Madinada nozil bo‘lgan, 286 oyatdan iborat.
"Baqara" so‘zining lug‘atda "sigir" degan ma’nosi bor. Qur’oni karimning ikkinchi, eng uzun ushbu surasi Madinada nozil bo‘lgan, 286 oyatdan iborat. Bu sura Muhammad alayhissalom Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilganlaridan keyin nozil bo‘lgan birinchi suradir.
Surada imon-e’tiqod, ibodat, muomala, axloq, nikoh, taloq, idda va boshqa shariat hukmlari, kufr va nifoqning mohiyati bayon qilinadi. Bani Isroilda o‘ldirilgan kishining qotilini topish uchun Alloh taolo Muso alayhissalom qavmiga bir sigir so‘yib, go‘shti bilan o‘likni urgach qotil ma’lum bo‘lishini bildirgani uchun sura shu nomni olgan. Suraning qariyb uchdan bir qismini Ahli kitoblar (Tavrot va Injilga imon keltirganlar) haqidagi mavzular tashkil etadi. Chunki ular Madinai munavvarada musulmonlar bilan birga yashashar edi. Shuning uchun ham Qur’oni karim musulmonlarni yahudiylarning makr-hiylalari, xiyonatlari, aldamchiliklari va buzuq tabiatlaridan xabardor qiladi. Musulmonlar o‘z jamiyatlarini endigina qura boshlaganlari uchun sura ularga Alloh joriy etgan hayot tarzini qadam-baqadam o‘rgatib boradi. Ibodat va muomala masalalari, jumladan, ro‘za, haj va umra, Allohning yo‘lida jihod qilish, oila, taloq, bola emizish, idda, musulmonlarga mushrika ayollarga uylanish haromligi va boshqa masalalar bayon qilingan. Surai karimada yana riboxo‘rlikka – sudxo‘rlikka katta e’tibor berilgan bo‘lib, uning haromligi va oqibati yomonligi alohida ta’kidlangan. So‘ngra qiyomat kunining dahshatlari zikr qilinadi. Va, nihoyat, sura oxirida mo‘minlar tavba qilishga, doimo Allohga tazarruda bo‘lishga chaqiriladi.
بِسۡمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ
Bismillahir Rohmanir Rohiym
(Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman)
الٓمٓ١
Hurufi muqatta’a, ya’ni uzuq harflar Qur’oni karimning 29 ta surasi boshlanishida kelgan. Oltita surada esa aynan "alif, lam, mim" ko‘rinishida tushgan. Ulamolarning aksariyati bularga ma’no bermaydi, balki "Alloh taolo biluvchidir" deyish bilan kifoyalanadi. Chunki bu harflar Qur’oni karimning sirlaridandir va Alloh taolo sir-asrorini O‘zi yaxshi biladi. Ba’zi ulamolarning aytishlaricha, Islom kelgan paytdagi arablar nihoyatda gapga usta, balog‘at va fasohat bilan so‘zlovchi, tab’i nazm kishilar bo‘lgan, Alloh taolo ularni lol qoldirish uchun ana shunday uzuq harflarni ham O‘z Kitobida keltirgan.
ذَٰلِكَ ٱلۡكِتَٰبُ لَا رَيۡبَۛ فِيهِۛ هُدٗى لِّلۡمُتَّقِينَ٢
Qur’oni karim Alloh taoloning Haq kitobi, hukmi qiyomatgacha davom etadigan, Yer yuzidagi butun inson nasliga yuborilgan ilohiy Kitobdir. Uning oyatlarida hech qanday shak-shubhaga o‘rin yo‘q, qiyomatgacha uning biror harfi ham o‘zgarmaydi. Ulamolar ta’rifiga ko‘ra, u Alloh taoloning mo‘jiz (lol qoldiruvchi) kalomi bo‘lib, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga vahiy orqali tushgan, tilovati ibodat hisoblanuvchi ilohiy Kitobdir. Qur’oni karim ko‘rsatmalari Allohdan qo‘rquvchilar uchun eng to‘g‘ri yo‘ldir va taqvodorlar hidoyat topishgani uchun ikki dunyo saodatiga musharraf bo‘ladilar. Mujohid aytadi: "Sura boshidagi to‘rt oyat (ya’ni, 2-5-oyatlar) mo‘minlar haqida, undan keyingi ikki oyat kofirlar to‘g‘risida, keyingi o‘n uch oyat esa munofiqlar xususida nozil bo‘lgan".
Oyati karimadagi “Allohdan qo‘rquvchilar” taqvodorlardir, "taqvo" so‘zi esa lug‘atda "saqlanish, ehtiyot bo‘lish, qo‘rqish, zararli, qabohat va karohiyatli narsalardan chetlanish" ma’nolarini bildiradi. Istilohda Allohning uqubati va azoblaridan saqlanish uchun Uning buyruqlarini bajarish, qaytariqlaridan chetlanish "taqvo" deyiladi. Taqvo Alloh taolodan qo‘rqish, harom va shubhali narsalardan tiyilishdir. Bunday xislat sohibi taqvodor (muttaqiy) sanaladi. Taqvodor kishi ishonchli sanaladi, undan hech kim ziyon ko‘rmaydi. Islomda barcha insonlar biri-biri bilan tengdir, ular faqat taqvolari bilan ajralib turishadi. Qur’oni karimda: "Allohning nazdida eng hurmatligingiz taqvodoringizdir". (Hujurot, 13), deyilgan. Taqvoning aksi fisq-fujur va isyondir, Allohga osiy bo‘lish, harom va shubhali narsalardan saqlanmaslikdir. Qur’oni karim ana shu Allohdan qo‘rquvchi taqvodorlar uchun hidoyat yo‘lini ko‘rsatuvchi dasturdir, to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab turuvchi mayoqdir.
ٱلَّذِينَ يُؤۡمِنُونَ بِٱلۡغَيۡبِ وَيُقِيمُونَ ٱلصَّلَوٰةَ وَمِمَّا رَزَقۡنَٰهُمۡ يُنفِقُونَ٣
Allohdan qo‘rquvchi taqvodor zotlar g‘aybiy (ko‘zlardan yashirin) narsalarni ko‘rishmasa ham ularga imon keltirishadi, Alloh taolo buyurgan namozlarini barcha ruknlariga amal qilib, o‘z vaqtida mukammal ado etishadi va Parvardigorlari o‘zlariga ato etgan mollardan Alloh buyurgan toifadagi kishilarga ehson qilishadi. Abu Hanifa, Abu Mansur Moturidiy va hanafiy mazhabining boshqa ulamolari nazdida imonning rukni (sharti) ikkita –Payg‘ambarimiz alayhissalom Alloh taolo tarafidan keltirgan barcha xabarlarni dil bilan tasdiq etib, til bilan iqror qilishdir. Ibodatlar va boshqa xayrli, savobli amallar imon tarkibiga kirmaydi. Lekin ayrim mujtahid olimlar ibodat va savobli ishlar ham imon tarkibiga kiradi va uchinchi rukn sifatida belgilanadi, deb hisoblashadi. Savobli amallarning o‘zi bandaning jannatga kirishi uchun vosita hisoblanmaydi, balki bunga Allohning fazli va bandaning imoni sabab bo‘ladi. Amallar esa, jannatga kirgandan keyin beriladigan maqom, daraja va martabalarni belgilash uchun vasila bo‘ladi. Ayrim gunohkor mo‘minlar jazoga mahkum bo‘lsalar-da, lekin imonlari sharofatidan Alloh belgilagan muddatdan keyin azobdan ozod etilib, jannatga kiritiladi. Oyatda zikr etilgan taqvodorlarning sifatlaridan biri shuki, ular oxirat, o‘lgandan keyin tirilish, farishtalar, jinlar kabi g‘aybiy narsalarni ko‘rishmasa ham bularga imon keltirishadi, namozlarini barcha arkonlariga rioya qilib ado etishadi, Alloh taolo ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilishadi. Ibn Is'hoqning aytishicha, Baqara surasining oldingi yuz oyati Avs va Xazraj qabilasi haqida nozil bo‘lgan. Ya’ni, hidoyatni tark etish oqibatini o‘ylab Allohdan qo‘rqadigan, Parvardigor huzuridan kelgan narsani tasdiqlash bilan Uning rahmatini umid qiladigan taqvodor mo‘minlar jannat va do‘zaxni, farishtalarni va shu kabi g‘aybiy (maxfiy) narsalarni ko‘rishmasa ham Alloh va Uning Rasuli bayon qilganiga ko‘ra ishonishadi. "Namozni ado etish" deganda uning barcha haqlari va ruknlariga to‘kis rioya qilib, vaqtida o‘qish tushuniladi. Toat aslida uch qismga bo‘linadi: birinchisi qalb (ruh) toati, ikkinchisi badan toati, uchinchisi mol toatidir. Yuqoridagi oyatlarda shu uch qism toat tartibi bilan bayon qilingan.
وَٱلَّذِينَ يُؤۡمِنُونَ بِمَآ أُنزِلَ إِلَيۡكَ وَمَآ أُنزِلَ مِن قَبۡلِكَ وَبِٱلۡأٓخِرَةِ هُمۡ يُوقِنُونَ٤
Taqvodorlar Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga nozil etilgan (tushirilgan) Qur’oni karimga ham, u zotdan oldingi payg‘ambarlarning hech birini ajratmagan holda, Allohning vahiylarini inkor qilmagan holda insoniyatga tushirilgan barcha samoviy kitoblar (Zabur, Tavrot va Injil)ga ham imon keltirishadi, chunki bu ilohiy kitoblarning bari Alloh taolo tomonidan tushirilgandir. Zaburga ergashuvchilar hozirda qolmagan, Tavrot va Injilning asli insonlar tomonidan yo‘qotilgan, hozirgi nusxalariga shunchalik ko‘p qo‘shimcha, o‘zgartirish va qisqartirishlar kiritib yuborilganki, u asl mohiyatini yo‘qotgan.
أُوْلَٰٓئِكَ عَلَىٰ هُدٗى مِّن رَّبِّهِمۡۖ وَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُفۡلِحُونَ٥
Barcha samoviy kitoblar Alloh taolo huzuridan ekaniga ishongan mo‘min kishilar Parvardigorlarining Haq yo‘lida, hidoyat yo‘lidadirlar. Ular imonlari tufayli oxiratda najotga erishadilar va ulug‘ mukofotlarga sazovor bo‘ladilar. Ana shular talab qilgan narsalariga erishuvchi va qochgan narsalarining yomonligidan najot topuvchilardir. Imon keltirib, solih amalda bardavom bo‘lgan zotlar ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritishadi. Bu oyatlardan ma’lum bo‘ladiki, imondan va solih amallardan mahrum kimsalarning dunyo va oxiratlari tamoman barboddir, ular oxiratda aslo najot topishmaydi. Haqiqatda Alloh taoloning itoatida bo‘lgan, Uning amr-farmonlarini bajargan, qaytarganlaridan chekingan kishilargina tom ma’nodagi musulmon sanaladi. Alloh taologa sof ixlos va muhabbat bilan sig‘ingan, ibodat qilgan kishilargina chin musulmon sanaladi. Alloh taologa ubudiyat-bandalikni bajo keltirib, Unga bo‘ysungan kishilargina haqiqiy musulmon sanaladi. Yer yuzida buzg‘unchilik qilmay, insonlar orasini isloh qilib yurgan kishilargina sof musulmon sanaladi. Musulmon imoni bilangina boshqalardan ajrab turadi. Imongina uni oliy maqomga chiqaradi, saodatga eltadi, dunyo hayotidagi vazifasini belgilaydi, oxirati uchun zaxira hozirlashga chorlaydi. Inson imoni bilangina barcha maxluqlarning gultojiga aylanadi.
Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qilinayotgan ishlar katta natija bermoqda, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, buni hududga xorijiy sayyohlarning tashrifi yetti-sakkiz yil oldingi davrga nisbatan 30 barobar ko‘payganida ham ko‘rish mumkin. Sohadagi o‘zgarishlar hisobiga viloyat turizm xizmatlari eksporti 2017 yildagi 7 million dollardan o‘tgan yilda 380 million dollarga yetdi.
Sir emas, ilgari hudud turizmi haqida gapirilganda ko‘pchilik faqat Ichan qal’ani hayoliga keltirar edi. Keyingi vaqtlarda bu boradagi qarashlar butunlay o‘zgardi. Sayyohlar uchun qirqdan ortiq turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi va ularning umumiy soni yuztaga yetdi.
Endi bu yerda yana bir noyob majmua – "Arda Xiva" bor. Uning ochilishi Xorazm viloyatiga Prezident tashrifining muhim voqeasi bo‘ldi.
Majmua qadim kent ichra yana bir betakror shaharni eslatadi. Mazkur maskan o‘zida tarix va bugunni uyg‘unlashtirgan me’moriy yechimi bilan noyob loyiha sanaladi.
"Arda Xiva" hududdagi 25 gektarlik past unumli, sho‘rxok maydonda qurildi. Uning bir tomoni 150 gektarlik G‘ovuk ko‘lga tutashib ketgani, bu maydonlarda esa yashil hududlar tashkil etilayotgani loyihani sayyohlar uchun yanada jozibador ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari majmua bo‘ylab yurib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda bozor rastalarini tomosha qildi.
Bu yerda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Xususan, qadimiy shahar muhitini aks ettiruvchi binolar, jami ming o‘rinli 20 ta mehmonxona qurildi. Ochiq-yopiq akvapark va attraksionlar, uch ming o‘rinli amfiteatr va musiqali favvora barpo etildi.
Shuningdek, tarixiy qiyofadagi 11 ta hunarmand uyi, sharqona bozor, "Ko‘hna Urganch" muzeyi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Ikki kilometrlik kanalda qayiqda sayr qilish imkoniyati yana bir o‘ziga xos yangilik.
Beshta kinoteatr va konsert zali, ko‘plab restoranlar, zargarlik markazi, savdo do‘konlari va rastalari, suv moto-turizmi joyi hamda avtoturargoh zamonaviy talablarga mos tarzda qurilgan. Hududdagi barcha inshootlar uchun yagona sovitish va isitish tizimi barpo etilgan. Elektr energiyasi ta’minoti uchun quyosh panellari o‘rnatilgan.
Majmua yiliga uch million nafar tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda ikki mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.
Ichan qal’a tarixiy bo‘lsa, "Arda Xiva" Xorazmning zamonaviy "tashrif qog‘ozi" bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari shu yerda xorazmlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
- Har qanday zaxira, yerosti boyliklari qachonlardir tugaydi. Lekin bobolarimiz bizga shunday buyuk ma’naviy meros, ulug‘vor obidalar qoldirganki, ular asrlar davomida xalqqa xizmat qilib kelayapti. Biz mana shu boylikdan elimiz manfaati yo‘lida foydalanishimiz kerak. Ancha ishlar qilindi, lekin hali rejalar ham ko‘p. Men bu yo‘lda siz, yoshlarga ishonaman. Sizlar baland cho‘qqilarni ko‘zlab, shunga yarasha bilim olsangiz, zamonaviy kasblarning ustasi bo‘lsangiz, yuksak maqsadlarimizga albatta erishamiz, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Yoshlarning o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, orzu-intilishlari haqida fikr almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati