Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

26.06.2020   2080   5 min.
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

Muhtaram do‘stlar!

Barchangizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, sizlarga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Fursatdan foydalanib, jahon miqyosida yuz bergan pandemiya tufayli vujudga kelgan bugungi murakkab vaziyat va qiyinchiliklarga qaramasdan, aholiga tezkor va ishonchli axborot yetkazib berish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni atroflicha aks ettirish yo‘lida o‘z professional burchini sidqidildan ado etib kelayotgan siz, jurnalistlar ahliga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Sizlarga ayonki, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda axborot sohasini tubdan isloh qilish va rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Keyingi uch yilda bu borada o‘ndan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Xususan, “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq bu sohada yangi tizim yaratildi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida o‘tgan bir yil davomida ko‘plab vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari zamon talablari asosida qaytadan, 201 ta tuman va shahar hokimliklarida esa birinchi marta tashkil etildi.

Ana shu xizmatlar tomonidan ijtimoiy jarayonlar haqida ishonchli axborot berish maqsadida matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etilmoqda, hayotimizdagi muammo va hodisalarga tezkor munosabat bildirilmoqda, ularning veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjerlardagi sahifalari yangilab borilmoqda.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda katta auditoriyaga ega bo‘lgan qariyb 290 ta xususiy va idoraviy Internet nashrlari tashkil etildi. Ular boshqa materiallar qatorida eng muhim rasmiy axborotlar, normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida tarqatmoqda.

Eng asosiysi, ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, joylardagi ijtimoiy muammolar, xato va kamchiliklarga davlat idoralari va jamoatchilik e’tiborini qaratayotganini alohida qayd etish lozim.

Albatta, bugun biz hamma sohada, jumladan, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish borasida ham izlanishdamiz. Binobarin, bu yo‘lda yutuqlar bilan birga, kamchilik va nuqsonlar bo‘lishi ham tabiiydir.

Bu haqda gapirganda, milliy media maydonimizda zamonning o‘tkir talab va mezonlari, eng muhim tendensiyalarini ochib berish, tanqidiy tahlil, odamlar kutayotgan mavzu va muammolarni dadillik bilan o‘rtaga tashlash hali ham yetakchi o‘rin egallamayotganini aytishga to‘g‘ri keladi. Afsuski, aksariyat axborot vositalarida ijtimoiy salmog‘i yengil bo‘lgan, hisobot va balandparvozlik ruhidagi materiallar hanuz ustunlik qilmoqda.

Yana bir muhim masala – ayrim jurnalist va blogerlarimizda bilim va professional malaka, bahs madaniyati yetishmasligi jamoatchilikni tashvishlantirmoqda.

Bu boradagi eng asosiy vazifa – ana shunday kamchiliklarni chuqur o‘rganib, ularni bartaraf etish, mavjud miqdor ko‘rsatkichlarini sifat ko‘rsatkichlariga aylantirish, ommaviy axborot vositalarining samaradorligini oshirishdan iborat.

Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda e’tirof etilgan, o‘zgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur. Bu mezonlarning eng asosiysi – xolislik va haqqoniylikdir. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, bundan qat’i nazar – ana shu qoidalarga amal qilishi shart.

Biz bo‘lg‘usi jurnalistlarimiz chuqur bilim va kasb mahoratini, ona tilimiz bilan birga chet tillarni, faol fuqarolik pozitsiyasini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, notiqlik malakasini puxta egallashlariga alohida e’tibor qaratishimiz zarur.

Ana shunday yetuk kadrlarni tayyorlashda eng avvalo o‘zimizning boy ma’naviy merosimizga tayansak, albatta natija bo‘ladi. Bu borada jadidlar, xususan, bu yil 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanayotgan ulug‘ alloma va publitsist Mahmudxo‘ja Behbudiyning milliy jurnalistika maktabi ayniqsa muhim ahamiyatga ega.

Siz azizlarning bugungi kasb bayramingiz bahona bir ezgu taklifni ilgari surmoqchiman. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi stipendiyani ta’sis etsak, o‘ylaymanki, bu ham yoshlarimizni milliy g‘oya ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Shuningdek, ayni vaqtda jahondagi yetakchi media kompaniyalarining kadrlar tayyorlash va ular bilan ishlashga oid tajribasini chuqur o‘rganib, chet ellik jurnalistlar bilan tajriba almashish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirishimiz zarur.

Muhtaram matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Sizlarni va sizlarning ijod mahsulingizdan bahramand bo‘ladigan jamiki mushtariy va muxlislaringizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, yangi yutuqlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

10.01.2025   4449   4 min.
OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".

Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.

Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.

Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.

Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.

Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.

"Tafsiri Hilol" kitobidan

Maqolalar