Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj vazirligi 2020 yil 22 iyun dushanba kuni “Haj – 2020” mavsumi yuzasidan o‘z bayonotini e’lon qildi. Ushbu Bayonotda:
Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj vazirligi kecha 22 iyun dushanba kuni 1441 yil haj ibodatini Saudiya Arabistoni ichkarisida mavjud bo‘lgan turli millat vakillaridan iborat juda cheklangan sonli guruh uchun o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Shuningdek, vazirlik o‘z bayonotida haj ibodatini sog‘liq jihatidan xavfsiz va ehtiyotkorlik talablariga muvofiq, ijtimoiy masofaga rioya qilib, insonlar salomatligini saqlash va koronavirus pandemiyasi xataridan himoyalagan holda, shariatning inson jonini saqlash maqsadini amalga oshirgan holda o‘tkazishga qaror qilinganini ma’lum qiladi.
Dunyoning 180 dan ortiq mamlakatida koronavirus pandemiyasi yuz berayotgani, yarim milliondan ortiq inson vafot etgani, 7 milliondan ziyod odam ushbu kasallikka chalingani, Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu kasallikka chalinish xavfi davom etayotgani, bu xastalikka qarshi vaksinaning yo‘qligi, kasalga chalinganlarni davolash uchun dori vositalari yetarli bo‘lmaganini e’tiborga olib, sog‘liq xavfsizligini saqlash maqsadida shunday qarorga kelingan.
Saudiya Arabistoni Harami sharif va Masjidi Nabaviy ziyoratchilarini haj va umra ibodatlarini emin-erkin va xavfsiz ado etishlariga imkon tug‘dirishga bo‘lgan doimiy istagidan kelib chiqqan holda, koronavirus pandemiyasi boshlanib, dunyoning bir qancha davlatlarida tarqala boshlaganidan beri Allohning mehmonlari va muqaddas diyorda yashab turgan umra ziyoratchilari sog‘lig‘ini himoya qilishga bo‘lgan katta e’tiborini namoyish qilib kelmoqda, deb qayd etilgan.
«Haj – 2020» mavsumiga oid mazkur yakuniy qaror yuzasidan Saudiya Arabistoni Ulamolari Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Butun jahon islom uyushmasi, Fors ko‘rfazi davlatlari (BAA, Baxrayn, Quvayt va Ummon Sultonligi), Saudiyaga qo‘shni davlatlar (Misr, Sudan, Yaman, Iroq va Iordaniya) munosabat bildirib, unda ziyoratchilarning salomatligini e’tiborga olingan holda haj bo‘yicha eng to‘g‘ri xulosa qilinganini qo‘llab-quvvatlangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati