Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon ALIMOV hazratlarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabriklari

27.06.2020   2325   6 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy  Usmonxon ALIMOV hazratlarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabriklari

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu!
Hurmatli fidokor va jonkuyar ijodkorlar!

Alloh taologa cheksiz hamdu sanolarimiz, Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga behisob salovotu salomlarimiz bo‘lsin.
Siz azizlarni “27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram Prezidentimizning shaxsiy tashabbuslari bilan aksariyat sohalar kabi ommaviy axborot vositalari faoliyatida ham e’tirofga loyiq yangiliklar, o‘zgarishlar va yuksalishlar joriy etildi.
Kuni kecha e’lon qilingan muhtaram Yurtboshimizning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabriklarida: “Jahon miqyosida yuz bergan pandemiya tufayli vujudga kelgan bugungi murakkab vaziyat va qiyinchiliklarga qaramasdan, aholiga tezkor va ishonchli axborot yetkazib berish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni atroflicha aks ettirish yo‘lida o‘z professional burchini sidqidildan ado etib kelayotgan siz, jurnalistlar ahliga chuqur minnatdorchilik bildiraman, degan ilhombaxsh so‘zlar barcha ijod ahli cheksiz mamnun etdi.
O‘z navbatida biz din peshvolari ham ushbu fidoyi, murakkab, mas’uliyatli va olijanob kasb vakillarini sharaflaymiz. Bu kasb bayrami so‘nggi yillarda yangicha mazmun kasb etdi. Muhtaram Prezidentimizning kuchli irodasi, uning xalq bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlashdagi tinimsiz tashabbuslari natijasida tashkilot va muassasalarning ochiqligi va shaffofligi ta’minlanmoqda.
Ishonch bilan aytish mumkinki, jurnalistlar va blogerlar mamlakat hayotining ajralmas qismiga aylandi, aholi orasida ularning nufuzi oshdi. Bu esa ularning xalqimiz hurmati va ehtiromiga sazovor bo‘layotganidan darak beradi. Bu holat hech kimga xotirjamlikka berilishga yo‘l qo‘ymayapti, doim voqea-hodisalardan xabardor bo‘lishni va mutasaddilarga esa jamiyat oldidagi vazifalarini muntazam eslatib turibdi.
Alloh taologa shukrki, muborak dinimizni keng yoyish, diniy-ma’rifiy ishlarni xalqimizga to‘laqonli yetkazishda ijod ahlining juda ham katta o‘rni bor, albatta.
Mo‘min-musulmonlar manfaati, din g‘ami va Vatan taqdirini yuragidan o‘tkazib ishlaydigan Siz kabi ijod ahlining da’vatkor so‘zi, ibratli faoliyati juda ham tahsinga loyiqdir. Zero, Qur’oni azimush-sha’nda shunday marhamat qilinadi:
«Ey Muhammad, Rabbingiz yo‘li-diniga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling! Albatta, Parvardigoringizning o‘zi Uning yo‘lidan chalg‘igan kimsalarni yaxshi biluvchi va hidoyat topganlarni ham U biluvchiroqdir» (Nahl, 125).
Shuning uchun ijod ahlini Alloh taoloning mana shunday xitobiga amal qilgan holda ezgulikni yoyish, ilmu ma’rifatni tarqatishda eng go‘zal uslubni tanlagan holda imkoniyatlardan unumli foydalanish lozimdir.
Hazrati Alisher Navoiy bobomiz “Muhokamatul-lug‘atayn” asarida quyidagi misralarni keltiradi:
Chu men nazm aro tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
Olib men taxti farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.
Ya’ni, Hazrati Navoiy nazm ila mamlakatni yakdil qildim, Xitoydan to Xurosongacha bo‘lgan hududni qo‘shinsiz egalladim, degan mazmunni ifoda etganlar.
Marhum shoirimiz Abdulla Oripov shu misralar ta’sirida “Temur tig‘i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher”, deb bejizga qayd qilmagan edilar.
Demakki, kishilarni hamjihatlikka chaqirishda, hidoyat yo‘liga boshlashda, ilmu ma’rifatini keng yoyishda ijod ahlining pandu nasihati va mazmunli chiqishlarining o‘rni juda ham kattadir.

Hurmatli ijodkorlar!
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillar davomida axborot xizmatlari faoliyati takomillashib, media makonda yuzaga kelayotgan chaqiriqlarga tezkorlik bilan munosib javob kaytarish ishlari shakllandi.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish, aholiga tezkor va to‘liq axborot yetkazish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda sezilarli natijalarga erishildi.
Jahonning ilg‘or davlatlarida matbuot kotiblari allaqachon juda muhim shaxslarga aylanib ulgurgan. Jamoatchilik ularning bayonotini kutadi, ularni izlaydi va qadrlaydi. Yurtimizda ham bu yo‘nalishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida kelgusida matbuot kotiblarimiz tom ma’noda jamiyatimizdagi muhim shaxslarga aylanishiga ishonaman.
Matbuot kotiblarini yanada faollikka, dadillikka va tezkorlikka chaqirgan bo‘lardim. Ushbu kasb egalari eng zarur paytda, eng zarur va rost gapni aytishi lozim. Axborot xizmatlari xodimlari nafaqat matn yozishni, balki zamonaviy media usullaridan keng foydalanishlari ham zarurdir. Shu orqali media makonda to‘g‘ri ma’lumotlar yetkazilib, noxolis va noto‘g‘ri xabarlar tarqalishi holatlari o‘z vaqtida bartaraf etiladi.
O‘z o‘rnida aytish kerakki, ijodkorlarga munosib shart-sharoit yaratib berilsa, mehnatlarini munosib taqdirlansa, ular erkin ijod qiladi, shunda ko‘zlagan maqsadlarga erishiladi, insha Alloh.
Ijod ahli mehnatini naqadar mashaqqatli ekanini anglagan kishi sifatida kamina, sizlarning sa’y-harakatingizni doimo qo‘llab-quvvatlayman, sizlarni eng asosiy tayanchim va eng yaqin yordamchim deb bilaman. Har bir insonning yurak-yuragiga kirib boruvchi va hayotimizni yanada yaxshilashga xizmat qiluvchi so‘zingiz uchun sizdan chin dildan minnatdormiz. Sizlarni doimo yaxshi ko‘rib qolishimni izhor qilishdan esa juda ham baxtiyorman. O‘z navbatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi barcha ijodkorlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilaman.
Imkoniyatdan foydalanib, o‘ta muhim va mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirishda barcha ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot sohasida ish yuritayotgan jonkuyarlarimizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat hamda ulkan zafarlar tilayman.
Barcha ijodkor xodimlarni yana bir bor kasb bayramlari bilan muborakbod etaman.
Qalamingiz o‘tkir, so‘zlaringiz ravon, chiqishlaringiz ta’sirchan bo‘lib, doimo mo‘min-musulmonlarimiz ardog‘ida bo‘ling, barchangizga baxtu saodat, ijodiy yutuqlar tilayman.
Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu.

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Safar soati

27.12.2024   1189   6 min.
Safar soati

Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning pok­lanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi. 
 

Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:

لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ

“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).


Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallo­hu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishi­ga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kuta­yotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.


Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”


Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os ro­ziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga ke­lib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qi­laman”, dedi.


Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.


Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alay­hi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».


Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...


Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.


Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:

رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ

“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.

“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga hu­zuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”. 


Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin! 

Mavjuda NURIDDINOVA
 tayyorladi.

Maqolalar