Bugun, 26 iyun kuni Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maqsadbek Toktamushev boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar Farg‘ona viloyati So‘x tumaniga tashrif buyurdilar. Mehmonlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov kutub oldi.
Kunning birinchi yarmida ikki davlat ulamolari ishtirokida “Dinimiz va mazhabimiz birligi yo‘lida birdam bo‘laylik” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari mazhabga ergashish birlik ramzi ekani, mo‘min-musulmonlarning ittifoqligini mustahkamlashni alohida ta’kidladilar. Shuningdek, dini mubinimizda qo‘shni haqlariga rioya qilish muhimligi, mehr-oqibat rishtalarini yaxshilashda qo‘shnilarning o‘rni beqiyos ekani haqida to‘xtaldilar. Qur’oni karimni mahkam tutsak, mo‘min-musulmon ekanimizni unutmasak, hech qachon oramizga begona kuchlar kirolmaydi. Chunki musulmon odam o‘z dindoshiga faqat yaxshilikni ravo ko‘radi, deya muftiy hazratlari o‘z so‘zlarini yakunladilar.
Davra suhbatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maqsadbek Toktamushev, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur va bir guruh mutasaddilar ma’ruza qildilar.
So‘zga chiqqan notiqlar qo‘shnilarning millati va irqiga qaramasdan ularga yaxshilik qilishga buyurilgani, qo‘ni-qo‘shnilarga ozor bermaslik, hurmatlarini saqlash zarurligi, qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashagan, ularga ozor bermagan odam katta baxt-saodatga erishishi, aksincha, yomon munosabatda bo‘lish esa, xunik oqibatlarga olib kelishi to‘g‘risida so‘z qildilar.
Qo‘shni haqlarini ado etish o‘zaro mehr-muhabbatning oshishi, tinchlik, hotirjamlikning mustahkamlashishiga zamin yaratadi. Xalqimizda “qo‘shning tinch sen tinch” degan maqol bejizga aytilmagan. Agar ikki yurt vakillari o‘zaro hamjihat bo‘lib, dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilsalar nafaqat savob oladilar, balki bir qancha yutuqlarga ham erishishlari mumkin.
Muloqot va uchrashuvlar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV