Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Fitna ulkan gunohdir

25.06.2020   3110   7 min.
Fitna ulkan gunohdir

E’tiqodi sust, ilmi sayoz insonlarni yo‘ldan ozdirish, zalolat sari yetaklashga qaratilgan shaytoniy amallar bisyor. Insoniyat dushmanlari maqsadlariga yetish uchun turli-tuman hiylalarni o‘ylab topadilar. Shulardan biri fitnadir. Zero, fitna odamlar orasini buzadi, ularni bir-biriga dushman qiladi, otani boladan, yaqinni jigardan... ayiradi. Notinchlik, nizo, ig‘vo keltirib chiqaradi.

Fitna lug‘atda ko‘p ma’nolarda keladi:

  1. Joziba, sehr; fusunkorlik, afsunkorlik, tarovat, fatonat, berilmoq (maftun bo‘lmoq). Fitna amal insonlarga go‘zal ko‘rinadi, yoqimli ko‘rinishda taqdim etiladi. Asli siyratidan farq qilishini, afsuski, insonlar kech tushunadi. Asl islom, sof aqida, haq jannat kabi jilvagar iboralar qanchadan-qancha insonlarni rom etmadi, deysiz. Mazmun, haqiqiy maqsad mana shu joziba ortida yashiringani bois, uni tezda ilg‘ab, anglab olish mushkul. Shu sabab taklif etilayotgan axborot aql va naql tarozisida totilishi, sintez qilinishi maqsadga muvofiq.
  2. Ishonmaslik, umidsizlik, xudosizlik, dahriylik. Fitna, aslida ham, dahriylikdir. Allohga ishongan – imonli odam fitna qilishi mumkinmi?! Allohdan umidini uzgan, shayton quliga aylanganlargina odamlar orasiga nifoq solishga jazm qila olishi mumkin!

Fitna - adashtirish, qiziqtirish, aldash, yo‘ldan ozdirish va chalg‘itishdir. Yolg‘onga asoslangan “g‘oya” hidoyat yo‘lidagilarni haq yo‘lidan ozdirishga xizmat qiladi. Ayrim manfaatdor toifalar xohish-irodasi ro‘yobiga xizmat qiladi. Mo‘minni mo‘minga dushman qilib, bir-birlarining qonini to‘kishga sababchi bo‘layotganlar – asl fitnachilardir.

 Fitna, aslida, gumrohlik; aqldan ozganlik, jinnilikdir. Aks holda, qandaydir o‘y-xayollarni deb ikki dunyo saodatidan voz kechish mumkinmi? Bu ishga qodir kishini aqli, tafakkuri sog‘lom, e’tiqodi mustahkam, deb bo‘lmaydi. Bunga misol qidirib uzoqqa bormaymiz: aldov va puch g‘oyalariga laqqa tushib,  aybsiz insonlar qonini to‘kayotgan kimsalar borib turgan gumrohlardir.

 Fitna egalarining xatti-harakatlari isyon, g‘alayonga olib kelishi muqarrar. G‘oyaviy ixtilof, ilmdagi kelishmovchilik, aqidadagi qarama-qarshilik, oxir-oqibat, insonlar va hatto xalqlar o‘rtasida nifoqqa sabab bo‘lishi mumkin (Yaman davlatining tanazzulga yuz tutishi bunga yaqqol misol). Bog‘iylik, ya’ni mavjud hukumatga qarshi chiqib, uni ag‘darish, maqsadlariga mos davlat qurishga qaratilgan isyon shular jumlasidan bo‘lib, manbalarda bog‘iyning o‘limga mahkumligi ta’kidlanadi. Illo, u tavba qilsagina kechiriladi. E’tibor qaratilsa, yurtimizda qaror topgan qonunchilik sof islomiy aqidalarga naqadar mosligi ayon bo‘ladi. Zero, adashgan kimsalarning xalqidan, yurtboshisidan kechirim so‘rab qilgan tavbasi kechirilmoqda, hayotini yo‘lgan qo‘yishi, gunohini halol mehnati bilan yuvishiga imkon berilmoqda...

 Fitna - yolg‘onga, mish-mishga tayanadi. U oyatlarni ta’vil qilish, hadislarni noto‘g‘ri talqin etish natijasidir. U vasvasa, nafs balosi oqibati bo‘lib, milliy, diniy qadriyatlar asosini vayron qilishdir. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

 Nihoyat, fitna - sinov, gunohdir. Alloh halolni, haromni aniq belgilab berdi. Ularning o‘rtasidagi narsalar esa shubhadir. Asl islomiy manbalarda haqiqiy musulmon insonning hatto shubhali amaldan ham qaytishi lozimligi ta’kidlanadi. Zero, zalolatga yetaklovchi g‘oyalar, noto‘g‘ri va botil qarashlar chin insonlar uchun sinov hamdir. Shu bois, imoni mustahkam, e’tiqodi komil inson harom va shubhali amallarni bajarishdan tiyiladi, binobarin, ularni bir bora qilgan inson, keyinchalik, o‘rganib qoladi hamda gunohga moyil bo‘lib qoladi.

Fitna ilmsizlik natijasida kelib chiqadi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bashorat berganlaridek, shariat ilmidan bexabar kishilarning din nomidan ish yuritishi inson va jamiyat uchun ko‘plab ko‘ngilsizliklarni, fitnalarni keltirib chiqaradi. Alloh taolo fitna haqida O‘zining Kalomi sharifidagi “Baqara” surasi 191-oyatida:“(Odamlarni) aldab, fitnaga solish o‘ldirishdan (ham) yomonroqdir”, deb o‘z bandalarini turli ko‘rinishdagi fitnalardan ehtiyot bo‘lishga buyuradi. Chunki, insonning ma’naviy o‘limi uning jismoniy o‘limidan ayanchliroq, yomonroqdir. Shu bois ham, oyati karimada insonlar orasida fitna, fasod ishlarni tarqatishning gunohi ma’nan bir insonni o‘ldirishdan ham yomonroq ekanligi aytilmoqda, chunki insonning ruhini o‘ldirish - uning jasadini o‘ldirishdan fojialiroq, oqibati esa dahshatliroqdir.

Xo‘sh, zalolat yo‘liga kirib qolgan inson nima qilsin? Keyingi hayoti uchun qanday yo‘l tutsin? Alloh taolo Qur’oni karimning “A’rof” surasi 3-oyatida bu masalada aniq buyruq – amrlarini bayon qilgan:(Ey, insonlar), sizlarga Parvardigoringizdan nozil qilingan narsaga (Kitobga) ergashingiz, undan o‘zga “do‘stlarga” ergashmangiz! Kamdan-kam pand-nasihat olursizlar”.

Ko‘rinib turganidek, Alloh taolo Qur’onga ergashish, eshitilishi yoqimli, ko‘rinishi jozibali, ammo mazmuniyu maqsadi yomonlik, oqibati esa fosiqlikdan iborat da’vatlar qiluvchi “do‘stlar”dan yiroq bo‘lishni qat’iy buyurmoqda. Qur’onning boshqa bir o‘rnida shundan keyin ham tafakkur qilmaydigan, hidoyatga qaytmaydigan musulmonlar to‘g‘risida go‘zal tadbir, adolat yo‘li zikr qilinadi: “Ey, mo‘minlar, Allohga itoat qilingiz va payg‘ambarga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan (ya’ni musulmon) hokimlarga bo‘yinsuningiz! Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz,— agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz — u narsani Allohga va payg‘ambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq yechimdir”(“Niso”, 59).

Mazkur oyatda Alloh taolo barchani O‘ziga, Rasuliga hamda o‘z oralaridan chiqqan boshliqlarga itoat etishni buyurmoqda. Fitna qilishga emas. Darhaqiqat, Qur’onda har qanday muammoli masalaning adolatli yechimi bor. Ixtilof vaqtida eng to‘g‘ri yechim firqalanishning oldini olishdir. Asl taraqqiyot ham, saodat ham birdamlik, hurfikrlik natijasida amalga oshadi. Buning uchun har bir fuqaro Alloh qaytarganlaridan qaytishi, buyurganlariga itoat etishi hamda o‘zlaridan bo‘lgan ishboshilarga so‘zsiz bo‘ysinishi shart.

Musulmon ko‘r-ko‘rona taqlid qilmasin. U har bir narsaga milliy, diniy qadriyatlariga hamohang aqlan yondashsin. O‘zining ilmi yetarli bo‘lmasa, ilmli, ishonchli, taqvodor, olimlardan so‘rab bilsin. O‘rganganlariga amal qilsin. Xullas, ilm o‘rgansin, bilganlariga amal qilsin. Shundagina hidoyat topadi. Fitna qurboniga aylanmaydi. Aks holda, unutmaslik kerakki, Alloh taoloning uning uchun tayyorlab qo‘yilgan alamli azobi bor:“Kim haq yo‘lni aniq bilganidan keyin payg‘ambarga xilof ish qilsa va mo‘minlarning yo‘llaridan boshqa yo‘lga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qo‘yib beramiz. So‘ngra jahannamga dohil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!”(“Niso”, 115).

Ayon bo‘layotirki, fitna, unga yetaklovchi har bir xatti-harakat – og‘ir gunoh. Undan tiyilish – musulmonlarning burchi. Diniga, ma’naviyatiga, xalqiga sodiqlik esa xotirjamlik, ko‘ngillar obodligi, yurt ravnaqi, eng muhimi, ikki dunyo saodatiga erishish kalitidir. Shunday ekan, turli ko‘rinishdagi yot g‘oyalar ta’siridan saqlanaylik, fitnalardan ogoh bo‘laylik. Xalq, millat baxti unga mansub insonlar baxti yig‘indisidan iboratligini aslo unutmaylik!

 

Shukurjon Shanigmatov,

“Nosirxon” jome masjidi imom noibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ qoldirgan 2 narsa

10.01.2025   2220   10 min.
Rasululloh ﷺ qoldirgan 2 narsa

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida asosiy manba Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga hamma ishlar – hukm, fatvo, iqtisodiy va siyosiy nizomlarda asosiy manba bo‘lganlar. U zotdan keyin hadislar islom shariatida asosiy tayanch bo‘lib kelmoqda.

Lekin vaqt o‘tishi bilan hadislarga bo‘lgan qarash o‘zgarib ketdi. Ayrim siyosiy oqimlar tarafidan hadislarga hujum boshlandi. Islom dinidagi shar’iy hukmlar faqatgina Qur’oni karimdan olinishi, undan boshqa hech qanday narsadan hukmlar olinmaslik da’vosi ko‘tarildi. Jumladan, hozirgi kundagi shohidiylar va qodiyoniylar kabi firqalar o‘zlarini “Qur’oniy – faqat Qur’oni karim hukmiga amal qiluvchi” sanab hadislarini inkor qildilar. Qodiyoniylar fikricha hadislar tarixiy e’tibordan o‘rganiladi, hadis shar’iy dalil bo‘lmaydi.

Ayrim firqalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qiladi. Lekin ayrim toifalar hadislarni ochiqdan-ochiq inkor qilmasa ham “Qur’oni karimga amal qilish” shiori ostida hadislarni inkor qiladi. Shu sababli hadisni inkor qiluvchilar da’volari va ularga raddiya berishdan oldin hadis va hadislarni Qur’oni karim bilan bog‘lik ekani haqida ma’lumot berib o‘tish zarurati tug‘iladi.

Hadis muhaddislar istelohida. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l, taqrir, xalqiy (tana tuzilishiga oid) yoki xulqiy (xulq-atvorga oid) sifat va siyratdan iborat nubuvvatdan oldingi va keyingi qolgan asarlar. Siyrat, xulq, shamoil, xabarlar, so‘zlar va fe’llarni naql qiladilar. Bular bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi yoki hukm sobit bo‘lmasligini e’tiborga olmaydilar. Muhaddislar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hidoyatga boshlaguvchi ekanliklari e’tiboridan hadis haqida bahs yuritadilar.

Usul olimlari istelohida hadis. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan so‘z, fe’l va taqrirdan iborat naql qilingan so‘zlar. Usul olimlari o‘zlaridan keyingi mujtahidlarga qoidalarni joriy qilgan va hayot dasturini insonlarga bayon qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida bahs yuritadilar. Usul olimlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shar’iy qonunlarni joriy qiluvchi sifatida hadislarni o‘rganadilar.

Faqihlar istelohida hadis. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan farz va vojib bo‘lmasdan, balki bularga muqobil bo‘lib sobit bo‘lgan hukmlar. Faqihlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni fe’llari shar’iy xukmga dalolat qilishdan tashqariga chiqmasligini e’tiborga olishadi. Shuning uchun shar’iy hukmlar bandalarga nisbatan vojib, xarom va mubohligi haqida bahs yuritadilar.   

Biz usul olimlari ixtiyor qilgan isteloh haqida bahs yuritamiz. Chunki, bu qismning mavzusida hadisning hujjatligi haqida so‘z boradi.

Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimdagi ochiq-ravshan bo‘lmagan oyatlarni sharhlar, bayon qilish vojib bo‘lgan o‘rinlarni sahobalarga bayon qilar edilar. Bu esa qisqacha aytilganlarni batafsil aytish, umumiy kelganini qaydlash va maqsadlarini ravshan qilishlari bilan bo‘lar edi. Bayon qilib berish esa so‘zlari va qilgan ishlari, buyruqlari, qaytariqlari va hayotliklarida sahobalarini qilgan ishlarini tasdiq qilishlari bilan bo‘lgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlari ham vahiyni o‘rnida. Chunki Alloh taolo u zotning ijtihodlarini xatoga borishdan saqlab qo‘ygan. U zotning ijtihodlari oyatdan olingan bo‘lishi ham shart emas. Masalan, namoz iymondan keyingi juda muhim bo‘lgan ibodat. Unda ruku’ va sajdani hukmi beriladi. Qiyom va qa’daning ham zikri aytiladi. Lekin bular Qur’oni karimning biror joyida to‘liq aytilmagan. Bu ishlarning tartibi qanday bo‘ladi? Namoz vaqtlarining har-xilligi, rak’atlarining soni qanday bo‘ladi? Namozni  qanday holatda o‘qiladi? Bularning hammasini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z so‘zlari va amallari bilan mukammal bayon qildilar va sahobai kiromlarga ularni amallarini o‘rgatdilar.

Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Qur’oni karim va hadisdan boshqa narsa qolmadi. Sahobalar Alloh taoloning Hashr surasining 7-oyatidagi:

وَمَا آتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانتَهُوا

Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz”, degan buyrug‘iga bo‘ysunib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashga harakat qildilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning hadislari Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi mo‘tabar manba hisoblanadi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham:

تركت فيكم امرين لن تضلوا ما تمسكتم بهما كتاب الله و سنة نبيه

“Sizga ikki narsani qoldirdim. Agar, ularni mahkam tutsangiz, hech adashmaysiz: Allohning Kitobi va Nabiyyining sunnati” (Molik rivoyati),  deganlar.

 Shu sababdan hadislarning islom jamiyatidagi o‘rni har doim ham yuqori bo‘lib kelgan. Zero, hadislarda islom dinining farz, vojib, sunnat, mustahab, halol, harom, muboh, makruh kabi hukmlar yoritilgan. Undan tashqari har qanday jamiyat uchun zarur bo‘lgan, ma’naviy komil insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladigan, yuksak fazilatlarga chorlovchi qoidalar majmuasi ham o‘z ifodasini topgan. Shu aqidadan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi paytda ham hadislarning jamiyatimiz uchun tarbiyaviy va amaliy ahamiyati beqiyos hisoblanadi. Mo‘minlar Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Alloh taologa itoat qilishga amr qilinadi, so‘ngra O‘zining Payg‘ambariga itoat qilishga amr qilinganlar. Alloh taolo aytadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ

Ey iymon keltirganlar Allohga itoat etinglar va Rasuliga itoat etinglar” (Niso, 59-oyat).

Allohga itoat qilish Qur’oni karimdagi buyruq va qaytariqlarga itoat qilish bilan bo‘ladi. Rasuliga itoat esa, u zotning tirikliklarida o‘zlariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin esa sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi. Allohga itoat  va Rasuliga itoat qilish alohida-alohida narsa emas, balki bir xil tushuncha ekannini anglash kerak. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo Alloh itoatida bo‘lganlar. Allohning itoatidan tashqari narsaga hech qachon, hech kimni buyurmaganlar.

Qur’oni karim lafz va ma’no jihatidan  Allohning kalomi. Uni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiysi. Sunnat va hadis esa mohiyatan Payg‘ambarimiz alayhissalomning shaxsiy fikrlari emas balki, Allohdan nozil bo‘lgan vahiylarning u zotning iboralari bilan taqdim etilishi hisoblanadi.

Islomning birinchi kunidan boshlab musulmonlar har bir katta-yu kichik narsani Payg‘ambarimizidan ola boshladilar. Ular ilohiy dastur – Qur’oni karim oyatlaridan tortib hojatxonada qanday o‘tirishgacha bo‘lgan narsalarni qabul qilib olar edilar.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining hech bir lahzasi sahobalarning diqqat-e’tiborlaridan chetda qolmas edi. Chunki u zotning og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘layotgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, hikmat va nasihatdan iborat edi. Dunyo tarixida hayoti bunchalik ochiqchasiga ommaviy ravishda o‘rganilgan shaxs yakkayu yagona Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganlar. U Zotningng hatto o‘ta nozik va xos hayotlari bugungi kun atamasi bilan aytganda shaxsiy oilaviy hayotlari ham to‘laligicha  o‘rganilib rivoyat qilingan. Chunki  islom dini mukammal din bo‘lgani sababidan inson hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Bularning hammasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy o‘rnaklari bo‘lgan.

Bir so‘z bilan aytganda, u zot Qur’oni karimni o‘z shaxslarida tatbiq qilib, insonlarga ko‘rsatishlari kerak edi.  Shuning uchun ham sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan uzluksiz birga yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Hatto o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlarida boshqa kishilardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida e’tibor bilan turishni, u zotdan sodir bo‘lgan narsalarni yaxshilab o‘zlashtirib olishni iltimos qilar edilar. Qaytib kelganlarida esa darhol o‘zlari tayinlab ketgan odamlaridan so‘rab, o‘rganib olar edilar. Umar roziyallohu anhu o‘z qo‘shnilari bilan kelishib olib navbat ila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam huzurlarida turishlari haqida u kishining o‘zidan rivoyat qilinganligi ma’lum va mashhur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan zarracha narsa ham sahobalarning e’tiboridan chetda qolgan emas. Buni dushmanlar ham tan olganlar. Hijratning oltinchi yili Hudaybiya hodisasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam boshchiligida bir ming to‘rt yuz sahobai kiromlar Madinai munavvaradan ehrom bog‘lab Ka’batullohni tavof qilib, umra qilmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadilar. Hudaybiya degan joyda turib qolganlarida mushriklardan vakil bo‘lib kelgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam  bilan muzokara olib borgan kishilardan biri o‘z qavmiga qaytib borib: “Allohga qasamki, hech kim Muhammadni sheriklari hurmat qilgandek hurmat qilmaydi. U tuflasa tufugi yerga tushmayapti, sahobalari qo‘llari ila ilib olmoqdalar”, deb aytgan edi.

Mushrikning ta’biricha tufugi yerda qolmagan zotning gap-so‘zlari, va’z-nasihatlari, hukmu vasiyatlari yerda qolarmidi?! Ularning hammasi nihoyatda katta e’tibor va aniqlik bilan o‘rganilgan. Ta’kidlash lozimki, sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan narsalarni hoyu havas yoki bilim, madaniy saviya kabilar uchun qabul qilmaganlar. Balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan har-xil hukmlarga amal qilishni ko‘zlab qabul qilganlar. Qolaversa, ularni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlashni maqsad qilganlar.

Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.