tortishma, uni masxara qilma, unga va’da berib, keyin va’daga xilof ish qilma”, deb mo‘min-musulmon kishi amal qilishi lozim bo‘lgan narsalar uqtirilgan. Biz ana shu kabi insoniy fazilatlarga zid amallardan yiroq bo‘lishimiz darkor.

Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilsin. Omin!

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

13.06.2025   10075   4 min.
Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

Qur’oni karimda “ONA” so‘zi ulug‘vor va mo‘tabar narsalarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Shuningdek, Alloh taolo ularga hech kimga nasib qilmagan buyuk maqomni in’om etgan. Bu haqda Alloh taolo Luqmon surasida: “Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir” degan (14-oyat).


Mufassir Ibn Atiyya rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida: “Alloh taolo bu oyatda onaning xizmatini alohida ta’kidlab o‘tgani, onalarning darajasi yuqori ekaniga ishora qiladi”, degan.

O‘z havoi nafslaridan biror so‘z aytmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish kerakligi so‘ralganda uch bora “onangga yaxshilik qil” deb javob berganlar.


Onaning vazifasi – farzandni dunyoga keltirish, boqish va uni tarbiyalab voyaga yetkazish bilan cheklanadimi yoki ularning bundanda boshqa muhim hamda kattaroq mas’uliyatlari bormi?


Bu savolga zamonaviy ilm-fan bizga javob beradi...

Keling, savolga javobni ona qornida rivojlanadigan va ona tanasining ajralmas qismi hisoblangan homiladan boshlaylik. Onaning jismoniy holati va uning ovqatlanishi homilaga ta’sir qilganidek, onaning hissiy holati ham ta’sir qiladi.

2013 yilda Granada (Ispaniya) universiteti olimlari 5 yil davomida tadqiqot o‘tkazishdi. 17 ming nafar onalar va 18 ming chaqaloqlar qamrab olgan tadqiqotda sog‘lom ovqatlanish va emizishning farzand salomatligiga ta’sirini kuzatdilar.

Unga ko‘ra, homiladorlik vaqtida onalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va diyeta qilishi – farzandning sog‘lom tug‘ilishi va rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi aniqlangan. Tadqiqotda onaning aqliy salohiyatining yuqori bo‘lishi farzandga katta ta’sir etishi isbotlangan.

Shuningdek, onaning ruhiy holati homilaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi kuzatilgan. Ruhiy tushkunlik, depressiya, qayg‘u va tashvish ichki stress, xususan, kortizol gormonini keltirib chiqaradi.

Ona tushkunlikka tushganda kortizol farzand miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada bola miya qismidagi o‘zgarishlar sababli bezovtanaladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kortizol gormoni qondagi kislorod miqdoriga, natijada bolaning nafaqat tug‘ma nuqsonlar bilan yoki erta tug‘ilishi, hatto uning butun kelajakdagi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.

Stressni boshdan kechirgan homilador ayollardan dunyo kelgan farzandlarda ruhiy kasalliklar, semirish, qand kasalligi, saraton va asab tizimi kasalliklari ehtimoli ham ularda yuqori bo‘lgan.

Xavotirli yeri shuki, bu alomatlar kelgusi avlodga ham o‘tgan. Ha, uning asorati nafaqat farzandlari, balki nabiralarining hayotlariga ta’sir o‘tkazgan.

 

Onaning bolasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va mehri farzandning maktabdagi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishni, ayniqsa, matematika va chet tillari kabi fanlarni puxta o‘rganish qobiliyatini hamda o‘qish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, bolaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omillardan biri bu – ona-bola o‘rtasidagi iliq munosabatlar sanaladi. Onaning stress holati esa, farzandning miyasiga jiddiy ta’sir qiladi.

Miyaning tubiga kirib borishga imkon beruvchi so‘nggi texnologiyalar onaning mehr-muhabbati bola miyasining gippokampus deb ataladigan qismiga ta’sir qilishi aniqlangan. U xotira hujayralarining yangilanishi, yodlab qolish qobiliyati va stressga javob berish vazifalarini bajaradi.


Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, gippokampus ko‘rsatkichi onasidan mehr ko‘rganlarda mehr ko‘rmagan bolalarga qaraganda yuqori ekani kuzatilgan.

Ruminiyada yoshligidan stressda, beparvo munosabatda ulg‘aygan bolalar ustida olib borilgan tadqiqot natijalarida ularning miya qismida qora tuynuklar borligi aniqlangan.

Gerhard Suyu o‘zining “Muhabbat qanday ta’sir qiladi?” nomli kitobida “Farzandga qilingan har qanday munosabat uning miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Agar farzandga doimiy ravishda qattiqqo‘llik, do‘q-po‘pisa qilinsa, u asabiy, qo‘rqoq, o‘z fikrini erkin bayon eta olmaydigan bo‘lib voyaga yetadi”.

AQSHda 3 mingga yaqin shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ona va bola o‘rtasida sog‘lom hissiy munosabatlar mavjud bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga ijobiy ta’siri 74 yil davom etishi mumkinligini aniqlangan.

Demak, farzandning nafaqat sog‘lom, balki salohiyatli bo‘lishida ham Onalarning o‘rni va mas’uliyati shunchalik yuqori ekan.

 

Davron NURMUHAMMAD