Afsonaviy darvozabon Rinat Dasayev KXL rasmiy saytiga bergan intervyusida hayotdagi qiyin vaziyatlarda Qur’on unga yordam bergani va yordam berishda davom etayotganini aytib o‘tdi.
Islam-today ma’lumotlariga ko‘ra, bugun futbolchi har bir o‘yinda darvoza oldiga zaxira qo‘lqoplari bilan birga Qur’onni o‘z ichiga sumkachani qo‘yganini tan oldi.
"Mening butun oilam, shu jumladan men ham bolaligimdan dinga e’tiqod qilamiz. Qur’on har doim uyimizda edi. Bir kuni o‘yinlarning biridan keyin mening sumkachamni o‘g‘irlashibdi. Ehtimol, buni to‘plarni olib berib turadigan bolalar qilgandir. O‘shanda juda xafa bo‘lganman. Qur’on doim yordam bergan. Yangisini sotib olishimga to‘g‘ri kelgan", - deydi u.
"Jamoadagi hamma mening masjidga borishimni bilardi. Biroq, bu o‘sha vaqtdagi Sovet Ittifoqida hammaga ham xush yoqmas edi. Yuqori martabali shaxslardan biri menga shunday degan edi: "Men masjidga borishim mumkin, lekin senga mumkin emas, chunki sen hammaning ko‘z o‘ngida odamsan". Yana boshqa ko‘plab narsalar mumkin emas edi. Masalan, mashg‘ulotlarda hazil qilish", - deydi Dasayev.
Eslatib o‘tamiz, Rinat Dasayev 1991 yilda o‘yinchilik faoliyatini tugatgan, uning so‘nggi klubi Ispaniyaning "Sevilya" jamoasi bo‘lgan.
"13 yil davomida "Spartak" va terma jamoada o‘ynadim. 35 yoshimda Ispaniyada futbol o‘ynab karyeramni tugatdim. Ayriliq og‘ir edi. Ammo meni hali futbolda qolganim - jumladan, darvozabonlarga yordamchi murabbiy bo‘lganim saqlab qoldi. Futbol mening hayotim, unga umrimning ko‘p yillarini berdim. Shuning uchun imkoniyatim bo‘lganida, Ispaniyada faxriylar tarkibida maydonga chiqdim va sog‘ligim ruxsat bersa, Rossiyaga qaytganimdan keyin ham maydonga chiqdim", - deydi darvozabon.
Dasayev sportchilik faoliyati davomida Yevropa chempionatida kumush, Olimpiada o‘yinlarida bronza medali sohibi bo‘ldi va 6 marta "yil darvozaboni" mukofotini qo‘lga kiritdi. 10 mavsum o‘ynagan "Spartak" a’zosi sifatida Dasayev ikki marta SSSR chempioni bo‘ldi. Bosh murabbiy sifatida "Sevilya" va "Torpedo Moskva"ni boshqargan hamda Rossiya terma jamoasida murabbiy bo‘lib ishlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.