Misr “Dorul ifto” Fatvo uyushmasi: Saudiya hukumatining bu yilgi hajni cheklangan miqdordagi hojilar bilan amalga oshirilishi borasidagi Qarori shariatning hojilar hayotini muhofaza qilish borasidagi maqsad va hukmlariga to‘la mosdir.
“Dorul ifto” Fatvo uyushmasi hojilarga xizmat ko‘rsatish va ularni salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish borasida ikki sharafli Haram xodimi podshoh Salmon ibn Abdulaziz boshchiligidagi Saudiya hukumati olib borayotgan say-harakatlarni yuqori baholaydi.
Misr Fatvo uyushmasi ta’kidlashicha, Saudiya Arabistoni Podshohligining korona virus keng tarqashini oldini olish maqsadida bu yil – hijriy 1441 yilgi haj ibodatini mamlakat ichkarisidagi turli davlat fuqarolariga cheklangan miqdorda amalga oshirilishi borasidagi qarori Islom shariatining hojilar hayotini muhofaza qilish borasidagi maqsad va ahkomlariga to‘la muvofiq ekanligini ta’kidlaydi.
Misr “Dorul ifto” Fatvo uyushmasi (dushanba kungi bayonotida) Saudiya Arabistoni mamlakatining ikki sharafli Haram xodimi podshoh Salmon ibn Abdulaziz boshchiligida haj va umra ibodatlarini ado qilish maqsadida Muqaddas yerlarga keluvchilar uchun olib borayotgan zaxmatli mehnatlarini olqishlaydi. Shuningdek, Saudiya mamlakati hukumatining Allohning mehmonlari uchun barcha qulayliklarni yaratish va ularga qiyinchilik tug‘diradigan har qanday narsalarni bartaraf etish yo‘lida bor imkoniyatini ishga solayotganligini alohida qayd etadi.
“Dorul ifto” qo‘shimcha qilib aytadiki: “Biz Saudiya davlatining diniy shiorlar barqarorligi va tinchligi yo‘lida tutgan mavqei va unga erishish yo‘lida chiqargan barcha qarorlariga qo‘shilamiz. Haj va umra qiluvchi mehmonlar salomatligi va hayotini muhofaza qilish yo‘lida qilayotgan sa’y-harakatlarini qo‘llab quvvatlaymiz. E’tiborli tomoni shundaki, Saudiya davlatining haj ibodatini cheklangan adaddagi kishilar bilan amalga oshirishi haqidagi qarori quyidagi fiqhiy qoidaga tayangandir: “Zararni daf qilish manfaatni jalb qilishdan muqaddam turadi”.
Fatvo hay’atining ta’kidlashicha, hukumatning bunday qarori hozirgi kunda butun dunyo boshidan kechirayotgan Koronavirus pandimeyasining tarqalishi e’tiboridan o‘ta zarur holda chiqarilgandir.
Misr Fatvo hay’ati dunyoning barcha davlatlarini ushbu xatarli vaboga qarshi hamkor va yelkadosh bo‘lib, birgalikda kurashish va imkon qadar unga to‘siq bo‘lish uchun harakat qilishga chaqiradi. Alloh taologa dunyodagi barcha xalqlarni O‘z hifzi himoyasida saqlab, tinchlik va xotirjamlik ato aylashini so‘rab duo qilib qoladi!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati