Bu yil O'zbekiston musulmonlari idorasi tizimida Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan Robiul avval oyi har yilgidan o'zgacha shukuh va tarovatda o'tmoqda. Buni Diniy idora binosida yoqqol sezish mumkin. Kiraverish va yo'laklar muborak oy fazilatini aks ettiruvchi lavha va siyratga oid oyati karima, hadisi sharif, shior va salovatlar bilan bezatilgan. Idoraga tashrif buyuruvchi har bir kishiga mavlid hadyalari ulashilmoqda. Bunday taraddudni diyorimizdagi barcha jome masjid va diniy ta'lim muassasalarida ko'rish mumkin.
Shuningdek, masjidlarimizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go'zal odob-axloqlariga oid mav'izalar qilinib, xushovoz qorilar Nabiy alayhissalom to'g'risida bitilgan Imom Barzanjiyning “Mavlidi sharifi”ni o'qishmoqda.
Oliy va o'rta maxsus diniy ta'lim muassasalarida esa siyratga oid davra suhbatlari va musobaqalar tashkil etilmoqda. Mazkur musobaqalarning yakuniy bosqichi Diniy idorada o'tkazilishi rejalashtirilgan.
“Madaniyat va ma'rifat” telekanalidagi “Ma'rifiy suhbatlar” ko'rsatuvida siyratga oid sonlari tayyorlanib, efirga uzatilayotani ham xalqimiz uchun manfaatli bo'layotir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi muslim.uz portalidagi Rasul alayhissalom siyratlariga bag'ishlangan turkum maqolalar, ulamolar ishtirokida siyrat suhbatlar ham omma e'tiborini jalb qilmoqda.
“Vaqf” fondi esa homiylar bilan birga kam ta'minlangan oilalar, yolg'iz qariyalar va mehribonlik uylariga “Mavlid hadyalari” ulashilmoqda. Bunday xayrli va savobli tadbirlar oy oxirigacha davom etadi, insha Alloh.
Bu sa'y-harakatlarning yana bir xayrlisi Robiul avval oyi munosabati bilan “Olamlarga rahmat payg'ambar” nomli siyrat tanlovining e'lon qiliganidir. Mukofoti haj yo'llanmasi bo'lgan mazkur tanlovga topshirgan talabgorlar soni kundan kun ortib, ijodiy ishlar kun sayin ziyoda bo'lmoqda.
Alloh taolo mo'min-musulmonlarga Mavlid oyini muborak aylasin, fazilatli oy fayzu barakasidan bahra olishni barchaga nasib etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati