O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Qirg‘iziston davlatiga safarlari davom etmoqda.
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya a’zolari Qirg‘iziston Chashma qishlog‘i aholisi bilan uchrashib, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazdilar. Uchrashuvda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yildan-yilga rivoj topib borayotgani, muborak dinimizda qo‘shnichilik rishtalariga alohida e’tibor berilgani hamda qo‘shniga yaxshilik qilish haqida qo‘plab tavsiyalar kelgani haqida Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar asosida bayon qilib berdilar. Shuningdek, Qur’oni karimni mahkam tutsak, musulmon, mo‘min ekanligimizni unutmasak, hech qachon oramizga begona kuchlar kirolmaydi. Mo‘min mo‘minga faqat yaxshilikni ravo ko‘radi, – deya muftiy hazratlari o‘z so‘zlarini yakunladilar.
Muloqotda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov so‘zga chiqib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qo‘shni respublikalar bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash va mintaqa birligini ta’minlashga juda katta e’tibor qaratayotganlarini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan mutasaddilar va mahalliy aholi o‘zbek va qirg‘iz zamini azaldan bir tanu bir jon ekani, bugungi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, albatta davom etishi, kelajak avlod ham ahillikda, totuvlikda, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlagan holda farovon hayot kechirishini ta’kidladilar.
Shubhasiz, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining ko‘plab masalalarda hamfikrligi, intilishlarining mushtarakligi tufayli barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlandi.
O‘z navbatida, samimiy ruhda kechgan muloqotlarda ikki xalq aholisi azaliy qadriyatlarni saqlab qolishga birdek harakat qilishi, ikki davlat Rahbari olib borayotgan odilona siyosatni qo‘llab-quvvatlashi, albatta, shu muborak, jannatmakon joylarda tinch-xotirjam hayot kechirishga asos bo‘lishi alohida qayd etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining qalbdan chiqqan samimiy so‘zlari mahalliy aholining kayfiyatini ko‘tardi, ruhiy quvvat berdi, o‘zaro qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamalashga katta asos bo‘ladi.
Muloqotlar yakunida tomonlar bir-birlariga esdalik sovg‘alari taqdim etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati