Kanadaning Ontario shtati Mississauga shahrida Payg'ambar sollollohu alayhi vasallamning siyrati sharifiga bag'ishlangan ko'rgazma bo'lib o'tadi. Unda Nabiy alayhissalom va u zotning sahobalariga tegishli bo'lgan 16 ta asar o'rin olgan. Bu haqda “IQNA” sayti ma'lum qilgan.
Ko'rgazma tashkilotchilari aytishicha, tadbirdan maqsad odamlarga Muhammad sallollohu alayhi vasallam hayoti haqida ma'lumot berishdir.
Kanada Jahon Malay Jamiyati (DMCC) tomonidan tashkil etilgan ko'rgazma 30 sentyabr' juma kunidan 1 oktyabr' yakshanba kuniga qadar Mississauga, Ontario xalqaro markazida davom etadi.
DMCC a'zolari qayd etishicha: “Ushbu ko'rgazma tashrif buyuruvchilarga Payg'ambar sallollohu alayhi vasallamga tegishli buyumlar, turli ashyo va asarlar, ularning audio va video tasvirlari, shuningdek, mazkur asarlarning hikoyalari va tarixi orqali Payg'ambarimiz merosi va U zotning Islomni ravnaq toptirish borasidagi hayot tarzi tanishtiriladi".
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.