Bugun, “27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan viloyat markazidagi «Matbuot uyi»da tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini tabriklash uchun tadbirga Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev ham tashrif buyurdi. Viloyat hokimi soha xodimlarini bugungi bayram bilan tabriklab, kelgusi ishlarida omad va zafarlar tiladi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi tomonidan e’lon qilingan “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘oliblari viloyat hokimligi tomonidan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xodimi, Marg‘ilon shahridagi «Zayd ibn Horisa» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Jalilov mazkur tanlovning «Internet saytlarida e’lon qilingan eng yaxshi jurnalistik ish» nominatsiyasida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, «Faxriy yorliq» hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Fursatdan foydalanib, barcha ustozlar va imom domlalar qo‘lga kiritilgan mukofot bilan vakilimizni muborakbod etamiz hamda diniy soha xodimining eng faol jurnalistlar qatorida e’tirof etilishi barchamizga sharaf bag‘ishlaganini mamnuniyat ila izhor etamiz.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD