Bugun, 26 iyun kuni Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maqsadbek Toktamushev boshchiligidagi Qirg‘iziston delegatsiyasining Farg‘ona viloyati So‘x tumaniga tashrifi doirasida mahalliy aholi vakillari bilan muloqotlar o‘tkazildi.
Mehmonlarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov hamrohlik qildilar. Ushbu samimiy muloqotlarni mahalliy aholi vakillari cheksiz mamnunlik va katta olqishlar bilan qarshi oldilar.
Ta’kidlash joizki, Farg‘ona viloyati So‘x tumani tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Xususan, chashma bulog‘i ham shunday. Bu yerda azaldan ahil-inoq va o‘zaro totuvlikda yashab kelayotgan o‘zbek, tojik va qirg‘iz xalqlari shu buloq suvidan birday foydalanadi. So‘nggi vaqtlardagi Chashma qishlog‘ida sodir bo‘lgan noxush voqeada bir qancha odamlar aziyat chekdi. Allohga shukrki, bunday qaltis vaziyatga o‘z vaqtida barham berildi. Ikki davlat rahbarlari har qanday masalani muzokaralar asosida tinchlik yo‘li bilan yechim topishdi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan ikki davlatning chegaradosh viloyatlari mutasaddilari majlislarida bu kabi masalalarga e’tibor qaratilib, hal etish yo‘llari muhokama qilindi.
Tashkil etilgan qo‘shni mamlakatlar taniqli ulamolari va din peshvolarining mahalliy aholisi bilan bo‘lgan uchrashuvlarida hududdagi barcha muammolar tinch va murosa yo‘li bilan hal etilishini alohida ta’kidlandi. Uzoq yillar davomida qirg‘izlar, o‘zbeklar va tojiklar azaldan o‘zaro tinch-totuv, quda-anda bo‘lib yashab kelgani, bundan keyin ham shunday davom etishi ajdodlarimiz tutgan yo‘l – chin mo‘minlik, birodarlik sifati ekanini alohida bayon etildi.
So‘z olgan notiqlar o‘z navbatida, bugungi murakkab davrda ziddiyatli masalalarni hal etishda turli fitnalarga berilmaslik, gap-so‘zlarga uchmaslik va har qanday vaziyatda og‘ir-bosiq bo‘lish kerakligini alohida qayd etdilar.
Darhaqiqat, hozirgi kunda so‘xliklar muhtaram Prezidentimizning katta g‘amxo‘rligini hamisha his qilib yashamoqda. Ushbu tuman yurtimizning eng obod va farovon maskaniga aylanib, bu kabi ishlarning natijasi odamlar hayotida aks etishiga shubha yo‘q. Buning uchun ikki mamlakat muftiylari ta’kidlaganlaridek, tinchlik-totuvlik, o‘zaro tushunish va ezgu maqsad yo‘lida sidqidildan hamkorlik qilish talab etiladi, xolos.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.