"Fotiha" so‘zi lug‘atda "ochuvchi" degan ma’noni bildiradi. Qur’oni karimning birinchi surasi nomi Fotihadir. Ko‘pgina ulamolar uni Makkada nozil bo‘lgan, deyishadi, yetti oyatdan iborat. Mazkur sura Qur’onning avvalida kelgani, o‘zi yetti oyatli bo‘lsa-da butun Qur’oni majidning mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etgani uchun ham "Qur’on mazmunini ochuvchi" nomini olgan. Payg‘ambar alayhissalom Fotihaga "Qur’ondagi eng ulug‘ sura" deb nom berganlar. Alloh taolo uni "Sab’ul-masoniy" (takrorlanuvchi yetti oyat) deb atagan. Shuning uchun Fotiha surasi har kuni besh vaqt namozda ko‘p marta takror o‘qiladi. Bu sura nomlaridan biri "Al-hamd"dir, chunki bandalarga ushbu sura orqali maqtov-hamd aytish yo‘llari ko‘rsatilgan; yana bir nomi "Ummul-Qur’on"dir (Qur’on onasidir), yana bir nomi "Ash-shifo"dir, chunki u o‘limdan boshqa hamma dardga shifodir. Bundan boshqa yana bir qancha nomlari ham bor.
Shu o‘rinda "Bismillah" va Fotiha surasining nozil bo‘lishi haqidagi hadislarni keltirib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Islom dinida har bir amalni, u namoz o‘qish yo Qur’on tilovat qilish bo‘ladimi, ovqatlanish yo kasb-korni boshlash bo‘ladimi, bir joyga kirish yo uyquga yotish bo‘ladimi, maktub yozish yoki nutq so‘zlash bo‘ladimi, barini "Bismillahir Rohmanir Rohiym" (Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman) kalimasi bilan boshlash buyurilgan. Hadisda aytilishicha, "Bismillah"siz boshlangan ishning orti kesikdir, ya’ni muvaffaqiyatli tugamaydi yo barakoti bo‘lmaydi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday degan: "Ey Muhammad, shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rang, so‘ng "Bismillahir Rohmanir Rohiym" deng". Yana shu kishi aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Bismillah" nozil bo‘lmaguncha suralarning nihoyasini bilmasdilar". Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: "Toki "Bismillah" nozil bo‘lmagunicha ikki suraning orasini ajratishni bilmasdik", degan. Abdulloh ibn Nofe’ otasidan, u esa Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilib aytadi: "Bismillahir Rohmanir Rohiym" har bir sura avvalida nozil bo‘lgan".
Fotiha surasining nozil bo‘lishi haqida esa, ulamolar ixtilof qilishadi. Abu Maysara roziyallohu anhu aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tashqariga chiqsalar, "Ey Muhammad" degan nido eshitardilar. Bundan qo‘rqib, orqalariga qaytardilar. Shunda Varaqa ibn Navfal u kishiga: "Agar nido eshitsangiz, joyingizda turib nima deyilmoqchiligini kuting", dedi. Keyin u zot yana "Ey Muhammad" degan nidoni eshitganlarida "labbayka!" dedilar. Nido qiluvchi bunday dedi: "Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadar-Rasululloh" degin va "Alhamdu lillahi Robbil alamiyn", deb ayt!". Bular Aliy ibn Abu Tolibning so‘zidir. Ko‘pchilik ulamolar fikricha, Fotiha surasi Makkada nozil bo‘lgan. Bunga dalillar: Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkada turganlarida "Bismillah"ni aytib Fotiha surasini o‘qirdilar. Shunda Quraysh ahli: "Alloh og‘zingni yumsin" dedi yoki shunga o‘xshash gapni aytdi". Buni Hasan va Qatodalar ham rivoyat qilishgan. Mujohidning fikricha, Fotiha surasi Madinada nozil bo‘lgan. Husayn ibn Fazl: "Har bir olim ham yanglishadi, bu Mujohidning xatosidir, chunki bu so‘zni yakka uning o‘zi aytgan. Ulamolar esa buning aksini aytishadi. Suraning makkiy ekaniga ushbu oyati karima dalildir: "Darhaqiqat, Biz sizga yetti takrorlanuvchini (ya’ni Fotiha surasini) va ulug‘ Qur’onni berdik" (Hijr, 87). Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Ubay ibn Ka’b Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga "Ummul Qur’on"ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib berdi. Shunda u zot: "Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh na Tavrotda, na Injilda, na Zaburda va na Qur’onda bu kabini nozil qilgan. Albatta, u yetti takrorlanuvchi va menga berilgan ulug‘ Qur’ondir", dedilar" (Aliy ibn Ahmad Naysoburiy. "Asbabun-nuzul").
أَعُوذُ بالله مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ
بِسۡمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ
Bismillahir Rohmanir Rohiym
(Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman)
ٱلۡحَمۡدُ لِلَّهِ رَبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ٢
Qur’oni karimning, uning birinchi surasi Fotihaning ushbu oyati karima bilan boshlanishi, ochilishi bejizga emas. Musulmonlar doimo "Barcha maqtovlarimiz va sanolarimiz Alloh taologa bo‘lsin!" deya duo qilishadi. Chunki hamdu sanoga butun olamlarning, barcha jonli va jonsiz mavjudotlarning yakkayu-yagona yaratuvchisi, boshqaruvchisi va tarbiyatkunandasi Alloh azza va jallagina munosibdir, haqlidir. "Olamlar" deganda Alloh taolo yaratgan barcha olamlar, ya’ni butun mavjudot: insoniyat, farishtalar va jinlar, hayvonot, nabotot, jamodot, koinot va boshqa olamlar tushuniladi. Alloh taolo bu olamlarni yaratish bilan birga ularni asraydi, boshqaradi, rizqlantiradi. Alloh taolo bilan olamlar orasidagi aloqalar hech qachon, har qanday holatda ham uzilmaydi. Ana shu barcha olamlarning yakka yaratuvchisi va boshqarib turuvchisi mutloq hukmdorlikka ega yagona Alloh taolodir.
Alloh taolo yaratgan olamlarni to‘laroq his etish uchun xayolan bir safar qilib ko‘raylik: masalan, siz yashab turgan qishloq yoki mahallada bir necha ming kishi yashaydi. Bunday mahallalardan bir tumanda kamida ellik-oltmishtasi bor. Bu ma’lumotlarni viloyat miqyosiga solishtirsangiz, salmoq yanada kattalashadi: viloyatda siznikiday tumanlarning kamida o‘n-o‘n beshtasi bor. Mamlakatimizda esa bunday viloyatlar soni o‘n uchta. Demak, bundan O‘zbekistonimizning ham juda katta mamlakatlardan ekani ma’lum bo‘ladi. Shunday katta mamlakatni jahonga tenglasak, ish boshqacharoq tus oladi. Dunyo mamlakatlari maydoni yuz foiz deb olinsa, O‘zbekiston egallab turgan yer buning bor-yo‘g‘i 0,33 foiziga teng. Aholi soni bo‘yicha esa jahon ko‘rsatkichining 0,4 foiziga baravarmiz. Yer yuzida insonlar makon tutgan quruqlik esa juda bepoyon emas: kurramizning yigirma to‘qqiz foizigina odam yashaydigan quruqlikdan, qolgan yetmish bir foizi dengiz va ummonlardan iborat.
Insoniyat yashab turgan Yer kurrasini Quyoshga mengzaydigan bo‘lsak, Quyosh salmog‘ining o‘ziyoq inson aqlini shoshirib qo‘yadi. Quyosh Yerdan milliardlab marta katta, Yerdan Quyoshgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish uchun eng uchqur havo kemalarining yillab uchishiga to‘g‘ri keladi. Endi fikr doirasini yanada kengaytirib, atrofimizni o‘rab turgan hamda Yer, Quyosh, Oy hamda boshqa sayyora va yulduzlardan tashkil topgan galaktika (milliardlab osmon jismlari to‘plami) o‘lchamlari bilan tanishaylik: biz ichida yashab turgan galaktika "Somon yo‘li" deb ataladi. Somon yo‘li tarkibida Quyosh tizimiga kiruvchi Yer, Zuhal, Mirrix, Mushtariy, Cho‘lpon kabi to‘qqiz sayyora, shuningdek ikki yuz milliarddan ortiq yulduz bor. Bu yulduzlardan ayrimlarining har biri Quyoshga teng: ba’zisi undan kattaroq, ayrimlari kichikroq. Somon yo‘lining naqadar ulkanligini tasavvur qilish uchun birgina misol: Quyoshdan chiqqan yorug‘lik bizgacha sakkiz daqiqada yetib keladi, yorug‘lik Somon yo‘lining bir uchidan ikkinchi uchigacha borishi uchun esa yuz ming yil kerak bo‘ladi. Bu poyonsiz Koinotda qancha galaktika borligi noma’lum. Fransuz olimi Moris Bukay ular sonini milliardlab deydi. Bizlar anglagan bitta Somon yo‘li galaktikasi shunchalar aql bovar qilmas darajada ulkan ekan, yana bunday galaktikalardan milliardlabi mavjudligi har qanday sog‘lom aqlni ham shoshirib qo‘yishi aniq.
Alloh taolo yaratgan birgina Koinot olami haqida fikr yuritishning o‘ziyoq Parvardigorning buyuk qudrati va yaratish hikmatiga misol bo‘la oladi. Haq taolo yaratgan hayvonot, nabotot, jamodot, inson va jinlar olami haqida tafakkur yuritish esa kishi ma’rifatini yanada oshirishda ulkan saboq bo‘lishi aniq. Birgina misol: olimlar hisobicha, yer yuzida va suv ostida tarqalgan barcha maxluqot-mavjudotlar turi (xili) 150 milliontadan oshadi.
Alloh taolo bunday ulkan Koinot tizimi, inson aqli bovar qilmaydigan bepoyon olamlarnigina yaratib qolmay, eng mayda zarralarni ham xalq etgan. Masalan, atomni olib ko‘rsak, bunga yana bir bor imon keltiramiz. Bir atom shunaqangi mayda zarraki, uni hatto eng kuchli zarrabin (mikroskop) orqali ham ko‘rishning iloji yo‘q. Buni tasavvur qilish uchun bir tajriba qilamiz: bir santimetrli ipni ming bo‘lakka bo‘ling, so‘ng ana shu bo‘laklardan birini yana ming qismga bo‘lib chiqing. Hosil bo‘lgan uzunlikning bittasini olib, uning yuzdan birini aniqlang. Ana shu topgan uzunligingiz atomning yarmiga tengdir. Alloh taolo shunday kichik zarra bo‘lgan atomni ham ikkiga: neytron va protonga bo‘linadigan qilib yaratganiga nima deya olasiz?!
Alloh taolo barcha mavjudotlarning yagona Yaratuvchisi, tanho boshqaruvchisi, bularning barini yagona ilohiy nizomga bo‘ysundirib qo‘ygan buyuk Zot ekan, maqtov va sanolarimiz ham faqat Uning O‘ziga bo‘ladi! Shuning uchun har gal Fotiha surasi qiroat qilinganida yuqoridagi misollarni bir xotirga keltirish, Buyuk Xoliqimizni tanish, tengsiz qudratiga tasannolar aytish va bergan behisob ne’matlariga shukr aytish zarur bo‘ladi.
ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ٣
Mehribonlikni anglatuvchi Rahmon va rahmlililikni anglatuvchi Rahim Alloh taoloning go‘zal ismlaridan bo‘lib, "Rahmon" ne’matlarini to‘kis behisob qilib beruvchi ma’nosini, "Rahim" esa qiyomatda mo‘minlarga rahm qiluvchi ma’nosini bildiradi. Uning Rahmon sifati faqat Alloh taoloning O‘ziga xos, buni insonlarga nisbat berib bo‘lmaydi. Rahimlilik esa inson va boshqa maxluqotlarga ham xos bo‘lib, insonlarda ham, jonzotlarda ham o‘z farzandlariga hamda yaqinlariga rahm-shafqat tuyg‘ulari mavjuddir. Masalan, o‘g‘il-qizi bemorlik tufayli yoki moddiy jihatdan sal qiynalib qolsa, ota-onalar rahm-shafqatlari tufayli jonu mollarini undan ayamay sarflab yuborishadi. Jonzotlarda ham o‘z nasliga rahm-shafqat nihoyatda kuchli. Hayvonlar haqidagi filmlarda bu narsa ko‘p marta ko‘rsatilgan. Eng vahshiy jonzot sanalgan arslon ham yangi tug‘ilgan bolasini shunchalik yalab-erkalaydiki, beixtiyor uning vahshiyligi esdan chiqadi.
Baland qoyalarga in qurib bola ochadigan bir dengiz qushi bo‘larkan. Bolasi ulg‘ayib, parvoz qiladigan bo‘lganida ilohiy tabiiy tuyg‘u (instinkt) tufayli dengiz sari uchishi kerak ekan. Ammo ko‘p palaponlar qoyadan dengizgacha bo‘lgan masofani uchib o‘ta olmay, yarim yo‘lda charchab yerga qo‘nishiga to‘g‘ri kelib qolardi. Ana shunda rizq izlab yurgan tundra tulkilari ularni poylab turishardi. Palaponi tulkiga yem bo‘lmasligi va nasli davom etishi uchun qushning onasi tulkiga o‘zini qurbon qilib, bolasini qutqaradi.
Rahmdillikning bunday ko‘rinishlari insonlar orasida ayniqsa kuchli. Rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar alayhissalom janglarning birida asirlar orasidagi bir ayol asirlarning bolalarini emizayotganini ko‘rib qoladilar. Uni sahobalarga ko‘rsatib: "Mana shu xotin o‘zgalarning bolasini emizyapti, shu ayolga "O‘z bolangni o‘tga tashla!" deb buyurilsa, tashlaydimi?" deya so‘radilar. Sahobalar: "Aslo, o‘zini o‘tga tashlashi mumkin, ammo bolasini tashlamaydi", deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz: "Alloh taolo ham bandasini o‘tga tashlashni istamaydi, bu onaning o‘z bolasiga bo‘lgan mehridan ko‘ra Allohning siz bilan bizga bo‘lgan mehribonligi buyukroqdir", dedilar. Haqiqatan, Alloh taolo mehribonlarning eng mehriboni, rahmlilarning eng rahmlisidir.
Yana takrorlaymiz, Uning mehribon (Rahmon) sifati faqat Uning O‘ziga xosdir. Alloh taolo shunchalik mehribonki, xohlagan paytimizda, hech qanday ogohlantirishlarsiz O‘zining huzuriga kirishga, huzurida istagancha turishga ijozat berib qo‘ygan. Iltijo ila qo‘llarimizni ko‘tarib, "Alloh akbar" deyishimiz bilan Allohning oliy huzuriga kiramiz, O‘zigagina ibodat qilamiz va nihoyasida xohlagan narsamizni so‘ray olamiz. U shunchalik mehribonki, insonlar orasida Allohni va Uning amr-farmonlarini inkor qiluvchilari bo‘lsa-da, ularni ham esdan chiqarmay rizq beraveradi, ne’matlarini darig‘ tutmaydi. U shunchalar mehribonki, banda qancha gunoh ishlar, yomonliklar qilsa ham, ular uchun jazolashni oxiratga qoldirmaydi: "Bandam tavba qilsa, barcha gunohlarini kechiraman", "Mening rahmatimdan noumid bo‘lmanglar", deydi. U shunchalar mehribonki, biror maxluqni rizqsiz, och qoldirmaydi, Yer yuzida qimirlagan jon borki, ularning rizqini hamisha berib turishga va’dasi bor. Osmondagi qushlar ham Rahmonning mehribonligi tufayli bemalol qanot qoqib parvoz qilib yuribdi. Qur’oni karimda bunday deyilgan: "Tepalarida uchayotgan qushlarning qanotlarini qanday ochib-yopayotganini ko‘rishmaydimi? Ularni Rahmondan boshqa ushlab turadigan zot yo‘q, U hamma narsani ko‘rib turadi". (Mulk, 19). Ya’ni, Alloh taolo Rahmon sifati bilan qushlarning samoda parvoz qilishlari uchun ularga qanot qoqish imkonini berdi, tana a’zolarini shunga mosladi, ularni uchishga o‘rgatdi, hatto rizqlarini ham o‘sha yerda ta’minladi. Xuddi shu kabi U insoniyatga uchoqlar yasab, ularda parvoz qilishni o‘rgatdi. Parvoz qilayotgan qushlarni ham, inson kashf etgan uchoqlarni ham osmonda yolg‘iz Allohning O‘zi mehribonligi bilan tutib, asrab turadi. U Rahmon sifati bilan nafaqat qushlarni, balki butun mavjudotlarni ham O‘z panohida asraydi. U hamma narsani ko‘rib-bilib turadi.
مَٰلِكِ يَوۡمِ ٱلدِّينِ٤
"Jazo kuni" qiyomatdir, ya’ni, Alloh taolo jazo kunining, bandalarning amallari hisob-kitob qilinadigan, solih amallar qilganlar jannat ila mukofotlanadigan, kofir va mushrik kimsalar do‘zaxga tashlanadigan Qiyomat kunining Podshohidir. Chunki o‘sha kuni hamma-hammaga - farishtalaru jin va insonlarga, hayvonlaru qush-hasharotlarga amr qiladigan, hisob-kitobga tortadigan, jazo yoki mukofot belgilaydigan, adolat o‘rnatadigan yolg‘iz Alloh taoloning O‘zidir. Bu ishda Unga hech bir jonzot sheriklik qilolmaydi, hech bir jonzot Uning qarorini o‘zgartirolmaydi. O‘sha kuni mutloq hukmdor faqat Alloh azza va jallaning O‘zi bo‘ladi.
إِيَّاكَ نَعۡبُدُ وَإِيَّاكَ نَسۡتَعِينُ٥
Bu oyatni, umuman surani Alloh taolo bandalar shunday deyishlari uchun ular tilidan bayon qiladi. Insonlar faqat Allohgagina ibodat qiladilar, sig‘inadilar va Uning O‘zidangina yordam kutadilar. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. "Ibodat" so‘zi "toat", "itoat qilish" va "Parvardigorni ulug‘lash" ma’nolarini o‘zida jamlagan. Shariatda bajarilgani uchun savob beriladigan va niyatga bog‘liq bo‘lgan amal "ibodat" deyiladi. Alloh taolo amr-farmonlari va Uning Payg‘ambari ko‘rsatmalarini bajarish, Parvardigor roziligini topish va Unga bandalikni ado etish uchun buyurilgan namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot berish, haj qilish, duo va zikrlar aytish, yaxshilik va ehsonlar qilish kabi toat va amallar ibodatdir. Ibodatlarning eng asosiysi, eng ulug‘i, eng ahamiyatlisi namozdir.
Insonning O‘zini Alloh azza va jalla yaratgan, unga Yer yuzida hayot kechirish, ko‘rish, eshitish, his etish, ko‘payish, rizq izlash, uxlash, xursandchilik qilish ne’matlarini berib qo‘ygan. Insonning yaxshi hayot kechirishi uchun Parvardigori ato etib qo‘ygan ne’matlarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Qorni ochsa turfa taomlar, meva va boshqa mahsulotlarni muhayyo etadi. Kasal bo‘lsa, shifoni ham Alloh beradi. Boshiga g‘am tushsa, Uning O‘zi g‘amini aritadi. Qiynalsa, Parvardigorning o‘zi yordamga keladi. Shunday bo‘lgach, mehribon va rahmli Allohdan o‘zgaga sig‘inib, Undan boshqadan najot kutib bo‘larmidi! Bandaning har ishda, har qadamda Allohga yukunishi, hojatlarini Uning O‘ziga havola qilishi, Allohdangina qo‘rqishi, Uning rahmat va mag‘firatidan umidvor bo‘lishi uning imon, ilm va salohiyatda peshqadam ekaniga dalolatdir.
Mutaxassislar so‘nggi yillarda ajoyib bir kashfiyot qilishdi: bir odam insonlarning yomonligidan, musibat va falokatlardan, balo-ofatlardan qattiq qo‘rqsa, asab tizimi ishdan chiqib, buning oqibatida yurak, qon tomiri, jigar va boshqa a’zolarining faoliyati buzilar ekan. Doimiy qo‘rquv esa hatto tuzalmas xastaliklarga sabab bo‘lishi ham mumkin. Allohdan qo‘rqilganida esa buning tamoman aksini kuzatishgan. Bunda inson ruhi cheksiz lazzat va xotirjamlikka g‘arq bo‘lar, bu esa tana a’zolarining ishlashiga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Olimlar yana insonning dunyoviy tashvishlardan g‘am chekib yoki yaqinlarining o‘limiga qayg‘urib uzoq vaqt yig‘laganida ko‘z yoshi qurib, hatto ko‘zi ko‘rmay qolishi mumkinligini aniqlashdi. Lekin Allohdan qo‘rqib, yo Unga tavba-tazarru va iltijolar bilan ko‘z yoshi to‘kkanlarning, Alloh Kalomini doimiy tilovat qilganlarning ko‘rish qobiliyatlari yaxshilangani tajribalarda isbotini topgan. Ana shu misollarning o‘ziyoq banda uchun Allohdan o‘zga sig‘iniladigan Zot yo‘qligini isbotlovchi eng yaxshi dalillardir.
Uning ilmiy merosi va ta’limoti to bugunga qadar bardavom bo‘lib kelmoqda. Hatto bu ta’limot, Imom Ash’ariy ta’limoti bilan birga, bugungi kunda ahli sunna val-jamoa deb tanilgan musulmonlarning to‘qson foizini tashkil etadi. Moturidiylikka mansub musulmonlar esa ahli sunnaning qariyb teng yarmidan iborat.
Movarounnahr diyori islom olamining yetuk allomalari voyaga yetadigan muborak zamin bo‘lgan. Xususan, Buxoro va Samarqand kabi mo‘tabar shaharlari o‘z davrida jahon ziynati, odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortgan ilm-fan va olimlarning qarorgohi bo‘lib, ilmga tashna inson borki dunyoning turli burchaklaridan bu o‘lkaga uning olimlari ichra murodini hosil qilish uchun safar qilar edi. Kim naql ilmi – ya’ni hadis va rivoyatlarni istasa, Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari muhaddislar bor. Kim aql va mantiqiy ilmlarga talabgor bo‘lsa, u Moturidiy, Nasafiy, Sobuniy, Sig‘noqiy va Peshog‘ariy kabi mutafakkirlarni topardi. Tilshunoslik, tafsir va adabiyotshunoslik ilmlarini izlaganlar Zamaxshariy va uning maktabidan, falsafa va hikmat ilmi talabidagilar esa Forobiy, Ibn Sino va boshqa zotlardan bahra olishar edi.Har bir talabgor bu diyorda o‘z istagini topgani uchun ham Samarqand “Ilm Ka’basi” – nomini olgan. Insonlarning qalblari Allohning Baytini tavof qilsa, ularning aqllari Samarqand atrofida parvonadek charx urar edi.
Shu bois o‘zbek xalqi o‘zining ulug‘ olimlari bilan faxrlanadi va ularni islom ilmlari sohasining barcha yo‘nalishlarida ko‘rsatgan buyuk xizmatlari uchun e’zozlaydi. O‘zbekiston hukumati o‘zbek xalqining orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga vazifador bo‘lgan. Buni biz Yangi O‘zbekiston Prezidentining bu ulug‘ yurtdan chiqqan yetuk olimlarga ko‘rsatgan e’tibor va e’tirofida yaqqol ko‘rib turibmiz.
O‘zbekiston rahbariyati xalqqa uning milliy o‘zligi va islom sivilizatsiyasini qaytarishni maqsad qildi. Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiorlarini ilgari surdi. Hech qaysi millat o‘zining teran ildizlari va asoslarisiz zamonaviylik va sivilizatsiya pog‘onalarida yuksalib, taraqqiy etolmaydi. Shuning uchun ham bu yurt olimlari ulkan hissa qo‘shgan islom ilmlarini qaytarish – taraqqiyot uchun zarurat va yuksalishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Prezident o‘z rahbarligi davrida amalga oshirgan dastlabki ishlaridan biri – ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘ldi. Bular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomlari bilan atalgan markazlar alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, poytaxt Toshkent shahrida, mazkur yurtning islom madaniyati va insoniyat tafakkuriga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.
Ushbu yo‘nalishda yana bir muhim qadam – islom olami ulamolari bilan fikr almashish bo‘ldi. Bu maqsadda o‘nlab ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ular islomiy ilmlarning aqliy va naqliy yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, ularning mazkur yurt taraqqiyotiga qanday hissa qo‘sha olishi va mamlakatni yanada yuksaltirishdagi o‘rnini belgilashga qaratilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda ilmiy-ma’naviy yetakchiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan eng muhim anjumanlardan biri – 2020 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘ldi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzdan ortiq islom ulamolari ishtirok etdi. Anjumanda al-Azhar shayxi, doktor Ahmad Tayyib ham qatnashdi. Mazkur anjumanning muhim tavsiyalaridan biri – Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazni tashkil etish bo‘ldi. Bu markaz moturidiylik ulamolari merosini tadqiq etish, ularni keng jamoatchilikka tanitish va ilmiy meroslaridan foydalanish maqsadida ilm nurini sochuvchi maskan sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutildi.
Markaz tomonidan o‘zbek va arab tillarida o‘nlab kitoblar nashr etildi. Ularning eng muhimlari – “Ta’vilot al-Qur’on”, Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” va “Risolatun fi at-tavhid” asarlarining arab tilidagi ilmiy matni va o‘zbek tilidagi tarjimalari bo‘ldi.
Shuningdek, Markaz tomonidan ilmiy maqolalarni o‘z ichiga olgan va islomshunoslik hamda moturidiylik ta’limotlariga bag‘ishlangan olim va mutaxassislar tadqiqotlarini chop etuvchi ilmiy-tahliliy choraklik “Moturidiylik” jurnali ta’sis etildi. Markaz xalqaro miqyosda ko‘plab anjuman va ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning qoshida islom olamining turli mintaqalaridan yetuk olimlar va mutaxassislardan iborat xalqaro ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.
Sanab o‘tilgan muhim bosqichlardan keyin, joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining yubileyi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan uning ilmiy va aqidaviy merosini qayta yodga olish hamda qadrlash davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak ehtirom bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu qarorga asosan turli davlat idoralari va tashkilotlari hamkorligida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Eng muhim voqealardan biri – 2025 yili Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya bo‘lib, unga islom olamining yetakchi ulamolari hamda islomshunoslik sohasida faoliyat yurituvchi mashhur sharqshunos olimlar ishtirok etishidir. Mazkur anjuman Imom Moturidiyning islom olamidagi yuksak maqomini munosib tarzda yoritishni ko‘zlab, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida o‘tkaziladi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda bir qator tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:
– xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov;
– O‘zbekistonning diniy ta’lim muassasalari barcha bosqich talabalari o‘rtasida Imom Moturidiy ta’limotiga bag‘ishlangan tanlov;
– imom-xatiblar va islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida moturidiylik ta’limoti va manbalari yuzasidan musobaqalar.
Shu qatorda, O‘zbekiston bo‘ylab tanlov g‘oliblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, o‘quv-seminarlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-Tavhid” asarlari hamda moturidiylik ta’limotini tanishtiruvchi boshqa muhim asarlarning o‘zbek va boshqa tillardagi ilmiy-akademik tarjimalari nashr etilishi rejalashtirilgan.
Sanab o‘tilganlardan tashqari, yubiley sanasini muhrlovchi esdalik buyumlari, Imom Moturidiy va moturidiylik ulamolarining hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq noyob manbalarni tizimli o‘rganish, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tahlil qilish, yuksak sifatli media mahsulotlar, hujjatli filmlar va audiovizual materiallar tayyorlash, ularni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.
Eng quvonarlisi, Prezident qarorining Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi joylashgan Samarqanddagi Chokardiza ziyoratgohi qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilishi, bu joy yaxlit kompozitsiyaga ega yodgorlik majmuasiga aylantirilishi xususidagi bandi bo‘lib, barchamiz uzoq kutgan bu yangilik qalbimizga betakror farah baxsh etdi...
Bu yurtda yangi bir ruhiyat ufurib turibdi. Bu ruhiyat hozirgi zamonni o‘tmish bilan bog‘laydi, kelajakni bunyod etishga safarbar etadi. Bu – ilm va ma’rifat qudrati, fikr va aql quvvati, taraqqiyot va tamaddun kuchi, birlik va bag‘rikenglik kuchi, qalb va axloq kuchi, ta’sir va bunyodkorlik kuchidir. Bu yangi ruh – milliy ildizlarga suyangan holda taraqqiyotga yo‘l ochuvchi, chuqur va teran bir tafakkurning ifodasidir. Chunki, har qanday tamaddunning poyasi madaniyatdir.
Millat o‘z tamaddunini qadrlamas ekan, yuksalmaydi. O‘z tafakkurini, qadriyatlarini boy manba sifatida dunyoga taklif eta olmas ekan, u har tarafdan o‘zlashtirishga muhtoj bo‘lib qoladi. Ammo bizda dunyoni boyitishga qodir fikr, madaniyat va kuch mavjud.
Ajdodlar qoldirgan ilm va madaniyat omonati yosh avlod qalbiga ilg‘or tarzda singdirilishi va o‘z tarixidan faxrlanish ruhida tarbiyalanishi zarur. Prezident qarori va uning ila amalga oshiriladigan ishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Alloh har bir bunyodkor qo‘lni, har bir oqilona qarorni va har bir avlodni ulug‘ ajdodlar bilan bog‘layotgan so‘zni xayrli qilsin – shoyadki, ular o‘z buyuk o‘tmishlarini qayta tiklab, insoniyat karvonini yana ma’rifat, mo‘tadillik, bag‘rikenglik sari boshlab bora olgaylar!
Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy,
moturidiyshunos olim.
O‘zA