Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi huzuridagi madrasa mudiri Abdug‘affor Smanovning vafoti munosabati bilan o‘z nomimdan va O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomidan Qozog‘iston mo‘min-musulmonlariga hamda rahmatli birodarimizning yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiramiz. O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ushbu musibatga chin qalbdan sherik ekanini izhor etadi.
Qardoshlarimizning ushbu ulkan qayg‘u va yo‘qotishlariga sherik bo‘lgan holda, Alloh taolodan ularga sabr-bardosh tilaymiz. Zero, Qur’oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” (Baqara, 156) deyilgan.
Birodarimiz Abdug‘affor hoji Smanovning Islom dini ma’rifatini keng yoyish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlarini husni qabul aylab, ulkan ajru savoblar ato etsin.
Haq taolo marhum do‘stimizning ahli oilasi, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhumni O‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi,
muftiy Usmonxon Alimov hazratlari
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV