Bugun, 25 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Qirg‘iziston davlatiga safari boshlandi. Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maqsadbek Toktamushev boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar O‘zbekiston delegatsiyasini kutib oldilar.
Hozirgi kunda mamlakatlarimiz rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan hamkorlik aloqalari keyingi yillarda keng quloch yoymoqda. Ayniqsa, mintaqa mamlakatlari diniy idoralari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etish kerak. O‘tgan Ramazon oyi va hayit bayramlari kunini belgilash va namoz vaqtlarini aniqlashda olib borilgan ulamolar hamkorligi so‘zimizga yaqqol misol bo‘la oladi.
Bugun bo‘lib o‘tayotgan muloqotlar mamlakatlar o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik munosabatlarining uzviy davomi sifatida maydonga keldi. Muloqotlarda qardosh xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, hozirgi kundagi turli tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, mo‘min-musulmonlar birdamligini ta’minlash kabi masalalarga alohida urg‘u qaratiladi.
Safar jarayonlarini saytimiz orqali kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati