Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2025   |   23 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2025, 23 Shavvol, 1446

BIRINCHI JUZ: 1-sura FOTIHA SURASI. Makkada nozil bo‘lgan, 7 oyatdan iborat

04.07.2020   7856   17 min.
BIRINCHI JUZ:  1-sura FOTIHA SURASI. Makkada nozil bo‘lgan, 7 oyatdan iborat

 

"Fotiha" so‘zi lug‘atda "ochuvchi" degan ma’noni bildiradi. Qur’oni karimning birinchi surasi nomi Fotihadir. Ko‘pgina ulamolar uni Makkada nozil bo‘lgan, deyishadi, yetti oyatdan iborat. Mazkur sura Qur’onning avvalida kelgani, o‘zi yetti oyatli bo‘lsa-da butun Qur’oni majidning mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etgani uchun ham "Qur’on mazmunini ochuvchi" nomini olgan. Payg‘ambar alayhissalom Fotihaga "Qur’ondagi eng ulug‘ sura" deb nom berganlar. Alloh taolo uni "Sab’ul-masoniy" (takrorlanuvchi yetti oyat) deb atagan. Shuning uchun Fotiha surasi har kuni besh vaqt namozda ko‘p marta takror o‘qiladi. Bu sura nomlaridan biri "Al-hamd"dir, chunki bandalarga ushbu sura orqali maqtov-hamd aytish yo‘llari ko‘rsatilgan; yana bir nomi "Ummul-Qur’on"dir (Qur’on onasidir),  yana bir nomi "Ash-shifo"dir, chunki u o‘limdan boshqa hamma dardga shifodir. Bundan boshqa yana bir qancha nomlari ham bor.

Shu o‘rinda "Bismillah" va Fotiha surasining nozil bo‘lishi haqidagi hadislarni keltirib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Islom dinida har bir amalni, u namoz o‘qish yo Qur’on tilovat qilish bo‘ladimi, ovqatlanish yo kasb-korni boshlash bo‘ladimi, bir joyga kirish yo uyquga yotish bo‘ladimi, maktub yozish yoki nutq so‘zlash bo‘ladimi, barini "Bismillahir Rohmanir Rohiym" (Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman) kalimasi bilan boshlash buyurilgan. Hadisda aytilishicha, "Bismillah"siz boshlangan ishning orti kesikdir, ya’ni muvaffaqiyatli tugamaydi yo barakoti bo‘lmaydi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday degan: "Ey Muhammad, shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rang, so‘ng "Bismillahir Rohmanir Rohiym" deng". Yana shu kishi aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Bismillah" nozil bo‘lmaguncha suralarning nihoyasini bilmasdilar". Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: "Toki "Bismillah" nozil bo‘lmagunicha ikki suraning orasini ajratishni bilmasdik", degan. Abdulloh ibn Nofe’ otasidan, u esa Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilib aytadi: "Bismillahir Rohmanir Rohiym" har bir sura avvalida nozil bo‘lgan".

Fotiha surasining nozil bo‘lishi haqida esa, ulamolar ixtilof qilishadi. Abu Maysara roziyallohu anhu aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tashqariga chiqsalar, "Ey Muhammad" degan nido eshitardilar. Bundan qo‘rqib, orqalariga qaytardilar. Shunda Varaqa ibn Navfal u kishiga: "Agar nido eshitsangiz, joyingizda turib nima deyilmoqchiligini kuting", dedi. Keyin u zot yana "Ey Muhammad" degan nidoni eshitganlarida "labbayka!" dedilar. Nido qiluvchi bunday dedi: "Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadar-Rasululloh" degin va "Alhamdu lillahi Robbil alamiyn", deb ayt!". Bular Aliy ibn Abu Tolibning so‘zidir. Ko‘pchilik ulamolar fikricha, Fotiha surasi Makkada nozil bo‘lgan. Bunga dalillar: Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkada turganlarida "Bismillah"ni aytib Fotiha surasini o‘qirdilar. Shunda Quraysh ahli: "Alloh og‘zingni yumsin" dedi yoki shunga o‘xshash gapni aytdi". Buni Hasan va Qatodalar ham rivoyat qilishgan. Mujohidning fikricha, Fotiha surasi Madinada nozil bo‘lgan. Husayn ibn Fazl: "Har bir olim ham yanglishadi, bu Mujohidning xatosidir, chunki bu so‘zni yakka uning o‘zi aytgan. Ulamolar esa buning aksini aytishadi. Suraning makkiy ekaniga ushbu oyati karima dalildir: "Darhaqiqat, Biz sizga yetti takrorlanuvchini (ya’ni Fotiha surasini) va ulug‘ Qur’onni berdik" (Hijr, 87). Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Ubay ibn Ka’b Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga "Ummul Qur’on"ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib berdi. Shunda u zot: "Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh na Tavrotda, na Injilda, na Zaburda va na Qur’onda bu kabini nozil qilgan. Albatta, u yetti takrorlanuvchi va menga berilgan ulug‘ Qur’ondir", dedilar" (Aliy ibn Ahmad Naysoburiy. "Asbabun-nuzul").

 

أَعُوذُ بالله مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ

بِسۡمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

Bismillahir Rohmanir Rohiym

(Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman)

ٱلۡحَمۡدُ لِلَّهِ رَبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ٢

  1. Barcha maqtovlar olamlar Parvardigori Allohgadir.

Qur’oni karimning, uning birinchi surasi Fotihaning ushbu oyati karima bilan boshlanishi, ochilishi bejizga emas. Musulmonlar doimo "Barcha maqtovlarimiz va sanolarimiz Alloh taologa bo‘lsin!" deya duo qilishadi. Chunki hamdu sanoga butun olamlarning, barcha jonli va jonsiz mavjudotlarning yakkayu-yagona yaratuvchisi, boshqaruvchisi va tarbiyatkunandasi Alloh azza va jallagina munosibdir, haqlidir. "Olamlar" deganda Alloh taolo yaratgan barcha olamlar, ya’ni butun mavjudot: insoniyat, farishtalar va jinlar, hayvonot, nabotot, jamodot, koinot va boshqa olamlar tushuniladi. Alloh taolo bu olamlarni yaratish bilan birga ularni asraydi, boshqaradi, rizqlantiradi. Alloh taolo bilan olamlar orasidagi aloqalar hech qachon, har qanday holatda ham uzilmaydi. Ana shu barcha olamlarning yakka yaratuvchisi va boshqarib turuvchisi mutloq hukmdorlikka ega yagona Alloh taolodir.

Alloh taolo yaratgan olamlarni to‘laroq his etish uchun xayolan bir safar qilib ko‘raylik: masalan, siz yashab turgan qishloq yoki mahallada bir necha ming kishi yashaydi. Bunday mahallalardan bir tumanda kamida ellik-oltmishtasi bor. Bu ma’lumotlarni viloyat miqyosiga solishtirsangiz, salmoq yanada kattalashadi: viloyatda siznikiday tumanlarning kamida o‘n-o‘n beshtasi bor. Mamlakatimizda esa bunday viloyatlar soni o‘n uchta. Demak, bundan O‘zbekistonimizning ham juda katta mamlakatlardan ekani ma’lum bo‘ladi. Shunday katta mamlakatni jahonga tenglasak, ish boshqacharoq tus oladi. Dunyo mamlakatlari maydoni yuz foiz deb olinsa, O‘zbekiston egallab turgan yer buning bor-yo‘g‘i 0,33 foiziga teng. Aholi soni bo‘yicha esa jahon ko‘rsatkichining 0,4 foiziga baravarmiz. Yer yuzida insonlar makon tutgan quruqlik esa juda bepoyon emas: kurramizning yigirma to‘qqiz foizigina odam yashaydigan quruqlikdan, qolgan yetmish bir foizi dengiz va ummonlardan iborat.

Insoniyat yashab turgan Yer kurrasini Quyoshga mengzaydigan bo‘lsak, Quyosh salmog‘ining o‘ziyoq inson aqlini shoshirib qo‘yadi. Quyosh Yerdan milliardlab marta katta, Yerdan Quyoshgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish uchun  eng uchqur havo kemalarining yillab uchishiga to‘g‘ri keladi. Endi fikr doirasini yanada kengaytirib, atrofimizni o‘rab turgan hamda Yer, Quyosh, Oy hamda boshqa sayyora va yulduzlardan tashkil topgan galaktika (milliardlab osmon jismlari to‘plami) o‘lchamlari bilan tanishaylik: biz ichida yashab turgan galaktika "Somon yo‘li" deb ataladi. Somon yo‘li tarkibida Quyosh tizimiga kiruvchi Yer, Zuhal, Mirrix, Mushtariy, Cho‘lpon kabi to‘qqiz sayyora, shuningdek ikki yuz milliarddan ortiq yulduz bor. Bu yulduzlardan ayrimlarining har biri Quyoshga teng: ba’zisi undan kattaroq, ayrimlari kichikroq. Somon yo‘lining naqadar ulkanligini tasavvur qilish uchun birgina misol: Quyoshdan chiqqan yorug‘lik bizgacha sakkiz daqiqada yetib keladi, yorug‘lik Somon yo‘lining bir uchidan ikkinchi uchigacha borishi uchun esa yuz ming yil kerak bo‘ladi. Bu poyonsiz Koinotda qancha galaktika borligi noma’lum. Fransuz olimi Moris Bukay ular sonini milliardlab deydi. Bizlar anglagan bitta Somon yo‘li galaktikasi shunchalar aql bovar qilmas darajada ulkan ekan, yana bunday galaktikalardan milliardlabi mavjudligi har qanday sog‘lom aqlni ham  shoshirib qo‘yishi aniq. 

Alloh taolo yaratgan birgina Koinot olami haqida fikr yuritishning o‘ziyoq Parvardigorning buyuk qudrati va yaratish hikmatiga misol bo‘la oladi. Haq taolo yaratgan hayvonot, nabotot, jamodot, inson va jinlar olami haqida tafakkur yuritish esa kishi ma’rifatini yanada oshirishda ulkan saboq bo‘lishi aniq. Birgina misol: olimlar hisobicha, yer yuzida va suv ostida tarqalgan barcha maxluqot-mavjudotlar turi (xili) 150 milliontadan oshadi.

Alloh taolo bunday ulkan Koinot tizimi, inson aqli bovar qilmaydigan bepoyon olamlarnigina yaratib qolmay, eng mayda zarralarni ham xalq etgan. Masalan, atomni olib ko‘rsak, bunga yana bir bor imon keltiramiz. Bir atom shunaqangi mayda zarraki, uni hatto eng kuchli zarrabin (mikroskop) orqali ham ko‘rishning iloji yo‘q. Buni tasavvur qilish uchun bir tajriba qilamiz: bir santimetrli ipni ming bo‘lakka bo‘ling, so‘ng ana shu bo‘laklardan birini yana ming qismga bo‘lib chiqing. Hosil bo‘lgan uzunlikning bittasini olib, uning yuzdan birini aniqlang. Ana shu topgan uzunligingiz atomning yarmiga tengdir. Alloh taolo  shunday kichik zarra bo‘lgan atomni ham ikkiga: neytron va protonga bo‘linadigan qilib yaratganiga nima deya olasiz?!

Alloh taolo barcha mavjudotlarning yagona Yaratuvchisi, tanho boshqaruvchisi, bularning barini yagona ilohiy nizomga bo‘ysundirib qo‘ygan buyuk Zot ekan, maqtov va sanolarimiz ham faqat Uning O‘ziga bo‘ladi! Shuning uchun har gal Fotiha surasi qiroat qilinganida yuqoridagi misollarni bir xotirga keltirish, Buyuk Xoliqimizni tanish, tengsiz qudratiga tasannolar aytish va bergan behisob ne’matlariga shukr aytish zarur bo‘ladi. 

ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ٣

  1. U mehribon, rahmlidir.

Mehribonlikni anglatuvchi Rahmon va rahmlililikni anglatuvchi Rahim Alloh taoloning go‘zal ismlaridan bo‘lib, "Rahmon" ne’matlarini to‘kis behisob qilib beruvchi ma’nosini, "Rahim" esa qiyomatda mo‘minlarga rahm qiluvchi ma’nosini bildiradi. Uning Rahmon sifati faqat Alloh taoloning O‘ziga xos, buni insonlarga nisbat berib bo‘lmaydi. Rahimlilik esa inson va boshqa maxluqotlarga ham xos bo‘lib, insonlarda ham, jonzotlarda ham o‘z farzandlariga hamda yaqinlariga rahm-shafqat tuyg‘ulari mavjuddir. Masalan, o‘g‘il-qizi bemorlik tufayli yoki moddiy jihatdan sal qiynalib qolsa, ota-onalar rahm-shafqatlari tufayli jonu mollarini undan ayamay sarflab yuborishadi. Jonzotlarda ham o‘z nasliga rahm-shafqat nihoyatda kuchli. Hayvonlar haqidagi filmlarda bu narsa ko‘p marta ko‘rsatilgan. Eng vahshiy jonzot sanalgan arslon ham yangi tug‘ilgan bolasini shunchalik yalab-erkalaydiki, beixtiyor uning vahshiyligi esdan chiqadi.

Baland qoyalarga in qurib bola ochadigan bir dengiz qushi bo‘larkan. Bolasi ulg‘ayib, parvoz qiladigan bo‘lganida ilohiy tabiiy tuyg‘u (instinkt) tufayli dengiz sari uchishi kerak ekan. Ammo ko‘p palaponlar qoyadan dengizgacha bo‘lgan masofani uchib o‘ta olmay, yarim yo‘lda charchab yerga qo‘nishiga to‘g‘ri kelib qolardi. Ana shunda rizq izlab yurgan tundra tulkilari ularni poylab turishardi. Palaponi tulkiga yem bo‘lmasligi va nasli davom etishi uchun qushning onasi tulkiga o‘zini qurbon qilib, bolasini qutqaradi.

Rahmdillikning bunday ko‘rinishlari insonlar orasida ayniqsa kuchli. Rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar alayhissalom janglarning birida asirlar orasidagi bir ayol asirlarning bolalarini emizayotganini ko‘rib qoladilar. Uni sahobalarga ko‘rsatib: "Mana shu xotin o‘zgalarning bolasini emizyapti, shu ayolga "O‘z bolangni o‘tga tashla!" deb buyurilsa, tashlaydimi?" deya so‘radilar. Sahobalar: "Aslo, o‘zini o‘tga tashlashi mumkin, ammo bolasini tashlamaydi", deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz: "Alloh taolo ham bandasini o‘tga tashlashni istamaydi, bu onaning o‘z bolasiga bo‘lgan mehridan ko‘ra Allohning siz bilan bizga bo‘lgan mehribonligi buyukroqdir", dedilar. Haqiqatan, Alloh taolo mehribonlarning eng mehriboni, rahmlilarning eng rahmlisidir.

Yana takrorlaymiz, Uning mehribon (Rahmon) sifati faqat Uning O‘ziga xosdir. Alloh taolo shunchalik mehribonki, xohlagan paytimizda, hech qanday ogohlantirishlarsiz O‘zining huzuriga kirishga, huzurida istagancha turishga ijozat berib qo‘ygan. Iltijo ila qo‘llarimizni ko‘tarib, "Alloh akbar" deyishimiz bilan Allohning oliy huzuriga kiramiz, O‘zigagina ibodat qilamiz  va nihoyasida xohlagan narsamizni so‘ray olamiz. U shunchalik mehribonki, insonlar orasida Allohni va Uning amr-farmonlarini inkor qiluvchilari bo‘lsa-da, ularni ham esdan chiqarmay rizq beraveradi, ne’matlarini darig‘ tutmaydi. U shunchalar mehribonki, banda qancha gunoh ishlar, yomonliklar qilsa ham, ular uchun jazolashni oxiratga qoldirmaydi: "Bandam tavba qilsa, barcha gunohlarini kechiraman", "Mening rahmatimdan noumid bo‘lmanglar", deydi. U shunchalar mehribonki, biror maxluqni rizqsiz, och qoldirmaydi, Yer yuzida qimirlagan jon borki, ularning rizqini hamisha berib turishga va’dasi bor. Osmondagi qushlar ham Rahmonning mehribonligi tufayli bemalol qanot qoqib parvoz qilib yuribdi. Qur’oni karimda bunday deyilgan: "Tepalarida uchayotgan qushlarning qanotlarini qanday ochib-yopayotganini ko‘rishmaydimi? Ularni Rahmondan boshqa ushlab turadigan zot yo‘q, U hamma narsani ko‘rib turadi". (Mulk, 19). Ya’ni, Alloh taolo Rahmon sifati bilan qushlarning samoda parvoz qilishlari uchun ularga qanot qoqish imkonini berdi, tana a’zolarini shunga mosladi, ularni uchishga o‘rgatdi, hatto rizqlarini ham o‘sha yerda ta’minladi. Xuddi shu kabi U insoniyatga uchoqlar yasab, ularda parvoz qilishni o‘rgatdi. Parvoz qilayotgan qushlarni ham, inson kashf etgan uchoqlarni ham osmonda yolg‘iz Allohning O‘zi mehribonligi bilan tutib, asrab turadi. U Rahmon sifati bilan nafaqat qushlarni, balki butun mavjudotlarni ham O‘z panohida asraydi. U hamma narsani ko‘rib-bilib turadi.

مَٰلِكِ يَوۡمِ ٱلدِّينِ٤

  1. Jazo kunining Egasidir.

"Jazo kuni" qiyomatdir, ya’ni, Alloh taolo jazo kunining, bandalarning amallari hisob-kitob qilinadigan, solih amallar qilganlar jannat ila mukofotlanadigan, kofir va mushrik kimsalar do‘zaxga tashlanadigan Qiyomat kunining Podshohidir. Chunki o‘sha kuni hamma-hammaga - farishtalaru jin va insonlarga, hayvonlaru qush-hasharotlarga amr qiladigan, hisob-kitobga tortadigan, jazo yoki mukofot belgilaydigan, adolat o‘rnatadigan yolg‘iz Alloh taoloning O‘zidir. Bu ishda Unga hech bir jonzot sheriklik qilolmaydi, hech bir jonzot Uning qarorini o‘zgartirolmaydi. O‘sha kuni mutloq hukmdor faqat Alloh azza va jallaning O‘zi bo‘ladi.

إِيَّاكَ نَعۡبُدُ وَإِيَّاكَ نَسۡتَعِينُ٥

  1. "Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz;

Bu oyatni, umuman surani Alloh taolo bandalar shunday deyishlari uchun ular tilidan bayon qiladi. Insonlar faqat Allohgagina ibodat qiladilar, sig‘inadilar va Uning O‘zidangina yordam kutadilar. Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. "Ibodat" so‘zi "toat", "itoat qilish" va "Parvardigorni ulug‘lash" ma’nolarini o‘zida jamlagan. Shariatda bajarilgani uchun savob beriladigan va niyatga bog‘liq bo‘lgan amal "ibodat" deyiladi. Alloh taolo amr-farmonlari va Uning Payg‘ambari ko‘rsatmalarini bajarish, Parvardigor roziligini topish va Unga bandalikni ado etish uchun buyurilgan namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot berish, haj qilish, duo va zikrlar aytish, yaxshilik va ehsonlar qilish kabi toat va amallar ibodatdir. Ibodatlarning eng asosiysi, eng ulug‘i, eng ahamiyatlisi namozdir.

Insonning O‘zini Alloh azza va jalla yaratgan, unga Yer yuzida hayot kechirish, ko‘rish, eshitish, his etish, ko‘payish, rizq izlash, uxlash, xursandchilik qilish ne’matlarini berib qo‘ygan. Insonning yaxshi hayot kechirishi uchun Parvardigori ato etib qo‘ygan ne’matlarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Qorni ochsa turfa taomlar, meva va boshqa mahsulotlarni muhayyo etadi. Kasal bo‘lsa, shifoni ham Alloh beradi. Boshiga g‘am tushsa, Uning O‘zi g‘amini aritadi. Qiynalsa, Parvardigorning o‘zi yordamga keladi. Shunday bo‘lgach, mehribon va rahmli Allohdan o‘zgaga sig‘inib, Undan boshqadan najot kutib bo‘larmidi! Bandaning har ishda, har qadamda Allohga yukunishi, hojatlarini Uning O‘ziga havola qilishi, Allohdangina qo‘rqishi, Uning rahmat va mag‘firatidan umidvor bo‘lishi uning  imon, ilm va salohiyatda peshqadam ekaniga dalolatdir.  

Mutaxassislar so‘nggi yillarda ajoyib bir kashfiyot qilishdi: bir odam insonlarning yomonligidan, musibat va falokatlardan, balo-ofatlardan qattiq qo‘rqsa, asab tizimi ishdan chiqib, buning oqibatida yurak, qon tomiri, jigar va boshqa a’zolarining faoliyati buzilar ekan. Doimiy qo‘rquv esa hatto tuzalmas xastaliklarga sabab bo‘lishi ham mumkin. Allohdan qo‘rqilganida esa buning tamoman aksini kuzatishgan. Bunda inson ruhi cheksiz lazzat va xotirjamlikka g‘arq bo‘lar, bu esa tana a’zolarining ishlashiga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Olimlar yana insonning dunyoviy tashvishlardan g‘am chekib yoki yaqinlarining o‘limiga qayg‘urib uzoq vaqt yig‘laganida ko‘z yoshi qurib, hatto ko‘zi ko‘rmay qolishi mumkinligini aniqlashdi. Lekin Allohdan qo‘rqib, yo Unga tavba-tazarru va iltijolar bilan ko‘z yoshi to‘kkanlarning, Alloh Kalomini doimiy tilovat qilganlarning ko‘rish qobiliyatlari yaxshilangani tajribalarda isbotini topgan. Ana shu misollarning o‘ziyoq banda uchun Allohdan o‘zga sig‘iniladigan Zot yo‘qligini isbotlovchi eng yaxshi dalillardir.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

To hayot ekansiz...

18.04.2025   7547   1 min.
To hayot ekansiz...

Tirikmisiz? Hayotning qadriga yeting. 
 

Charchadingizmi? Alloh yaratgan tabiat qo‘yniga chiqing dam oling, tafakkur qiling! 
 

Yiqildingizmi? Allohdan sabr va kuch so‘rab, o‘rningizdan turing. 
 

Sizdan so‘rasalar, o‘ylanmay beravering. Zero, hamma narsa Allohniki. Alloh vaqtinchalik sizga berib turibdi, xolos. O‘rni bo‘lsa, muhtojlarga ulashib, savobini olib qoling. 
 

Sizni qadrlamasalar xafa bo‘lmang, qadrlashlarini so‘ramang ham. Ammo sha’ningiz toptalgan joyda qolmang. 
 

O‘rgatsalar, o‘rganing saboq oling. Hayot sinovlari oldida yengilmang. Kurashib yashang. To hayot ekansiz, har bir ne’matning shukrini qiling. Bu foniy olamda hammasi sinov ekanini esdan chiqarmang. 

Akbarshoh Rasulov

O'zbekiston yangiliklari