Yurtimizda so‘ngi yillarda milliy-diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytirilib, islom dini ravnaqi yo‘lida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’rifiy asarlarini o‘rganishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Jumladan, oliy ma’lumot olaman, o‘z ustimda ishlab, ilmli bo‘laman, degan, yuragida o‘ti bor, jo‘shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun barcha qulayliklar yaratib berilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida 2018 yil Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi oliy diniy ta’lim muassasasi shaklida tashkil etildi.
Ma’lumki, joriy yilning 20 iyunidan qabul.muslim.uz rasmiy sayti orqali O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga 2020-2021 o‘quv yili uchun abituriyentlarning hujjatlarini onlayn qabul qilish jarayonlari boshlandi.
Hadis ilmi maktabiga abituriyentlarning hujjatlari onlayn tarzda qabul qilish joriy yilning 20 iyunidan 10 iyuliga qadar (shu kuni ham) davom etmoqda.
Maktabning joriy yildagi qabul imtihonlari o‘tgan yilgi tajriba asosida, karantin tartibidan kelib chiqib, joriy yilning 15 iyuliga qadar o‘tkazilishi rejalashtirimoqda.
Qabul imtihonlari natijalari imtihon jarayonlari o‘tganidan so‘ng tezda e’lon qilinishini inobatga olib, Maktab abituriyentlari imtihon natijalaridan kelib chiqib, kirish uchun yetarli ball to‘play olmagan taqdirda ham, ular qabul imtihonlariga qatnashish orqali imtihon jarayonlari bo‘yicha tajriba hosil qiladilar. Bundan tashqari 20 iyulga qadar boshqa oliy diniy ta’lim muassasasiga hujjat topshirib, qayta imtihon jarayonlariga ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Hadis ilmi maktabi qabul imtihonlarida muvofaqiyatli o‘tgan abituriyentlar yurtimiz va jahonda o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lib borayotgan Maktabning talabasi degan sharafli nomga erishishligi bilan birga, muhaddislar sultoni Imom Buxoriy hazratlarining maqbaralari yonida milliy va zamonaviy uslubda barpo etilgan oliy dargohda xorijiy va mahalliy yetuk malakali o‘qituvchilar orqali boshqa oliy diniy ta’lim muassasalarining o‘quv rejasidagi barcha mutaxassislik fanlarini to‘liq o‘zlashtirishlari bilan birga, sihohi sitta (islom olamida e’tirof etilgan oltita ishonchli hadis to‘plamlari) hadis to‘plamlaridagi hadislarni mo‘tabar sharhlari bilan to‘liq o‘rganish baxtiga musharraf bo‘lishadi.
Shuningdek, Hadis ilmi maktabida islom ilmlari rivojida o‘z o‘rniga ega buyuk ajdodlarimizga munosib avlodlar yetishtirib chiqarish uchun zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlangan o‘quv auditoriyalari, Misr Arab Respublikasidan keltirilgan asosiy va qo‘shimcha o‘quv adabiyotlariga ega Axborot-resurs markazi, yopiq suv havzasi va sport zali, shinam talabalar turar joyi va zamonaviy oshxonaga kabi kulay sharoitlarga ega binoda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi ulug‘ allomalarimizga bo‘lgan e’tibor va ehtirom ramzi o‘laroq, ularga munosib avlodlarni yetishtirib chiqarish sari qo‘yilgan muhim tashabbusdir.
Hadis ilmi maktabiga qabul to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotni www.hadith.uz saytidan olishingiz mumkin.
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD