Islomda olijanob axloqning eng muhim tushunchalari ta’riflanib, insoniyatni ularga amal qilish sari undaladi. Bular: ehson, kechirimli bo‘lish, sabr-toqat, rostgo‘ylik, shirinso‘zlik, ota-onani, o‘zidan katta yoshdagilarni hurmat qilish, or-nomus, sadoqat va boshqalardir. Musulmonlar bir-birlarini yaxshilik va olijanob axloqqa chaqirishlari, nojo‘ya ishlardan qaytarishlari Alloh tarafidan farz qilingan. Islom axloqining asosida halollik va taqvo yotadi. Kimki jismoniy va ma’naviy pok bo‘lsa, unday kimsa axloqsizlik yo‘liga kirmaydi.
“Taqvo” so‘zi arab tilida “saqlanmoq”, “ehtiyot bo‘lmoq” ma’nolarini anglatadi. U “viqoya” so‘zidan olingan bo‘lib, ozor va zarar beradigan narsadan to‘sishni anglatadi. Allohdan taqvo qilish deganda, inson Allohning jazosidan qo‘rqqan narsasida gunohdan saqlanishi, ehtiyot bo‘lishi tushuniladi. Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu): “Taqvo – Allohdan qo‘rqish, Qur’on ko‘rsatmasida yashash, oziga rozi bo‘lish va oxiratiga tayyorgarlik ko‘rish”[1], – degan ekan.
Taqvo bu Allohga itoatda bo‘lib, osiy bo‘lmaslik, doim Uning zikrida bo‘lib, unutmaslik va Unga shukr qilib, noshukrlik qilmaslikdir. Amallarini har bir vaqtda maxfiy va ochiqchasiga bajarish, chaqirig‘iga “labbay” deb javob berish bilan taqvo qilinadi. Zero, Alloh taolo bunday deydi: “Ey imon keltirganlar! Allohga haqiqiy taqvo ila taqvo qiling. Va faqat musulmon holingizdagina bu dunyodan o‘ting[2]. Ya’ni, har doim musulmon holida imon bilan, taqvodor bo‘lib, umr o‘tkazish lozim ekan. Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “...Ishingni maxfiy va ochiqchasiga qilishingda Allohdan taqvo qilgin”, – dedilar”[3].
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bir-biringizga hasad qilmangiz, sun’iy ravishda molning narxini oshirmangiz, o‘zaro nafrat-adovatda bo‘lmangiz, bir-birlaringizga ters o‘girilib ketmangiz. Hech biringiz boshqa birovning savdosi ustidan savdo qilmangiz. Ey Allohning qullari, o‘zaro birodar bo‘lingiz. Musulmon-musulmonning birodaridir: U birodariga zulm qilmaydi, uni aldamaydi va pastga urmaydi. Taqvo mana bu yerda! – Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday deb uch marta ko‘kraklariga ishora qildilar. – Kishining yomonligiga uning musulmon birodarini pastga urishi kifoyadir. Musulmonning qoni, moli va obro‘-nomusi boshqa bir musulmon uchun haromdir”, – dedilar”[4].
Insonlar faqat taqvo bilan bir-birlaridan ortiqdirlar. Inson Parvardigori nazdida shaxsi yoki mol-davlati, husn-chiroy, nasl-nasab, shakl-shamoyil, yoki terilarining rangi bilan emas, faqat taqvosi va toat-ibodati bilangina hurmatli bo‘ladi. “Albatta, sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlilaringiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh Bilguvchi va Ogohdir”[5].
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan so‘radilar:
– Eng mukarram inson kim?
– Alloh taolodan eng ko‘p taqvo qiladigan banda! – deb javob berdilar.
Bandaning qay darajada taqvodorligi ham yolg‘iz Allohga ayon. Allohning kuzatuvchanligini his qilish zohiriy amallar ta’sirida emas, qalbdagi Allohdan qo‘rquv hissi bilan hosil bo‘ladi. Alloh taolo insonning qalbiga nazar soladi, ya’ni, bandasiga qalbidagi yaxshilik yoki yomonlikka yarasha jazo-mukofot beradi. Qancha-qancha badavlat, boobro‘, kelishgan odamlar borki, qalblari huvillab yotibdi. Hech narsasi yo‘q, xokisor insonlar borki, qalblari taqvoga to‘la. Shuning uchun ham birovni kamsitish ulkan gunoh sanaladi.
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qiladilar: “...Odamlarni jannatga eng ko‘p kiritadigan narsa nima? Allohdan taqvo qilish va husni xulqlikdir”[6].
Taqvoning samaralari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
Alloh taolo taqvodor banda bilan birga bo‘ladi.
“Albatta, Alloh taqvo qilganlar va go‘zal ishlar qilganlar bilandir”[7]. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) va Abu Bakr (roziyallohu anhu) Madinaga hijrat qilayotganlarida Jabali Sur g‘origa bekinishganlarida mushriklar ularni qidirib shu g‘or yonigacha kelishdi. Lekin g‘orning og‘ziga qaragani erinishdi. Shunda Abu Bakr (roziyallohu anhu) yig‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Nimaga yig‘layapsiz”, deganlarida, Abu Bakr: “Agar oyoqlarini ostiga qarashganlarida bizni ko‘rardilar-a!?” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey, Abu Bakr! Uchinchi sherigi Alloh bo‘lgan ikki kishi haqida nima deysiz!” dedilar. Ya’ni, uchinchi sherigimiz Alloh bo‘lsa, agar ular qarashganda ham ko‘rishmasdi. Chunki o‘rtada taqvo bor edi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ikki odam Alloh yo‘lida sherik bo‘lib biror ish qilsa, bir-biriga xiyonat qilmasa, Allohdan taqvo qilishsa, uchinchi sherigi Alloh bo‘ladi. Agar biri ikkinchisiga xiyonat qilishni boshlasa, uchinchi sherigi bo‘lgan Alloh chiqib ketadi”, – dedilar.
Alloh taqvodorlarni yaxshi ko‘radi.
“Yo‘q! Balki kim ahdiga vafo qilsa va taqvodor bo‘lsa. Bas, Alloh taqvodorlarni xush ko‘radi”[8]. Agar Alloh bandasini yaxshi ko‘rsa, hech narsaga zoriqtirib qo‘ymaydi. Allohning bandasiga bo‘lgan mehrichalik boshqa mehr beruvchi yo‘q. Alloh yaxshi ko‘rganini xor qilib qo‘ymaydi. Bunga bizdan taqvoli bo‘lishimiz kifoya ekan.
Alloh – taqvodorlarning do‘sti.
“... Alloh mo‘minlarning valiysidir”[9]. Do‘stingiz Alloh bo‘lsa, qanday yaxshi bo‘ladi. Nima so‘rasangiz, beradi. Nima qilsangiz, birga bo‘ladi.
Alloh taqvodorlarning ishlarini yengil qilib qo‘yadi.
“... Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning ishida osonlik qilib beradi”[10].
Alloh taqvodorlarning gunohlarini kechiradi va savob ishlarinining ajrini ziyoda qiladi.
“Kim Allohga taqvo qilsa, uning gunohlarini kechirur va ajrini ko‘paytirib berur”[11]. Gunohlarni kechirar deb tashlab qo‘yish bo‘lmaydi, albatta, taqvo bo‘lishi kerak ekan. Agar mo‘min kishi katta gunohlarni qilishdan taqvo qilsa, Alloh taolo kichik gunohlarni kechirar ekan.
Alloh taolo taqvodor bandani g‘am-qayg‘u va qo‘rquvdan salomat saqlaydi.
“Ey Odam bolalari, agar sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan Payg‘ambarlar kelib, oyatlarimni so‘zlaganda, bas, kim taqvo qilsa va yaxshi amal qilsa, ularga xavf yo‘qdir va ular xafa ham bo‘lmaslar”[12]. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning hadislarida keladi: “Kim barcha g‘amini Allohni rozi qilish g‘amiga almashtirib olsa, qolgan g‘amlarining hammasini Alloh O‘zining zimmasiga olishini va’da bergan”.
Taqvodorlarning solih amallarini qabul qiladi.
“Ularga Odamning ikki o‘g‘li xabarini haq ila tilovat qilib ber. Ikkovlari qurbonlik qilganlarida, birlaridan qabul qilindi, boshqasidan qabul qilinmadi. U: “Albatta, men seni o‘ldirajakman”, dedi. Birisi: “Albatta, Alloh taqvodorlardangina qabul qiladir”[13]. Qobil va Hobil sadaqa qilishdi, Alloh Hobilning sadaqasini qabul qildi, Qobilnikini qabul qilmadi. Chunki Hobil Allohdan taqvo qilib eng yaxshi ko‘rgan molini sadaqa qilgan edi.
Taqvodorlarga baraka yog‘iladi va rizqi keng bo‘ladi.
“Agar qishloqlar ahllari imon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, Biz, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni qilgan kasblari tufayli tutdik”[14]. Inson uchun osmon va zamindan barakot eshiklari ochilishi uchun birgina shart kifoya, ya’ni, u imonli va taqvoli bo‘lishi lozim ekan. Ana o‘shanda insonga osmonu zamindan barakotlar eshigi ochib qo‘yiladi. Chunki imon insonni barakotli hayot yo‘liga boshlaydi. Taqvo esa, insonni farovon hayot yo‘liga soladi. Imon bilan taqvo bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lganidek, barakot ham ularga bog‘liqdir. Bu haqiqatga kattayu kichik har bir sohada guvoh bo‘lishi mumkin. “...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning yo‘lini ochib qo‘yur. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur...”[15]
Alloh taqvodor bandani dushmanlarining makr-hiylalaridan saqlaydi.
“Sizga yaxshilik yetsa, ularga yomon bo‘lar. Sizlarga musibat yetsa, ular xursand bo‘larlar. Agar sabr va taqvo qilsangiz, ularning makri sizga hech zarar qilmas. Albatta, Alloh qilayotgan ishlarini ihota qilguvchidir”[16]. Og‘ir kunlarda “hamma narsa Allohdan” deb sabr bilan taqvo qilinsa, hech bir dushmanning makri ziyon yetkazmas ekan.
Alloh taqvodorlarga ilm beradi, ya’ni o‘rgatadi.
“Allohga taqvo qiling. Va Alloh sizga ilm beradi. Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir”[17]. Taqvo qilsak, Alloh bizga hamma yo‘lni o‘rgatar ekan.
Jahannamdan najotga chiqaradi.
“Sizdan unga yaqinlashuvchi bo‘lmagan hech kim yo‘q. Bu Rabbing huzuridagi keskin hukmdir. So‘ngra taqvo qilganlarga najot beramiz va zolimlarni unda tiz cho‘kkan hollarida qoldiramiz”[18]. Mo‘minlar jahannamga, xususan, sirotdan o‘tayotganlarida yaqinlashadilar, biroq, tushmay o‘tib ketadilar. Kofirlar esa, yaqinlashib, jahannam atrofida tiz cho‘kib o‘tiradilar va gunohlariga mos ravishda ketma-ket do‘zaxga tashlanadilar.
Jannat beriladi.
“Albatta, taqvodorlarga yutuq bordir: bog‘-rog‘lar, uzumzorlar bordir. Va yangi bo‘yi yetgan bir xil yoshdagi qizlar bordir. Va to‘ldirilgan qadahlar bordir. U yerda bekorchi gaplarni ham, yolg‘on gaplarni ham eshitmaslar. Rabbingdan mukofot, sovg‘a hisobidandir”[19].
“O‘sha oxirat diyorini Biz yer yuzida takabburlik va buzg‘unchilikni istamaydiganlar uchun qilurmiz. Oqibat taqvodorlarnikidir”[20]. Oxirat diyori yer yuzida takabburlik va buzg‘unchilik qilmaganlar, ularni yer yuzida bo‘lishini istamaydiganlarga berilar ekan. Taqvodor bo‘lgan kishining oqibati yaxshi bo‘lar ekan.
Odamlarni qiynaydigan bir mavzu bor, ya’ni, ortida qolayotgan farzandlarining kelajagi haqida. Buning ham davosi taqvo qilib yashash ekan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Farzandlarining kelajagini o‘ylagan ota bo‘lsa, taqvo qilsin!”, – dedilar. Xizr va Muso (alayhissalom) o‘rtasidagi safarlarini eslasak, Alloh taolo bunday deydi: “Bas, yurib ketdilar. To bir shahar aholisiga kelganlarida, uning ahlidan taom so‘radilar. Ular ikkovlarini ziyofat qilishdan bosh tortdilar. Ikkovlari u yerda yiqilib ketay deb turgan bir devorni ko‘rishdi. Bas, uni turg‘izib qo‘ydi. U (Muso): “Agar xohlasang, buning uchun haq olar eding”, dedi”[21] ya’ni, ularga taom berib mehmon qilishni xohlamagan qavmning yiqilishga yaqin bo‘lgan bir devorini tikka qilib qo‘yishadi. Sabri yetmagan Muso (alayhissalom) bu tikkalab qo‘ygan devorning haqini talab qilaylik, dedi. Xizrning tili bilan Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qildi: “Devorga kelsak, u shahardagi ikki yetim bolaniki bo‘lib, uning ostida ikkovlarining xazinasi bor edi. Ularning otalari solih odam edi. Bas, Rabbing ikkovlarining voyaga yetishini va xazinalarini chiqarib olishini iroda qildi. Bu Allohning rahmati ila bo‘ldi...”[22]. Ota-onasi yaxshi, taqvodor odam bo‘lganlari uchun Alloh taolo buyurdi, devorni tikka qilib qo‘yishdi. Bu dunyodan o‘tib ketishini bilib turgan ota-ona farzandlarining kelajagini g‘am qiladigan bo‘lsa, faqat taqvo qilsa, ulardan keyin nima bo‘lishiga tashvish qilishmasa ham bo‘lar ekan.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, yaxshi umr kechirishni, rizqimiz serob, ko‘nglimiz xotirjam va oxiratimiz obod bo‘lishini istasak, Allohdan taqvo qilib yashashimiz zarur ekan.
Q. Mahmudov
[1] Muhammad Salobiy. Siyrati amiri-l-mu’miniyn. Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu). 2005 – B.396.
[2] Oli Imron surasi, 102-oyat mazmuni.
[3] Musnad Ahmad ibn Hanbal. Ahmad ibn Hanbal. – J.5. Olamu-l-kutub. Bayrut, 1998. – B. 181.
[4] Muslim ibn Hajjoj. Sahihi Muslim. – J.8. – Bayrut. Doru-l-ofoqi-l-jadida. – B.10.
[5] Hujurot surasi, 13-oyat mazmuni.
[6] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil. Al-adabu-l-mufrad. Bayrut. Doru-l-bashoiri-l-islomiya, 1989. – B.108.
[7] Nahl surasi, 128-oyat mazmuni.
[8] Oli Imron surasi, 76-oyat mazmuni.
[9] Oli Imron surasi, 68-oyat mazmuni.
[10] Taloq surasi, 4-oyat mazmuni.
[11] Taloq surasi, 5-oyat mazmuni.
[12] A’rof surasi, 35-oyat mazmuni.
[13] Moida surasi, 27-oyat mazmuni.
[14] A’rof surasi, 96-oyat mazmuni.
[15] Taloq surasi, 2–3-oyatlar mazmuni.
[16] Oli Imron surasi, 120-oyat mazmuni.
[17] Baqara surasi, 282-oyat mazmuni.
[18] Maryam surasi, 71–72-oyatlar mazmuni.
[19] Naba surasi, 31–35-oyatlar mazmuni.
[20] Qasos surasi, 83-oyat mazmuni.
[21] Kahf surasi, 77-oyat mazmuni.
[22] Kahf surasi, 82-oyat mazmuni.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan